toggle_night_mode
Hujjat 27.05.2021 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, 3 — 7 yoshli bolalarga taʼlim-tarbiya xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash hamda sohada nodavlat sektorining ulushini oshirish maqsadida:
1. 2021-2022-yillarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligiga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar ajratilsin.
2. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan mablagʻlar:
Moliya vazirligiga foizsiz 2022-2023-yillarda qaytarish sharti bilan ajratiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
ajratilayotgan mablagʻlarni qaytarish davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Moliya vaziri T. Ishmetov boshchiligida Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish boʻyicha loyihalarni odillik va shaffoflik tamoyillari asosida tanlash va moliyalashtirish;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish va jihozlash boʻyicha manzilli dasturlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash;
maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadlariga ajratilayotgan markazlashgan mablagʻlardan manzilli va samarali foydalanishini taʼminlash, sohada amalga oshirilayotgan loyihalarni doimiy tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirishda korrupsiya holatlariga, ortiqcha sarsongarchilik va qogʻozbozlikka yoʻl qoʻymaslik.
4. Komissiya (T. Ishmetov) mazkur qarorga muvofiq belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborotni har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-may,
PQ-5125-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-maydagi PQ-5125-son qaroriga
ILOVA
Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha komissiya
TARKIBI

1.

T.A. Ishmetov

moliya vaziri, Komissiya raisi

2.

A.V. Shin

maktabgacha taʼlim vaziri, Komissiya raisining oʻrinbosari

3.

B.O. Onorboyev

Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri

4.

A.M. Boboyev

iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining oʻrinbosari

5.

N.B. Xusanov

bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

6.

B.I. Zokirov

qurilish vaziri

7.

A.A. Kamalov

Markaziy bank raisining oʻrinbosari

8.

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosari

9.

A.B. Eshchanov

Moliya vazirligi departament direktori, Komissiya masʼul kotibi

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2021-y., 07/21/5125/0503-son, 02.11.2021-y., 07/21/5272/1010-son)