1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.09.00.00 Ma’muriy javobgarlik / 16.09.16.00 Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Ma’muriy javobgarlik]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya tartibida kurish amaliyoti to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 25-martdagi 11-sonli “Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ma’muriy ishni apellyatsiya tartibida qayta ko‘rish sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatining qonuniyligi va asosliligini tekshirish huquqini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 200-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritish:
arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillari shikoyati;
taraflar va uchinchi shaxslarning huquqiy vorislari shikoyati;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning shikoyati bo‘yicha, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno;
ishda arizachi sifatida qatnashgan davlat organlari va boshqa shaxslarning arizasi bo‘yicha (MSIYUtK 47-moddasi birinchi qismi);
prokurorning protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellyatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek, MSIYUtK 200-moddasi birinchi qismiga muvofiq, sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati bo‘yicha ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ushbu shaxs sud hujjatida ko‘rsatilmagan hollarda ham, uning ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsagina, sud hujjati ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli (MSIYUtK 62-moddasi ikkinchi qismi).
Sudning hal qiluv qarori ustidan to‘liq yoki qisman shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
3. Qonunga muvofiq, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) u qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida (MSIYUtK 203-moddasi), berilishi mumkin.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tishining boshlanishi hal qiluv qarori qabul qilingan kunning ertasidan hisoblanadi (MSIYUtK 116-moddasi).
4. MSIYUtK 203-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha shikoyat (protest) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan tiklanilishi mumkin. Sud apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash yoki rad qilish to‘g‘risida buning sabablarini ko‘rsatgan holda ajrim chiqaradi,
Muddatni tiklash rad etilgan holda ajrimda apellyatsiya shikoyatini berishda to‘langan davlat bojining qaytarilishi nazarda tutilishi lozim (MSIYUtK 209-moddasi).
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan MSIYUtK 120-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, kassatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
5. MSIYUtK 202-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudiga yo‘llanadi, ammo hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Birinchi instansiya sudi har bir shikoyatni (protestni) kelib tushgan sanasini ko‘rsatgan holda ro‘yxatga olishi hamda shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda apellyatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Birinchi instansiya sudiga apellyatsiya shikoyatiga aloqador qo‘shimcha hujjatlar yoki boshqa shaxslardan apellyatsiya shikoyati kelib tushganda, ular ham apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellyatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan ajrimlar ustidan (masalan, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimlar, birinchi instansiya sudi muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrimlar) apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi.
7. MSIYUtK 204-moddasida apellyatsiya shikoyatining (protestining) shakli va mazmuniga doir talablar belgilangan. Shu munosabat bilan apellyatsiya instansiyasi sudi uni bergan shaxs tomonidan ushbu talablarga rioya qilinganligini tekshirishi shart.
MSIYUtK 204 va 206-moddalari talablariga javob bermaydigan shikoyat (protest) qaytarish asoslari ko‘rsatilgan holda MSIYUtK 210-moddasiga muvofiq, sudyaning ajrimi bilan qaytariladi.
8. Ish apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rilayotgan vaqtda sud hujjatiga nisbatan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan shikoyat (protest) kelib tushganda u dastlab qabul qilingan shikoyat (protest) bilan birga ko‘rib chiqiladi.
9. MSIYUtK 216-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar apellyatsiya shikoyati bergan shaxs shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror va yuqori turuvchi prokuror protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish)ni qabul qilish masalasi apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyat (protest)ni ko‘rish uchun tayinlangan sud majlisida hal qilinadi, bunda shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) vakolati tekshirilishi zarur. MSIYUtK 62-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishonchnomada vakilga berilgan birinchi instansiya sudining hujjatiga nisbatan shikoyat keltirish huquqi, agar ishonchnomada boshqacha holat maxsus ko‘rsatilmagan bo‘lsa, unga shikoyatdan voz kechish huquqini bermaydi.
Shikoyatdan voz kechilganda (protest chaqirib olinganda) sud apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi va ajrim chiqarilgan paytdan qonuniy kuchga kiradi. Shikoyatdan voz kechilishi (protestning chaqirib olinishi) ishni boshqa apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) asosan ko‘rib chiqishni davom ettirishga to‘sqinlik qilmaydi.
10. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ishni shikoyat (protest) bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida sud tomonidan xabardor qilinishi majburiy ekanligi qonunda belgilanganligi sababli ushbu talablarni bajarmaslik ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga sabab bo‘ladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish ko‘rilishi haqida tegishlicha xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda ham, agar ulardan birortasining kelmaganlik sababini uzrli deb topsa, sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli va bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganlik sabablari uzrsiz deb topilgan taqdirda, shuningdek, kelmaganlik sabablari haqida ma’lumotlar va bu sabablarni uzrli ekanligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lmaganda, apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga haqli, bundan jamiyat yoki davlat manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atilgan ishlar bo‘yicha prokurorning kelmaganligi mustasno.
11. MSIYUtK 43-moddasiga ko‘ra, protsessual huquqiy vorislik ma’muriy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini e’tiborga olgan holda, apellyatsiya instansiyasi sudi taraflarning biri, uchinchi shaxs nizoli yoki sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil qilinishi va h.k.), bunday shaxslar ularning huquqiy vorislari bilan almashtirilishiga yo‘l qo‘yadi hamda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishishga imkon beradi. Huquqiy vorisning sud protsessiga kirishganligi haqida apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
12. Apellyatsiya instansiyasi sudining e’tibori ishni apellyatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ko‘rishda MSIYUtK 218-moddasida belgilangan muddatga rioya qilinishi lozimligiga qaratilsin.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni ko‘rish muddati alohida hollarda (masalan, bir nechta talablarning bitta ish yuritishga birlashtirilganda, sud protsessi ishtirokchilarining ko‘pligida, qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish va ularni tekshirish, ishga mutaxassislarni jalb qilish, sud topshiriqlarini yuborish zarurligida va h.k.) sud raisi tomonidan bir oygacha uzaytirilishi mumkin (MSIYUtK 218-moddasi ikkinchi qismi).
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
13. Qonunga ko‘ra, ish apellyatsiya tartibida ko‘rilayotganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq tekshirgan-tekshirmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlangan-isbotlanmaganligi;
hal qiluv qarori, ajrim, qarorda bayon qilingan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiqligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalari buzilgan-buzilmaganligi, ular to‘g‘ri qo‘llanilgan-qo‘llanilmaganligi;
birinchi instansiya sudi qabul qilgan sud hujjatlarining qonun talablariga muvofiqligi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi MSIYUtK 217-moddasiga muvofiq, sud hujjatining qonuniyligi va asoslantirilganligini to‘liq hajmda tekshiradi.
Sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirish deganda, shikoyat (protest) vajlaridan qat’iy nazar, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari aniqlanganligini, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshirishni tushunmoq lozim.
14. Apellyatsiya instansiyasi sudi xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishi shart.
Apellyatsiya instansiyasi sudida ishning ko‘rilishi kollegial tarzda uch nafar sudyadan iborat tarkibda MSIYUtK 26-bobida nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida amalga oshiriladi. Bunda dastlab shikoyat bergan shaxs va uning vakilining tushuntirishi tinglanadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf shikoyat keltirgan holda, birinchi bo‘lib arizachi va uning vakili so‘zga chiqadi. Ish prokurorning protesti asosida ko‘rilayotganda prokuror birinchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘zlarining tushuntirishida shikoyat (protest)da ko‘rsatilmagan vajlarni keltirishga va qo‘shimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishi va muzokara so‘zi eshitilganidan keyin, apellyatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi.
(14-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
15. Shuni nazarda tutish lozimki, apellyatsiya instansiyasi sudi har qanday dalillarni, ular birinchi instansiya sudi muhokamasida bo‘lganligidan va yangidan taqdim etilganligidan qat’iy nazar, tekshirishga haqli.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ekspertiza o‘tkazish, dalillarni ta’minlash va talab qilib olish, guvohlarni so‘roq qilish haqidagi va boshqa iltimosnomalarini ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababli rad etishga haqli emas. Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni to‘g‘ri hal qilish maqsadida o‘z tashabbusi bilan dalillarni talab qilib olishi yoki tegishli sud ekspertizasini tayinlashi mumkin (MSIYUtK 68, 79-moddalari).
Dalillar birinchi instansiya sudi uchun belgilangan qoidalar bo‘yicha tekshiriladi.
16. Sudlarning e’tibori birinchi instansiya sudida arz qilinmagan yangi talab apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinishi va ko‘rilishi mumkin emasligiga qaratilsin.
17. Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish MSIYUtK 9-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida xabardor qiladi.
18. Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni ko‘rish natijalari yuzasidan qaror chiqaradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining e’tibori shikoyat (protest)da keltirilgan har bir vajni, uning asosli yoki asossiz ekanligi haqidagi xulosani qarorda ko‘rsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Shuni nazarda tutish lozimki, asoslantirilgan qaror tuzilishi keyinga qoldirilganda va sud majlisida uning xulosa qismi e’lon qilinganda, apellyatsiya instansiyasi sudida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan qaror bilan qachon tanishishi mumkinligini tushuntirishi lozim.
Apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida ishni shikoyat (protest) bo‘yicha ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar bo‘lishi, zarur bo‘lganda esa, sud xarajatlarining taqsimlanishi ko‘rsatilishi kerak.
Apellyatsiya instansiyasi sudi qabul qilingan qarorni o‘qib eshittirganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirishi shart.
19. MSIYUtK 220-moddasiga muvofiq, sud hujjatini apellyatsiya tartibida bekor qilishga yoki o‘zgartirishga quyidagilar asos bo‘ladi:
1) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
20. Moddiy huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilmaganligi yoxud qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilganligi, qonunning yoki boshqa qonun hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalarini buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi ishning noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgan bo‘lsagina, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bekor qilishga asos bo‘ladi.
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qonunda protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi oqibatida har qanday holda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asoslar nazarda tutilgan (MSIYUtK 220-moddasi to‘rtinchi qismi).
21. MSIYUtKning 219-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga:
1) hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
5) hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
6) MSIYUtKning 220-moddasi to‘rtinchi qismi 9-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
22. Apellyatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya sudi ish holatlarini har tomonlama va to‘liq aniqlab, qonuniy hamda asosli sud hujjati chiqargan, degan xulosaga kelsa, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni o‘zgarishsiz, shikoyat (protest)ni esa qanoatlantirmasdan qoldiradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida shikoyat (protest) vajlari noto‘g‘ri va sud hujjatining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishiga asos bo‘lmaydi, deb topilganligi sabablari ko‘rsatib o‘tilishi lozim.
23. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishiga birinchi instansiya sudi tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
MSIYUtK 220-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda (MSIYUtK 220-moddasi to‘rtinchi qismi 4-bandi bundan mustasno) hal qiluv qarori bekor qilinadi va aniqlangan holatlardan kelib chiqib, birinchi instansiya sudi tomonidan yo‘l qo‘yilgan protsessual qonun buzilishlarini bartaraf qilgan holda yangi qaror qabul qilinadi.
24. Apellyatsiya instansiyasi sudi arz qilingan talab doirasida mavjud va qo‘shimcha taqdim qilingan hujjatlar (dalillar) asosida ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yangi holatlarni aniqlashga va shundan kelib chiqib, o‘z vakolatlari doirasida qaror qabul qilishga haqli.
25. Apellyatsiya instansiyasi sudi MSIYUtK 106 va 108-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga, arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘luvchi holatlar aniqlangan bo‘lsa, haqlidir.
26. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoxud noto‘g‘ri hal etilishi, o‘z-o‘zidan sudning hal qiluv qarorini bekor qilishga yoki o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini MSIYUtK 115-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha yangidan taqsimlash haqida ko‘rsatiladi.
27. Apellyatsiya instansiyasi sudi qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda (MSIYUtK 162 — 164-moddalari):
qarorni tushuntirishga;
qaror yozuvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatishga;
qo‘shimcha qaror chiqarishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmaganligi ushbu masalalarni hal etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
29. Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan MSIYUtKda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish uchun nazarda tutilgan tartibda apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqib:
1) ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni, qarorni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga;
3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish haqidagi, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni) birinchi instansiya sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
4) ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
30. Ishni ko‘rish jarayonida apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilingan ajrimlar ustidan MSIYUtKda belgilangan hollarda, kassatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
31. Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rishda davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida aniqlangan qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha, ularning sud protsessida ishtirokidan qat’iy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u bu haqda jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini hal etish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi.
Xususiy ajrim sud majlisida e’lon qilinadi va bu haqda bayonnomada ko‘rsatiladi.
32. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish bo‘yicha chiqarilgan xususiy ajrimning qonuniyligi va asoslantirilganligini tekshirishga hamda ushbu ajrimning chiqarilishida yetarlicha asoslar mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, uni bekor qilishga haqli.
33. MSIYUtK 175-moddasi talablariga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudining har bir majlisida, shuningdek sud majlisidan tashqarida amalga oshirilgan protsessual harakat haqida bayonnoma tuziladi.
Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining bayonnomasi bilan MSIYUtK 177-moddasida belgilangan tartib va muddatlarda tanishib chiqishga haqli. Sud majlisining bayonnomasiga berilgan yozma fikr-mulohazalar sud tarkibi tomonidan ular berilgan kundan keyin besh kun ichida sud protsessi ishtirokchilarini chaqirmasdan ko‘rib chiqiladi.
34. Shikoyat apellyatsiya instansiyasi sudiga ish boshqa shikoyatlar (protest) bo‘yicha ko‘rilgandan so‘ng kelib tushgan holda, mazkur apellyatsiya shikoyatini bergan shaxsga sud hujjatlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi.
35. Ma’muriy ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
36. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi “Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 36-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV