toggle_night_mode
Hujjat 06.08.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholiga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish sohasiga axborot-texnologiyalarini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son, “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son farmonlari hamda “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 11-maydagi PQ-5113-son qaroriga muvofiq, shuningdek, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari orqali sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalarni berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish tartibi;
Keyingi tahrirga qarang.
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalarni berish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish tartibi;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari orqali sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalarni taqsimlash tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, 2022-yil 1-oktabrdan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladilar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar:
tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlarining hamda keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarning YIDXPga ulanishini;
budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar, grant va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun elektron hujjat almashishni taʼminlovchi axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) ishlab chiqilishini va elektron hukumatning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Axborot tizimini ishlab chiqishda quyidagilar nazarda tutilsin:
yoʻllanma olish boʻyicha elektron navbat hisobini yuritish imkonini joriy qilish;
sanatoriylarga tashrif buyuruvchi shaxslarning maʼlumotlari va toifalari boʻyicha elektron bazani shakllantirib borish;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning sanatoriylarga olgan yoʻllanmalar davriyligining hisobini elektron yuritish;
sanatoriylarda boʻsh oʻrinlar hisobini onlayn yuritish va ochiq maʼlumot sifatida axborot tizimida joylashtirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun elektron hujjat almashinishini taʼminlovchi axborot tizimi ishlab chiqilishi va elektron hukumatning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrdan boshlab:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmati YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida vakolatli organlar va fuqarolar tomonidan murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
sanatoriylarga yoʻllanma olish uchun murojaat qilgan aholini elektron axborot tizimi orqali hisobga olish;
aholi tomonidan sanatoriyalarga beriladigan yoʻllanmalar boʻyicha navbatni kuzatish imkoniyatini beruvchi mexanizmlarni joriy etish;
sanatoriylarda mavjud boʻsh oʻrinlar toʻgʻrisidagi, xizmat koʻrsatish ixtisosliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yangilab borish hamda boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish.
7. Belgilansinki:
“Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish va kelgusida texnik xizmat koʻrsatish Sogʻliqni saqlash vazirligi muassisligidagi “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladi;
vazirlik va idoralarga tegishli Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sanatoriylar “Elektron sanatoriy” platformasiga majburiy tartibda ulanadi;
vazirlik va idoralarga tegishli Davlat budjetidan moliyalashtirilmaydigan sanatoriylar, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tizimidagi sanatoriylar va xususiy sanatoriylar “Elektron sanatoriy” platformasiga ixtiyoriy tartibda ulanadi;
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimidagi sanatoriylar “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasiga ulanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash sohasida axborot tizimlarini yaratish, takomillashtirish va joriy etish, shuningdek, axborot kommunikatsiya va texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-noyabr,
693-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 693-son qaroriga
ILOVA
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy
REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari orqali sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar (keyingi oʻrinlarda — yoʻllanmalar) berish boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yoʻllanmalar Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarga (keyingi oʻrinlarda — sanatoriylar) beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Agentlikning tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo oʻzaro elektron bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
Yoʻllanmalar umumiy soni sanatoriylarning mavjud oʻrinlari hamda tegishli moliya yilida Davlat budjetidan yoʻllanmalar uchun maqsadli tartibda nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari doirasida belgilanadi.
3. Yoʻllanmalar quyidagi toifadagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladi:
urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan oʻtmagan beva xotinlari (beva erlari);
respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron boʻlib qolgan shaxslar;
yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar;
I va II-guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, koʻzi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar;
yoshga doir pensiya oluvchilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Yoʻllanmalarni berish davriyligi (birlamchi murojaat etganlar bundan mustasno) quyidagilardan iborat boʻladi:
a) har yili — navbat asosida:
urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga;
respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AES halokati sababli nogiron boʻlib qolgan shaxslarga;
yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga;
b) ikki yilda bir marotaba — navbat asosida:
urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga;
halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan oʻtmagan beva xotinlariga (beva erlariga);
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, koʻzi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxsga;
v) uch yilda bir marotaba — navbat asosida yoshga doir pensiya oluvchilarga.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar toifasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Davlat xizmati koʻrsatish mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi
1-§. Murojaatlarni shakllantirish va yuborish
7. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoki ularning vakillari davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat etadilar yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlari yoki vakillari kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa — mustaqil tarzda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat (pensiya guvohnomasi, mavjud boʻlsa, ushbu Reglamentning 4-bandida nazarda tutilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar) nusxasi;
tibbiy maʼlumotnoma (davolovchi shifokor tomonidan beriladigan sanatoriy-sogʻlomlashtirish tavsiya etiladigan maʼlumotnoma).
Ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
9. Quyidagi kasalliklar mavjud boʻlganda shaxsga tibbiy maʼlumotnoma berilmaydi:
bemorning oʻzi va atrofdagilar uchun xavfli boʻlgan qoʻpol va xulqiy buzilishlar bilan kechadigan ruhiy kasalliklar, xususan tez-tez (har oyda 5-martadan koʻp) tutqanoq sodir boʻladigan epilepsiya, muntazam tutqanoqlarga, epileptik maqomga, kun oxiriga borib boʻshashuvchanlikka, disforiyalarga moyillik kasalliklar;
jarayonning faol bosqichidagi sil kasalligi;
yuqumli teri va soch kasalliklari;
oʻtkir yuqumli kasalliklar;
salbiy jarayondagi, yomon holatda oʻtadigan shish kasalliklari va retsidivlari;
tanosil kasalliklari.
Tibbiy maʼlumotnomalarda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni tegishli kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sanatoriylarga yoʻllanma berish yuzasidan maʼlumotlar kiritilishi mumkin.
10. Soʻrovnoma zarur maʼlumotlar rasmiylashtirgandan va kiritgandan soʻng keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim undirilmaydi.
12. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlari koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda ularning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi.
14. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, ularning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa — soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Vakolatli organ soʻrovnoma tushganidan soʻng, ularning elektron reyestrini yuritadi va fuqarolar tomonidan kuzatib borilishi uchun navbatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida yangilab borilishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Yoʻllanmalar sanatoriylarning mavjud oʻrinlaridan kelib chiqqan holda ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida navbat asosida beriladi.
Urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar uchun sanatoriylarga yoʻllanmalar birinchi navbatda beriladi.
Yoʻllanmalar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 12 kunga, yoʻllanmalarning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin (asosli sabablarga koʻra qaytarilgan yoʻllanmalar bundan mustasno) beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddatdan oʻtgandan soʻng 5 kun ichida yoʻllanmalardan foydalanuvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan yoʻllanma boʻyicha sanatoriylarga murojaat qilinmaganda berilgan yoʻllanma bekor qilinadi, bundan mazkur Reglamentning 29-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Yoʻllanma olish uchun navbatga qoʻyilgan shaxs yoʻllanmadan foydalanilmaganligi munosabati bilan elektron roʻyxatdan chiqariladi hamda tizimda roʻyxat avtomatik ravishda yangilanadi.
17. Sanatoriyda sogʻlomlashtirish uchun berilgan yoʻllanmada keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning toifasi, yoʻllanmaning muddati hamda uni rasmiylashtirgan vakolatli organning nomi toʻliq koʻrsatilishi lozim.
18. Vakolatli organ navbati kelgan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda yoʻllanmani rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Davlat xizmatlari markazi yoʻllanma tushganidan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning elektron manziliga yuboradi (mavjud boʻlganda) va ularni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlari yoki vakillari kelib murojaat qilgan taqdirda, ularning soʻroviga koʻra, ularga yoʻllanmani elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda berishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Yoʻllanmalarni taqsimlash
20. Agentlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) talabnomalariga asosan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning umumiy soniga muvofiq respublika sanatoriylariga yoʻllanmalarni taqsimlash rejasini har chorakda tasdiqlaydi.
Ushbu talabnomalar har chorakda, navbatdagi chorak boshlanishidan bir oy oldin Agentlikka taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Tasarrufida mahalliy sanatoriysi boʻlgan hududiy boshqarmalar, vakolatli organlarning talabnomalariga asosan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning umumiy soniga muvofiq mahalliy sanatoriylarga yoʻllanmalarni taqsimlash rejasini har chorakda tasdiqlaydi.
Zarurat boʻlganda, hududiy boshqarmalarga respublikaning boshqa hududlarida joylashgan mahalliy sanatoriylar uchun yoʻllanmalar ajratilishi mumkin. Bunda, hududiy boshqarmalar tomonidan respublikaning boshqa hududida joylashgan mahalliy sanatoriylarga boʻlgan talabnomalar Agentlikka taqdim etiladi hamda Agentlikning talabnomasiga asosan respublikaning boshqa hududlarida joylashgan mahalliy sanatoriylar uchun yoʻllanmalar tegishli hududiy boshqarmalarga ajratiladi.
Ushbu talabnomalar navbatdagi chorak boshlanishidan 20 kun oldin tegishli hududiy boshqarmalarga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Ajratilgan yoʻllanmalar bevosita vakolatli organlarga yetkazish uchun sanatoriyga yetib kelishning belgilangan sanasigacha 15 kundan kech boʻlmagan muddatda Agentlik tomonidan hududiy boshqarmalarga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Foydalanilgan yoʻllanmalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorakdan keyingi oyning 5-kuniga qadar hududiy boshqarmalar tomonidan Agentlikka taqdim etiladi.
24. Yoʻllanmalar faqat ularda koʻrsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanadi. Yoʻllanmada koʻrsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, sanatoriyga kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi.
25. Yoʻllanmadan faqat unda koʻrsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin. Sanatoriyga bitta yoʻllanma bilan bittadan ortiq kishi (shu jumladan, yosh bolalar ham) qabul qilinmaydi.
26. Sanatoriyga tashrif buyurgan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzi bilan birga yoʻllanmadan tashqari shaxsini tasdiqlovchi hujjat va sogʻliqni saqlash muassasasi tomonidan yoʻllanmaga asosan berilgan sanatoriy-kurort kartasini olib kelishi lozim.
27. Sanatoriylarga qabul qilish chogʻida yuqori harorat yoki noaniq etiologiyali toshma aniqlangan shaxslar sogʻliqni saqlash muassasalariga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar salomatligining holatiga yoki boshqa asosli sabablarga koʻra yoʻllanmadan belgilangan muddatda foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda, yoʻllanmada koʻrsatilgan sanatoriyga kelish muddatidan kamida uch kundan kech boʻlmagan muddatda bu haqida Davlat xizmatlari markaziga xabar berishi va yoʻllanmani qaytarishi lozim. Davlat xizmatlari markazi xodimi bu haqida 1 soat mobaynida vakolatli organni xabardor qiladi.
Yoʻllanma olish navbati kelgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha chiqib ketgan boʻlsa, shuningdek, asosli sabablarga koʻra yoʻllanmadan foydalanmagan taqdirda, fuqarolarning navbat muddati keyingi oyga koʻchiriladi. Bunday holatda fuqaro oldingi ariza raqamini koʻrsatib, ushbu Reglamentning 2-bobida belgilangan tartibda qayta murojaat qilganda yoʻllanmalar birinchi navbatda beriladi.
Qaytarilgan va foydalanilmagan yoʻllanmalar vakolatli organ tomonidan navbat asosida boshqa keksa yoki nogironligi boʻlgan shaxsga rasmiylashtirib beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Sanatoriy rahbarlari sogʻlomlashtirilgan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning sanatoriyda haqiqatda boʻlgan vaqti, muddatidan oldin ketgan boʻlsa, uning sabablari koʻrsatilgan maʼlumotlarni yoʻllanmaning “Qaytariladigan qismi”ga kiritadi hamda oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, axborot tizimi orqali vakolatli organga yuboradi.
30. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga berilgan va ular tomonidan foydalanilgan yoʻllanmalar hisobi vakolatli organlar tomonidan yuritiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Vakolatli organlar yoʻllanmalarning joylarda oʻz vaqtida va maqsadli berilishi, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoʻllanmalarni olishlarida adolat tamoyillariga hamda navbatlilikka qatʼiy amal qilinishini taʼminlashda javobgar hisoblanadi. Hududiy boshqarmalar yuqoridagi vazifalarning soʻzsiz bajarilishi ustidan nazoratni olib borish uchun masʼul hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifati uchun sanatoriylar rahbarlari javob beradilar.
33. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
36. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar

Yoʻllanma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtish

Xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi.

Soʻrovnomani vakolatli organga yuborish

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqa ichida.

2. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.

2. Avtomatik tarzda.

3-bosqich

Vakolatli organ

1. Soʻrovnoma tushganidan soʻng uni elektron reyestrda qayd etish.

1. Soʻrovnoma kelib tushganidan keyin10 daqiqa ichida.

2. Yoʻllanma berish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablarini tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron tarzda yuborish.

2. Navbat kelganda.

3. Yoʻllanma rasmiylashtirilgan taqdirda, tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXPga elektron tarzda yuborish.

3. Navbat kelganda.

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Yoʻllanma tushganidan soʻng uni keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning elektron manziliga yuborish (mavjud boʻlganda) va ularni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilish.

2. Oʻzi (yoki ishonchli vakili) kelib murojaat qilganda yoʻllanmani elektron yoki qogʻoz shaklida berish.

3. Yoʻllanma berish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablari toʻgʻrisida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni xabardor qilish.

10 daqiqa ichida

Keyingi tahrirga qarang.
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

____________________

____________________

(sana)

(raqam)

Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha

SOʻROVNOMA

I. Keksa va nogironligi boʻlgan shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar:

1. F.I.O.

2. Tugʻilgan yili va sanasi

3. Doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi

4. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlganda)

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlganda)

6. Telefon raqami

II. Taqdim etiladigan hujjatlar:

1. Imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat (pensiya guvohnomasi, mavjud boʻlsa, ushbu Reglamentning 4-bandida sanab oʻtilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar) nusxasi

2. Tibbiy maʼlumotnoma

Ariza beruvchining imzosi

Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/693/1074-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son; 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son; 26.01.2024-y., 09/24/46/0070-son; 19.06.2025-y., 09/25/377/0522-son; 05.02.2026-y., 09/26/40/0112-son)