1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.02.00 Sanoat sohasidagi boshqaruv / 09.10.02.02 Sanoat sohasida boshqaruv;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.22.00 Oziq-ovqat sanoati / 09.10.22.01 Alkogol va tamaki mahsulotlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON GOʻShT VA SUT SANOATI (“OʻZGOʻShTSUTSANOAT”) DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASINI TAShKIL QILISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 12-dekabrdagi 325-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2015-yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 31-oktabrdagi PQ-1633-son qarori)gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”) davlat-aksionerlik uyushmasini tashkil qilish toʻgʻrisida” gi Farmonni ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi:
goʻsht va sut yetishtiruvchi va ularni qayta ishlovchi hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari tomonidan, tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan boshqa tarmoqlar korxonalari va tashkilotlari hamda xorijiy yuridik shaxslar ishtirokida tuziladi;
oʻz faoliyatini qatnashchilarning pay va kirish badallari hamda ular tomonidan berilgan vakolatlar va funksiyalar asosida tashkil etadi;
ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliyaviy faoliyat masalalarini mustaqil hal etadi, markazlashtirilgan sugʻurta, zaxira va boshqa jamgʻarmalarni tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi, uning faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni esa Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi amalga oshiradi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari:
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona va tashkilotlari aksiyalash prinsiplari boʻyicha ixtiyoriy ravishda birlashtiriladilar, oʻz muassislari oldida oʻzlariga berilgan funksiyalarni bajarish boʻyicha javob beradilar;
“Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasining yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan qatnashchilari sifatida oʻz faoliyatini birlashma qatnashchilarining umumiy yigʻilishi tasdiqlaydigan birlashma Ustaviga muvofiq amalga oshiradilar;
viloyat dehqonchilik sanoati uyushmasi tarkibiga kiradilar, hududiy jihatdan viloyat hokimining dehqonchilik sanoati masalalari boʻyicha oʻrinbosariga, asosiy ishlab chiqarish faoliyati boʻyicha esa “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi Boshqaruviga boʻysunadilar;
birlashmalarning raislari viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga koʻra muassislar yigʻilishlari tomonidan saylanadilar va “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadilar;
goʻsht va sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi hududiy davlat-aksionerlik birlashmasining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi ikki hafta muddat ichida hududiy davlat-aksionerlik birlashmasining namunaviy ustavini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olsin.
Goʻsht-sut sanoati korxonalari va tashkilotlari davlat-aksionerlik birlashmalarining taʼsis hujjatlarini ishlab chiqishda, hokimlar esa ularni roʻyxatga olishda koʻrsatib oʻtilgan namunaviy tuzilmaga va namunaviy ustavga amal qilsinlar.
4. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat-aksionerlik uyushmasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq davlat-aksionerlik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlardan iborat tarkibda tasdiqlansin.
5. Kengash “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, u Boshqaruvni va taftish komissiyasini saylaydi. Uyushmani boshqarish apparati tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq va apparat xodimlarining cheklangan soni 70 kishidan iborat qilib tasdiqlansin. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasida raisning 4 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, 1 nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat berilsin. Uyushma Boshqaruvi rahbariyati uyushma kengashi tomonidan saylanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruv raisi lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hayʼati aʼzolari tarkibiga kiradi.
Uyushma raisi maqomi, maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha respublika vaziriga, raisning birinchi oʻrinbosari vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
6. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi bir oy muddat ichida uyushma Ustavini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi 1993-yil mobaynida goʻsht-sut sanoati davlat korxonalarini mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish hamda 1993-yilda hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarini taʼsis etishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni (4-ilova) amalga oshirsinlar.
8. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid tashkiliy tadbirlarni oʻtkazishda korxonalarini yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish maqsadga muvofiq ekanligidan kelib chiqish zarur. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi “Oʻzdavjamgʻarma” timsolida davlat, “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi, korxonalar va tashkilotlarning jamoalar respublikaning yuridik shaxslari va xorijiy yuridik shaxslar uning ishtirokchilari boʻlishlari mumkin.
Korxonalar va tashkilotlarni aksionerlik jamiyatlariga aylantirishda ushbu aksionerlik jamiyatlari har birining davlatga tegishli boʻlgan aksiyalari ulushi 51 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi:
davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar paketlariga muvofiq aksionerlik jamiyatlari faoliyatiga rahbarlik qilish huquqlarini hududiy davlat-aksionerlik birlashmalariga berishni;
davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar boʻyicha dividendlarning bir qismini davlat-aksionerlik birlashmalariga, aksionerlik jamiyatlariga ularni rivojlantirish uchun shartnoma asosida berishni amalda qoʻllasin.
10. Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 11-yanvardagi 5-son qarori 3-bandi “b” kichik bandining Respublika goʻsht va sut sanoati ishlab chiqarish birlashmasi (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”)ni tashkil etishga oid qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi oʻrinbosari oʻrtoq I.X. Joʻrabekov zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yilning iyul oyida Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui majlisida koʻrib chiqilsin.