1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat toʻgʻrisida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.03.00 Monopoliya faoliyati yuzasidan davlat nazorati. Monopoliyaga qarshi davlat organi;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.11.00 Tovarlar sotishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish. Reklama]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va ushbu yoʻnalishda davlat organlari hamda tashkilotlari hamkorligini samarali tashkil etishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 11-sentabrdagi PF-5817-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomilovaga muvofiq tasdiqlansin:
nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazishni rejalashtirish;
nazorat xaridini amalga oshirish tartibi;
xalq isteʼmoli tovarlarini ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi;
nazorat xaridi bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish;
nazorat xaridi va xalq isteʼmoli tovarlarini testdan oʻtkazish natijalari ustidan shikoyat qilish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik):
chakana savdo obyektlarida sotiladigan xalq isteʼmoli tovarlari sifati va xavfsizligining belgilangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan tizimli ravishda oʻrganishlar oʻtkazilishini;
ushbu tadbirlar qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari Agentlikka nazorat xaridi doirasida olinadigan xalq isteʼmoli tovarlarini tezkor ravishda ekspertizadan (testdan) oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatsinlar.
4. Agentlik Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda nazorat xaridini amalga oshirish natijalari toʻgʻrisida keng jamoatchilik, aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlar tashkil qilinishini;
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik madaniyatini oshirish, savdo obyektlarida sotilayotgan mahsulotlar sifati va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan respublika va mahalliy teleradiokanallar, bosma nashrlar va Internet jahon axborot tarmogʻi orqali turkum koʻrsatuv va eshittirishlar efirga uzatilishini hamda maqolalar chop etilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N.Sh. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-fevral,
59-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi 59-son qaroriga ILOVA
Chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini amalga oshirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nazorat xaridi — chakana savdo obyektlarida vakolatli davlat organlari xodimlari tomonidan ekspertiza oʻtkazish va mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini testdan oʻtkazish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;
ekspertiza — tovar qadogʻining yaxlitligini buzmagan holda, uning markirovkasiga qoʻyilgan talablar hamda saqlash sharoitlari qoidalariga rioya etilishini, shuningdek, ishlab chiqaruvchi tomonidan oʻrnatilgan yaroqlilik muddatini bevosita chakana savdo obyektida oʻrganishga qaratilgan tadbir;
testdan oʻtkazish — tovarlar xavfsiz boʻlishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarga mosligini laboratoriya sharoitida sinab aniqlash, shuningdek, solishtirish va taqqoslash yoʻli bilan hamda oʻlchov vositalari yordamida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini oʻrganish maqsadida baholash usuli;
xalq isteʼmoli tovarlari — aholining shaxsiy maqsadlarda, roʻzgʻorda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda (bevosita moddiy va madaniy ehtiyojlarini qondirishda) foydalanishi uchun sotiladigan tovarlar.
3. Nazorat xaridi tadbirlari tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda, chakana savdo obyektlarida sotiladigan xalq isteʼmoli tovarlarini (keyingi oʻrinlarda — tovar) ushbu Nizomga muvofiq sotib olish, ekspertiza qilish va akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarida testdan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
4. Nazorat xaridi tadbirlari ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
5. Nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻlib hisoblanadi:
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) direktori tomonidan tasdiqlanadigan va Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish rejasi;
ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan maʼlumotlar hamda belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari;
qonunda belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlardan kelib tushadigan axborotlar va murojaatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi yoki Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining topshiriqlari.
6. Nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish rejasi har yili shakllantiriladi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
tadbirni oʻtkazish joyi (viloyat, shahar va tuman);
nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish davomida amal qilinishi baholab boriladigan majburiy talablar;
nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish lozim boʻlgan tovarlar nomlari.
7. Nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish rejasi mazkur Nizomning 4-bandida keltirilgan asoslarga muvofiq toʻldirib borilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
8. Nazorat xaridi tadbirlari Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tarkibidagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — Agentlikning hududiy tuzilmasi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq belgilangan boshqa vakolatli organlar (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) bilan birgalikda qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda amalga oshiriladi.
10. Buyruq quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
Agentlik hamda uning hududiy tuzilmasi va vakolatli organlarning nazorat xaridi tadbirini oʻtkazishga masʼul xodimi yoki xodimlarining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
nazorat xaridi oʻtkazilayotgan yuridik shaxs nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek, nazorat xaridi tadbiri bevosita oʻtkazilayotgan joy;
nazorat xaridi tadbiri oʻtkazilayotgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
nazorat xaridi tadbirini oʻtkazishda baholanadigan majburiy talablar;
nazorat xaridini amalga oshirish uchun asos;
nazorat xaridi davomida olinadigan tovarlarning savdo nomi, ularning soni, sotib olish va toʻlovni amalga oshirish toʻgʻrisidagi maʼlumot;
nazorat xaridini amalga oshirish muddatlari;
nazorat xaridi davomida foto va videotasvirlarning zarurligi toʻgʻrisida maʼlumot;
maʼlum tovar boʻyicha nazorat xaridini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Nazorat xaridi bunday tadbirlar oʻtkazilgan muayyan tovar (savdo nomi boʻyicha) va yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorda (savdo obyekti joylashuvi boʻyicha) keyingi bir yil davomida takroran amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunda belgilangan tartibda kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslarning shikoyatlari asosida oʻtkaziladigan nazorat xaridi tadbirlari bundan mustasno.
11. Nazorat xaridi uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqda koʻrsatilgan masʼul xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
12. Nazorat xaridi faqatgina kassa cheki va/yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjat rasmiylashtirilganda amalga oshirilgan hisoblanadi.
Nazorat xaridi natijalari boʻyicha savdo obyekti hududidan tashqarida tovar namunalarini tanlab olish dalolatnomasi hamda mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq nazorat xaridini oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
13. Nazorat xaridi namunalari sifatida mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bilan belgilangan barcha koʻrsatkichlar boʻyicha kamida bir marta testdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan miqdorda mahsulot xarid qilinadi. Mazkur namunalar akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarda saqlash muddati davomida saqlanadi.
Tovarlarni testdan oʻtkazish uchun yuborish (transportda) va saqlash texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan, mahsulotlarni tashish va saqlash talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Nazorat xaridini oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaga tovarlar sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar (kassa va/yoki tovar cheklari), tovar namunalarini tanlab olish dalolatnomasi va boshqa hujjatlar (mavjud boʻlganda) ilova qilinadi.
15. Nazorat xaridini oʻtkazishda masʼul xodimlar:
mahsulotni buyruqda keltirilgan nomi va soniga koʻra mahsulotlarni sertifikatlashtirish Milliy tizimining sertifikatlashtirish qoidalariga muvofiq tanlashni amalga oshiradi;
hujjatlarni imzolaydi hamda tovar sotib olish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi;
zaruriy hollarda, foto va videotasvirga olish vositalaridan foydalanadi.
3-bob. Tovarlarni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi
16. Nazorat xaridi davomida tovarlarni ekspertizadan oʻtkazish — joyida, testdan oʻtkazish — akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarida amalga oshiriladi.
17. Tovarlarni joyida ekspertizadan oʻtkazish faqatgina tovarlarni testdan oʻtkazish uchun tanlab olish maqsadida vakolatli organ xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, quyidagilarga rioya qilinganligi ekspertizadan oʻtkaziladi:
chakana savdo obyektida tovarlarni saqlash sharoitlari;
tovarlar markirovkasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi;
ishlab chiqaruvchi tomonidan oʻrnatilgan yaroqlilik muddatiga amal qilinishi.
18. Mazkur Nizomning 17-bandida keltirilgan mezonlarga muvofiq boʻlmagan tovarlarni sotib olishga va ularni sinov laboratoriyalarida testdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Nazorat xaridi davomida testdan oʻtkazish uchun sotib olingan tovarlar ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan shartlarda, ularga zarar yetmaydigan tarzda yuklanishi va saqlanishi lozim.
20. Nazorat xaridi davomida olingan tovar namunalari savdo nomlari olib tashlangan va toʻliq berkitilgan, biroq isteʼmol qadogʻi saqlangan holda vakolatli organ xodimi tomonidan belgilangan tartibda toʻldirilgan tanlab olish dalolatnomasi bilan birga sinov laboratoriyalariga yetkaziladi.
Tanlab olish dalolatnomasi uch nusxada toʻldiriladi va bir nusxadan Agentlik yoki uning hududiy tuzilmasi, vakolatli organ hamda sinov laboratoriyasi xodimlariga beriladi. Tanlab olish dalolatnomasi uni toʻldirgan mutaxassis hamda Agentlik yoki uning hududiy tuzilmasi xodimi tomonidan imzolanadi.
21. Tovarlarni testdan oʻtkazish uchun tegishli sinov laboratoriyalariga yetkazish nazorat xaridi yakunlanadigan kundan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
22. Tovarlarni testdan oʻtkazish milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan davlat va nodavlat sinov laboratoriyalarida shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
23. Tovar namunalarini testdan oʻtkazish ushbu tovarlarga nisbatan belgilangan texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq, shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
24. Test natijalari boʻyicha tovar sifati va xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlmagan holatlar aniqlanganda, qonunchilik hujjatlariga koʻra tegishli harakatlarni amalga oshirish uchun test natijalari Agentlik tomonidan vakolatli organlarga yuboriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Nazorat xaridi bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish
25. Nazorat xaridi bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
27. Nazorat xaridi maqsadli korporativ bank kartasi yordamida Agentlik yoki uning hududiy tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, nazorat xaridini oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqda Agentlik yoki uning hududiy tuzilmalarining moddiy javobgar xodimiga beriladigan pul miqdorini qayd etgan holda, naqd pul shaklida ham toʻlanishi mumkin.
28. Maqsadli korporativ bank kartalari Agentlik hamda uning hududiy tuzilmalari uchun alohida ochiladi. Ushbu maqsadli korporativ bank kartalaridan faqatgina nazorat xaridini amalga oshirishda foydalaniladi.
30. Nazorat xaridi natijalari, uni amalga oshirish davomida toʻplangan foto va videomateriallar Agentlik rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida joylashtirilishi mumkin.
31. Nazorat xaridini amalga oshirishda yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish qatʼiyan taqiqlanadi.
32. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
33. Ishlab chiqaruvchi (yoki ular isteʼmolchidan daʼvo qabul qilishga vakolat berilgan shaxs) nazorat xaridi va tovarlarni testdan oʻtkazish natijalari ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi sxemasi
Nazorat xaridini oʻtkazish rejasini shakllantiradi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi
Har yili, yanvar oyida
2-bosqich
Agentlik
Nazorat xaridini oʻtkazish rejasini rasmiy veb-saytda joylashtiradi
Har yili, yanvar oyida
3-bosqich
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
Nazorat xaridini amalga oshirishda foydalanish uchun maqsadli korporativ bank kartasi ochadi va Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari jamgʻarma hisobidan zarur miqdorda pul mablagʻi oʻtkazadi
Har yili, yanvar oyida
4-bosqich
Agentlik
Tasdiqlangan rejaga koʻra, OAV maʼlumotlari yoki murojaat kelib tushganda nazorat xaridini hamkorlik amalga oshirish uchun vakolatli organdan (“Oʻzstandart” agentligi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati, Veterinariya) mutaxassis jalb qilinadi
Tadbir oʻtkazilishidan 3 kun avval
5-bosqich
Agentlik
Tasdiqlangan rejaga koʻra, OAV maʼlumotlari yoki murojaat kelib tushganda nazorat xaridini amalga oshirish toʻgʻrisida Agentlik direktori tomonidan buyruq chiqariladi.
Tadbir oʻtkazilishidan 1 kun avval
6-bosqich
Agentlik va/yoki uning hududiy tuzilmalari, vakolatli organlar
Masʼul xodim buyruqda koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektdan (joyiga chiqqan holda) belgilangan tovarni ekspertizadan oʻtkazish natijalariga asosan kassa va/yoki tovar cheki bilan sotib oladi (zarur hollarda foto- va videotasvirga olish vositalaridan foydalanadi)
Buyruqda koʻrsatilgan sanada
7-bosqich
Agentlik va/yoki uning hududiy tuzilmalari, vakolatli organlar
Savdo obyekti hududidan tashqarida tovar namunalarini tanlab olish dalolatnomasi va nazorat xaridini oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi
Nazorat xaridi oʻtkazilgan kunda
8-bosqich
Vakolatli organlar
Nazorat xaridi davomida olingan tovar namunalari savdo nomlari olib tashlangan va toʻliq berkitilgan, biroq isteʼmol qadogʻi saqlangan holda tegishli sinov laboratoriyalariga yetkaziladi
Nazorat xaridi oʻtkazilgan kunda
9-bosqich
Akkreditatsiya qilingan davlat va nodavlat laboratoriyalar
Tovar namunalarini testdan oʻtkazadi vasinov bayonnomalarini Agentlikka yuboradi
Texnik hujjatlar va shartnomada belgilangan muddatda
10-bosqich
Agentlik
Test natijalari boʻyicha tovar sifati va xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlmagan holatlar aniqlanganda, qonunchilik hujjatlariga koʻra tegishli harakatlarni amalga oshirish uchun vakolatli organlarga yuboriladi
Test natijalari olingan kundan 3 kungacha muddatda
11-bosqich
Vakolatli organlar
Tovar sifati va xavfsizlik talablari buzilishi holati boʻyicha ishlab chiqaruvchi yoki import tovarlar boʻyicha uning vakolatli shaxsiga tegishli chora koʻradi
Belgilangan muddatda
12-bosqich
Agentlik
Isteʼmolchi va tadbirkorlarni sifat va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar va uning ishlab chiqaruvchilari toʻgʻrisida xabardor qilish maqsadida nazorat xaridi natijalari boʻyicha ommaviy axborot vositalarida axborot joylashtiradi
Nazorat xaridi natijalari boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida MAʼLUMOTNOMA*
3. Ishlab chiqaruvchi tomonidan oʻrnatilgan yaroqlilik muddatiga amal qilinishi. _________________________________________________________________________________________
Nazorat xaridini oʻtkazish davomida xarid qilingan tovarlar tanlab olish dalolatnomasiga muvofiq __________________________________________________________________
* Nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va unga ilova qilinadigan tovar namunalarini tanlab olish dalolatnomasi nazorat xaridi tadbiri yakunlangandan soʻng savdo obyekti hududidan tashqarida rasmiylashtiriladi.