toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 26-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 29-mayda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi fazoviy maʼlumotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
fazoviy maʼlumotlar — fazoviy obyektlar toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning joylashgan yeri, shakli va muayyan shaklda hamda fazoviy-vaqt koordinatalari tizimlarida taqdim etilgan boshqa xossalari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish — fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarni yaratish, yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, yangilash, vizuallashtirish, ulardan foydalanish, ularni taqdim etish, tarqatish va uzatish boʻyicha bir yoki bir nechta harakatlar yigʻindisini amalga oshirish;
metamaʼlumotlar — fazoviy maʼlumotlarning toʻplamlari, servislari va boshqa xususiyatlarini tavsiflash imkonini beradigan, ularni identifikatsiya qilish, izlash, inventarizatsiyalash va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportali — geoaxborot resurslari toʻgʻrisidagi metamaʼlumotlarni saqlab turadigan va ulardan foydalanishni Internet jahon axborot tarmogʻi orqali taʼminlaydigan fazoviy maʼlumotlarning internet vositalari va servislarining majmuasi;
fazoviy maʼlumotlardan foydalanuvchi (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) — fazoviy maʼlumotlardan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
fazoviy obyektlar — joylashgan yeri belgilangan fazoviy-vaqt koordinatalari tizimida aniqlanishi mumkin boʻlgan tabiiy va sunʼiy obyektlar.
4-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari
Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fazoviy maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi;
bazaviy fazoviy maʼlumotlarning ochiqligi va ulardan foydalana olish;
fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarning himoyalanganligi.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Fazoviy maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi prinsipi
Fazoviy maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi:
davlat geodeziya, nivelir va gravimetriya tarmoqlarini ishlash holatida saqlab turish;
davlat topografik xaritalarini kartografik monitoring qilish va uzluksiz yangilab borish tizimini joriy etish;
tartibga solingan koordinatalar tizimlaridan va mavjud bazaviy fazoviy maʼlumotlardan davlat axborot resurslarini hamda yangi bazaviy fazoviy maʼlumotlarni yaratishda foydalanish;
bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlar hamda metamaʼlumotlarning doimiy monitoringi, ilmiy-texnik ekspertizasi va nazoratini amalga oshirish hisobidan taʼminlanadi.
7-modda. Bazaviy fazoviy maʼlumotlarning ochiqligi va ulardan foydalana olish prinsipi
Bazaviy fazoviy maʼlumotlarning ochiqligi va ulardan foydalana olish:
bazaviy fazoviy maʼlumotlar tarkibida davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shuningdek foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklangan boshqa axborotni tashkil etadigan maʼlumotlarning mavjud emasligi;
foydalanuvchilarga bazaviy fazoviy maʼlumotlardan erkin foydalanish, shu jumladan umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻi orqali foydalanish imkoniyatini berish hisobidan taʼminlanadi.
8-modda. Fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarning himoyalanganligi prinsipi
Fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarga ishlov berish ularning himoyalanganligi yuzasidan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarni himoya qilish:
shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish;
qonunchilikda belgilanadigan hollarda ushbu maʼlumotlarning maxfiyligini saqlash;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Kartografiya va geodeziya materiallarining (maʼlumotlarining) cheklovchi griflarini belgilash, foydalanish uchun ochiq boʻlgan xaritalarni yaratish, maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini berish, hisobga olish va saqlash tartibi hamda geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini taʼminlash boʻyicha ruxsat berish tartibotlari toʻgʻrisidagi nizom.
ularning buzilishi va soxtalashtirilishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
2-bob. Fazoviy maʼlumotlar sohasini davlat tomonidan tartibga solish
9-modda. Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslarning fazoviy maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish;
bazaviy fazoviy maʼlumotlarning, ular metamaʼlumotlarining barcha manfaatdor subyektlar uchun ochiqligini va ulardan foydalana olishni taʼminlash;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fazoviy maʼlumotlar sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
fazoviy maʼlumotlar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni tasdiqlaydi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibini tasdiqlaydi;
ommaviy foydalanish uchun ochiq boʻlgan fazoviy maʼlumotlar roʻyxatlarini belgilaydi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Kadastr agentligi fazoviy maʼlumotlar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Maxsus vakolatli davlat organi:
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslarning fazoviy maʼlumotlar hamda Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(11-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ishlarning bajarilishini taʼminlaydi;
bazaviy fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni, Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportalini yaratishga va uning faoliyat koʻrsatishiga doir ishlarni amalga oshiradi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni bajaradi, fazoviy maʼlumotlar sohasida texnik va dasturiy vositalar yaratilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish jarayonlari ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
fazoviy maʼlumotlar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi nizom.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fazoviy maʼlumotlar sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek boshqa davlat organlari va fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslar bilan hamkorlikda qonunchilikka muvofiq milliy xavfsizlikni hamda davlat mudofaasini taʼminlash maqsadida fazoviy maʼlumotlarni yaratishni, Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining texnik va dasturiy vositalarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Davlat organlarining fazoviy maʼlumotlar sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(13-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi yagona davlat siyosatini shakllantirishga doir takliflarni ishlab chiqish va kiritishda ishtirok etadi hamda uning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etadi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan hamkorlikda tegishli tarmoq uchun sohaga oid fazoviy maʼlumotlar ishlab chiqilishini hamda tarmoqqa oid geoaxborot resurslarini ishlab chiqishga va Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportallarini yaratish hamda saqlab turishga doir ishlarning bajarilishini tashkil etadi;
bazaviy fazoviy maʼlumotlarning va metamaʼlumotlarning maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
sohaga oid ochiq fazoviy maʼlumotlardan foydalanilishini taʼminlaydi;
tegishli tarmoq yoki hudud uchun sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga ishlov berilishini amalga oshiradi.
Davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi
14-modda. Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining taʼrifi
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunda Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi deganda tashkiliy tuzilmani, ilmiy-texnika siyosatini, texnik va dasturiy vositalarni, bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarni, metamaʼlumotlarni hamda metamaʼlumotlar bazalarini, fazoviy maʼlumotlar servislarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin boʻlgan fazoviy maʼlumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ularga ishlov berish va integratsiyalash masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni oʻz ichiga oladigan tizim tushuniladi.
(14-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
15-modda. Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi:
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining fazoviy maʼlumotlariga va metamaʼlumotlariga ishlov berish tartibini;
maxsus vakolatli davlat organining fazoviy maʼlumotlar sohasidagi faoliyati tartibini;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslarning maxsus vakolatli davlat organi bilan hamkorlik qilish tartibini;
ishlov berilishi tegishli davlat organlari hamda fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslar tomonidan tashkil etiladigan bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlar turlarini;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi fazoviy maʼlumotlarining, metamaʼlumotlarining, texnik va dasturiy vositalarining operatsiyaviy jihatdan mosligini taʼminlovchi talablarni;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga doir ishlarning holati haqidagi har yilgi hisobotning tuzilishini, mazmunini, uni tayyorlash tartibini va hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddatlarini belgilaydigan qoidalarni oʻz ichiga oladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
16-modda. Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportallari tarmogʻi
Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi tarkibida Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportallari tarmogʻi yaratiladi va uning fazoviy maʼlumotlarning quyidagi servislari bilan faoliyat koʻrsatishi taʼminlanadi:
axborot tarmoqlaridagi fazoviy maʼlumotlarni va fazoviy maʼlumotlar servislarini aniqlashni taʼminlaydigan qidiruv;
fazoviy maʼlumotlarni, geofazoviy obyektlarning xususiyatlari va metamaʼlumotlarning mazmuni toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqish;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish imkoniyatini va (yoki) ularning koʻchirma nusxalarini olishni taʼminlashga doir foydalanish;
fazoviy maʼlumotlar koordinatalarini bir koordinatalar tizimidan yoki kartografik proyeksiyadan boshqasiga oʻzgartirishni taʼminlaydigan koordinatalar operatsiyalari.
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportallari tarmogʻi Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportalini va davlat organlarining geoportallarini oʻz ichiga oladi.
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportaliga ushbu Qonunga muvofiq taqdim etiladigan bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlar, metamaʼlumotlar joylashtiriladi.
Davlat organlarining geoportallariga davlat organlari tomonidan tarmoqqa oid vazifalarni amalga oshirish uchun yaratilgan sohaga oid fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlar joylashtiriladi.
17-modda. Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga doir faoliyatning muvofiqlashtirilishini taʼminlash maqsadida maxsus vakolatli davlat organi huzurida Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash (bundan buyon matnda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kollegial organdir.
Muvofiqlashtiruvchi kengash fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda maslahat-kengashuv vazifasini amalga oshiradi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash davlat organlari, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻladi.
4-bob. Fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish
18-modda. Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi ishlarning turlari
Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi ishlar quyidagi turlarga boʻlinadi:
fazoviy maʼlumotlarni va metamaʼlumotlarni yaratish, yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, yangilash, vizuallashtirish, ulardan foydalanish, ularni taqdim etish, tarqatish va uzatish;
turli maqsadlarga moʻljallangan fazoviy maʼlumotlar va geoaxborot tizimlari servislarini ishlab chiqish hamda taqdim etish;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish uchun foydalaniladigan texnik va dasturiy vositalarni yaratish;
geoportallarni yaratish va ularning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
fazoviy maʼlumotlarning va metamaʼlumotlarning sifatini ilmiy-texnik ekspertizadan oʻtkazish;
fazoviy maʼlumotlar bazalarini, metamaʼlumotlar bazalari va kataloglarini, fazoviy maʼlumotlar servislarini, geoaxborot tizimlarini, geoportallarni, fazoviy maʼlumotlar sohasidagi boshqa texnik va dasturiy vositalarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot, tajriba-texnologik hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining faoliyat koʻrsatishini hamda rivojlantirilishini taʼminlash maqsadida boshqa mahsulotni yaratish va (yoki) boshqa ishlarni bajarish.
Fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish Oʻzbekiston Respublikasida foydalanish uchun qabul qilingan koordinatalar tizimlarida Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
19-modda. Bazaviy, sohaga oid fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlar
Fazoviy maʼlumotlar bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga boʻlinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4 va 6-boblari.
Hamma foydalana oladigan, fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish jarayonlari uchun birxillashtirilgan raqamli koordinata-fazoviy asosni tashkil etadigan fazoviy maʼlumotlar bazaviy fazoviy maʼlumotlardir.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlar quyidagi obyektlar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
geodeziya, nivelir va gravimetriya tarmoqlarining punktlari;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi, maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralari;
gidrografik obyektlar va gidrotexnika inshootlari;
aholi punktlari va ularning koʻcha-yoʻl tarmogʻi;
sanoat, qishloq xoʻjaligi obyektlari va ijtimoiy-madaniy obyektlar;
binolar va inshootlar;
avtomobil yoʻllari;
temir yoʻllar;
magistral quvurlar;
muhandislik kommunikatsiyalari;
aeroportlar, daryo bandargohlari;
oʻsimlik qoplami va tuproqlar;
yer uchastkalarining chegaralari;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlari;
aholi punktlarining chegaralari va zonalashtirish obyektlari, shuningdek shahar atrofidagi zonalar;
muhofaza etiladigan zonalar hamda hududlardan foydalanishning alohida shartlariga ega boʻlgan zonalar;
aholi punktlari hududidagi va undan tashqaridagi koʻchalarning reyestrlari hamda obyektlarning manzillari;
geografik obyektlarning nomlari;
joy relyefi;
ortofotoxaritalar, aero- va kosmik suratlar hamda Yerni masofadan turib zond bilan tekshirishga doir ishlarning natijalari.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlarda davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shuningdek foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklangan boshqa axborotni tashkil etadigan maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlar asosida yaratiladigan mavzuga oid fazoviy maʼlumotlar sohaga oid fazoviy maʼlumotlardir.
Bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga, ularning tarkibi va mazmuniga, ularning metamaʼlumotlariga doir talablar Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq hamda boshqa hujjatlarda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Metamaʼlumotlar fazoviy maʼlumotlar hamda fazoviy maʼlumotlar servislarining tarkibi, tuzilmasi, sifati, ishonchliligi, hududiy qamrovi, vazifalari, ulardan foydalanish, foydalanishni cheklash shartlari, fazoviy maʼlumotlarni ishlab chiqaruvchi, ularning yaratilish vaqti, ularni yangilash davriyligi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oladi hamda boshqa axborotni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Davlat organlarining buyurtmasiga koʻra yaratilgan fazoviy maʼlumotlar davlat mulki hamda Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining tarkibiy qismidir.
20-modda. Fazoviy maʼlumotlarni va metamaʼlumotlarni taqdim etish
Fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlar davlat organlariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun — begʻaraz asosda, boshqa foydalanuvchilarga esa — maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan miqdorlardagi haq evaziga taqdim etiladi.
Davlat organlari, fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslar Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq fazoviy maʼlumotlardan va metamaʼlumotlardan foydalanishni cheklashi mumkin.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlar foydalanuvchilarga Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportali servislaridan, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashgan platformasidan foydalangan holda yoxud Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuvga muvofiq uzatish yoʻli bilan taqdim etilishi mumkin.
Davlat organlari va fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslar oʻzlari yaratgan va yangilagan bazaviy fazoviy maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etishi shart.
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq tegishli bazaviy fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish uchun javobgar boʻlgan davlat organlari bazaviy fazoviy maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga:
fazoviy maʼlumotlarning servislaridan foydalanish imkoniyatini berish;
kelishilgan formatda va sifatda fazoviy maʼlumotlarni uzatish yoʻli bilan taqdim etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi:
bazaviy fazoviy maʼlumotlarni, shuningdek metamaʼlumotlarni qabul qilib olish va nazorat qilish hamda ularni Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportaliga joylashtirishni;
geoaxborot tizimlarida, resurslar va maʼlumotlar bazalarida mavjud boʻlgan, davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur axborotni va maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashgan platformasiga taqdim etishni;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining dasturiy taʼminotini ishlab chiqish va joriy etishni;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining texnik va texnologik taʼminotini;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi maʼlumotlarini saqlashni va himoya qilishni;
fazoviy maʼlumotlar servislari yaratilishini va ularga xizmat koʻrsatilishini taʼminlashni;
foydalanuvchilarning Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi geoportaliga joylashtirilgan fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlardan foydalanishini taʼminlashni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi fazoviy maʼlumotlar mulkdorining yoki egasining roziligi bilan:
qogʻozdagi fazoviy maʼlumotlarni elektron shaklga oʻzgartirishni amalga oshiradi;
fazoviy maʼlumotlarga, shu jumladan bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga hamda ularning metamaʼlumotlariga ishlov berishni amalga oshiradi;
foydalanuvchilarga bazaviy fazoviy maʼlumotlarni va metamaʼlumotlarni Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq taqdim etadi.
Davlat organlari, shuningdek fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslar:
fazoviy maʼlumotlarga va metamaʼlumotlarga ishlov berilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun fazoviy maʼlumotlardan va metamaʼlumotlardan foydalanadi;
fazoviy maʼlumotlarning va metamaʼlumotlarning qonuniyligini, aniqligi, ishonchliligi va himoyalanganligini, shuningdek bazaviy fazoviy maʼlumotlarning ochiqligini hamda ulardan foydalana olishni taʼminlaydi;
fazoviy maʼlumotlarning va metamaʼlumotlarning maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
oʻz fazoviy maʼlumotlari va metamaʼlumotlaridan maxsus vakolatli davlat organining foydalanishini taʼminlaydi;
oʻz rasmiy veb-saytlariga Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportali orqali fazoviy maʼlumotlardan foydalanish shartlari haqidagi axborotni joylashtiradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Nizolarni hal etish
Fazoviy maʼlumotlar sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
22-modda. Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
23-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-iyul,
OʻRQ-702-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 03/21/702/0696-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)