toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MAHALLIY SANOAT” KORPORATSIYASINING “FONON” ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI TARKIBIDA “NUR” DAVLAT BADIIY ZARGARLIK MARKAZINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika mahalliy sanoat korxonalarida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish vazifalarini bajarish, qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar va toshlar ishlatilib tayyorlanadigan xalq hunarmandchiligi buyumlari turlarini yanada yaxshilash masalalarini hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasining “Fonon” ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida “Nur” Davlat badiiy zargarlik markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, quyidagilar zargarlik markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
zargar ustalar milliy uslubini shakllantirish, zargarlik buyumlarining, qimmatbaho metall va toshlardan, olmos va brilliantdan tayyorlanadigan buyumlarning yangi turlarini ishlab chiqish;
zargarlik buyumlarida milliy mavzu, usullarni ishlab chiqish va tiklash, ularni ishlab chiqarish uchun yangi texnologiya va uskunalar yaratish, jahon bozorida raqobatga qobil toshlar, teri, gazmol, suyak metall, yogʻochlardan qimmatbaho metallar, tabiiy va sunʼiy kristallar, marvarid qoʻshib yasaladigan noyob va kamyob badiiy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish. Ularni koʻplab ishlab chiqarishda korxonalarga yordam berish;
noyob va misli yoʻq zargarlik sanʼati asarlarining davlat kolleksiyasini yaratishga koʻmaklashish.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Davlat badiiy zargarlik markazi yuridik shaxs hisoblanadi, idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning tegishli mavzu boʻyicha ishlarini bajaradi, ularga xizmat koʻrsatadi.
Oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
3. “Nur” Davlat badiiy zargarlik markaziga quyidagi huquqlar berilsin:
yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalariga binoan zargarlik buyumlarining haqiqiyligini, badiiy va tarixiy qiymatini ekspertiza qilish (Davlat proba nazorati va Davlat xazinasi oʻtkazadigan maxsus funksiyalardan tashqari);
materiallarga (zargarlikda ishlatiladigan qimmatbaho toshlardan tashqari) ishlov berish boʻyicha ijodiy guruhlar, ustaxonalar tashkil etish, zargarlik buyumlari uchun alohida qutichalar yasash;
zargarlik buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan teri, gazmol, suyak, tosh, yogʻoch va boshqa xom ashyo resurslaridan tayyorlangan materiallar va yarim fabrikatlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni yarim fabrikat sifatida sotib olish va almashtirish (tugallanmagan zargarlik buyumlari va ularning qismlarini sotish va almashtirish huquqisiz);
badiiy zargarlik buyumlarini, texnologiyalarni, uskunalarni belgilangan tartibda sotish, shu jumladan, ham ichki bozorda, ham xalqaro bozorda auksionlarda sotish.
4. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi:
bir oy muddatda “Nur” Davlat badiiy zargarlik markazi ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
“Nur” Davlat badiiy zargarlik markazini joylashtirish masalasini hal etsin.
5. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar “Nur” zargarlik markaziga ushbu qarorni amalga oshirishda yordam koʻrsatsinlar.
6. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq A.N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-fevral,
73-son