1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.04.00 Suv transporti]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
kichik hajmli kemalarni roʻyxatga olish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, kema bileti va bort raqamini berish hamda roʻyxatdan chiqarish tartibini nazarda tutuvchi Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
kichik hajmli kemalarni dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish, texnik holatini baholash va qayd etish tartibini nazarda tutuvchi Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalari 2-ilovaga muvofiq;
suv obyektlarida kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rioya etilishi lozim boʻlgan talablarni nazarda tutuvchi Kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining buyurtmasiga muvofiq kichik hajmli kemalarning kema bileti blankalari tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 4-iyuldagi 421-son qarori 2-bandi “v” kichik bandidagi “2020-yil” soʻzlari “2022-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-avgust,
484-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-avgustdagi 484-son qaroriga 1-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar kichik hajmli kemalarni (maxsus topshiriqli harbiylashtirilgan tuzilmalarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalardan tashqari) roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — kichik hajmli kemani roʻyxatdan oʻtkazishni soʻrab murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
kichik hajmli kema — asosiy dvigatellari quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼi nazar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar (eshkakli qayiqlar (eshkakli qayiqlar va suv velosipedlari (katamaranlar)), yelkanli kemalar havo bosimi bilan toʻldiriladigan yoki shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar;
kichik hajmli kemalar inspeksiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish boʻyicha nazoratni amalga oshiruvchi tarkibiy tuzilmasi;
kichik hajmli kemaning egasi — kichik hajmli kemaga mulk huquqi yoxud boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish — kichik hajmli kemalarni roʻyxatga olish, qayta roʻyxatga olish, kema bileti va bort raqamini berish hamda roʻyxatdan chiqarish boʻyicha harakatlar;
motorli kichik hajmli kemalar — turgʻun dvigatel (dvigatellar) yoki osma motor (motorlar) bilan jihozlangan kichik hajmli kemalar (kater, yaxta, motorli qayiq, gidrotsikl va boshqalar);
motorsiz kichik hajmli kemalar — odamning (odamlarning) kuchi bilan yoki shamol kuchi taʼsirida harakatga keltiriladigan kichik hajmli kemalar (yelkanli kema, eshkakli kema yoki qayiq, suv velosipedlari va boshqalar);
registr tonna — kemaning hajmiy tonnalar bilan koʻrsatiladigan sigʻimi.
3. Ushbu Qoidalarning 2-bandida koʻrsatib oʻtilgan kichik hajmli kemalar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) nazoratidagi kemalar hisoblanadi.
4. Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish mazkur Qoidalar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Jismoniy yoki yuridik shaxslar kichik hajmli kemalarni (keyingi oʻrinlarda — kema) xarid qilgandan soʻng texnik holatidan qatʼi nazar, oʻttiz ish kundan kechiktirmasdan ularni roʻyxatdan oʻtkazishi lozim.
6. Jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan kemalar — ularning doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi boʻyicha, yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan kemalar — yuridik shaxsning yuridik manzili boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
2-bob. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
7. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun jismoniy yoki yuridik shaxslar tegishli hududiy boshqarmalarga ushbu Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza bilan murojaat etadi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
kema yoki uning dvigatellari (osma motorlari) xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar (tovar cheki, oldi-sotdi, hadya shartnomasi, vasiyat boʻyicha mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma), ishlab chiqaruvchilarning oʻzlari murojaat qilgan holatlar bundan mustasno;
roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida xabarnoma (kvitansiya).
Taqdim etilayotgan hujjatlarda oʻchirib yozilgan, chizilgan va boʻyalgan soʻzlar yoxud oʻzgartirishlar mavjud boʻlsa, shuningdek, hujjatlar oʻqib boʻlmaydigan darajada boʻlsa, bunday hujjatlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Kemani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bilan murojaat etish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Kichik hajmli kemalar” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) orqali ham belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
10. Muomalaga layoqatsiz jismoniy shaxs nomiga kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish faqat muomalaga layoqatsiz shaxsda kemaga boʻlgan mulk huquqi belgilangan tartibda meros yoki hadya natijasida paydo boʻlgan boʻlsa amalga oshiriladi.
11. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq toʻlovlar undiriladi.
Bunda undiriladigan toʻlovlarning 60 foizi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
12. Kemani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bilan murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) qabul qilingan hujjatlarning roʻyxati va sanasi qayd etilgan tilxat beriladi yoki elektron shaklda bildirishnoma yuboriladi.
13. Hududiy boshqarmalarning masʼul xodimlari kemani roʻyxatga olish toʻgʻrisida ariza tushgandan soʻng bir ish kunida uni koʻrib chiqadi.
14. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda, kema bir ish kuni davomida belgilangan tartibda dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
15. Roʻyxatdan oʻtkazilayotgan barcha turdagi kemalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan tartibda quyida keltirilgan kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga (keyingi oʻrinlarda — kema daftari):
motorli kemalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — mazkur Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq shakldagi Motorli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga;
motorsiz kemalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — mazkur Qoidalarga 5-ilovaga muvofiq shakldagi Motorsiz kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga kiritiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazilayotgan barcha turdagi kemalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimiga kiritib boriladi.
Motorli va motorsiz kemalarni roʻyxatdan oʻtkazishda kema daftariga “Roʻyxatga olindi” degan shtamp bosiladi (axborot tizimida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilib, hududiy boshqarma masʼul xodimining ERIsi bilan tasdiqlanadi).
16. Roʻyxatdan oʻtkazilgan kemalarga ushbu Qoidalarga 6-ilovaga muvofiq shaklda Kema bileti beriladi.
17. Roʻyxatga olingan kemalarga ushbu Qoidalarga 7-ilovada keltirilgan namunalarga muvofiq bort raqamlari beriladi.
Bort raqamlari foni oq rangda, harf va raqamlari hamda fonning chetki qismi qora rangda oʻchmaydigan kontrast boʻyoqda forshtevendan (kema tag yogʻochining kema tumshugʻiga oʻtgan tomoni) kema korpusi uzunligidan 1/4 oʻlchov uzoqlikda bir qator yozuv bilan har ikki tomonda koʻrsatiladi.
Harf va raqamlarning balandligi 150 mmdan, eni — 100 mmdan, chiziqlarning kengligi 20 mmdan kam boʻlmasligi kerak.
Bort raqamlari oʻlchamlarining kema korpusi oʻlchamlariga mosligi hamda ularni koʻrsatish joyiga qoʻyilgan talablarni bajarish imkoni mavjud boʻlmaganda, bort raqamlarini yozish joyi hududiy boshqarmaning masʼul xodimlari tomonidan belgilanadi.
18. Quyidagi hollarda kemalarni roʻyxatdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi:
ariza beruvchining suzish vositasi kichik hajmli kemalar tarkibiga kirmasa;
taqdim etilgan hujjatlar lozim darajada rasmiylashtirilmasa yoki ular toʻliq hajmda taqdim etilmasa;
texnik koʻrik natijalariga koʻra kema foydalanishga yaroqsiz deb topilsa;
kemaning konstruksiyasi yoki unga kiritilgan oʻzgartirishlar kema biletiga mos kelmasa;
belgilangan qutqaruv vositalari mavjud boʻlmasa;
kemani ishlab chiqargan tashkilot tomonidan qoʻyilgan identifikatsiya tamgʻasini yashirish, soxtalashtirish, oʻzgartirish, yoʻq qilish alomatlari mavjud boʻlsa.
19. Kemani roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, ariza beruvchiga qaror qabul qilingan kundan soʻng bir ish kunidan kechiktirmasdan yozma ravishda rad etish sababi koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi va xabarnomaning nusxasi hujjatlar jildiga tikiladi.
20. Ariza beruvchiga mazkur Qoidalarning 18-bandida koʻrsatilgan asoslarga koʻra kemani roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganda, ular aniqlangan kamchiliklar bartaraf etib, oʻttiz ish kuni davomida kemani roʻyxatdan oʻtkazish uchun takroran hududiy boshqarmalarga murojaat qilishga haqli, bunda qoʻshimcha toʻlovlar undirilmaydi.
21. Ariza beruvchi kemani roʻyxatdan oʻtkazish rad etilishi toʻgʻrisida qabul qilingan qarordan norozi boʻlganda, shuningdek, hududiy boshqarmalarning masʼul xodimlari harakati (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
22. Kema bileti yoʻqolganda, yaroqsiz holga kelganda, kema egasining arizasiga koʻra uch ish kunida kema biletining dublikati beriladi hamda kema daftari va kema biletiga “Dublikat” degan shtamp qoʻyiladi (axborot tizimida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilib, hududiy boshqarma masʼul xodimining ERIsi bilan tasdiqlanadi).
3-bob. Kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
23. Kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kema egasi oʻzgarganda;
kema egasining doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi oʻzgarganda;
kemani qayta jihozlash natijasida kema biletidagi maʼlumotlar oʻzgarganda.
24. Kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza beruvchilar tegishli hududiy boshqarmalarga ushbu Qoidalarning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim qiladi.
Kemani qayta roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizaga qoʻshimcha ravishda kema bileti ilova qilinadi.
25. Kemalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Bunda kemani qayta roʻyxatdan oʻtkazish ularni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish davrida amalga oshirilmayotgan boʻlsa, ushbu kemani texnik koʻrikdan oʻtkazish talab etilmaydi (kemani qayta jihozlash natijasida kema biletidagi maʼlumotlar oʻzgarishi bundan mustasno).
26. Kema qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda kema egasiga yangi bort raqami va kema bileti beriladi, shuningdek, kema daftariga hamda axborot tizimiga tegishli yozuvlar kiritiladi.
Hududiy boshqarmaning javobgarligi hududi doirasida kema egasining doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi yoki kemaga ruxsat etilgan suzish hududi oʻzgarganda hamda kema qayta jihozlanganda kema daftariga, axborot tizimiga va kema biletiga kemani qayta roʻyxatdan oʻtkazmasdan tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Bunda kemaning mavjud bort raqami oʻzgartirilmaydi.
4-bob. Kemalarni roʻyxatdan chiqarish tartibi
27. Texnik koʻrik natijasi boʻyicha qabul qilingan xulosaga koʻra konstruktiv eskirgan, qayta jihozlash yoki boshqa oʻzgartirish kiritish natijasida muvozanatni saqlash, suzuvchanlik va choʻkmaslik qobiliyatini yoʻqotgan, foydalanishga va tiklashga yaroqsiz deb topilgan kemalar roʻyxatdan chiqariladi.
Voyaga yetmagan shaxslar nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan kemalarni roʻyxatdan chiqarishda ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillarining yozma roziligi talab etiladi.
28. Kemani roʻyxatdan chiqarish uchun kema egasi ushbu Qoidalarga 8-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan tegishli hududiy boshqarmaga murojaat qiladi. Arizaga kema bileti ilova etiladi.
29. Kemani roʻyxatdan chiqarishda belgilangan tartibda texnik koʻrikdan oʻtkazilib, dalolatnoma rasmiylashtiriladi va bu haqida kema daftariga, axborot tizimiga hamda roʻyxatga olish ariza — kartochkasiga tegishli yozuvlar kiritiladi.
30. Roʻyxatdan chiqarilgan kemaning kema bileti oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilib, 5 yil mobaynida hududiy boshqarmalarda saqlanadi.
31. Roʻyxatdan chiqarilgan kemalarning bort raqamlari boshqa kemalarga 5 yil davomida berilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
33. Roʻyxatdan oʻtgan kemalar va ularning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruvni oʻtkazuvchi, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchiga, sud hamda boshqa vakolatli organlarga ularning yozma soʻrovi asosida taqdim etiladi.
34. Mazkur Qoidalar bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
35. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 1-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish
SXEMASI
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
Jismoniy va yuridik shaxslar
Kichik hajmli kema xarid qilinganda texnik holatidan qatʼi nazar, roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli hududiy boshqarmaga ariza bilan belgilangan hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat etish
Oʻttiz ish kunida
Hududiy boshqarma masʼul xodimi
Jismoniy va yuridik shaxslarning arizalarini qabul qilish va koʻrib chiqish
Bir ish kunida
Kichik hajmli kemani dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazish va kema biletini rasmiylashtirish
Bir ish kunida
Roʻyxatdan oʻtkazilayotgan kichik hajmli kema toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga qayd etish hamda kemaga bort raqamini berish
Bir ish kunida
Hududiy boshqarma masʼul xodimi
Kichik hajmli kemani roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, ariza beruvchiga qaror qabul qilingan kundan soʻng yozma ravishda rad etish sababini koʻrsatgan holda xabarnoma yuborish
Bir ish kunida
Jismoniy va yuridik shaxslar
Kichik hajmli kemada aniqlangan kamchiliklar kema egasi tomonidan bartaraf etilgach, uni takroran roʻyxatdan oʻtkazish uchun hududiy boshqarmaga murojaat qilish
Oʻttiz ish kunida
Hududiy boshqarma masʼul xodimi
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan kichik hajmli kemani belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish
Uch ish kunida
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 2-ILOVA
Roʻyxatga olish ariza-kartochkasi (yuridik shaxslar uchun)
_______________________________
roʻyxatga olish (bort) raqami
Kema egasining arizasi — roʻyxatga olish kartochkasi
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 6-ILOVA
Kichik hajmli kemalarning kema bileti
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 7-ILOVA
Motorli va motorsiz kichik hajmli kemalarning bort raqamlari namunalari
Izoh. Birinchi 2 ta raqam — kema roʻyxatdan oʻtkazilgan hududning kodi (avtotransport vositalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining hududiy kodlariga muvofiq belgilanadi), 3-lotin alifbosidagi harf — bort raqami seriyasi, keyingi 4 ta raqam — kema daftaridagi qayd raqami.
Izoh. Birinchi 2 ta raqam — kema roʻyxatdan oʻtkazilgan hududning kodi (avtotransport vositalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining hududiy kodlariga muvofiq belgilanadi), 3-lotin alifbosidagi harf — bort raqami seriyasi, keyingi 3 ta raqam — kema daftaridagi qayd raqami.
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga 8-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan chiqarish boʻyicha
Menga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemani roʻyxatdan chiqarishingizni soʻrayman, kichik hajmli kema biletining seriyasi va raqami __________________________________________________________________.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-avgustdagi 484-son qaroriga 2-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar kichik hajmli kemalarni (maxsus topshiriqli harbiylashtirilgan tuzilmalarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalardan tashqari) dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish, texnik holatini baholash va qayd etish tartibini belgilaydi.
2. Kichik hajmli kemalar (keyingi oʻrinlarda — kemalar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
3. Kemalar:
dastlabki texnik koʻrikdan — ularni roʻyxatdan oʻtkazish davomida;
yillik texnik koʻrikdan — har yili 1-martdan 1-maygacha, ulardan mavsumiy foydalanishdan oldin;
qayta texnik koʻrikdan — kema avariyadan (yongʻin va boshqalardan) soʻng taʼmirlanganda, qayta jihozlanganda, asosiy dvigateli (osma dvigateli) oʻzgarganda yoki qoʻshimcha dvigatel (osma dvigatel) oʻrnatilganda oʻtkaziladi.
4. Kemalarni yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish ular roʻyxatdan oʻtkazilgan hududda yoki egalarining xohishiga koʻra eksterritoriallik tamoyili asosida boshqa hududlarda oʻtkaziladi.
5. Kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish suzish paytida hududiy boshqarmaning masʼul xodimi tomonidan belgilangan suv obyektida amalga oshiriladi.
2-bob. Kemalarni dastlabki, yillik va qayta texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi
6. Dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazishda kemaning texnik hujjatlari tekshirilib, uning sigʻimi, majburiy shartlari, yuk koʻtarish qobiliyati va yoʻlovchilar sonining meʼyoriy va texnik talablari, dvigatellarning (osma dvigatellarning) ruxsat etilgan soni va quvvati, yelkanlarning belgilangan maydoni, suzish hududi, qirgʻoqdan uzoqlashishga ruxsat etilgan masofa, kema bortining suv sathidan balandligi va suzishi mumkin boʻlgan toʻlqinning balandligi, yongʻin va qutqaruv vositalari bilan jihozlanganligi, yoritish chiroqlari va navigatsiya uskunalarining mavjudligi hamda sozligi oʻrganiladi.
7. Kemani dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazish jarayonida qayd etilgan uning texnik xususiyatlari va mavjud jihozlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kema biletiga kiritiladi va hududiy boshqarma masʼul xodimining imzosi bilan tasdiqlanadi.
8. Kemalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish ushbu Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Kemalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish vaqti, joyi va grafigi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining veb-saytida har yili 20-fevralga qadar joylashtiriladi.
10. Jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan kemani yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan tegishli hududiy boshqarmaga murojaat etadi.
11. Hududiy boshqarmalarning masʼul xodimlari yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza tushganidan soʻng bir ish kunida kemani texnik koʻrikdan oʻtkazadi va bunda uning texnik hujjatlari mavjudligi, asosiy qismlariga oʻzgartirishlar kiritilmaganligi, kemaning texnik holati, belgilangan standartlarga muvofiq uskuna va jihozlarning mavjudligi, foydalanish shartlari, shuningdek, qutqaruv vositalarining soni yoʻlovchilar soniga toʻgʻri kelishi hamda ular belgilangan standart talablariga javob berishi va har biriga kema bortining raqami tushirilganligi tekshiriladi.
12. Motorli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish davomida quyidagilar tekshiriladi:
xavfsizlik bogʻichi mavjudligi (dvigatelni avariya holatida toʻxtatish moslamasi), agar u ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan boʻlsa;
osma motorli kemaning himoya gʻilofi (qopqoq) va ehtiyot sim arqonining mavjudligi;
motor boʻlinmasining (uning mavjudligida) butlanganligi va izolyatsiya qilinganligi;
yoqilgʻi va moyning sizib chiqmasligi, yopish joʻmragi va yoqilgʻi tizimida klapanning mavjudligi;
suv quyish (chiqarish) moslamasining yaroqliligi;
masofaviy boshqaruv jamlanmasi, bevosita ballerga (kema rulining aylanma oʻqi) yoki rul boshqaruv sektoriga taʼsir koʻrsatuvchi avariya rul tizimining ishga yaroqliligi (uning mavjudligida).
13. Motorsiz kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish davomida quyidagilar tekshiriladi:
a) polivinilxlorid, rezinalangan matolar va shunga oʻxshash materiallardan tayyorlangan, shishiriladigan kemalarning:
qobiqning germetikligi (shishirilgan holda, zarur boʻlganda qobiqning tanlangan qismiga sovunli qorishmani yoki boshqa moddani surish yordamida);
klapan tizimining sozligi (zarur boʻlganda, sovunli yoki boshqa qorishmalar qoʻllaniladi);
b) aluminiyli qotishmalar, shishaplastik, yogʻoch va shunga oʻxshash materiallardan tayyorlangan kemalarning:
kema qoplamasining qalinligi, korpusining chidamliligi va suv oʻtkazmasligi, konstruksiya elementlarining ishonchli oʻrnatilganligi va lok-boʻyoq qoplamasining sifati;
kemaning suzish bloklari (havo yashiklari) ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan parametrlarga mos kelishi va ularning mavjudligi;
v) yelkanli kemalarning:
ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan elementlar holati;
barcha mexanizmlarning (machtani tiklovchi va yotqizuvchi, antennalarni chiqaruvchi va tushiruvchi mexanizm hamda moslamalarning) sozligi (moylanganligi);
ishchi mexanizmlarni cheklovchi oʻchirgichlarning toʻgʻri ishlashi;
machtaning kema qobigʻiga yoki ustki qurilmalarga mahkamlanganligi;
shvartaning (kemani bogʻlash qismi) mavjudligi va yashin qaytargichning yaroqliligi;
rul qurilmasining ishga yaroqliligi.
14. Kemalar qobiqlarining texnik holatini tekshirish uni tashqi koʻzdan kechirish va (yoki) shikast yetkazmaydigan nazorat vositalari, oʻlchov uskunalaridan (qalinlikni oʻlchash asbobi, defektoskop jihozi) foydalangan holda oʻtkaziladi.
Tashqi koʻzdan kechirishda kemaning quloqlari, eshkaklari, leyer toʻsiqlari (ochiq palubali kemalarning ikki yon tomonidan qattiq tortilgan tros toʻsigʻi), falshbort, kemani koʻchirish uchun moʻljallangan dastaklar, bogʻlash va langar qurilmalarining muhrlari (zanjirli muhrlar) kemani boshqa kema bilan xavfsiz shatakka olish qurilmasi hamda boshqa elementlari oʻrganiladi.
15. Kemalarni qayta texnik koʻrikdan oʻtkazish ularni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
16. Kemalarni dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq toʻlovlar undiriladi.
Bunda kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazishda undiriladigan toʻlovlarning 60 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
17. Kemalarni dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha hududiy boshqarma masʼul xodimi bir ish kunida ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq dalolatnomani rasmiylashtiradi.
3-bob. Kemalarning texnik holatini baholash va qayd etish tartibi
18. Kemaning texnik hujjatlari, uning sigʻimi, majburiy shartlari, yuk koʻtarish qobiliyati va yoʻlovchilar sonining meʼyoriy va texnik talablari, dvigatellarning (osma dvigatellarning) ruxsat etilgan soni va quvvati, yelkanlarning belgilangan maydoni, kema bortining suv sathidan balandligi va suzishi mumkin boʻlgan toʻlqinning balandligi belgilangan talablarga mos boʻlganda, belgilangan yongʻin va qutqaruv vositalari bilan jihozlanganda, yoritish chiroqlari va navigatsiya uskunalari mavjud boʻlganda, shuningdek, kemaning texnik holati boʻyicha ushbu Qoidalarning 20-bandida koʻrsatib oʻtilgan texnik nosozliklar mavjud boʻlmaganda kema “Yaroqli” deb baholanadi.
19. “Yaroqli” deb baholangan kemaning kema biletiga “Yaroqli” degan shtamp bosilib, undan belgilangan suzish hududida foydalanishga ruxsat beriladi.
20. Kemalarda quyidagi texnik nosozliklardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda, kema foydalanishga “Yaroqsiz” deb baholanadi:
kema korpusi boʻyicha:
kemaning xavfsiz suzishiga bevosita tahdid soluvchi yoriqlar va teshiklar yigʻindisi hamda qoplamada shikastlanish boʻlganda;
boʻlinmalar, havo qutilari, suzuvchi bloklar mavjud boʻlmaganda yoki germetikligi buzilganda.
rul qurilmasi boʻyicha:
rulning toʻliq qayriluvchanligi (bortga nisbatan 35 gradus) taʼminlanmasligi, rul perosining (boshqarish qismi) yoki rul moslamasining nosozligi va yoʻnaltiruvchi bloklarning hamda shturval trosining nosozligi.
kema dvigateli, shu jumladan, osma dvigatel boʻyicha:
yoqilgʻi idishidan, yoqilgʻi shlangi va taʼminot tizimidan yoqilgʻi oqqanida;
sezilarli titrash mavjudligida;
oʻchirishdagi nosozlikda;
dvigatelning masofaviy boshqaruv tizimi ishdan chiqqanda;
revers-reduktorning (aylanish tomonini oʻzgartirib beradigan mexanizm) yengil ulanishi taʼminlanmasligi, revers qoʻndogʻining “oldiga”, “orqaga” va “oʻrta” holatda turgʻun turmasligi (uni oʻz-oʻzidan ulanishi va uzilishi);
farqlovchi yorugʻliklarning talabga javob bermasligi yoki nosozligi;
kema jihozlari va taʼminoti kema biletida (ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlarida) koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelmaganda.
21. “Yaroqsiz” deb baholangan kema boʻyicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, kema biletiga “Yaroqsiz” degan shtamp bosiladi va bunday kemadan foydalanish taqiqlanadi.
22. Dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish davomida kema toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va koʻrikdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar motorli va motorsiz kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish daftarida hamda Kichik hajmli kemalar axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) qayd qilinadi.
Motorli kemalar mazkur Qoidalarga 5-ilovaga muvofiq “Motorli kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish daftari”da hamda axborot tizimiga, motorsiz kemalar ushbu Qoidalarga 6-ilovaga muvofiq “Motorsiz kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish daftari”da hamda axborot tizimida qayd etiladi.
23. Kemani texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomalar hududiy boshqarmalarda 5 yil davomida saqlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Ushbu Qoidalar talablari asosida belgilangan tartibda texnik koʻrikdan oʻtmagan kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
25. Mazkur Qoidalar bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalariga 1-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi
SXEMASI
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Kemalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish vaqti, joyi va grafigi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni idoraviy veb-saytda joylashtirish
Har yili 20-fevralga qadar
Jismoniy va yuridik shaxslar
Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tegishli hududiy boshqarmaga ariza bilan murojaat etish
Bir ish kunida
Hududiy boshqarma masʼul xodimi
Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish
Bir ish kunida
Kemalarning texnik holatini baholash va texnik koʻrik natijalari boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirish
Hududiy boshqarma masʼul xodimi
Texnik koʻrikdan oʻtkazilgan kema toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va koʻrikdan oʻtkazish natijalarini tegishli kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftarida qayd etish
Bir ish kunida
Kemaning kema biletiga texnik koʻrik natijaliriga koʻra “Yaroqli” yoki “Yaroqsiz” shtampini bosish
Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalariga 2-ILOVA
Kichik hajmli kemalarni yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha
ARIZA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi boshligʻiga
(jismoniy shaxsning yashash joyi yoki tashkilotning yuridik manzili, aloqa telefoni)
3. Ariza beruvchining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi haqidagi maʼlumot (seriyasi, raqami, kim tomonidan qachon berilgan). ____________________________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________________________
Kichik hajmli kema haqidagi maʼlumot:
1. Roʻyxatdan oʻtkazish raqami________________________________________________________ 2. Turi (modeli)__________________________________________________________________ 3. Kema biletining seriyasi va raqami ________________________________________________
(familiyasi, ismi va otasining ismi yoki tashkilot nomi)
Yashash manzili (tashkilot joylashgan joy) va telefon raqami _______________________________ _________________________________________________________________________________
Koʻrikka taqdim etilgan kema turi _______________________________ modeli _______________
Ishlab chiqarilgan yili __________ joy _____________ Zavod raqami ______________________
Korpus materiali _________________ Uzunligi ________________m. kengligi ____________ m.
Bort balandligi _______________m. suv usti bortining balandligi _______________________ m.
Yuk koʻtarish qobiliyati _________________kg. Yoʻlovchi sigʻimi _______________________ kishi.
Yelkanlar maydoni ______________ kv.m. Kemani tayyorlash usuli ___________________________
Dvigatel (motor) turi ____________________________ soni _____________________________
Quvvati ___________________________ Zavod raqami ___________________________________
Texnik koʻrik davomida aniqlandi:
1. Kemaning asosiy oʻlchamlari ________________________________________________________
2. Kema sigʻimi __________________________________________________________________ kg.
3. Kemaning suvga botgan qismi _____________________________________________________ m.
4. Korpus holati ___________________________________________________________________
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-avgustdagi 484-son qaroriga 3-ILOVA
Kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari (keyingi oʻrinlardan — Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasi suv obyektlarida kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rioya etilishi lozim boʻlgan talablarni belgilaydi.
2. Qoidalar talablarining bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) boshligʻi, katta ofitseri va bosh mutaxassisi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) bosh inspektorlari (keyingi oʻrinlarda — mansabdor shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kichik hajmli kema — asosiy dvigatellar quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼi nazar osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar (eshkakli qayiqlar (eshkakli qayiqlar va suv velosipedlari (katamaranlar)), yelkanli kemalar havo bosimi bilan toʻldiriladigan yoki shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar;
kichik hajmli kemalar turadigan baza (inshoot) — suv obyektining kichik hajmli kemalar turishi uchun maxsus jihozlangan, shuningdek, ular saqlanadigan binolar, inshootlar majmui bilan tutashgan qirgʻoq hududi;
navigatsiya — hududning ob-havo sharoitidan kelib chiqib suv obyektlarida kichik hajmli kemalardan (keyingi oʻrinlarda — kema) foydalanish mumkin boʻlgan davr;
suzish joyi — kema turi va modelini inobatga olib kemalarda suzishga ruxsat etilgan suv havzasi hududi;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari va belgilari boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar) va sunʼiy (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari.
2-bob. Kemalardan foydalanish talablari
4. Hududiy boshqarmalar tomonidan belgilangan tartibda roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtkazilgan kemalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
5. Kemalardan suv obyektlarida navigatsiya davri davomida, shuningdek, sel va suv toshqini xavfi mavjud boʻlmaganda foydalanish mumkin.
6. Kemalardan foydalanishga xavfsiz suzish va manevrlash imkoniyatini taʼminlovchi, toʻxtash joyi hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, yuk ortish va tushirish uchun moʻljallangan inshootlar va qurilmalar mavjud boʻlgan suv obyektlarining belgilangan hududlarida ruxsat beriladi.
7. Suv obyektlarining alohida qismlarida kemalardan foydalanish cheklanishi mumkin. Bunda aholi va foydalanuvchilar kamida oʻn kun oldin telekommunikatsiya, ommaviy axborot vositalari va boshqa vositalar orqali hududiy boshqarmalar tomonidan ogohlantiriladi.
8. Motorli kemalarni tegishli kema haydovchisi guvohnomasisiz boshqarish taqiqlanadi.
Motorli kemalarni boshqarishni oʻzga shaxsga topshirishga faqat ushbu shaxsda tegishli kema haydovchisi guvohnomasi mavjud boʻlgan taqdirda, ruxsat beriladi.
9. Kema haydovchisi guvohnomasi hududiy boshqarmalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutida kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslarini tamomlagan belgilangan tartibda nazariy va amaliy imtihonlarni ijobiy topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladi.
10. Motorli kemalarni boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish qonunchilik hujjatlariga muvofiq notarial tartibda rasmiylashitirilishi shart.
Kema egasi boʻlmagan shaxslarga notarial tartibda tasdiqlangan kemadan foydalanish huquqini beruvchi hujjatsiz kemadan foydalanish taqiqlanadi.
11. Kemalarni suvga tushirish Inspeksiya va hududiy boshqarmalar masʼul xodimlari tomonidan suv obyektlarida belgilab berilgan joyda amalga oshiriladi.
12. Kema haydovchilari hamda kemalarni saqlash va foydalanishga masʼul boʻlgan shaxslar kemalarning xavfsiz suzishiga, suvda fuqarolarning xavfsizligiga, baxtsiz hodisalardan muhofazalanishga hamda tabiiy atrof muhit ifloslanishining oldini olishga masʼul.
13. Suv obyektlarida kemalardan foydalangan holda musobaqalar va boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda tashkilotchilar tomonidan tadbir oʻtkazish sanasidan oʻn ish kuni oldin tegishli hududiy boshqarmaga yozma ravishda maʼlum qilinishi shart.
14. Suv obyektlarida oʻtkaziladigan mashgʻulot, musobaqa yoki boshqa ommaviy tadbirlarda kemalarning xavfsiz suzishi va ishtirokchilarning xavfsizligini taʼminlashga tadbir tashkilotchilari javobgar hisoblanadi.
15. Kemalardan foydalanishga faqat kunning yorugʻ vaqtlarida, koʻrinish masofasi 1 kmdan kam boʻlmaganda, toʻlqinlanish 2 balldan yuqori boʻlmaganda (toʻlqinning balandligi 0,75 metr) hamda ular turadigan bazalarda (inshootlarda) zarur boʻlganda yordam beradigan navbatchi qayiqlar boʻlganda ruxsat etiladi.
16. Quyidagi holatlarda kemalardan foydalanishga ruxsat berilmaydi:
kema roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtmaganda va bort raqamlari belgilangan tartibda koʻrsatilmaganda;
kema belgilangan qutqaruv, yongʻin oʻchirish va suv chiqarish vositalari bilan taʼminlanmaganda yoki kemadagi jihozlar va qutqaruv vositalari kema biletida koʻrsatilgan jihozlarga va qutqaruv vositalariga mos kelmaganda;
kema oʻzboshimchalik bilan qayta jihozlanganda, kemaga uning kema biletida koʻrsatilmagan boshqa qoʻshimcha jihozlar, shu jumladan, kemaga uning quvvatidan oshib ketadigan dvigatel (yoki dvigatellar), eshkakli qayiqqa motor oʻrnatilganda;
kema texnik nosoz boʻlganda, shu jumladan, uning germetiklik holati buzilganda, kema korpusida joylashuvidan qatʼi nazar, teshiklar boʻlganda, kema konstruksiyasida koʻrsatilgan rulni biriktirish qurilmalari boʻlmaganda, qismlari ishdan chiqqanda yoki ishonchli ishlashi taʼminlanmaganda, yoqilgʻi sizib chiqqanda, dvigatelda titrash mavjud boʻlganda, tutun oʻchirgich boʻlmaganda yoki uning nosozligida, dvigatelni masofadan turib boshqarish tizimi shikastlanganda, revers-reduktor ishonchli ishlamaganda, motorni ishga tushirish reverslari nosoz boʻlganda, farqlovchi chiroqlar boʻlmaganda yoki nosozligida.
kema haydovchisi va yoʻlovchilari qutqaruv jiletlarisiz boʻlishi;
12 yoshgacha boʻlgan bolalarni qutqaruv jiletlari va katta yoshli odamlar kuzatuvisiz olib yurish;
yoʻlovchi sigʻimi va yuk koʻtarish maʼyorlarini buzish;
kemani mastlik holatida (alkogol, giyohvand moddalar isteʼmol qilgan va hokazo), sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, suv harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
har qanday mastlik holatida, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, suv harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik va betoblik holatida boʻlgan, kemani boshqarish huquqini beruvchi kema haydovchisi guvohnomasi boʻlmagan shaxslarga kemani boshqarish uchun topshirish;
manevrlash, tovushli signal berish qoidalarini buzish, suv yoʻli belgilari va kema qatnovi belgilariga shikast yetkazish;
suzish hududlaridan chiqib ketish, vaqtinchalik yoki doimiy suzish uchun yopilgan hududlarga ruxsatsiz kirish yoki taqiqlangan joylarda kemani atayin toʻxtatish;
plyajlarda, aholi ommaviy dam oladigan choʻmilish joylarida harakat qilish, plyajlar chegaralari va aholi choʻmiladigan joylar chegaralarida choʻmiluvchilarga kemada 150 metr masofagacha yaqinlashish;
kemalar toʻxtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida 30 km soatdan, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida — 10 km soatdan ortiq boʻlgan tezlikda harakat qilish;
suv velosipedlarida (katamaranlarda) suv obyektining qirgʻogʻidan 100 metrdan ortiq masofaga uzoqlashish (istirohat bogʻlaridagi suv obyektlari bundan mustasno);
suzuvchi navigatsiya belgilari, yuk va yoʻlovchi tushirish joylari, koʻpriklar tagida toʻxtash, manevr qilish, daryo floti transportlarining bevosita yaqinida toʻxtash, boshqa suv kemalariga xalaqit berish;
harakat vaqtida bir kemadan boshqasiga oʻtish, kema bortiga oʻtirish, kemani silkitish, harakat vaqtida palubasiz kemalarda odamlarning joy almashishiga yoʻl qoʻyish (avariya-qutqaruv va qidiruv ishlarini olib borayotgan ekipaj aʼzolaridan tashqari);
bortdan tashqariga chiqindilarni, axlatlarni va boshqalarni tashlash;
avariya-taʼmirlash ishlari hududida, zemsnaryadlar, suv osti va suv usti oʻtkazish inshootlari, koʻpriklar, kanallar va shlyuzlarga yaqinlashganda boshqa kemalardan ayrilish va ularni quvib oʻtish manevrlarini amalga oshirish;
koʻrish chegaralangan paytda, shu jumladan, tuman vaqtida va boshqa moʻljalni olish qiyin boʻlgan noqulay ob-havo sharoitlarida kemadan foydalanish va xavfli yuklarni tashish;
kemani suzish belgilariga bogʻlab qoʻyish;
kemalar harakatlanayotgan paytda odamlarni boshqa kemaga oʻtkazish va palubasiz kemalardan suvga shoʻngʻish;
kemalardan brakonyerlik va boshqa noqonuniy maqsadlarda foydalanish;
yoqilgʻi quyishda yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish.
3-bob. Kema haydovchilarining majburiyatlari
18. Kema haydovchilari mansabdor shaxslarning talablari asosida quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
kema egasi boʻlmagan shaxs kemadan foydalangan hollarda ushbu kema foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni (motorsiz kemalar bundan mustasno).
19. Kema haydovchisining majburiyatlari:
xavfsiz suzish, odamlarning hayoti va xavfsizligiga, inson sogʻligʻini saqlashga hamda baxtsiz hodisalar va tabiiy atrof muhit ifloslanishining oldini olgan holda ushbu Qoidalar talablariga rioya qilish;
suv obyektlariga kemani tushirishdan avval kemaning sozligini, qutqaruv asbob-anjomlari va boshqa vositalar bilan taʼminlanganligini tekshirish hamda suzish jarayonida ularning texnik holatini kuzatib borish;
yoʻlovchilarni kemaga chiqarish va tushirishda, suzish jarayonida ushbu Qoidalar talablariga rioya qilinishini va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash;
kemaga va yoʻlovchilarga xavf tugʻdirmagan holda xavfga uchragan yoki qurbon boʻlishi mumkin boʻlgan barcha shaxslarga yordam koʻrsatish;
suvda jabrlanganlarga birinchi yordam berish va qutqaruv xizmatini chaqirtirish;
kemadagi avariyali holat boʻyicha va baxtsiz hodisaga uchragan fuqarolar toʻgʻrisida zudlik bilan hududiy boshqarmaga xabar berish;
hududlarda kema toifasiga qarab suzishni amalga oshirish, suzish hududida navigatsiya, ob-havo va suzish sharoitlarini bilish;
kemada suzish jarayonida kema egasi va boshqa shaxslar qutqaruv jiletlarida boʻlishini hamda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash;
suv obyektlarida kemalarning xavfsiz suzishi, suvda odamlarning xavfsizligini va tartibni saqlash boʻyicha Inspeksiya va hududiy boshqarmalar mansabdor hamda masʼul shaxslarining talablarini bajarish;
Inspeksiya va hududiy boshqarmalar mansabdor shaxslarining qonuniy talablariga asosan kemani toʻxtatish, kema haydovchisi guvohnomasini va kema biletini taqdim etish;
kemalar turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish talablarini bajarish;
kemalar boshqa kemalar bilan toʻqnashganda kemadagi fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatish;
choʻkkan kemalar toʻgʻrisidagi xabarni, choʻkkan joyi, vaqti va sabablari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni zudlik bilan hududiy boshqarmaga yetkazish;
kema bortining ichki tomonida va yon taxtalarida, yoʻlovchilar sigʻimi (yuk koʻtarishi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yozilgan boʻlishini taʼminlash;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarish.
4-bob. Kemalar turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish tartibi
20. Kemalar turadigan bazalar (inshootlar) sanitariya-qoʻriqlash zonasidan tashqarida markazlashtirilgan xoʻjalik-isteʼmol suv taʼminoti manbalari va sanitariya zonalaridan chetda, suv oqimi tez boʻlmagan, toʻlqinlardan himoyalangan hududlarda joylashtiriladi.
Turish bazasi (inshooti) gidrotexnik inshootlardan 500 metrdan kam boʻlmagan, rekreatsion zonadan 300 metr va yashash joylaridan 50 metrdan kam boʻlmagan chegara masofasida joylashishi kerak.
21. Kemalar turadigan baza (inshoot) aholi ommaviy dam olish maskanlari (plyaj), kemalar suzishi taqiqlangan joylarni koʻrsatuvchi navigatsiya belgilari bilan jihozlangan boʻlishi, maʼlumot beruvchi belgilar (taqiqlovchi, ogohlantiruvchi, yozuvli) bilan taʼminlanishi lozim. Tegishli belgilar kemalar turadigan baza (inshoot) egasi tomonidan oʻrnatiladi va qatnov davri boshlanishidan avval hududiy boshqarmalar tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
22. Kema turadigan baza (inshoot) hududi yongʻin xavfsizligi, sanitariya-epidemiologik va ekologik talablarga javob berishi lozim.
23. Kema turadigan bazada (inshootda) quyidagilar taqiqlanadi:
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtmagan kemalarni kiritish va saqlash;
toʻxtash joyida kemalardan xavfsiz foydalanish talablarini buzish;
belgilangan toʻxtash joyida kirish-chiqish tartibini buzish.
24. Kemalar turadigan bazada (inshootda) kemalarni qayd etish daftari yuritilib, unda har bir kemaning turi, bort raqami, texnik koʻrikdan oʻtkazilgan vaqti, kema egasi, uning manzili va telefon raqami hamda ushbu bazada (inshootda) turish joyi koʻrsatiladi.
25. Kemalar turadigan bazada (inshootda) kemalarning kirishi-chiqishi tegishli daftarga tartib bilan yozilishi kerak, unda kemaning bort raqami, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, kema olingan vaqt, suzish yoʻnalishi va maqsadi, taxminiy qaytish vaqti va aniq qaytgan vaqti belgilanadi.
26. Kemalarni quyidagi hollarda kema turadigan bazalardan (inshootlardan) chiqarish taqiqlanadi:
kemani bazadan chiqarish uchun kema egasi boʻlmagan shaxs murojaat qilganda;
kema haydovchisi guvohnomasi va kema bileti boʻlmaganda;
kemaning yillik texnik koʻrik muddati tugaganda;
kema texnik nosoz boʻlganda;
belgilangan qutqaruv anjomlari, yongʻinga qarshi va suv chiqarish vositalari mavjud boʻlmaganda;
kemada portlovchi va yonuvchi moddalar boʻlganda;
ob-havo sharoiti suzish uchun xavf tugʻdirganda;
kema haydovchisi alkogol ichimliklar isteʼmol qilgan va narkotik, psixotrop moddalar taʼsirida mast holatda boʻlganda.
27. Kemalar turadigan bazaga (inshootga) olib kelingan kema buzilgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatda boʻlsa, chiqish (kirish) jurnalida uning texnik holati toʻgʻrisida qisqacha yozuv qayd qilinadi va avariya holatlari toʻgʻrisida hududiy boshqarmaga xabar beriladi.
5-bob. Kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish sohasida nazoratni amalga oshirish tartibi
28. Kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanishni tashkil etish maqsadida quyidagi nazorat tadbirlari amalga oshiriladi:
kemalarni roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalari, shuningdek, kemalar va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari buzilishining oldini olish, aniqlash va bartaraf etish;
suv obyektlarida kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanishda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash.
29. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari, shuningdek, bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari buzilishining oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va tegishli choralar koʻrish maqsadida reyd tadbirlari amalga oshiriladi.
Reyd tadbirlarini amalga oshirish hududi (suv obyekti), muddati, davomiyligi Inspeksiya hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan rejalar asosida belgilanadi.
30. Kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari, shuningdek, bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari buzilishi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar aniqlanganda javobgar shaxslarga nisbatan Inspeksiya va hududiy boshqarmalarning mansabdor shaxslari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
31. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida tuzilgan bayonnoma koʻrib chiqish uchun huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay sudga yuboriladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirish xati;
jabrlanuvchining, guvohlarning koʻrsatmalari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud boʻlsa;
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Mazkur Qoidalar bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
33. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.