toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR ENERGIYASINI DEKLARATSIYALASHNI SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimlarning bajarilishini taʼminlash hamda bojxona nazorati va statistikasini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga 2002-yildan boshlab hukumatlararo bitimlarga binoan yetkazib beriladigan elektr energiyasini deklaratsiyalashni uni yetkazib berish oyining oxirgi kunida Markaziy bank tomonidan belgilangan valyuta kursi boʻyicha har oyda hamda shartnoma (kontrakt)larni Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazmasdan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
elektr energiyasi oʻtkazilishining bojxona rasmiylashtiruvini bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) undirmasdan amalga oshirsin;
elektr energiyasining oʻtkazilishini deklaratsiyalash chogʻida “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yukka doir bojxona deklaratsiyasini toʻldirishning soddalashtirilgan tartibini belgilasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Yu.Atayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. Sultonov
Toshkent sh.,
2002-yil 23-may,
172-son