1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.09.00.00 Ma’muriy javobgarlik / 16.09.01.00 Umumiy qoidalar;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.09.00.00 Ma’muriy javobgarlik / 16.09.16.00 Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish;
3.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.02.00.00 Sud tizimi / 17.02.20.00 Sud xodimlari. Malaka darajalari]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi;
2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Ma’muriy javobgarlik]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenuminning
Qarori
Ma’muriy ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 25-martdagi 11-sonli “Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, ma’muriy ishlarning kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari hujjatlarining qonuniyligi va asosliligi, ular tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYutK deb yuritiladi) 224-moddasiga muvofiq, birinchi instansiya sudining apellatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi quyidagilarga tegishli:
arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillariga;
taraflar va uchinchi shaxslarning huquqiy vorislariga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ariza bergan davlat organlari va boshqa shaxslarga (MSIYutK 47-moddasining birinchi qismi);
ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxsga;
prokurorga.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsagina, sud hujjati ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli (MSIYutK 62-moddasining ikkinchi qismi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning huquqiy vorisi tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga huquq o‘tganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Prokuror o‘zining ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protesti keltirishga (MSIYutK 224-moddasi), prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha esa, taraflarning murojaati mavjud bo‘lganda kassatsiya protesti keltirishga (MSIYutK 2301-moddasi) haqli.
3. Qonunga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi (MSIYutK 226-moddasi, 227-moddasining birinchi qismi).
4. MSIYutK 116-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati apellatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi va mazkur muddat oxirgi oyining tegishli sanasida tugaydi. Bunda apellatsiya instansiyasi sudining majlisida faqat sud hujjatining xulosa qismi e’lon qilinishi kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati hisoblanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi, lekin uni tiklash haqidagi iltimosnomani hal qilishda inobatga olinadi.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) pochta orqali protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rtga qadar jo‘natilgan bo‘lsa, muddat o‘tmagan hisoblanadi. Bunday holda kassatsiya shikoyati (protesti) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa hujjat bo‘yicha belgilanadi.
5. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan manfaatdor shaxs iltimosnomasi bo‘yicha, basharti u kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddat o‘tkazib yuborilishi sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin (MSIYutK 227-moddasining ikkinchi qismi).
Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga beriladi. Qayd etilgan protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimos bevosita kassatsiya shikoyatida (protestida) bo‘lishi mumkin.
6. Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatlarni amalga oshirishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablarga kiritilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi).
Jismoniy shaxsning kasalligi, noiloj ahvoli, uning oilaviy ahvoli (oila a’zolarining o‘limi yoki og‘ir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda kassatsiya shikoyati berishni istisno etgan yoxud jiddiy tarzda qiyinlashtirgan bo‘lsa, uzrli holatlar deb topilishi mumkin.
Yuridik shaxs vakilining xizmat safarida, mehnat ta’tilida bo‘lishi, huquqshunosning bo‘lmasligi, vakilning yordami uchun to‘lashga yoki davlat bojini to‘lashga pul mablag‘larining mavjud emasligi yuridik shaxs tomonidan kassatsiya shikoyati berish muddati o‘tkazilganligining uzrli sabablari sifatida ko‘rilishi mumkin emas.
7. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masala kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganda muhokama qilinadi.
Muddat o‘tkazilganligi munosabati bilan kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi sudyaning ajrimi ustidan MSIYutK 248-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat (protest) berilishi mumkin.
8. MSIYutK 228-moddasida kassatsiya shikoyatining (protestining) shakli va mazmuniga doir talablar belgilangan, shu munosabat bilan kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushganidan so‘ng, sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs tomonidan protsessual qonunning ushbu talablariga rioya qilinganligini tekshiradi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar nusxalarini ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilishi yoki topshirilishi qonun bo‘yicha kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning majburiyatiga kiritilgan va buyurtma xat yuborilganligi haqidagi kvitansiya, ular qabul qilinganligi haqidagi tilxat va boshqalar bilan tasdiqlanadi.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) MSIYutK 228-moddasi birinchi qismi va ikkinchi qismining 1 — 5-bandlarida nazarda tutilgan talablar buzilgan holda berilgan yoki unga uning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligiga doir dalillar ilova qilinmagan bo‘lsa, sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytaradi.
9. Qonunga ko‘ra (MSIYutK 230-moddasi), kassatsiya shikoyatiga:
davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya shikoyatining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, kassatsiya shikoyatiga vakilning imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.
Kassatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya protesti va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Arizani (shikoyatni) qaytarish to‘g‘risidagi, arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish haqidagi, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi va apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza, shikoyat (protest) va sudga taqdim etish chog‘ida ularga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
10. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs tomonidan davlat boji to‘lashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdorlariga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda sudya “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 5-moddasining 3-bandi, 10-moddasi va qayd etilgan Qonunga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”ga amal qilishi lozim.
Davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini qabul qilishda hal qilinishi lozim.
11. Tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni suddan talab qilib olishga haqli.
Ishni talab qilib olish haqidagi masala sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda hal qilinadi.
12. Kelib tushgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi va u besh kunlik muddatda MSIYutK 231-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish va ishni talab qilib olish to‘g‘risida;
kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risida;
Kassatsiya shikoyatini (protestini) o‘rganish natijalari bo‘yicha chiqarilgan ajrimning ko‘chirma nusxasi besh kunlik muddatda kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsga yuboriladi.
13. Kassatsiya shikoyatini (protestini) kassatsiya instansiyasi sudi ish yurituviga qabul qilish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimi MSIYutK 232-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
14. Shuni nazarda tutish lozimki, MSIYutK 233 va 234-moddalarida nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda MSIYutK tegishli normasi (moddasi va muayyan bandi) ko‘rsatilishi, shuningdek, kassatsiya shikoyatini berish chog‘ida to‘langan davlat bojini qaytarish to‘g‘risidagi masala hal etilishi lozim.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ajrim bekor qilingan holda, u sudga dastlab taqdim etilgan kunda berilgan hisoblanadi.
15. Qonunga ko‘ra (MSIYutK 2341-moddasi), kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi masala ish sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatiladi hamda bu haqda ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ish kassatsiya protesti bo‘yicha ko‘rilayotganda esa, prokuror ham xabardor etiladi.
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu haqda kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi va u ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hamda videokonferensaloqa o‘tkazilishiga ko‘maklashadigan tegishli sudga yuboriladi (MSIYutK 144-moddasining ikkinchi qismi).
16. Shuni nazarda tutish lozimki, ishda ishtirok etuvchi shaxs kassatsiya shikoyatining (protestining) ko‘chirma nusxasini olganidan so‘ng, unga nisbatan yozma fikr yuborishga va yozma fikrning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilishga haqli.
Kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha yozma fikr sud majlisida ham berilishi mumkin.
17. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar iltimosnomasi mavjud bo‘lganda, sudya MSIYutK 236-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud hujjatlari ijrosini ish bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini to‘xtatib turish yoki uning ijrosini to‘xtatib turishni rad etish haqida sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda ko‘rsatishi mumkin.
Sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risida ishni mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida yoxud kassatsiya instansiyasi sudining alohida ajrimida ko‘rsatilishi lozim.
Zarur hollarda sudya (sud) ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar ish bo‘yicha MSIYutK 93-moddasida nazarda tutilgan dastlabki himoya choralarini qo‘llashga haqli.
(17-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
18. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish va kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish uchun turlicha asoslar nazarda tutilgan bo‘lib, ularning huquqiy oqibatlari ham jiddiy farq qiladi.
Xususan, kassatsiya shikoyati (protesti) MSIYutK 237-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ko‘rmasdan qoldirilganda, kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf qilingandan so‘ng, shikoyat (protest) yangidan taqdim etilishi mumkin. MSIYutK 238-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritish tugatilganda, ayni bir shaxs tomonidan ayni shu asoslar bo‘yicha takroran berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ko‘rmasdan qaytariladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi.
19. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish MSIYutK 239-moddasida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Qonunda sud tomonidan ishni kassatsiya tartibida ko‘rish vaqti va joyi haqida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilinishi shartligi belgilanganligi sababli, ushbu talabning bajarilmaganligi sud muhokamasi keyinga qoldirilishiga olib keladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmaganligini uzrli deb topsa, ular tegishli tartibda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda ham ishning muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi uzrsiz deb topilgan holda, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga haqli.
20. MSIYutK 240-moddasiga muvofiq, kassatsiya shikoyati bergan shaxs sud hujjati chiqarilguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror va yuqori turuvchi prokuror protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) munosabati bilan kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish masalasi kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud majlisida hal qilinadi. Bunda sud shikoyatdan voz kechgan (protestni chaqirib olgan) shaxsning vakolatini tekshirishi shart. MSIYutK 62-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, agar ishonchnomada bunday huquq maxsus ko‘rsatilmagan bo‘lsa, kassatsiya shikoyatidan voz kechishga haqli emas.
Agar kassatsiya shikoyatidan voz kechish qonunga zid bo‘lsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa, sud shikoyatdan voz kechishni rad etishga va ishni kassatsiya tartibida ko‘rishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish qanoatlantirilgan, shuningdek, protest qaytarib olingan hollarda, kassatsiya instansiyasi sudi ish bo‘yicha kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi, ish bo‘yicha boshqa shikoyat (protest) mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
21. Tushuntirilsinki, ishni kassatsiya tartibida ko‘rishda sud yangi dalillarni tekshirish va yangi faktlarni aniqlashga haqli bo‘lmasdan, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya qilinganligini ish materiallari bo‘yicha tekshiradi.
Birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish predmeti bo‘lmagan yangi talablar kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinmaydi va ko‘rilmaydi.
Agar ishni ko‘rish chog‘ida sud hujjatlari ish holatlari har tomonlama va to‘liq hamda ish bo‘yicha dalillar tekshirilmasdan chiqarilganligi aniqlansa, kassatsiya instansiyasi sudi MSIYutK 244-moddasi birinchi qismining 1-bandiga amal qilgan holda, ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini bekor qilishga va ishni birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborishga haqli.
22. MSIYutK 242-moddasiga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni muhokamaga tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘riladi.
Alohida hollarda kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish muddati ishni ko‘rib chiqayotgan sudlov hay’ati tomonidan bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin (MSIYutK 242-moddasining ikkinchi qismi).
(22-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
23. Qonunga ko‘ra, ishni kassatsiya tartibida ko‘rishda quyidagilar aniqlanishi lozim:
sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarorida bayon qilingan xulosalarining ish holatlariga muvofiqligi;
moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va (yoki) protsessual qonun talablariga amal qilinganligi;
birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining mazmun va shakl jihatidan qonun talablariga muvofiqligi.
24. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish MSIYutK 9-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va sud muhokamasi kuni to‘g‘risida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qiladi.
25. Kassatsiya shikoyatini (protestini) mazmunan ko‘rish natijasi bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarori ishni ko‘rish tugashi bilanoq darhol qabul qilinadi. Ayrim hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq uning qaror qismini sud o‘sha sud majlisining o‘zida e’lon qilishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
26. Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatidagi (protestidagi) har bir vajni, uning asosli yoxud asossizligi haqidagi xulosani qarorda bayon etgan holda, muhokama qilishga majbur.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida ishni shikoyat (protest) bo‘yicha ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar, shuningdek, sud xarajatlari taqsimlanishi ko‘rsatilishi kerak.
Sud qarori o‘qib eshittirilganidan so‘ng, sud majlisida ishtirok etuvchi shaxslarga qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati, uning ustidan shikoyat berish tartibi, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish muddati tushuntiriladi.
27. MSIYutK 244-moddasiga muvofiq, sud hujjatlarini kassatsiya tartibida o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
28. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash deganda, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qo‘llamaslik yoxud qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qo‘llash yoxud qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati noto‘g‘ri talqin qilinganligi tushunilishi kerak.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalarining buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi, bu faqat ishni noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgandagina, sud hujjatlarini bekor qilishga asos bo‘ladi, MSIYutK 244-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
29. MSIYutK 243-moddasiga muvofiq, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga haqli:
hal qiluv qarori, qarorni o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
hal qiluv qarori, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgartirishga;
hal qiluv qarorini, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
sud hujjatlarining ba’zilarini bekor qilishga va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga;
MSIYutK 244-moddasi to‘rtinchi qismining 9-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
30. Kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan sud hujjatlari qonunga muvofiq chiqarilgan degan xulosaga kelsa, shikoyatni (protestni) qanoatlantirmasdan qoldirishga, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni esa, o‘zgarishsiz qoldirishga haqli.
31. Shuni nazarda tutish lozimki, MSIYutK 244-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biror-biri aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi sudi sud hujjatlarini bekor qilishi va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi yoki apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart.
32. Kassatsiya instansiyasi sudi MSIYutK 105 va 108-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha hal qiluv qarori, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga, arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘luvchi holatlar aniqlangan bo‘lsa, haqlidir.
33. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoki noto‘g‘ri hal etilishi, o‘z-o‘zidan sud hujjatlarini bekor qilishga yoxud o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini MSIYutK 115-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha taqsimlash haqida ko‘rsatiladi.
34. Kassatsiya instansiyasi sudi MSIYutK 163, 164-moddalarida nazarda tutilgan hollarda:
qarorni tushuntirishga;
qaror matnida yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi o‘tkazilishi vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmasligi bu masalalarni hal etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
35. MSIYutK 173, 247-moddalariga muvofiq, birinchi instansiya sudining ajrimi va apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan, agar bu qonunda nazarda tutilgan yoki u ishning kelgusidagi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudi ajrimi va apellatsiya instansiyasi sudi qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berish va ko‘rish sudning hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish va ko‘rish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
36. MSIYutK 247-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi ajrimi va apellatsiya instansiyasi sudi qarori ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
ajrimni va qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga, kassatsiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirmasdan qoldirishga;
ajrimni va qarorni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rishga yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
ajrimni va qarorni bekor qilishga va arizani, ishni ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish, apellatsiya instansiyasi sudida ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va apellatsiya shikoyatini (protestini) ishni apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborishga;
sud hujjatlarining ba’zilarini bekor qilishga va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga.
Ariza birinchi instansiya sudining ish yuritishga qabul qilingandan so‘ng chiqarilgan ajrim bekor qilinganda (masalan, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va h.k.), kassatsiya instansiyasi sudi ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuboradi.
37. Qonunga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasining kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrimi kassatsiya shikoyatini bergan (protestini keltirgan) shaxsning arizasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosarining ajrimi bilan bekor qilinishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrim O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosarining protesti bo‘yicha bekor qilinishi va ish kassatsiya tartibida mazmunan ko‘rib chiqilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan kassatsiya shikoyati berish muddati davomida, ushbu muddat tugagan holda esa, ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida berilishi mumkin.
38. MSIYutK 224-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest keltirish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlari MSIYutK 244-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest keltirishga haqli.
Ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest kiritish haqidagi ariza kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati davomida, ushbu muddat o‘tgan holda esa, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida berilishi mumkin. Ushbu muddatlar o‘tgandan so‘ng berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi va o‘tkazib yuborilgan muddatlar tiklanmaydi.
Ish takroran kassatsiya tartibida besh nafar sudyadan iborat tarkibda umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
39. Kassatsiya instansiyasi sudi davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilishi fakti aniqlanganda, ularning sud protsessida ishtirokidan qat’iy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, bu haqda jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi haqida sud majlisida e’lon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
40. Kassatsiya shikoyati ish kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgandan so‘ng kelib tushganda, uni bergan shaxsga ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest keltirish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
41. Ma’muriy ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV