toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida:
1. 2021-yil 11-martda Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi bitim (keyingi o‘rinlarda — Bitim) tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 06/23/111/0509-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov va Strategik islohotlar agentligi direktori — Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Sh.A. Vafayev O‘zbekiston Respublikasi tomonidan O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining kengashi a’zolari hisoblanadi;
O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining ustav kapitalida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi, istisno tariqasida, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga bosqichma-bosqich ajratiladigan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 06/23/111/0509-son)
4. Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz tomoniga Bitimning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat tartib-taomillari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilganligi to‘g‘risida tegishli bildirishnomani yuborsin.
5. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq joriy yilda O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasiga o‘zbek tomonidan ajratiladigan mablag‘ yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan o‘rnatilgan tartibda nazoratni ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 06/23/111/0509-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-noyabr,
PQ-5277-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.11.2021-y., 07/21/5277/1016-son; 22.07.2023-y., 06/23/111/0509-son)