toggle_night_mode
Hujjat 18.10.2021 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni hamda rolini kuchaytirish, ularning aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar yigʻini xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash orqali tizimning samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va Moliya vazirligining 2021-yil 1-noyabrdan boshlab:
a) hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35 foizga oshirish;
b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish;
v) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini koʻrsatish vazifasini tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga oʻtkazish;
g) tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining (moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlarini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi budjet mablagʻlari;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalarining 3 foizi miqdoridagi ajratma;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablagʻlar;
homiylik mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi va ulardan foydalanish yoʻnalishlarini belgilash;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan shaxsiy va ragʻbatlantiruvchi ustamalar berish, mukofotlash va ijtimoiy himoyalash.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari:
Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirilishi yuzasidan doimiy nazorat olib borsin;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan oʻzlari faoliyat yuritayotgan bino va inshootlar xatlovdan oʻtkazilishini va boshqa mol-mulklari oʻzlarida qoldirilishini taʼminlasin;
tuman (shahar) hokimliklariga tegishli boʻlgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan foydalanib kelingan bino hamda inshootlar tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Moliya vazirligi:
2021-yilda barcha mahalla fuqarolar yigʻinlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini hamda 2022-yildan boshlab ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlar Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilishini;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshi miqdori oshirilishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar 2021-yilda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi vakant oʻrinlar hisobiga boʻshab qolgan mablagʻlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.T. Mamatov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-oktabr,
PF-6324-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6324-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5938-son Farmonida:
birinchi xatboshi “Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda — “Mahalla” fondi),” soʻzlaridan keyin “Moliya vazirligi,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mahalla” fondi mablagʻlari hisobidan “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga bir yilda bir marta toʻlanadigan lavozim maoshi miqdoridagi moddiy yordam xarajatlarini moliyalashtirish”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mahalliy budjet va mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
Keyingi tahrirga qarang.
b) 27-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
v) 28-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi tarkibi*

T/r

Nomlanishi

Rais

Rais
oʻrinbosari

Oila
va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis

Harbiy hisobni yuritish boʻyicha xodim

Moliyalashtirish manbasi

1.

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlariga koʻra lavozim maoshiga koeffitsiyent qoʻllanilishi**

1,4 baravar

1,25 baravar

1,2 baravar

1 baravar

Davlat budjeti

2.

Mehnatga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari

Posyolkalar, qishloqlar, ovullar va shaharlar mahallalarining fuqarolar yigʻinlarida

8

7

6

5

Shaharlar hududidan tashqarida joylashgan mahallalar fuqarolar yigʻinlarida

7

6

5

4

3.

Lavozim maoshiga har oylik ustama haq (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti)

20 foiz

4.

Lavozim maoshiga alohida mehnat sharoitlari uchun har oylik ustama haq

26 foiz

12 foiz

5.

Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi

mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining
15 foizi miqdorida

6.

Moddiy yordam koʻrsatish

bir oylik lavozim maoshi miqdorida

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari

Izoh:
* Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida”gi 147-son qarorining 4-bandi uchinchi xatboshisi oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga tatbiq etilmaydi;
** hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari uchun ushbu tarif koeffitsiyentlari 1,35 baravar oshirib hisoblanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5978-son Farmonining 17-bandi, shuningdek, unga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 06/21/6324/0970-son; 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)