toggle_night_mode
Hujjat 31.10.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish maqsadida:
1. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ular muassisligidagi nodavlat notijorat tashkiloti — “Vatandoshlar” jamoat fondini (keyingi oʻrinlarda — Fond) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Fond faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, vatandoshlar istiqomat qilayotgan mamlakatlarning qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga koʻmaklashish;
xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam koʻrsatish;
xorijda oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qoʻllab-quvvatlash;
xorijda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va ommalashtirish, vatandoshlarga madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda koʻmaklashish;
vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini ragʻbatlantirish, ularga xorijda oʻzbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish;
xorijiy davlatlarning taʼlim oʻzbek tilida olib borilayotgan muassasalarida pedagog kadrlarga boʻlgan mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, xorijda istiqomat qilayotgan iqtidorli vatandoshlarimizning respublika oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishlariga koʻmak koʻrsatish;
rivojlangan xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan olim va ijodkor vatandoshlarimizning yurtimiz nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash;
xorijda vatandoshlar tomonidan tashkil etiladigan nufuzli tadbirlarda mamlakatimizning taniqli yozuvchi va shoirlari, fan arboblari, diniy ulamolari, madaniyat va sanʼat vakillari, sportchilari ishtirokini taʼminlashda koʻmaklashish;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni Oʻzbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyat bilan shugʻullanishga faol jalb qilish;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid maʼlumotlar bilan taʼminlashga qaratilgan interfaol elektron portalni yuritish;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar duch kelayotgan muammolarni tizimli asosda tahlil qilib borish va ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish;
migratsiya va taʼlim sohalarida shartnomaviy-huquqiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va tegishli davlat organlariga kiritib borish;
Fond Ustaviga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirish.
3. Quyidagilar:
“Vatandoshlar” jamoat fondining vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Fondning Vasiylik kengashi) — Fondning oliy organi;
Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan Fond Boshqaruvi — Fondning ijro organi hisoblanishi inobatga olinsin.
4. “Vatandoshlar” jamoat fondining vasiylik kengashi tarkibi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
5. Fondning Vasiylik kengashiga:
bir oy muddatda Fondning Ustavi, tashkiliy tuzilmasi va Fond Boshqaruvi aʼzolarini tasdiqlash, shuningdek, Fond Boshqaruvini malakali kadrlar bilan toʻldirish;
har yili Fond mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini, daromad va xarajatlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarni tasdiqlash;
Fond zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, homiylarni jalb etish tavsiya etilsin.
6. Quyidagilar Fond mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
davlat subsidiyasi va davlat ijtimoiy buyurtmalaridan kelib tushadigan mablagʻlar;
muassislar tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
yuridik va jismoniy shaxslar, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning grantlari;
Fond mablagʻlarini tijorat banklarida depozitga qoʻyishdan olinadigan daromadlar;
Fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar (foyda);
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga har yili asoslangan buyurtmanoma asosida Fondning asosiy vazifalarini bajarish doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish uchun subsidiya shaklida zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
8. Fondni tashkil etish uchun zarur boʻlgan dastlabki mablagʻ sifatida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 5 milliard soʻm miqdorda mablagʻ ajratilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan mablagʻ:
bir oy muddatda Moliya vazirligi tomonidan muassislardan biri sifatida oʻz nomidan Fondga oʻtkaziladi;
Fond joylashtiriladigan xizmat xonalarini taʼmirlash, ularning zarur texnika bilan jihozlanishi, avtotransport vositalari, ofis anjomlari, mebel va aloqa vositalari bilan taʼminlanishi, shu jumladan keng polosali Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishi, shuningdek, tijorat banklari depozitlariga mablagʻ qoʻyib, daromad olish uchun sarflanadi.
9. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish shartlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tenglashtirilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda mazkur bandni amalga oshirish maqsadida qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Sh.Sh. Minovarov va A.A. Abduvaxitov — Fondning faoliyatini samarali tashkil etish, ushbu masalada barcha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishda;
Oldingi tahrirga qarang.
kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri (B.A. Musayev) — Fondning xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vazifalarini amalga oshirishda;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
Tashqi ishlar vazirligi (F.N. Arziyev) — Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari orqali Fondning xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uzviy hamkorligini yoʻlga qoʻyish hamda xorijdagi tadbirlarni tashkil etishda;
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi (R.J. Kurbanov) — Fondning vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyishda, shuningdek, xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan oʻzbek milliy madaniy markazlari va jamiyatlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda;
Keyingi tahrirga qarang.
Xalq taʼlimi vazirligi (Sh.X. Shermatov) — Fond mablagʻlari hisobidan xorijda oʻzbek tilida taʼlim olib boriladigan maktab oʻquvchilarini darslik va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, pedagog xodimlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda maktablarni qurish, taʼmirlash va jihozlashda;
Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov), Badiiy akademiya (A.V. Nuriddinov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S. Saidov) — xorijda vatandoshlar bilan birgalikda oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda hamda ularda madaniyat va sanʼat vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlarning ishtirok etishini Fond mablagʻlari hisobidan taʼminlashda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (B.N. Abidov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshkulov) — Fond tomonidan respublika hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyat bilan shugʻullanishga jalb qilingan vatandoshlarga tegishli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin.
11. Tashqi ishlar vazirligi boshqa muassislar va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Fondning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
12. Fondning Vasiylik kengashiga ikki oy muddatda Fondning 2021-yilga moʻljallangan faoliyat dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
13. Fond Tashqi ishlar vazirligi binosiga vaqtinchalik tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.
14. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Fondning murojaatiga asosan, uni telekommunikatsiya xizmatlari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
15. Tashqi ishlar vazirligi boshqa muassislar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar qilib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.A. Xayriddinov va tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari F.N. Arziyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Sh.Sh. Minovarov va A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-avgust,
PQ-5220-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PQ-5220-son qaroriga
ILOVA
“Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

Sherali Joʻrayev

Oʻzbekiston xalq artisti, Vasiylik kengashi raisi

2.

Ravshan Irmatov

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari

3.

Mehriddin Xayriddinov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari

4.

Farxod Arziyev

tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

Rustam Kurbanov

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi

6.

Xurshid Doʻstmuhammad

yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

7.

Naim Karimov

adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi

8.

Mahmud Toir

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari, Oliy Majlis Senati aʼzosi

9.

Olimjon Davlatov

adabiyotshunos olim, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori

10.

Erkin Komilov

Oʻzbekiston xalq artisti

11.

Ozodbek Nazarbekov

Oʻzbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri

12.

Alisher Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

13.

Behzod Yuldashev

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti

14.

Adxam Bekmurodov

Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori v.b.

15.

Qudratilla Rafikov

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi

16.

Bobur Bekmurodov

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi

17.

Eldor Tulyakov

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

Izoh:
Fondning Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Fondning Vasiylik kengashi qarori bilan uning tarkibiga xorijda istiqomat qilayotgan nufuzli vatandoshlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 07/21/5220/0786-son; 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)