1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.06.00 Sport]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 4-dekabrdagi PF-5887-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda futbol sohasini rivojlantirish, futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan professional futbol klublari (keyingi oʻrinlarda — professional futbol klublari) bosh homiylarining professional futbol klublaridagi davlat ulushlarini ularga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qarashli professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlariga ilovaga muvofiq berilsin.
Bunda professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushlari xoʻjalik jamiyatlariga ularning ustav kapitalidagi davlat ulushi va xoʻjalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga beriladi va keyinchalik belgilangan tartibda sotiladi.
3. Mazkur qarorga ilovada koʻrsatilgan professional futbol klublari va xoʻjalik jamiyatlari oʻrtasida bosh homiylik shartnomalari tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Mazkur qarorga ilovada keltirilgan davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari Turizm va sport vazirligi hamda tegishli hokimliklar bilan birgalikda bir oy muddatda futbol stadionlaridan samarali foydalanish va ularning rentabelligini oshirish maqsadida, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib tasdiqlasin:
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida futbol stadionlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va obodonlashtirish, shuningdek, ularning yil davomida doimiy faoliyat yuritishini taʼminlash;
stadionlarda yil davomida oʻtkaziladigan sport tadbirlari (musobaqalar, sport toʻgaraklari), konsert va boshqa ommaviy tadbirlar sonini koʻpaytirish;
stadion hududida umumiy ovqatlanish joylari (kafe, restoran), sport doʻkonlari, koʻngilochar joylarni (kinoteatr) tashkil etish.
5. Belgilansinki, mazkur qarorga ilovada nazarda tutilgan professional futbol klublarining yillik xarajatlar smetasi Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan belgilangan talablardan kelib chiqib, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga ilovada koʻrsatilgan professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlarini davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlariga berishni taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-aprel,
261-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-apreldagi 261-son qaroriga ILOVA
Ustav kapitalidagi davlat ulushlari davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlariga oʻtkaziladigan futbol klublari
ROʻYXATI
T/r
Professional futbol klublari
Davlat ulushi oʻtkaziladigan davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari
Izoh: * Professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushlari dastlab nominal (balans) qiymatida “Oʻzbekneftgaz” AJga va keyinchalik “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan esa nominal (balans) qiymatida mazkur xoʻjalik jamiyatlariga ulardagi “Oʻzbekneftgaz” AJ ulushini oshirish hisobiga beriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 09/21/261/0422-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.01.2023-y., 09/23/4/0008-son; 04.04.2023-y., 09/23/139/0190-son)