1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.06.00 Kreditlashning alohida turlari / 07.22.06.02 Mikrokreditlash. Kichik biznes subyektlarini kreditlash]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, hududlardagi aholi ongida tadbirkorlik orqali hayot tarzini yaxshilashga intilish hissini uygʻotish hamda bu borada ularni ragʻbatlantirish va davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qaroriga muvofiq aholini, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni va tadbirkorlikka jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi oʻrnatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
belgilangan dasturlar va talablar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorini davlat tomonidan kompensatsiya qilish;
kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratish;
nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, shu jumladan bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz ajratish.
aholini, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturini amalga oshirish va oʻquv kurslarini tashkil etish jarayoniga nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qilishni nazarda tutuvchi Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
aholini kasb-hunar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga boʻlgan qiziqishi va manfaatdorligini oshirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
tadbirkorlikka oʻqitishda ishtirok etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — reyestr) 2021-yil 20-iyulga qadar shakllantiriladi, 2022-yildan boshlab ushbu qarorga 1-ilovada belgilangan muddatlarda maxsus tashkil etiladigan axborot tizimida yuritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qaroriga muvofiq ajratilgan 2 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun qarz ajratish boʻyicha tanlov 2021-yil 20-iyulga qadar eʼlon qilinadi va 2021-yil 1-avgustga qadar oʻtkaziladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ikki hafta muddatda nodavlat taʼlim tashkilotlarining roʻyxatini hududlar kesimida shakllantirib, reyestrga kiritish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi:
a) bir oy muddatda reyestrni shakllantirgan holda oʻzining veb-sahifasiga joylashtirsin;
b) 2021-yil 1-noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki bilan birgalikda quyidagi imkoniyatlarga ega axborot tizimining ishga tushirilishini taʼminlasin:
reyestrni shakllantirish va yuritish;
tegishli idoralarning dasturiy taʼminotlari bilan integratsiya qilgan holda, idoralararo elektron hamkorlik qilish;
nodavlat taʼlim tashkilotlari va mutasaddi idoralar oʻrtasida oʻquvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish;
sertifikatga ega boʻlgan bitiruvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
tadbirkorlik boʻyicha oʻquv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qilib borish.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-iyun,
388-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 388-son qaroriga 1-ILOVA
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarini amalga oshirish, ularda ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish hamda ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi;
nodavlat taʼlim tashkilotlari (NTT) — yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitishni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari;
elektron reyestr — yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi NTTlar toʻgʻrisidagi toʻliq va aniq maʼlumotlarni oʻzida jamlaydigan elektron axborot tizimi;
oʻquv yuklamasi — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda vakolatli davlat organi bilan birgalikda tasdiqlanadigan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha fanlarning minimal yoʻnalishlari, miqdori va oʻquv soatini oʻzida mujassamlashtirgan qoʻshma yoʻriqnoma;
oʻquv dasturi — oʻquv yuklamasi asosida NTT tomonidan ishlab chiqiladigan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha fanning mazmuni va oʻtilish tartibi, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalarning hajmini belgilab beradigan darslar majmuasi;
oʻquv kurslari — oʻquv dasturi asosida yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha NTT darslar toʻplami;
oʻquv kurs tinglovchilari (bitiruvchilari) — oʻquv dasturi asosida kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha NTT tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarida tahsil olayotgan (bitirgan) yoshlar va xotin-qizlar;
sertifikat — NTT tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli bitirib, yakuniy imtihon natijalariga koʻra 71 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchilarga mazkur nizomga 1-ilova qilingan namuna asosida taqdim etiladigan malakaviy hujjat;
kompensatsiya — elektron reyestrga kiritilgan, sertifikatga ega boʻlgan oʻquv kurslari bitiruvchilarini kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitgan NTTga sarflangan xarajatlarining 70 foizini, biroq sertifikatga ega boʻlgan har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan oshmagan qismini qoplash maqsadida toʻlanadigan mablagʻ;
mikrokredit — oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli bitirib, sertifikatga ega bitiruvchilarga “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki tomonidan ajratiladigan imtiyozli mikrokreditlar.
3. Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Elektron reyestrni shakllantirish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tomonidan hududlarda faoliyat yuritayotgan NTTlarning roʻyxati har yili 1-dekabrga qadar vakolatli davlat organiga koʻrib chiqish va elektron reyestrga kiritish uchun taqdim etiladi.
5. Roʻyxatda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
STIR raqami;
nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha litsenziya yoki xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma rekvizitlari;
oʻquv kurslarining yoʻnalishlari;
oʻquv kurslarini olib boradigan oʻqituvchi, usta va murabbiylar soni (sohalar kesimida);
oʻquv va dars jarayonlarini tashkil etish uchun sinfxonalar, mashgʻulot xonalari va boshqa zaruriy ishlab chiqarish maydonlarining mavjudligi;
oʻquv kurslarining umumiy joy oʻrinlari;
oʻquv jihozlari va boshqa zaruriy vositalar bilan taʼminlanganligi;
mavjud filiallari va ularning manzillari (agar mavjud boʻlsa);
xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlari (agar mavjud boʻlsa).
6. Roʻyxatga kiritish uchun NTTlar elektron reyestrga kiritish, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etishi uchun har yili 1-noyabrga qadar Inspeksiyaga ariza taqdim etadi.
7. NTTlar elektron reyestrga kirishlari uchun mazkur nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga javob berishlari kerak.
Mazkur talablar taʼminlanmagan taqdirda, ushbu NTTlar elektron reyestrga kiritilmaydi hamda vakolatli davlat organi tomonidan ikki ish kuni ichida bu haqda Inspeksiyaga yozma yoki elektron shaklda xabar yuboriladi va taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi.
Inspeksiya bir ish kuni ichida hujjatlar qaytarilganligi toʻgʻrisida tegishli NTTlarni xabardor qiladi.
NTTlar xabarnoma olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida, kamchiliklar bartaraf etilib, mazkur nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq tegishli maʼlumotlar va hujjatlar taqdim etilgandan soʻng, Inspeksiya ularning maʼlumotlari va roʻyxatini ikki ish kuni ichida takroran vakolatli davlat organiga kiritishi mumkin.
Takroran taqdim etilgan hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan ushbu nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablar asosida qayta koʻrib chiqiladi.
8. Vakolatli davlat organiga taqdim etilgan maʼlumot va hujjatlarning haqqoniyligi uchun Inspeksiya va NTTlar rahbarlari shaxsan masʼul hamda javobgar hisoblanadi.
NTTlarning mazkur nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq yoki muvofiq emasligi, shuningdek, taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi idoralararo elektron hamkorlik orqali tekshiriladi, zarur hollarda, vakolatli davlat organining hududlardagi vakolatli ofislarining masʼul xodimlari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda oʻrganilishi mumkin.
9. Inspeksiya tomonidan taqdim etilgan roʻyxatni koʻrib chiqish va umumlashtirish asosida, har yili 1-yanvarga qadar vakolatli davlat organi tomonidan NTTlarning elektron reyestri shakllantiriladi.
Elektron reyestr vakolatli davlat organining veb-sahifasiga joylashtiriladi.
Elektron reyestrga Inspeksiyaning taklifiga koʻra, vakolatli davlat organi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
10. Zaruriy hollarda, elektron reyestrga kiritilgan maʼlumotlar manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlarning boshqa elektron axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi mumkin.
3-bob. Oʻquv dasturini amalga oshirish va oʻquv kurslarini tashkil etish
11. Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish 3-ilovada keltirilgan kasblar roʻyxati doirasida amalga oshiriladi.
Bunda, kasblarning dolzarbligi hamda mehnat bozoridagi talab va taklif koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning takliflari asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda kasblar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12. NTTlar tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish oʻquv dasturlari va oʻquv kurslari asosida tashkil etiladi.
13. Oʻquv kurslarining umumiy davomiyligi 40 soatdan kam boʻlmagan holda belgilanadi, bunda dars soatlarining taxminan:
70 foiz qismi kasb-hunar va tadbirkorlik asoslarini;
10 foiz qismi tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik talablari, tadbirkorlarning huquq va majburiyatlarini;
10 foiz qismi biznes-rejalar tuzish va tadbirkorlik faoliyatini rejalashtirishni;
10 foiz qismi marketing, menejment va tadbirkorlik etikasi, hamkorlar va mijozlar bilan oʻzaro munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ularga xizmat koʻrsatish va muomala madaniyatini oʻrgatishga qaratish tavsiya etiladi.
14. Oʻquv dasturlari asosida yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish istagini bildirgan — elektron reyestrga kiritilgan NTTlar oʻquv kurslari boshlanishidan kamida uch kun oldin tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari va vakolatli davlat organining hududlardagi vakolatli ofislariga rasmiy xabarnoma yoʻllaydi. Xabarnomada oʻqitish joyi, oʻqitish yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi va tinglovchilari roʻyxati ilova qilinadi.
NTTlar oʻquv dasturlari doirasida tinglovchilarni shartnoma va toʻlov asosida oʻqishga qabul qiladi.
15. Oʻquv kurslari yuqori malaka va tajribaga ega mutaxassislar, oʻqituvchilar, ustalar va murabbiylar tomonidan zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilgan holda anʼanaviy usulda olib boriladi.
16. NTTlar tomonidan tinglovchilarning oʻquv jarayonida ishtirok etishlari va davomati muntazam monitoring qilib boriladi.
NTTlar oʻrtasida tinglovchilarning davomati oʻzaro elektron axborot almashinuvi orqali vakolatli davlat organi tomonidan real vaqt (onlayn) rejimida monitoring qilinadi.
Oʻquv jarayonlari tanlanma asosida tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari, vakolatli davlat organining hududlardagi vakolatli ofislari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda kuzatib borilishi mumkin.
17. Oʻquv kurslari yakunlanishidan ikki kun oldin NTTlar tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlariga bitiruvchilarni test sinovidan oʻtkazishni tashkil etish uchun rasmiy xabarnoma taqdim etadi.
Oʻquv kurslari yakunlariga koʻra tinglovchilar tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalari va boshqa tegishli hududiy tashkilot (idoralar)ning vakillarini jalb qilgan holda real vaqt (onlayn) rejimida zamonaviy axborot texnologiyalari vositalarini qoʻllagan holda test va imtihon sinovidan oʻtkaziladi. Shuningdek, zaruriy hollarda, tinglovchilardan amaliy imtihonlar ham olinishi mumkin.
18. Testlar, imtihon savolnomalari va amaliy imtihon vazifalari har bir oʻquv kursi yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, oʻquv yuklamalari va oʻquv dasturlari talablari asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda shakllantiriladi.
19. Imtihonlarning eng yuqori bali 100 ball etib belgilanadi.
20. Yakuniy imtihon sinovlari natijasida 71 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchilarga NTT tomonidan sertifikat beriladi.
4-bob. Oʻquv kurslari bitiruvchilarining oʻqitish xarajatlarini qoplab berish
21. Oʻquv kurslarini tamomlagan va sertifikatga ega boʻlgan bitiruvchilarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha NTTlar sarflagan xarajatlarning 70 foizi, biroq sertifikatga ega boʻlgan har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Bunda, kompensatsiya miqdori NTT va bitiruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan xarajatlar miqdori asosida amalga oshiriladi.
22. Oʻquv kurslarini tamomlagan va sertifikatga ega boʻlgan bitiruvchilarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha sarflagan xarajatlarini qoplab berish uchun NTTlar tomonidan Jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda rasmiy murojaat qilinadi:
NTT va tinglovchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi;
sertifikat olgan bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oʻqitish xarajatlari uchun bitiruvchi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovni tasdiqlovchi hujjatlar (qogʻoz yoki elektron shaklda) nusxalari (kvitansiya, chek va boshqalar).
Murojaatnoma va hujjatlarni koʻrib chiqish yakunlari asosida Jamgʻarma va NTTlar oʻrtasida oʻzaro shartnoma tuziladi.
Agarda mazkur hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa, Jamgʻarma va NTT oʻrtasida shartnoma tuzilmaydi va bir ish kuni ichida bu haqda NTT yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi hamda taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi.
23. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mikrokreditbank” ATB, AT Xalq banki va ularning hududiy boʻlinmalari hamda vakolatli davlat organi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish tizimi boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi.
24. Ushbu nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturi boʻyicha oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikat namunasi
“_____________________________________________________________________” yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatdi.
_____________________________
___________________
(direktor F.I.O)
muhr oʻrni
(imzo)
20___ yil “___” ______________
(berilgan sana)
______________ viloyati ___________ tumani/shahri
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Nodavlat taʼlim tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — NTT)
Elektron reyestrga kiritish, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etishi uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ariza taqdim etadi.
Har yili 1-noyabrga qadar
2-bosqich
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya)
Nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga koʻra NTTlar roʻyxati shakllantiriladi hamda roʻyxat va NTTlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumot va hujjatlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga koʻrib chiqish, elektron reyestrga kiritish uchun yuboriladi.
Har yili 1-dekabrga qadar
3-bosqich
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Vakolatli davlat organi)
Inspeksiya tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlar va hujjatlar nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablar asosida oʻrganib chiqiladi, belgilangan talablar taʼminlanmagan taqdirda, NTTlar elektron reyestrga kiritilmaydi, bu haqda Inspeksiyaga yozma yoki elektron shaklda xabar yuboriladi, taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi.
2 ish kuni ichida
4-bosqich
Inspeksiya
Hujjatlar qaytarilganligi toʻgʻrisida tegishli NTTlarni xabardor qiladi.
1 ish kuni ichida
5-bosqich
NTT
Kamchiliklar bartaraf etilib, nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq tegishli maʼlumotlar va hujjatlar Inspeksiyaga qayta taqdim qiladi.
Xabarnoma olingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida
6-bosqich
Inspeksiya
NTTlar tomonidan qayta taqdim qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqib, maʼlumot, hujjatlar hamda roʻyxatni vakolatli davlat organiga takroran yuboradi.
2 ish kuni ichida
7-bosqich
Vakolatli davlat organi
Takroran taqdim etilgan roʻyxat, maʼlumot va hujjatlar nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan talablar asosida qayta koʻrib chiqiladi.
Qayta koʻrib chiqilgan roʻyxatni umumlashtirgan holda NTTlarning elektron reyestrini shakllantiradi.
Belgilangan tartibda
Har yili 1-yanvarga qadar
8-bosqich
NTT
Elektron reyestrga kiritilgan NTT tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari va vakolatli davlat organining hududlardagi vakolatli ofislariga rasmiy xabarnoma yoʻllaydi.
(Xabarnomada oʻqitish joyi, oʻqitish yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi va tinglovchilari roʻyxati ilova qilinadi.
NTTlar oʻquv dasturlari doirasida tinglovchilarni shartnoma va toʻlov asosida oʻqishga qabul qiladi).
Oʻquv kurslari boshlanishidan kamida uch kun oldin
9-bosqich
NTT
Yuqori malaka va tajribaga ega mutaxassislar, oʻqituvchilar, ustalar va murabbiylar tomonidan zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilgan holda anʼanaviy usulda oʻquv kurslarini olib boradi.
Belgilangan muddatlarda
10-bosqich
NTT
NTTlar tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlariga bitiruvchilarni test sinovidan oʻtkazishni tashkil etish uchun rasmiy xabarnoma taqdim etadi.
Oʻquv kurslari yakunlanishidan ikki kun oldin
11-bosqich
Tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazi
Oʻquv kurslari yakunlariga koʻra bitiruvchilarni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalari va boshqa tegishli hududiy tashkilot (idoralar)ning vakillarini jalb qilgan holda real vaqt (onlayn) rejimida zamonaviy axborot texnologiyalari vositalarini qoʻllagan holda test va imtixon sinovidan oʻtkazadi.
Shuningdek, zaruriy hollarda, tinglovchilardan amaliy imtihonlar ham oladi.
Belgilangan muddatlarda
12-bosqich
NTT
Yakuniy imtixon sinovlari natijasida 71 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchilarga sertifikat beradi.
Belgilangan muddatlarda
13-bosqich
NTT
Sertifikatga ega boʻlgan bitiruvchilarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha sarflagan xarajatlarini qoplab berish uchun nizomning 21-bandida qayd qilingan hujjatlarni ilova qilgan holda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)ga rasmiy murojaat qiladi.
Shartnomaga muvofiq
14-bosqich
Jamgʻarma va NTT
Murojaatnoma va hujjatlarni koʻrib chiqish yakunlari asosida oʻzaro shartnoma tuzadi.
Oʻzaro belgilangan muddatlarda
15-bosqich
Jamgʻarma
Agarda hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa, NTT bilan shartnoma tuzmaydi va bu haqda NTTni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi hamda taqdim etilgan hujjatlarni qaytaradi.
(NTTlar kamchiliklarni bartaraf etgan holda takroran murojaat qilishga haqli).
Bir ish kuni ichida
16-bosqich
Jamgʻarma
NTTlarga belgilangan kompensatsiya mablagʻlarini oʻtkazib beradi.
Shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida
17-bosqich
NTT
Jamgʻarmadan olingan kompensatsiya mablagʻlarini sertifikat olgan bitiruvchilarga qaytarib beradi.
Mablagʻ kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan yoshlar va ayollarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha
KASBLAR ROʻYXATI
1. Pazandalik, oshpazlik va novvoylik.
2. Ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish va boshqarish.
3. Qandolatchilik, pazandachilik va karving.
4. Tikuvchilik (toʻqimachilik sohasining barcha turdagi xizmatlari).
5. Gilam toʻqish.
6. Charm-teri mahsulotlari va poyabzal tikish, taʼmirlash.
7. Zardoʻzlik, kashtachilik va gazlamalarga gul bosish.
8. Zargarlik va bijuteriya tayyorlash.
9. Sartaroshlik, manikyur, pedikyur xizmatlari.
10. Kosmetolog
11. Uy hamshiraligi, bolalar va qariyalar parvarishi.
12. Kir yuvish va dazmollash xizmatlari.
13. Koʻp qavatli uylar va binolarga texnik xizmat koʻrsatish, ekspluatatsiya va joriy taʼmirlash.
14. Umumiy qurilish ishlari (beton quyish, gʻisht va kafel terish, suvoqchilik, boʻyoqchilik va pardozlash ishlari).
15. Darvoza, eshik va derazalar yasash va taʼmirlash (yogʻoch, plastik, metall va boshqa).
16. Slesar, tokar va metallarga ishlov berish, buyumlar yasash.
17. Duradgorlik, yogʻoch buyumlarini yasash.
18. Oʻymakorlik va ganchkorlik.
19. Kulolchilik.
20. Tosh, marmar, granit va boshqa inert materiallarga ishlov berish.
21. Haykaltaroshlik hamda kichik meʼmoriy shakllarni yasash va oʻrnatish.
22. Milliy musiqa asboblarini yasash va taʼmirlash.
23. Mebelsozlik
24. Santexnika uskunalarini oʻrnatish va taʼmirlash.
25. Elektropayvand, elektromontyorlik xizmati.
26. Maishiy texnikalar, kompyuter va ofis jihozlarini oʻrnatish, tuzatish va ularga xizmat koʻrsatish.
27. Avtotransport vositalarini taʼmirlash va jihozlash.
28. Obodonlashtirish va landshaft dizayn ishlarini tashkil etish.
29. Gul yetishtirish, gulchambarlar, gulli bezak va dekoratsiyalar tayyorlash.
30. Tantanalar, marosimlar, toʻy va tadbirlarni tashkil etish hamda badiiy bezash ishlarini amalga oshirish.
31. Dasturiy taʼminot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish, texnik qoʻllab-quvvatlash (dasturchi, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash boʻyicha mutaxassis).
32. Multimedia, dizayn va sanʼat materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter oʻyinlari dizayneri, interyer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, vizuallashtiruvchi dizayner, texnik dizayner, moushn-dizayner, 3D-dizayner, video muharrir, videooperator va boshqalar).
33. Matnni yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SEO-kopirayter, SEO-rerayter, kontent-menejer, muharrirlik xizmatlarini tashkil etish).
34. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, targetolog, kontekst-reklama boʻyicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi).
35. Kadrlar tanlash sohasidagi faoliyat (internet-loyihalar bilan ishlovchi menejer, frilanserlar guruhi rahbari, NR-menejer, rekruter, shaxsiy assistent).
36. Onlayn konsultatsiya berish (onlayn-konsultant, onlayn-trener, moliyaviy maslahatchi, vebinar olib boruvchi).
37. Buxgalteriya hisobi.
38. Brokerlik, rieltorlik, baholash ishlari.
39. Deklarant (tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona ishi rasmiyatchiligi).
40. Logistika (yuk va yoʻlovchi tashish xizmati operatori).
41. Marketing xizmatlari hamda tovar va xizmatlar reklamasini tashkil etish.
42. Turizm, mehmonxona va gid xizmatlari.
43. Bosma nashrlarni ishlab chiqarish va chakana savdo qilish.
44. Chorvachilik xoʻjaliklarini tashkil etish, yuritish va boshqarish.
45. Parrandachilik xoʻjaliklarini tashkil etish, yuritish va boshqarish.
46. Asalarichilik xoʻjaliklarini tashkil etish, yuritish va boshqarish.
47. Baliqchilik xoʻjaliklarini tashkil etish, yuritish va boshqarish.
48. Veterinariya va zootexnika.
49. Qassobchilik va kushxona xizmatlari.
50. Intensiv bogʻbonlik, mevali va manzarali daraxtlar yetishtirish va ularni parvarishlash.
51. Issiqxona xoʻjaligini tashkil etish, yuritish va mahsulotlar yetishtirish.
52. Oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash xizmatlari.
53. Meva-sabzavotlarni saralash, saqlash, qadoqlash va birlamchi qayta ishlash.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 388-sonli qaroriga 2-ILOVA
Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qaroriga muvofiq joriy etilgan tizim asosida aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki va aksiyadorlik-tijorat Xalq banki (keyingi oʻrinlarda — bank) tomonidan kreditlar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qarz oluvchilar — tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslar;
kredit liniyasi — bank bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga (bosh kelishuvga) asosan qarz oluvchilarga kredit ajratish uchun ochilgan kredit liniyalari;
oʻquv yuklamasi — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda vakolatli davlat organi bilan birgalikda tasdiqlanadigan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha fanlarning minimal yoʻnalishlari, miqdori va oʻquv soatini oʻzida mujassamlashtirgan qoʻshma yoʻriqnoma;
oʻquv dasturi — oʻquv yuklamasi asosida NTT tomonidan ishlab chiqiladigan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha fanning mazmuni va oʻtilish tartibi, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalarning hajmini belgilab beradigan darslar majmuasi;
oʻquv kurs tinglovchilari (bitiruvchilari) — oʻquv dasturi asosida kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha NTT tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarida tahsil olayotgan (bitirgan) yoshlar va xotin-qizlar;
sertifikat — NTT tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli bitirib, yakuniy imtihon natijalariga koʻra 71 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchilarga taqdim etiladigan namunaviy shakldagi malakaviy hujjat;
elektron reyestr — yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi NTTlar toʻgʻrisidagi toʻliq va aniq maʼlumotlarni oʻzida jamlaydigan elektron axborot tizimi;
mikrokredit — oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli bitirib, sertifikatga ega bitiruvchilarga bank tomonidan ajratiladigan imtiyozli mikrokreditlar.
3. Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Mazkur Nizomga muvofiq, kredit elektron reyestrga kiritilgan NTTlarning oʻquv kurslarini yakunlab, sertifikatga ega tashabbuskorlarga Jamgʻarma bilan bank oʻrtasida tuzilgan bosh kelishuvga asosan ajratiladigan mablagʻlar doirasida beriladi.
5. Mikrokreditlarning oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlash va sertifikat olgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashish maqsadida, bank bilan mikrokreditlash dasturlarida ishtirok etayotgan oʻquv kurslari yakunlari boʻyicha NTTlar tomonidan sertifikat berilgan shaxslar toʻgʻrisida oʻzaro elektron axborot almashinuvi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2-bob. Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka jalb qilish jarayoni
6. Qarz oluvchilar oʻz faoliyatini amalga oshirish yuzasidan maslahatlar olish yoki yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, boshqa turli masalalarda hamkorlik qilish maqsadida bankka murojaat qilishlari mumkin.
Mijoz va bank oʻrtasidagi munosabatlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali bank filialiga yoki bank xizmatlari markaziga tashrif buyurish, “Call” markazga murojaat qilish, SMS xabarnoma joʻnatish, bankning internetdagi sahifasi orqali murojaat qilish, shuningdek, “Telegram.bot” orqali amalga oshiriladi.
3-bob. Mikrokreditlarni ajratish tartibi
7. Mikrokreditlar qarz oluvchilarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish yoki rivojlantirish maqsadlari uchun ajratiladi.
8. Bank tomonidan sertifikat olgan:
tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, xususan yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdorda;
mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga 225 million soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan mezon asosida kredit bir qarz oluvchiga bir marotaba ajratiladi.
9. Qarz oluvchi bank bilan tuzilgan kredit shartnomasi doirasida kreditning kerakli qismidan foydalanishi mumkin.
10. Mazkur mikrokreditlar bankda alohida hisobvaraqlarda yuritiladi.
11. Mikrokreditlar:
ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachilikni amalga oshirish;
ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish uchun ajratilmaydi.
12. Mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan, yoshlarning biznes loyihalariga esa kreditlarni qaytarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, 7 yilgacha muddatga, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
13. Qarz oluvchi — yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ularning talabiga binoan jami kredit summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda naqd pulda ajratiladi.
4-bob. Mikrokreditlarni rasmiylashtirish
14. Qarz oluvchilar kredit olish uchun bankka elektron ariza bilan murojaat qiladi. Bunda, qarz oluvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek, mikrokredit olish huquqini beruvchi sertifikat toʻgʻrisidagi maʼlumot taqdim etiladi.
15. Ariza bankka kelib tushgan kunning keyingi kunidan kechikmasdan bank masʼul xodimi tomonidan kredit olish boʻyicha bankning eng qulay filiali yoki bank xizmatlari markaziga murojaat qilish va tegishli hujjatlarni taqdim etish yuzasidan qarz oluvchiga taklif joʻnatiladi.
Shuningdek, bank masʼul xodimi (anderrayter) tomonidan skoring tizimi asosida loyihani moliyalashtirish yuzasidan chiqarilgan ijobiy yoki salbiy qarori qarz oluvchiga va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etiladi. Skoring tahlilida qarz oluvchining quyidagi maʼlumotlari oʻrganiladi:
mazkur yoʻnalishlar boʻyicha kreditlarining mavjudligi;
qaysi oʻquv markazini bitirganligi;
tadbirkorlik uchun tanlangan yoʻnalishi;
kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi.
16. Elektron arizadagi maʼlumotlar va taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning bir-biriga mos boʻlishini taʼminlash qarz oluvchining zimmasida boʻladi.
17. Tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy hisobotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli tashkilotdan elektron tarzda qabul qilib olinishi mumkin.
18. Bank jismoniy shaxs boʻlgan qarz oluvchilarga mikrokreditlarni taʼminotsiz ajratadi. Kreditlarning qaytmaslik xatari bank tomonidan sugʻurtalanadi.
19. Qarz oluvchi — mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslar kredit qaytarilishining taʼminoti sifatida bankka quyidagi taʼminot turlaridan birini taqdim etadi:
uchinchi shaxs kafilligi;
sugʻurta polislari;
kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar;
Agentlik huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi;
qonunchilik hujjatlari doirasidagi boshqa taʼminot turlari.
20. Bank qarz oluvchilarga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov taʼminotini rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni hisobga olish huquqiga ega.
5-bob. Kreditlarni monitoring qilish va soʻndirish
21. Bank qarz oluvchiga ajratilgan kreditni maqsadli ishlatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Bunda, kreditning maqsadli ishlatilishi yuzasidan tuzilgan dalolatnoma nusxasi Bankning elektron platformasiga biriktirib boriladi.
22. Bank kreditdan foydalanishning muddati davomida doimiy monitoring oʻtkazadi. Bankda mikrokredit olgan tadbirkorlar faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va koʻmak berish instituti shakllantiriladi. Bunda, masʼul xodim kreditlarni soʻnggi muddatiga qadar kuzatish bilan shugʻullanadi. Monitoring tizimi mijozga yoʻnaltirilganlik uslubida amalga oshiriladi.
23. Olingan kreditdan boshqa maqsadda foydalanilganlik yoki kredit mablagʻlarini talon-taroj qilinganlik holatlari aniqlangan taqdirda, bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda kreditning maqsadsiz ishlatilgan qismini yoki talon-taroj qilingan summani belgilangan tartibda qarz oluvchidan muddatidan ilgari undirib olish huquqiga ega.
24. Qarzdor kredit boʻyicha asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarni shartnoma shartlari asosida toʻlashdan bosh tortgan hollarda, bank tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan choralar koʻriladi.
Qarz oluvchining garov taʼminoti kredit boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni qaytarishga yetmagan taqdirda, bank mazkur qarzni qaytarishni qarz oluvchining likvidli mol-mulkiga qaratishi mumkin.
25. Sertifikatga ega qarz oluvchilar, ularning qarzdan foydalanish yoʻnalishlari va natijadorligi toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar Bank tomonidan har oyning 5 sanasiga qadar Agentlikka taqdim etib boriladi.
6-bob. Yakuniy qoida
26. Ushbu nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslar (keyingi oʻrinlarda — Qarz oluvchilar)
Kredit olish uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki yoki aksiyadorlik-tijorat Xalq bankiga elektron ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda, qarz oluvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek, mikrokredit olish huquqini beruvchi sertifikat toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etadi.
(Mijoz va bank munosabatlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali bank filialiga yoki bank xizmatlari markaziga tashrif buyurish, “Call” markazga murojaat qilish, SMS xabarnoma joʻnatish, bankning internetdagi sahifasi orqali murojaat qilish, shuningdek, “Telegram.bot” orqali amalga oshiriladi).
Belgilangan muddatlarda
2-bosqich
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki, aksiyadorlik-tijorat Xalq banki (keyingi oʻrinlarda — Bank)
Kredit olish boʻyicha bankning eng qulay filiali yoki bank xizmatlari markaziga murojaat qilish va tegishli hujjatlarni taqdim etish yuzasidan qarz oluvchiga taklif joʻnatadi.
Shuningdek, skoring tizimi asosida loyihani moliyalashtirish yuzasidan ijobiy yoki salbiy qaror chiqaradi, qaror nusxasini qarz oluvchiga va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ga taqdim etadi.
Ariza bankka kelib tushgan kunning keyingi kunidan kechikmasdan
3-bosqich
Bank
Qarz oluvchilarga kreditlarni ajratadi
(Jismoniy shaxslar, xususan yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 mln soʻmgacha;
mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga 225 mln soʻmgacha.
Kreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan, yoshlarning biznes loyihalariga esa kreditlarni qaytarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, 7 yilgacha muddatga, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
Qarz oluvchilarga kreditlar ularning talabiga binoan jami kredit summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda naqd pulda ajratiladi.
Qarz oluvchi va bank oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq
4-bosqich
Bank
Qarz oluvchiga ajratilgan kreditni maqsadli ishlatilishi yuzasidan kreditdan foydalanishning muddati davomida monitoringni amalga oshiradi. Bunda, kreditning maqsadli ishlatilishi yuzasidan tuzilgan dalolatnoma nusxasini bank elektron platformasiga biriktirib boradi.
Kredit toʻliq soʻndirilgunga qadar
5-bosqich
Bank
Olingan kreditdan boshqa maqsadda foydalanilganlik yoki kredit mablagʻlarini talon-taroj qilinganlik holatlari aniqlangan taqdirda, kredit shartnomasida belgilangan tartibda kreditning maqsadsiz ishlatilgan qismini yoki talon-taroj qilingan summani belgilangan tartibda qarz oluvchidan muddatidan ilgari undirib olish huquqiga ega.
Qarzdor kredit boʻyicha asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarni shartnoma shartlari asosida toʻlashdan bosh tortgan hollarda, choralar koʻradi.
Qarz oluvchining garov taʼminoti kredit boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni qaytarishga yetmagan taqdirda, mazkur qarzni qaytarishni qarz oluvchining likvidli mol-mulkiga qaratishi mumkin.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda
6-bosqich
Bank
Qarz oluvchilar, ularning qarzdan foydalanish yoʻnalishlari va natijadorligi toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlarni Agentlikka taqdim etib boradi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 388-sonli qaroriga 3-ILOVA
Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nodavlat notijorat tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — NNT) va mikrokredit tashkilotlari yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan imtiyozli shartlar asosida qarz ajratish tizimini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida ushbu maqsad uchun ajratilgan mablagʻlar NNTlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan qarzlarning moliyalashtirish manbai hisoblanadi.
3. Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Tanlov tashkil etish va oʻtkazish tartibi
4. Agentlik tomonidan mazkur nizomning 2-bandida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qarz ajratish NNTlar orasida ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun Agentlik tomonidan Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi vakillaridan iborat tarkibda tanlov komissiyasi tuziladi.
Tanlov komissiyasi reglamenti va tanlov qoidalari Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
NNTlar tanlovda ishtirok etish uchun Agentlikka murojaat qiladi hamda mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan asosiy mezonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
5. Quyidagilar baholashning va loyihalarni tanlab olishning asosiy mezonlari hisoblanadi:
NNT kamida bir yil davomida faoliyat yuritib kelayotganligi, oʻquv kurslari mavjudligi, uning sifati, oʻquv kurslari bilan qamrab olingan hudud va aholi soni;
keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va unga jalb qilish loyihasida zamonaviy oʻquv modullari va mexanizmlarining nazarda tutilganligi;
loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanganligi haqidagi maʼlumotlar;
loyihani bajarish uchun tajribali va kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarning mavjudligi;
NNT tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan mikroqarz foiz stavkasi.
6. Agentlik tomonidan har yili 1-iyulga qadar kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar uchun NNTlar oʻrtasida tanlov eʼlon qilinadi.
Tanlov oʻtkazilishi uchun kamida ikkita taklif kelib tushgan boʻlishi lozim. Agarda belgilangan miqdordagi taklif kelib tushmasa, tanlov qaytadan eʼlon qilinadi.
Tanlovlar boʻyicha eʼlonlar va maʼlumotlar, shuningdek, tanlovlarning natijalari hamda NNTlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash doirasida ajratilgan mablagʻlarning taqsimlanishi, ishlatilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar Agentlikning rasmiy veb-sahifasida hamda ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.
7. Tanlovlar 1-avgustga qadar oʻtkazilib, ularning natijalari asosida gʻolib deb topilgan NNTlar bilan Jamgʻarma oʻrtasida ijtimoiy sheriklik boʻyicha shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) tuziladi.
Shartnomada koʻrsatilgan miqdordagi qarz Jamgʻarma tomonidan NNTlarga ajratib beriladi.
8. Shartnomada tomonlarning majburiyatlari belgilab beriladi. Jumladan, bunda resurslarning samarali va maqsadli ishlatilishi, qarzlarni va foizlari qaytarish shartlari, muddatlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa shartlar koʻrsatib oʻtiladi.
9. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
3-bob. Qarz ajratish tartibi
10. NNTlar tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun Jamgʻarma tomonidan tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz ajratiladi.
Jamgʻarma tomonidan resurslar ushbu maqsadga ajratilgan mablagʻlar qoldigʻi doirasida ajratiladi.
13. NNTlar tomonidan joylashtirilgan resurs mablagʻlari hisobidan mikroqarzlar mikrokredit tashkilotlari tomonidan yoshlar va xotin-qizlarga quyidagi shartlarda ajratiladi:
qarz oluvchi NNTlarning moliyaviy savodxonlikni oshirish, kasbiy va tadbirkorlik koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan dasturlari talablariga mos kelishi;
mikroqarzlar tadbirkorlik faoliyati va daromad olishga qaratilgan maqsadlar uchun bir qarz oluvchiga 25 million soʻmgacha miqdorda ajratilishi lozim.
Mikrokredit tashkilotlari qarz oluvchi tomonidan shartnomaga muvofiq majburiyatlar bajarilishini taʼminlash shartisiz, shu jumladan, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydigan guruh kafilligi asosida mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishga haqli.
14. NNTlarga ajratilgan qarzlarning hamda mikrokredit tashkilotlariga joylashtirilgan resurs hisobidan yoshlar va xotin-qizlar tomonidan olingan mikroqarzlarning maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan NNTlar tomonidan muntazam monitoring olib boriladi. Bunda mikroqarz olgan yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va koʻmak berish yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur monitoring va kuzatib borish natijalari yuzasidan NNTlar tomonidan har oy yakuni bilan keyingi oyning 5 sanasiga qadar Agentlikka batafsil axborot taqdim etib boriladi.
15. Agentlik tomonidan ajratilgan resurs mablagʻlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanganlik holatlari aniqlaganda Jamgʻarma NNTdan resurslarning tegishli qismini va unga hisoblangan foizlarni muddatidan avval qaytarishni talab qilishga haqli. Bunda, Jamgʻarma NNTga akseptsiz talabnoma qoʻyadi. Ushbu talablar shartnomada koʻrsatiladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar Jamgʻarma taqdim etgan mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
18. NNTlarga ajratilgan qarzlarning samarali va maqsadli foydalanilishi yuzasidan Agentlik tomonidan muntazam monitoring yuritiladi.
19. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)
Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish hamda ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha kelgusida amalga oshiriladigan kompleks dasturlari uchun qarz ajratish boʻyicha nodavlat-notijorat tashkilotlar orasida tanlov eʼlon qiladi.
(Tanlov oʻtkazilishi uchun kamida ikkita taklif kelib tushgan boʻlishi lozim. Agarda belgilangan miqdordagi taklif kelib tushmasa, tanlov qaytadan eʼlon qilinadi).
Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi vakillaridan iborat tarkibda tanlov komissiyasi tuzadi.
(Tanlov komissiyasi reglamenti va tanlov qoidalari Komissiya tomonidan tasdiqlanadi).
Har yili 1-iyulga qadar
2-bosqich
Agentlik
Tanlovlar boʻyicha eʼlonlar va maʼlumotlar, shuningdek, tanlovlarning natijalari hamda nodavlat-notijorat tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash doirasida ajratilgan mablagʻlarning taqsimlanishi, ishlatilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Agentlikning rasmiy veb-sahifasi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritib boradi. Tanlovni oshkoralik va ochiq-oydinlikni taʼminlash prinsiplari asosida amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Tanlov oʻtkazilgunga qadar
3-bosqich
Nodavlat-notijorat tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — NNT)
Tanlovda ishtirok etish uchun Agentlikka murojaat qiladi hamda nizomning 4-bandida nazarda tutilgan asosiy mezonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
Tanlov komissiyasi reglamenti va tanlov qoidalariga asosan
4-bosqich
Tanlov komissiyasi
Tanlovni oʻtkazadi.
Har yili 1-avgustga qadar
5-bosqich
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma
Tanlov natijalari asosida gʻolib deb topilgan NNTlar bilan ijtimoiy sheriklik boʻyicha shartnoma tuzadi.
Tanlov komissiyasi reglamenti va tanlov qoidalariga asosan
6-bosqich
Jamgʻarma
Shartnomada koʻrsatilgan miqdordagi qarzni NNT maxsus xisobvaragʻiga qarzni toʻliq oʻtkazib beradi.
(Tadbirkorlik faoliyati va daromad olishga qaratilgan maqsadlar uchun bir qarz oluvchiga 25 mln soʻmgacha miqdorda 5 yil muddatga, jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz ajratiladi).
Shartnoma tuzilgandan keyin oʻn ish kuni ichida
7-bosqich
NNT
Ajratilgan qarzlarning hamda mikrokredit tashkilotlariga joylashtirilgan resurs hisobidan yoshlar va xotin-qizlar tomonidan olingan mikroqarzlarning maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan monitoring olib boradi.
Bunda mikroqarz olgan yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini doimiy kuzatib boradi hamda ularga maslahat va koʻmak berib boradi.
Muntazam ravishda
8-bosqich
NNT
Monitoring va kuzatib borish natijalari yuzasidan Agentlikka batafsil axborot taqdim etib boradi.
Har oy yakuni bilan keyingi oyning 5 sanasiga qadar
9-bosqich
Jamgʻarma
Qarz mablagʻlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanganlik holatlari aniqlaganda NNTdan resurslarning tegishli qismini va unga hisoblangan foizlarni muddatidan avval qaytarishni talab qilishga haqli.
Bunda, Jamgʻarma NNTga akseptsiz talabnoma qoʻyadi. Ushbu talablar shartnomada koʻrsatiladi.