toggle_night_mode
Hujjat 13.01.2021 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud qarorlarini qayta koʻrish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 11-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 19-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 27-moddaning birinchi qismidagi “tuman (shahar) maʼmuriy sudi” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 28-moddaning birinchi qismidagi “tuman (shahar) maʼmuriy sudi” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 29-moddaning birinchi qismidagi “tuman (shahar) maʼmuriy sudi” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 291-moddaning birinchi qismidagi “tuman (shahar) maʼmuriy sudi” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 38-moddaning ikkinchi qismidagi “maʼmuriy sud” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sud” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 242-moddaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar”;
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“245-modda. Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar”;
birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlaridagi “Maʼmuriy sudlar”, “maʼmuriy sudlar” degan soʻzlar tegishincha “Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar”, “jinoyat ishlari boʻyicha sudlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 288-moddaning uchinchi qismidagi “maʼmuriy sud” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sud” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 294-moddaning uchinchi qismidagi “maʼmuriy sudning” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sudning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10) 308-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ oʻz hisobidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli”;
11) 309-moddaning ikkinchi qismi “qabul qilingan qaror” degan soʻzlardan keyin “shuningdek uning ustidan shikoyat berish muddati va tartibi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
12) XXIV bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“XXIV BOB. MAʼMURIY HUQUQBUZARLIK TOʻGʻRISIDAGI ISh YuZASIDAN QAROR (AJRIM) USTIDAN ShIKOYAT BERISh VA PROTEST BILDIRISh”;
13) 314-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror ustidan oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ tomonidan shikoyat berilishi mumkin.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha sudning qarori ustidan shikoyat berish ushbu Kodeksning XXIV1 bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
14) 315-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining qarori ustidan esa apellatsiya instansiyasi sudiga shikoyat berilishi mumkin. Iqtisodiy sudning qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda, fuqarolik ishlari boʻyicha sudning qarori ustidan esa Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin”;
15) 317-modda birinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) jinoyat ishlari boʻyicha sud sudyasining qarori ustidan — ushbu Kodeksning XXIV1-bobida belgilangan tartibda apellatsiya instansiyasi sudiga”;
16) 319-moddaning uchinchi qismidagi “tuman (shahar) maʼmuriy sudining” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
17) XXIV1 bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“XXIV1 BOB. JINOYAT IShLARI BOʻYIChA SUDNING MAʼMURIY HUQUQBUZARLIK TOʻGʻRISIDAGI ISh YuZASIDAN QARORINI (AJRIMINI) QAYTA KOʻRISh BOʻYIChA ISh YuRITISh”;
18) XXIV1 bobning 1-paragrafi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1-§. Apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritish
3241-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.
Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellatsiya instansiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim.
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.
3242-modda. Apellatsiya tartibida ishlarni qayta koʻruvchi sudlar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish natijalari yuzasidan birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini apellatsiya tartibida tekshiradi.
3243-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) qaror oʻqib eshittirilgan kundan eʼtiboran yigirma sutka ichida, oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qarorning koʻchirma nusxalari ularga topshirilgan yoki ular tomonidan ushbu koʻchirma nusxalar olingan kundan eʼtiboran xuddi shu muddatda berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, apellatsiya shikoyati (protesti) beruvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra, qarorni chiqargan sud, agar muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomani rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, uning ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
3244-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat bergan shaxs shikoyatni qaytarib olishga haqli. Protestni qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir.
Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga apellatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
3245-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) u ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
Ushbu Kodeksning 512, 513, 514, 515, 516, 517, 518, 519-moddalarida nazarda tutilgan birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qarorlari ustidan berilgan apellatsiya shikoyatlari (protestlari) ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) shikoyat (protest) berilgan paytdan eʼtiboran bir sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
3246-modda. Sud xabarnomalari va chaqiruvlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya shikoyati (protesti) koʻriladigan vaqt va joy haqida sud chaqiruv qogʻozlari, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
3247-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish tartibi
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi.
Sud majlisida raislik qiluvchi qanday ish koʻrilishini, apellatsiya shikoyati (protesti) kim tomonidan va qaysi sudning qarori ustidan berilganligini maʼlum qiladi, ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, rad qilish haqidagi arzlarni hamda iltimosnomalarni hal qiladi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni apellatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, apellatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi.
Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Apellatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud agar prokuror protest bergan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.
Sud apellatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirish bergan ketma-ketlikda muzokaralarga chiqish imkoniyatini yaratadi.
Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.
3248-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida;
2) birinchi instansiya sudi qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;
3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) apellatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan apellatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori u oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
3249-modda. Apellatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxasini yuborish (topshirish)
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin uning koʻchirma nusxasi oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxsga, maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga uch sutkagacha boʻlgan muddatda topshiriladi yoki yuboriladi, shuningdek jabrlanuvchiga oʻz soʻroviga binoan ushbu muddatda topshiriladi yoki yuboriladi.
Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qaror u qabul qilingan kuni qarorni ijro etuvchi organning, mansabdor shaxsning, shuningdek oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsning va jabrlanuvchining eʼtiboriga yetkaziladi”;
19) XXIV1 bobning 2-paragrafi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-§. Kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish
32410-modda. Kassatsiya tartibida sud hujjatlarini qayta koʻrish
Kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha apellatsiya tartibida koʻrilgan qarorlari va apellatsiya instansiyasi sudining qarorlari qayta koʻrilishi mumkin.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar kassatsiya tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi.
32411-modda. Kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ sud hujjatlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlari sud hujjatlari ustidan kassatsiya tartibida protest keltirishga haqli.
32412-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi va muddati
Kassatsiya shikoyati (protesti) bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan hollarda, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga asosan, agar uni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
32413-modda. Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni
Kassatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) shikoyat (protest) berilayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi va ishdagi protsessual holati;
3) birinchi, apellatsiya instansiyasida ishni koʻrgan sudlar, shuningdek ular tomonidan qabul qilingan qarorlar mazmuni;
4) shikoyat berilayotgan (protest bildirilayotgan) sud hujjatlari;
5) sud hujjatini kassatsiya tartibida qayta koʻrish uchun asoslar, bunday asoslar mavjudligini tasdiqlovchi vajlarni keltirgan holda;
6) shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) shikoyat (protest) berayotgan shaxs tomonidan imzolanishi kerak.
Kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlarining sud tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.
32414-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish
Kassatsiya shikoyati (protesti) quyidagi hollarda koʻrib chiqilmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi bilan qaytariladi, agar u:
1) kassatsiya instansiyasi sudiga murojaat qilish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
2) ushbu Kodeksning 32413-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa;
3) ish boʻyicha qabul qilingan, sud tomonidan tasdiqlangan sud hujjatlarining koʻchirma nusxalari ilova qilinmagan boʻlsa;
4) ish kassatsiya tartibida koʻrilishi lozim boʻlmasa;
5) shikoyat (protest) belgilangan muddat oʻtkazilib berilgan boʻlsa;
6) shikoyatni (protestni) chaqirib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa.
Shikoyat (protest) bergan shaxs ushbu modda birinchi qismining 1 — 3-bandlarida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilgach, umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
32415-modda. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni talab qilib olish
Kassatsiya shikoyatini oʻrganib chiqayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni suddan talab qilib olishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning oʻrinbosarlari ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrishga asoslar mavjudligi toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni suddan talab qilib olishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda, kassatsiya protesti keltirish masalasini hal etish uchun maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni suddan talab qilib olishga haqli.
32416-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddatlari
Kassatsiya shikoyati (protesti) bir oygacha boʻlgan muddatda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish talab qilib olingan taqdirda esa, ikki oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
32417-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) oʻrganish
Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi tomonidan oʻrganilib, u koʻpi bilan oʻn sutka muddatda quyidagi masalalarni hal etadi:
1) shikoyatni (protestni) ushbu Kodeks 32414-moddasining birinchi qismiga muvofiq qaytarish uchun asoslar mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi;
2) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni talab qilib olish uchun asoslar mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi.
Shikoyatni (protestni) oʻrganish natijalariga koʻra, sudya quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) shikoyatni (protestni) ish bilan birga kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritish toʻgʻrisida;
2) shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisida.
Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga uch kunlik muddatda xabar qilinadi.
32418-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish uchun kassatsiya instansiyasi sudiga kiritish toʻgʻrisidagi ajrim mazmuni
Shikoyatni (protestni) ish bilan birga kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritish toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi;
3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) birinchi va apellatsiya instansiyasi sudining nomi va ular tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining qisqacha mazmuni;
5) kassatsiya shikoyatining (protestining) qisqacha mazmuni;
6) shikoyatni (protestni) kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritish asoslari.
Sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) kassatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish uchun kiritish bilan bir vaqtda shikoyatni (protestni) bergan shaxsning iltimosnomasiga koʻra nizolashilayotgan sud hujjatining ijrosini kassatsiya tartibidagi ish yuritish tamomlangunga qadar toʻxtatib turishga haqli.
32419-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish
Ish kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritilganligi haqida uch kunlik muddatda kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxl qilsa, xabar qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasi yoki ularning elektron nusxalari bilan kassatsiya instansiyasi sudining internet-resursi orqali tanishish imkoniyati toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning shikoyatga (protestga) doir eʼtirozlarini yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida berish huquqi, ushbu eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat (protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi.
32420-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) toʻldirish, oʻzgartirish. Shikoyatni (protestni) qaytarib olish
Kassatsiya shikoyati bergan shaxs kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisi boshlanguniga qadar uni yangi vajlar bilan toʻldirishga yoki oʻzgartirishga haqli.
Protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror protestni kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisi boshlanguniga qadar toʻldirishga yoki oʻzgartirishga haqli.
Kassatsiya shikoyatiga (protestiga) oʻzgartirish yoki toʻldirish kiritishda tegishincha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ, jabrlanuvchi yoki uning vakili yoxud prokuror tomonidan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning ahvolini yomonlashtirish toʻgʻrisida masala, agar bunday talab dastlabki kassatsiya shikoyatida (protestida) mavjud boʻlmasa, qoʻyilishi mumkin emas.
Kassatsiya shikoyati bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Kassatsiya protestini qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishda kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va bu ajrim bilan, agar sud qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat qilmagan boʻlsa, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi.
32421-modda. Ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish muddatlari va tartibi
Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi sudya ishni shikoyat (protest) bilan birga koʻrib chiqish uchun kassatsiya instansiyasi sudiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqargan kundan eʼtiboran oʻn besh sutkadan kechiktirmay ishni koʻrib chiqishga kirishishi kerak.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqish davomiyligi uni koʻrish boshlangan kundan eʼtiboran bir oydan oshmasligi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi majlisida kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar va (yoki) ularning vakillari ishtirok etishi mumkin.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor etilgan shaxslar kelmaganligi ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Kassatsiya tartibida ishni koʻrish sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi, u ishning holatlarini, ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari mazmunini, kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni bayon etadi.
Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish boʻyicha tushuntirish berishga haqli. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs birinchi boʻlib tushuntirishlar beradi, agar ish prokurorning protesti boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, birinchi boʻlib prokuror soʻzga chiqadi.
Ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim qabul qilinadi.
Ajrimning koʻchirma nusxalari kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu Kodeksning 3249-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
32422-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Kassatsiya instansiyasi sudi ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqqach, quyidagilarga haqli:
1) sud hujjatini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) sud hujjatini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ishni apellatsiya instansiyasida yangidan koʻrish uchun yuborishga;
3) sud hujjatini oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
4) ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
5) sud hujjatlarini bekor qilishga va ishni yuritishni tugatishga;
6) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirishga;
7) kassatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinganligi munosabati bilan kassatsiya ish yurituvini tugatishga.
32423-modda. Sud hujjatini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar
Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi va adolatsizligi sud hujjatini kassatsiya tartibida oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudning mazmunan toʻgʻri boʻlgan hujjati faqat birgina yuzaki asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin emas.
32424-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrimni qabul qilgan sudning nomi va tarkibi;
2) ajrim qabul qilingan sana va joy;
3) ajrim qabul qilingan ish;
4) kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlari mazmuni;
6) sudning kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan xulosalari va sud amal qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar.
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi sudya tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
32425-modda. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran koʻrish
Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning oʻrinbosarlari kiritgan protestga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻradi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish haqidagi protest kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oylik muddatda keltirilishi mumkin.
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni takroran koʻrish ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda, mazkur ishni koʻrishda ilgari ishtirok etmagan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining uch nafar sudyasidan iborat tarkibda amalga oshiriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni takroran koʻrish chogʻida ushbu Kodeksning 32422-moddasida koʻrsatilgan qarorlardan birini qabul qilishga, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudining ilgari qabul qilingan ajrimini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli.
32426-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi koʻrsatmalarining majburiyligi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqqan sudning ish holatlari toʻla-toʻkis va har tomonlama tekshirilishini taʼminlashga, shuningdek ushbu Kodeks normalari buzilishini bartaraf etishga qaratilgan koʻrsatmalari ishni yangidan koʻrayotgan apellatsiya instansiyasi sudi uchun majburiydir.
Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yangidan apellatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun yuborayotganda ayb isbotlanganligi yoki isbotlanmaganligi, u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan afzalligi, maʼmuriy huquqbuzarlikning tasnifi va maʼmuriy jazo chorasi toʻgʻrisida oldindan xulosalar chiqarishga haqli emas”;
20) 32427-moddaning matnidagi “Maʼmuriy sud” degan soʻzlar “Jinoyat ishlari boʻyicha sud” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismidagi “maʼmuriy sud” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sud” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi “kassatsiya yoki nazorat” degan soʻzlar “apellatsiya yoki kassatsiya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
22) 32429-moddaning 4-bandidagi “maʼmuriy sudning” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sudning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
23) 326-moddaning ikkinchi qismidagi “Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qarorga shikoyat berilgan” degan soʻzlar “Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror ustidan apellatsiya tartibida shikoyat berilgan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
24) 339-moddadagi “maʼmuriy sudga” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sudga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
25) 343-moddadagi “maʼmuriy sud” degan soʻzlar “jinoyat ishlari boʻyicha sud” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 12-yanvar,
OʻRQ-665-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/665/0015-son)