toggle_night_mode
Hujjat 20.05.2021 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni oʻqitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2021-yil 1-iyundan boshlab yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish tartibi joriy etilsin.
2. Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi (keyingi oʻrinlarda — shaxsiy hisobvaraq) ochilsin.
Bunda, shaxsiy hisobvaraq mablagʻlari 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hamda soha tashkilotlari mablagʻlari doirasida, 2022-yildan boshlab esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini moliyalashtirish uchun masʼul vakolatli organ etib — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ishchi organ etib — Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi belgilansin.
Bunda:
a) shaxsiy hisobvaraqning tushumlari va xarajatlarining yillik parametrlarini, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni, yillik ish rejalarini tasdiqlash;
ehtiyojlarni oʻrganish asosida respublikada talab yuqori boʻlgan xalqaro IT-sertifikatlar va ushbu sertifikatlarni taqdim qiluvchi kompaniyalar hamda Global Knowledge kompaniyasi tomonidan har yili shakllantiriladigan xalqaro IT-sertifikatlar roʻyxatiga asosan tasdiqlash;
shaxsiy hisobvaraqning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jarayonlar vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi;
b) respublikada yoshlarning xalqaro IT kurslarda oʻqish va xalqaro IT-sertifikatlarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish hamda xalqaro IT-sertifikatlar olish uchun sarf qilgan xarajatlarini qoplab berish yuzasidan murojaat qilgan yoshlarning hujjatlarini koʻrib chiqish va koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha xulosa tayyorlash ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarni oʻqishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2021-yil 1-avgustga qadar:
a) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portaliga (keyingi oʻrinlarda — Portal) quyidagilarni joylashtirish choralarini koʻrsin:
xalqaro IT-sertifikatlarning ixtisoslashuvi va yoʻnalishlari hamda xalqaro IT-sertifikatlarni olish tartibi;
xalqaro IT-sertifikatlar uchun toʻlanishi zarur boʻlgan toʻlovlar miqdorlari va ularni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish tartibi;
xalqaro IT-sertifikatlar berishga ixtisoslashtirilgan xorijiy, mahalliy va respublika kompaniyalarining va taʼlim muassasalarining rasmiy veb-sayti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan va ushbu qaror ijrosi boʻyicha ragʻbatlantirilgan yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) Portal orqali xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan talabgor yoshlarning arizalarini qabul qilish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari hamda blankalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2021-yil 30-oktabrga qadar belgilangan tartibda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalarida xalqaro IT-sertifikat taqdim qiluvchi tegishli tashkilotlarning akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlash markazlari hamda oʻquv kurslarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
7. Vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinma lavozimlariga ishga qabul qilishda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarga (nomzodlarga) ustunlik berilishi tavsiya etilsin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-may,
310-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 310-son qaroriga
ILOVA
Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplab berish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.
ishchi organ — vakolatli organning tashkiliy vazifalarini amalga oshiruvchi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi;
yoshlar — oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
portal — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qarori bilan ishga tushirilgan “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portali;
talabgor — xalqaro IT-sertifikatlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi;
xalqaro IT-sertifikatlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan axborot tizimi boshqaruvi, maʼlumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini taʼminlashga oid respublikada va chet elda olingan xalqaro IT-sertifikatlar;
verifikatsiya — talabgor tomonidan taqdim etilgan xalqaro IT-sertifikatning haqiqiyligini masʼul vakolatli organning elektron tizimi orqali tekshirish.
2-bob. Talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish
4. Talabgorlar tomonidan toʻldiriladigan ariza shakli vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi va ishchi organning rasmiy veb-sayti hamda Portalga joylashtiriladi.
5. Talabgor xalqaro IT-sertifikat olish uchun qilingan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish yuzasidan Portalda elektron ariza berib roʻyxatdan oʻtadi.
6. Roʻyxatdan oʻtish uchun talabgor portalga quyidagi hujjatlarni kiritishi lozim:
fuqarolik pasporti (fuqarolik pasporti boʻlmagan taqdirda tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma) yoki identifikatsiya ID-kartasi, rangli fotosuratning elektron shakli (tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan murojaat qilganda);
talabgorning xalqaro IT-sertifikat olish uchun sarf qilgan xarajati toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov kvitansiyasi nusxasi;
xalqaro IT-sertifikat nusxasi;
qoplanishi zarur boʻlgan mablagʻlar qaysi hisobvaraqqa yoʻnaltirilishi haqidagi maʼlumotlar;
Talabgor roʻyxatdan oʻtish jarayonida Portalga xalqaro IT-sertifikat olishga va/yoki xalqaro IT-sertifikat olish uchun oʻquv kursiga toʻlov (xarajat)larning aniq miqdorini, shuningdek, xalqaro IT-sertifikat taqdim qiluvchi tegishli tashkilotlarning akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlash markazlari, oʻquv markazlaridan xalqaro IT-sertifikat olish uchun oʻqiganligini va oʻquv kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilishi lozim.
Talabgordan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Talabgor haqidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga talabgorning oʻzi shaxsan javob beradi.
7. Talabgorlar Portaldan bepul roʻyxatdan oʻtadi.
3-bob. Talabgorlarning hujjatlarini koʻrib chiqish
8. Ishchi organ talabgorning arizasini zarur hujjatlari bilan birga besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi hamda talabgor tomonidan taqdim qilingan xalqaro IT-sertifikatni verifikatsiyadan oʻtkazadi.
Agar xalqaro IT-sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlashning imkoni boʻlmasa, ishchi organ xalqaro IT-sertifikat taqdim qilgan tashkilotga ushbu sertifikatning haqiqiyligi yuzasidan soʻrov yuboradi. Bunda ishchi organ tomonidan soʻrov yuborilganda, xalqaro IT-sertifikatning haqiqiyligini aniqlash muddati 30 kalendar kunga uzaytiriladi.
9. Quyidagi holatlarda:
verifikatsiya yoki xalqaro IT-sertifikat taqdim qilgan tashkilotga yuborilgan soʻrov natijasiga koʻra ushbu sertifikatning haqiqiy emasligi aniqlanganda;
xalqaro IT-sertifikat taqdim qilgan tashkilotga yuborilgan soʻrovga javob olinmaganda ishchi organ tomonidan talabgorning arizasini qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
10. Ishchi organ tomonidan xalqaro IT-sertifikat taqdim qilgan tashkilotga yuborilgan soʻrovga 30 kalendar kun ichida javob olinmaganda, shuningdek, xalqaro IT-sertifikatning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi haqida kechikib javob olinganda ishchi organ bu haqida Portal orqali SMS yuborish orqali talabgorni xabardor qiladi.
Bunda xalqaro IT-sertifikatning haqiqiyligi tegishli tashkilot tomonidan 30 kalendar kundan keyin tasdiqlanganda talabgor mazkur Nizom talablariga muvofiq takroran murojaat etmasidan unga tegishli xarajatlar toʻlab beriladi.
Ishchi organ talabgor tomonidan taqdim qilingan hujjatlarga oydinlik kiritishni talab qilish huquqiga ega.
11. Muqaddam xalqaro IT-sertifikatlarning bir turi boʻyicha xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplangan talabgorning xalqaro IT-sertifikatlarning aynan shu turi boʻyicha takroran qilgan xarajatlari qoplanmaydi.
Muqaddam xalqaro IT-sertifikatlarning bir turi boʻyicha xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplangan talabgor xalqaro IT-sertifikatlarning boshqa turi boʻyicha minimal koʻrsatkich yoki undan yuqori natija qayd etsa, unga ushbu Nizom talablariga muvofiq xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi toʻlab beriladi.
12. Oʻn olti yoshga toʻlmagan fuqarolarning xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplab berilishini soʻrab ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.
Bunda tegishli xarajatlar ushbu Nizom talablariga muvofiq oʻn olti yoshga toʻlmagan fuqarolarning qonuniy vakillariga toʻlab beriladi.
13. Ishchi organ talabgor hujjatlarini umumlashtirib, moliyalashtirish yuzasidan takliflarni besh ish kuni ichida vakolatli organga kelishish uchun kiritadi.
Ishchi organ yoshlarni xalqaro IT-sertifikatlar uchun oʻqishi va/yoki xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarining qoplanishi lozim boʻlgan aniq miqdori (50 foizgachasi)ni belgilashda ushbu xalqaro IT-sertifikatning boshlangʻich, oʻrta va professional darajasiga oid mezonlarni inobatga olishi lozim.
14. Ishchi organ oʻz xulosasini tayyorlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boʻyicha faoliyat yurituvchi oliy va ilmiy-tadqiqot taʼlim muassasalari, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligini aniqlash choralarini koʻrishga haqli.
Xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlmasdan turib talabgorning xalqaro IT-sertifikati olish uchun oʻquv kursiga toʻlagan xarajatlari qoplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Ishchi organ tomonidan kiritilgan takliflar vakolatli organ tomonidan uch ish kuni ichida kelishiladi.
4-bob. Talabgor xarajatlarini moliyalashtirish
16. Vakolatli organ tomonidan takliflar kelishilgandan soʻng ishchi organ bir ish kuni ichida tegishli mablagʻlarni talabgorga oʻtkazib berish yuzasidan buyurtmanoma tayyorlaydi.
17. Ishchi organ uch ish kuni mobaynida xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun tegishli pul summasini talabgor tomonidan koʻrsatilgan tegishli hisobvaraqqa oʻtkazib beradi.
Talabgorning xohishiga koʻra ushbu xarajatlar naqd yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanishi mumkin.
18. Ishchi organ moliyalashtirilgan xalqaro IT-sertifikatlar va ularning egalari haqidagi maʼlumotlarni moliyalashtirish toʻliq yakunlanganidan keyin uch kun ichida ular Portalga qoʻyilishini taʼminlaydi.
19. Portal Ishchi organ tomonidan yuritiladi va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi.
5-bob. Apellatsiya komissiyasi
20. Ishchi organ tomonidan hujjatlari koʻrib chiqilishi yakunlariga koʻra salbiy qaror chiqarilgan talabgorlar vakolatli organga apellatsiya berish huquqiga egadir. Apellatsiya yozma shaklda taqdim etiladi.
21. Apellatsiyani koʻrib chiqish uchun vakolatli organ tomonidan Apellatsiya komissiyasi tashkil qilinadi.
22. Apellatsiya komissiyasi besh kun muddat ichida berilgan apellatsiyani daʼvogar ishtirokida koʻrib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi zarur. Apellatsiya komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma apellatsiya komissiyasining barcha aʼzolari va daʼvogar tomonidan imzolanadi.
23. Qayta apellatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Ekspert kengashi aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq xarajatlarini qoplash tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlari xolisona va qonuniy koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh
mutaxassislarning oʻqishi hamda ularning
xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun sarf
qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan
qismini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplab berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Talabgor (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning qonuniy vakili) Portal orqali roʻyxatdan oʻtib murojaat qoldiradi.

Sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida

1. Ishchi organ talabgorning ariza va hujjatlari koʻrib chiqadi hamda talabgor tomonidan taqdim qilingan xalqaro 1T-sertifikatni verifikatsiyadan oʻtkazadi.

1. Hujjatlar tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida.

2-bosqich

Ishchi organ

2. Talabgorning hujjatlarini umumlashtirib, moliyalashtirish yuzasidan takliflarni vakolatli organga kelishish uchun kiritadi.

2. Sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlangandan boshlab besh i� kun mobaynida.

3. Xalqaro 1T-sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmaganda bu haqida talabgorga SMS orqali xabar yuboradi.

3. Sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmagandan boshlab bir ish kun mobaynida.

3-bosqich

Vakolatli organ

Xarajatlarni moliyalashtirish yuzasidan kiritilgan takliflar kelishib beriladi.

Taklif kiritilgandan keyin uch ish kuni mobaynida.

4-bosqich

Ishchi organ

Talabgor koʻrsatgan hisobvaraqqa te�ishli pul mablagʻlarini yoʻnaltiradi.

Takliflar vakolatli organ bilan kelishilgandan keyin toʻrt ish kuni mobaynida.

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 09/21/310/0475; 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)