toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.06.2008
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GUMON QILINUVChI, AYBLANUVChI YOKI SUDLANUVChIGA ADVOKAT TOMONIDAN HUQUQIY YORDAM KO‘RSATISh BO‘YIChA XARAJATLARNI DAVLAT HISOBIGA O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-iyundagi 137-sonli “Advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan haq to‘lash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Surishtiruv, dastlabki tergov, sudda fuqarolarning himoya qilinishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 50-moddasi va “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, surishtiruvni olib boruvchi shaxs, tergovchi, prokurorning qarori, sudning fuqaroni huquqiy yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lashdan ozod qilish haqidagi ajrimi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokat tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
Advokatlarga to‘lanadigan summa miqdori O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlaydigan Advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan huquqiy yordam uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.
2. Mehnatga layoqatsiz va to‘lovga qobiliyatsiz shaxslar, shuningdek jami daromadi har bir boqimandaga hisoblaganda ushbu davrda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan ortiq bo‘lmagan nochor fuqarolar huquqiy yordam uchun haq to‘lashdan ozod qilinishlari kerak.
3. Tuman, shahar hokimligi haq to‘lashni Moliya vazirligi g‘aznachiligining tegishli hududiy bo‘linmasi orqali qaror, ajrimni chiqargan organ joylashgan joy bo‘yicha amalga oshiradi.
Haq qaror, ajrim va advokatlar byurosi, hay’ati va firmasi rahbari tomonidan hisoblab chiqarilgan summa ko‘rsatilgan hamda qaror, ajrimni chiqargan shaxs tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma taqdim etilgach to‘lanadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 26-iyundagi 129-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 25-26-son, 263-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tuman, shahar hokimligi ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar olingach, bir oy muddatda Moliya vazirligi g‘aznachiligining tegishli hududiy bo‘linmasi orqali advokatlar byurosi, hay’ati, firmasiga to‘lanishi kerak bo‘lgan summani o‘tkazadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 26-iyundagi 129-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 25-26-son, 263-modda)
5. Advokat jinoiy ishni sudda ko‘rib chiqishda uzoq vaqt qatnashgan taqdirda uning mehnatiga haq to‘lash haqidagi ma’lumotnoma har oyda tuziladi.
6. Advokatlar byurosi, hay’ati va firmasi rahbari tayinlanib jinoiy ishda qatnashgan advokatga haq to‘langandan keyin bir hafta muddatda jinoiy ishga tirkash uchun davlatga to‘lanishi kerak bo‘lgan summa haqida surishtiruvni olib borgan shaxs, tergovchi, prokurorni xabardor qiladi. Fuqaro sudning hukmi bilan aybdor deb topilganda va huquqiy yordam uchun haq to‘lashdan ozod qilish uchun asos mavjud bo‘lmagan holda davlat xarajatlari hukm qilinganning hisobidan undirib olinadi.
7. Davlat tomonidan haq to‘langan huquqiy yordamga oid xarajatlarni hukm qilingandan undirib olish yuzasidan hukmning ijro etilishi (qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.
8. Advokatlar tomonidan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni moliya organlari amalga oshiradi.
9. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan huquqiy yordamga davlat hisobidan haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan huquqiy yordamga haq to‘lash haqidagi yo‘riqnomani va Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchiga davlat hisobiga o‘tkazilgan huquqiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni advokatlarga to‘lash tartibi to‘g‘risidagi qoidalarni bir oy muddatda tasdiqlasin.
11. O‘zbekiston SSJ Vazirlar Kengashining “Advokatlar tomonidan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 1990-yil 19-sentabrdagi 314-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 16-iyun,
297-son