1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOZOR IQTISODIYOTI ShAROITLARIDA AHOLIGA KOMMUNAL XIZMAT KOʻRSATIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻgʻRISIDA
[Koʻchirma]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, aholining farovonligini oshirish yoʻliga muvofiq respublikada uy-joy-kommunal xoʻjaligining moddiy bazasini rivojlantirish, aholini uning xizmatlari bilan oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha muayyan ishlar qilingan.
Shu bilan birga, ushbu sohadagi iqtisodiy islohotlar sust surʼatlar bilan bormoqda, bozor iqtisodiyoti sharoitlarida uning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan, muqobil kommunal korxonalar tashkil etilmagan, koʻrsatilayotgan xizmatlarga narx belgilash tizimini takomillashtirishga muhtoj, xizmatlar sifati esa aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Kommunal xizmat koʻrsatish xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish bilan bogʻliq masalalar mutlaqo hal etilmagan.
Samarali ijtimoiy siyosat izchil amalga oshirilishini taʼminlash, bozor iqtisodiyoti sharoitlarida uy-joy-kommunal tarmogʻi faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining uy-joy-kommunal tarmogʻida bozor munosabatlarini shakllantirishga doir ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hamda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi joylardagi organlarining turar-joylar va ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni ichimlik suvni, gazni hisobga olish priborlari oʻrnatilgan holda foydalanishga qabul qilish borasidagi ishi qoniqarsiz ekanligi qayd etilsin hamda belgilangan tartib buzilganligi uchun rahbarlar shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 3-noyabrdagi 461-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 1997-yil davomida uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni tuzatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar, bunda uy-joylardan foydalanish tashkilotlari tarkibida uy-joy fondini saqlash va tuzatish hamda aholiga tegishli xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tuzatish-foydalanish boʻlinmalari tashkil etilgan holda ushbu tashkilotlarni xoʻjalik hisobiga oʻtkazishni nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda uy-joy-kommunal xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish boʻyicha normativlarni, joriy yilning oxirigacha tarmoqni ushbu normativlar boʻyicha mehnatga haq toʻlashga bosqichma-bosqich oʻtkazishni nazarda tutgan holda, ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Bunda kommunal xizmat koʻrsatish ayrim xizmatlari xodimlarini mehnatga haq toʻlashning vaqtbay shaklidan ishbay shakliga oʻtkazishni nazarda tutsin.
Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda bir nechta uylarga xizmat koʻrsatishning oilaviy, brigada pudratini eksperiment tariqasida joriy etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uy-joy-kommunal xizmatlariga tariflarni tasdiqlashda xarajatlar tarkibi boʻyicha mavjud normativ-uslubiy hujjatlarga qatʼiy amal qilsinlar, bunda xarajatlarni izchil qisqartirishni nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tarmoqning oʻziga xosligini hisobga olgan holda davlat tomonidan tartibga solinishi lozim boʻlgan kommunal xizmatlarga narxlarni (tariflarni) shakllantirish va qoʻllashning asoslanganligi ustidan nazoratni amalga oshirsin. Tariflarni shakllantirish va qoʻllash tartibi buzilishi hollari aniqlangan taqdirda aybdorlarga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sanksiyalar qoʻllanilsin.
(5-bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
6. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:
1997-yilda Toshkent shahrida ikkita uyni avtonom ravishda issiqlik bilan taʼminlash yuzasidan eksperiment oʻtkazsinlar. Eksperiment natijalarini tahlil qilish asosida uylar (xonadonlar)ni issiqlik bilan taʼminlashning amaldagi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
Toshkent shahrining faoliyat koʻrsatayotgan korxonalari negizida chet el firmalarini jalb etgan holda suv, gaz, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini tayyorlash, plastmassa trubalar ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar tashkil etsinlar.