1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.09.00 Oʻrta taʼlim]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-noyabrdagi PQ-4537-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov va Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-dekabr,
832-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 832-son qaroriga ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini (keyingi oʻrinlarda — umumtaʼlim obyektlari) yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida qurilish-montaj ishlarining “Zamonaviy maktab” talablari asosida amalga oshirilishida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda — “Injiniring kompaniyasi” DUK) tomonidan olib boriladigan sifat nazorati va yakuniy nazorat tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sifat nazorati — umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ish hajmlarining “Zamonaviy maktab” talablari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlariga mos ravishda sifatli bajarilganligi yuzasidan olib boriladigan nazorat;
yakuniy nazorat — umumtaʼlim obyektlarida qurilish-montaj ishlari yakunlangani toʻgʻrisida ogohlantirish taqdim qilingan paytdan boshlab 10 ish kunidan kechikmasdan “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan buyurtmachi tashkilot, qurilish-pudrat (yordamchi pudratchi), loyihachi tashkilotlar vakillari ishtirokida bajarilgan ishlarning yakuniy nazorati.
3. Umumtaʼlim obyektlarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarining nazorati ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizom qoidalari moliyalashtirish manbaidan qatʼi nazar yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan barcha davlat umumtaʼlim obyektlarida amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlari uchun majburiydir.
Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida qurilish-montaj ishlarining ushbu Nizomga muvofiq sifat hamda yakuniy nazoratining amalga oshirilishi umumtaʼlim obyektlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat, mualliflik va texnik nazorat, shuningdek nazorat oʻlchovining oʻtkazilishini istisno etmaydi.
5. Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida qurilish-montaj ishlarining “Zamonaviy maktab” talablari asosida amalga oshirilishining sifat nazorati quyidagi asosiy tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
sifat nazoratini amalga oshirishning xolisligi va oshkoraligi;
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxl qilmaslik;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslik.
2-bob. Loyihalarni ishlab chiqish va kelishish tartibi
6. Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida loyihalash ishlari “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihalari asosida amalga oshiriladi.
7. Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida tegishli loyihalar “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan buyurtmachi vazifasini amalga oshiruvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — buyurtmachi tashkilotlar) murojaatiga koʻra shartnoma asosida tayyorlanadigan texnik topshiriqlarga muvofiq ishlab chiqiladi.
8. Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashda buyurtmachi tashkilotlar har yili oktyabr oyining oxirgi kuniga qadar keyingi yilda amalga oshiriladigan yangi qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari uchun loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish yuzasidan “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish uchun murojaat qiladilar. Shartnoma qiymati ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq mezon asosida aniqlanadi.
9. Toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnomalar qiymati doirasida “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlar ishlab chiqiladi.
10. Buyurtmachi tashkilotlar umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash yuzasidan “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshiriqlariga asosan tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazishdan oldin “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan kelishilishini taʼminlaydi.
“Injiniring kompaniyasi” DUK bilan kelishilgan loyiha-smeta hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar qoʻshimcha ravishda kelishilishi lozim.
Loyiha-smeta hujjatlarining, shuningdek ularga kiritiladigan oʻzgartirishlarning kelishuvi bepul amalga oshiriladi.
11. “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshiriqlariga asosan tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini, shuningdek ularga kiritiladigan oʻzgartirishlar belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlash uchun buyurtmachi tashkilotlar masʼul hisoblanadi.
12. “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan loyiha-smeta hujjatlari qabul qilib olingan kundan boshlab 7 ish kunida kelishiladi. Kelishuv loyiha-smeta hujjatlarining asl nusxalariga “Injiniring kompaniyasi” DUKning “Kelishildi” shtampi hamda masʼul shaxsning imzosini qoʻyish orqali rasmiylashtiriladi.
13. Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida “Injiniring kompaniyasi” DUKning texnik topshiriqlaridagi quyidagi talablarning inobatga olinmaganligi ularning kelishuvi rad etilishi uchun asos boʻlishi mumkin:
konstruktiv yechimlar, asosiy qurilish konstruksiyalari va materiallariga boʻlgan talablar;
muhandislik-texnologik uskunalarga, muhandislik tarmoqlari bilan taʼminlash loyihalariga boʻlgan talablar;
obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga boʻlgan talablar;
favqulodda vaziyatdan ogohlantirish boʻyicha muhandislik-texnik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga doir talablar.
Bunda, “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan ushbu Nizomning 12-bandida koʻrsatilgan muddat ichida asoslantirilgan yozma xulosa taqdim etiladi.
3-bob. Qurilish-montaj ishlari davrida sifat nazoratini amalga oshirish tartibi
14. “Injiniring kompaniyasi” DUK umumtaʼlim obyektlarini “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihalari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida sifat nazoratini amalga oshiradi.
15. “Injiniring kompaniyasi” DUK buyurtmachi tashkilotlar tomonidan umumtaʼlim obyektlarida qurilish-montaj ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida yozma ogohlantirish xati taqdim etilgan vaqtdan boshlab 15 kun ichida sifat nazoratini amalga oshirishga kirishadi. Yozma ogohlantirish xati qurilish-montaj ishlari boshlangan vaqtdan boshlab 3 ish kuni ichida taqdim etilishi lozim. Umumtaʼlim obyektida qurilish-montaj ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida yozma (elektron) ogohlantirishning oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun javobgarlik buyurtmachi tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
16. Umumtaʼlim obyektlarida qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan ish hajmlarining loyiha-smeta hujjatlari hamda “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqlarga mos ravishda bajarilganligi ustidan sifat nazorati bevosita joylarga chiqqan holda amalga oshiriladi.
17. Sifat nazoratini amalga oshirish jarayonida bino va inshootlarning sifatiga taʼsir qiluvchi, tasdiqlangan loyihadan chetga chiqish aniqlangan holatlarda hamda bino va inshootlarning sifatiga taʼsir qiluvchi bartaraf etish mumkin boʻlmagan loyihadan chetga chiqish holatlari aniqlanganda dalolatnoma, ushbu Nizom 18-bandining toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holda taqdimnoma rasmiylashtirilishi mumkin.
18. Sifat nazoratini amalga oshirish jarayonida “Injiniring kompaniyasi” DUK mutaxassislari quyidagi vakolatlarga ega:
buyurtmachi tashkilotlar tomonidan qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan umumtaʼlim obyektlaridagi qurilish-pudrat tashkilotlari, ular tomonidan bajarilgan ish hajmlari va sifat nazoratini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar taqdim etilishini talab qilish;
qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan umumtaʼlim obyektiga qurilish-pudrat tashkiloti vakili, buyurtmachining texnik nazoratchisi, loyihachining mualliflik nazorati xodimini chaqirtirish va tushuntirish (ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda) olish;
bino va inshootlarning sifatiga taʼsir qiluvchi, tasdiqlangan loyihadan chetga chiqish aniqlangan holatlarda qurilish-montaj ishlarini 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish hamda nomuvofiqliklar (kamchiliklar)ning bartaraf etilishini taʼminlash boʻyicha tegishli qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyasiga taqdimnoma kiritish;
bino va inshootlarning sifatiga taʼsir qiluvchi bartaraf etish mumkin boʻlmagan loyihadan chetga chiqish holatlari aniqlanganda, demontaj ishlarini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha tegishli qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyasiga taqdimnoma kiritish;
qurilish-montaj ishlari bajarilishida loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq boʻlmagan sifatsiz amalga oshirilgan holatlar aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda sifatsiz ishlar hajmini umumiy ish hajmidan chegirib tashlash yuzasidan buyurtmachi tashkilotga yozma koʻrsatma berish.
4-bob. Qurilishi tugallangan umumtaʼlim obyektlarida yakuniy nazoratni amalga oshirish tartibi
19. Buyurtmachi tashkilotlar “Injiniring kompaniyasi” DUKni umumtaʼlim obyektlarida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari yakunlangan vaqtdan boshlab 3 kun ichida bu toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantirishi shart.
20. Umumtaʼlim obyektlarida qurilish-montaj ishlari yakunlangani toʻgʻrisida ogohlantirish taqdim qilingan paytdan boshlab 10 ish kunidan kechikmasdan “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan buyurtmachi tashkilot, qurilish-pudrat (yordamchi pudratchi), loyihachi tashkilotlar vakillari ishtirokida bajarilgan ishlarning yakuniy nazoratini amalga oshirishga kirishiladi. Yakuniy nazorat davomiyligi amalga oshirilgan ishlar hajmi, bino-inshootlarning murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda, lekin 30 kundan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.
21. Yakuniy nazorat “Injiniring kompaniyasi” DUKning bir yoki bir necha mutaxassislari tomonidan, zarur hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnomalar asosida jalb qilinadigan malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
22. Buyurtmachi tashkilot yakuniy nazoratni amalga oshirish uchun “Injiniring kompaniyasi” DUK talab etgan barcha zarur hujjatlarni taqdim etilishiga masʼul hisoblanadi.
23. Qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlangan umumtaʼlim obyektlarini foydalanishga qabul qilishga yakuniy nazorat natijalari yuzasidan rasmiylashtiriladigan dalolatnomaning “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan imzolanganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
24. Yakuniy nazorat natijalari uch nusxada dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi. Dalolatnomalarning bir nusxasi “Injiniring kompaniyasi” DUKda saqlanadi, ikkinchi va uchinchi nusxalari tegishlicha buyurtmachi tashkilot va bosh pudratchiga taqdim etiladi.
25. “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan amalga oshirilgan yakuniy nazorat natijasiga koʻra umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida loyiha-smeta hujjatlariga mos boʻlmagan, “Zamonaviy maktab” talablari buzib bajarilgan holatlar aniqlangan taqdirda, buyurtmachi qurilish-pudrat va loyihachi tashkilotlar bilan birgalikda ushbu aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni 15 kundan oshmagan muddatda bartaraf etishlari yuzasidan yozma koʻrsatma rasmiylashtirilishi lozim.
Aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish imkoni mavjud boʻlmagan taqdirda, sifatsiz va belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda koʻrsatilgan qurilish-montaj ishlari qiymatini sud orqali undirish boʻyicha daʼvo arizalari kiritilishi mumkin.
26. Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida sifatsiz bajarilgan, belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda koʻrsatilgan qurilish-montaj ishlari boʻyicha undirilgan summalarning 90 foizi tegishli umumtaʼlim obyektlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun boʻysunuviga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, 10 foizi esa “Injiniring kompaniyasi” DUKning maxsus hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
27. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Umumtaʼlim obyektlarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarining nazoratini amalga oshirish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
(loyihalarni ishlab chiqish va kelishish)
Buyurtmachi tashkilotlar
“Injiniring kompaniyasi” DUKga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish maqsadida murojaat qiladilar.
Loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish maqsadida “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzadilar.
Kelgusi yil uchun joriy yil oktyabr oyining oxirgi kuniga qadar
“Injinirin� kompaniyasi” DUK
Shartnoma asosida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
Buyurtmachi tashkilotlar
“Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshiriqlariga asosan tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini “Iijiniring kompaniyasi” DUK bilan kelishilishini taʼminlaydi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishdan oldin
“Injiniring kompaniyasi” DUK
“Kelishildi” shtampi hamda masʼul shaxsning imzosi qoʻyilgan holda loyiha-smeta hujjatlarining kelishuvini amalga oshiradi yoki kelishuvni rad etish toʻgʻrisida buyurtmachi tashkilotga asoslantirilgan yozma xulosasini taqdim qiladi.
Loyiha-smeta hujjatlari qabul qilib olingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida
2-bosqich
(sifat nazoratini amalga oshirish)
“Injiniring kompaniyasi” DUK
Umumtaʼlim obyektlarini “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihalari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida sifat nazoratini amalga oshiradi.
Qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi davomida doimiy
Buyurtmachi tashkilotlar
“Injiniring kompaniyasi” DUKni umumtaʼlim obyektlarida qurilish-montaj ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantiradi.
Qurilish-montaj ishlari boshlangan vaqtdan boshlab 3 kun ichida
“Injiniring kompaniyasi” DUK
Sifat nazoratini amalga oshirishga kirishadi.
Qurilish-montaj ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida yozma ogohlantirish olingan vaqtdan boshlab 15 kun ichida
3-bosqich
(yakuniy nazoratni amalga oshirish)
Buyurtmachi tashkilotlar
“Injiniring kompaniyasi” DUKni umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantiradi.
Qur�lish-montaj ishlari yakunlangan vaqtdan boshlab 3 kun ichida
“Injiniring kompaniyasi” DUK
Buyurtmachi, qurilish-pudrat (yordamchi pudratchi), loyihachi tashkilotlar vakillari ishtirokida bajarilgan ishlarning yakuniy nazoratini amalga oshirishga kirishadi.
Yakuniy nazorat davomiyligi amalga oshirilgan ishlar hajmi, bino-inshootlarning murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda, lekin 30 kundan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.
Qurilish-montaj ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisida yozma ogohlantirish olingan vaqtdan boshlab 10 ish kuni ichida
Buyurtmachi tashkilotlar
Yakuniy nazoratni amalga oshirish uchun “Injiniring kompaniyasi” DUK talab etgan barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi.
“Injiniring kompaniyasi” DUKning birinchi talabiga muvofiq
“Injiniring kompaniyasi” DUK
Yakuniy nazorat natijalari asosida 3 nusxada dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Umumtaʼlim obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida loyiha-smeta hujjatlariga mos boʻlmagan, “Zamonaviy maktab” texnik talablarini buzib bajarilgan, sifatsiz holatlar aniqlangan taqdirda, buyurtmachiga qurilish-pudrat tashkilotlari va loyihachilar bilan birgalikda aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yozma koʻrsatma beradi.
Yakuniy nazorat natijalari asosida
Buyurtmachi va qurilish-pudrat tashkilotlari
Loyihachilar bilan birgalikda aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
“Injiniring kompaniyasi”ning yozma koʻrsatmasini olgan kundan boshlab 15 kun ichida
“Injiniring kompaniyasi” DUK
Aniqlangan kamchilik va nuqsonlar 15 kunlik muddatda bartaraf etilmagan yoki ularni bartaraf etish imkoni mavjud boʻlmagan taqdirda, sifatsiz va belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda koʻrsatilgan qurilish-montaj ishlar� qiymatini iqtisodiy sudlar orqali undirish boʻyicha daʼvo arizalari kiritadi.
Belgilangan muddatlarda
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish, sifat nazorati hamda yakuniy nazoratni amalga oshirish qiymatini hisoblash
MEZONI
T/r
Umumtaʼlim obyektlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun nazarda tutilgan kapital qoʻyilmalarning limit qiymati
Umumtaʼlim obyektlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun nazarda tutilgan kapital qoʻyilmalarning limit qiymatiga nisbatan % hisobida
1.
Bazaviy hisoblash miqdorining 500 000 baravarigacha
0,5%
(biroq bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan kam boʻlmagan qiymatda)
2.
Bazaviy hisoblash miqdorining 500 000 baravari va undan ortiq
0,3%
(biroq bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan kam boʻlmagan qiymatda)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/832/1698-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)