toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 000 000 (o‘n ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali topshirilishini ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda karantin qoidalariga rioya qilgan holda Vatanimiz ozodligi va shon-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va madaniy-ma’rifiy kechalarni o‘tkazsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-aprel,
PF-6209-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 06/21/6209/0361-son)