toggle_night_mode
Hujjat 08.01.2003 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining KONSTITUTSIYAVIY qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrdagi 433-II-son Qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga navbatdagi saylov hamda Senatni shakllantirish yakunlari asosida amalga kiritilgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) maqomini belgilash, Senat faoliyatini tashkil etishga va uning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) hamda boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligiga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Senat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir.
Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat ishi yalpi majlislarga (bundan buyon matnda majlislar deb yuritiladi) va uning qoʻmitalari majlislariga toʻplanadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi.
Senatda hududiy mansublikka koʻra hamda siyosiy yoki boshqa asosda guruhlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-modda. Senat faoliyatining huquqiy asoslari
Senat faoliyatining tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Senat tarkibini shakllantirish
Senatni shakllantirish tartibi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Senatning vakolat muddati
Senatning vakolat muddati — besh yil.
Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
6-modda. Senat aʼzosi
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Senat aʼzosi boʻlishi mumkin.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Senat aʼzosi va Qonunchilik palatasi deputati boʻlishi mumkin emas.
Senat aʼzosi daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Senatning roziligisiz, Senat majlislari oraligʻidagi davrda esa, Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Senat aʼzosiga uning senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi uchinchi qismi.
Senat aʼzosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Senat aʼzolari Senatda doimiy asosda ishlashlari mumkin. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni senatorlar umumiy sonining toʻrtdan birigacha boʻlgan miqdorda belgilanadi. Ular senatorlik vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat aʼzosining maqomi qonun bilan belgilanadi.
7-modda. Senat hujjatlari
Senat oʻzining vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan, shuningdek palataning ichki faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Senat umumsiyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalar yuzasidan bayonotlar va murojaatlar bilan chiqishi mumkin, ular palataning qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Senat qarorlari, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
II. SENAT VAKOLATLARI VA FAOLIYATINING TAShKILIY ShAKLLARI
8-modda. Senat va Qonunchilik palatasining birgalikdagi vakolatlari
Senat va Qonunchilik palatasining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
2) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
3) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining hokimiyat tarmoqlari tizimini hamda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining vakolatlarini belgilash;
6) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
7) boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish;
8) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish;
9) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish;
10) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
12) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
13) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
14) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
15) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari nomzodlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
16) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish;
18) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash;
19) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
20) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya va denonsatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
21) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Qonunchilik palatasida, soʻngra Senatda koʻrib chiqiladi.
9-modda. Senatning mutlaq vakolatlari
Senatning mutlaq vakolatlari jumlasiga:
1) Senat Raisini va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislarini va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudini saylash;
Keyingi tahrirga qarang.
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisi va uning oʻrinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
Keyingi tahrirga qarang.
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Senat aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
Keyingi tahrirga qarang.
13) Reglamentni hamda oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan boshqa qarorlarni qabul qilish;
14) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan Senat qarorlarini qabul qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan mansabdor shaxslarni Senat tomonidan saylash, tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
10-modda. Senat majlisi
Senat faoliyatining tashkiliy shakli uning majlisidir.
Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi.
Senatning birinchi majlisi Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Senatning birinchi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Senatning navbatdan tashqari majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi taklifiga binoan yoki Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Faqat Senat majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari maʼqullanadi hamda Senat hujjatlari qabul qilinadi.
Senat va uning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokuror ishtirok etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
Senat majlislari ochiq va oshkora oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda, Senat yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Senat majlislarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
11-modda. Senat va Qonunchilik palatasining qoʻshma majlislari
Senat va Qonunchilik palatasining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga muvofiq qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Palatalarning qoʻshma majlisi ochiq va oshkora oʻtkaziladi.
Palatalarning qoʻshma majlisi, agar unda tegishincha Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Palatalarning qoʻshma majlislarida, agar qoʻshma majlisda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi navbatma-navbat raislik qiladi.
Palatalarning qoʻshma majlisida eshitilgan masalalar muhokamasi natijalari asosida palatalarning qoʻshma qarori qabul qilinishi mumkin. Bunda ovoz berish, qoida tariqasida, alohida-alohida oʻtkaziladi.
12-modda. Parlament soʻrovi
Senat va Senat aʼzosi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan parlament soʻrovi yoʻllashga haqli.
Parlament soʻroviga javobni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari Senat Reglamentida belgilangan muddatlarda Senat majlislarida beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
III. SENAT RAISI VA UNING OʻRINBOSARLARI. SENAT KENGAShI, QOʻMITALARI VA KOMISSIYALARI
13-modda. Senat Raisi
Senat Raisi Senat tarkib topganidan keyingi birinchi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Senat aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Senat Raisligiga nomzod koʻrsatish va saylash tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat Raisi oʻz vazifasini bajarish davrida siyosiy partiya va harakatlarga aʼzolikni toʻxtatib turadi.
Senat Raisi Senat qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Senat Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlarning uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat Raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
14-modda. Senat Raisining vakolatlari
Senat Raisi:
1) Senat va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat maʼqullagan qonunlarni imzolash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4) Senat qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
6) Senat Raisining oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
8) Senat matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hayʼatlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
9) Kengash bilan kelishilgan holda Senat matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
10) Senat matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʻradi;
12) Senat va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi;
13) Senat devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, senatorlar va Senat devoni ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
14) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va Senat Reglamentida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Senat Raisi oʻzining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli.
15-modda. Senat Raisining oʻrinbosarlari
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Senat Raisining oʻrinbosarligiga nomzodlar koʻrsatish va saylash tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlari oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyalar va harakatlarga aʼzolikni toʻxtatib turadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat Raisining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Senat Raisi yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Senat Kengashi
Senat faoliyatini samarali tashkil etish, palata qoʻmitalari ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi yuzasidan takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Senat Kengashi palata majlislari oraligʻida zaruratga qarab toʻplanadi.
Senat Kengashining tarkibiga Senat Raisi, uning oʻrinbosarlari va qoʻmitalarning raislari kiradi.
Senat Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
17-modda. Senat qoʻmitalarini saylash
Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Senat shakllanganidan keyin uning vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan rais, uning oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda qoʻmitalar saylanadi.
Senat qoʻmitalarining barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Qoʻmita tarkibiga saylanmagan senator uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli.
Senat qoʻmitalari Senat oldida masʼul va unga hisobdordir.
18-modda. Senat qoʻmitalarining vakolatlari
Senat qoʻmitalari:
1) Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga maʼqullash uchun topshirilgan qonunlar yuzasidan xulosalar beradi;
2) oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan oʻz tashabbusi bilan va Senatning topshirigʻiga binoan Senat hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
3) qonunni majlis kun tartibiga kiritish yoki uning ustida ishlashni davom ettirish yoxud asoslantirilgan holda uni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
5) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari va boshqa xulosalarni, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
6) Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlarini jalb etadi;
7) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Senat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
8) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Senat hujjatlari hamda qoʻmitalarning qarorlari ular tomonidan qanday bajarilayotgani haqidagi axborotlarini eshitadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Senat qoʻmitalarining ishini tashkil etish
Senat qoʻmitalari ishni oʻz rejalariga, shuningdek Senat, uning Raisi va Kengashi topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.
Senat qoʻmitalarining faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
20-modda. Senat qoʻmitalarining majlislari
Senat qoʻmitalarining majlislari Senat majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Senat qoʻmitalarining majlislari, agar ularda qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Senat qoʻmitalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida Senat qoʻmitalari yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
21-modda. Senat qoʻmitalarining qarorlari
Senat qoʻmitalari koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qoʻmita jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Senat qoʻmitalarining davlat organlariga yuborilayotgan qarorlari ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart, natijalari yoki koʻrilgan choralar toʻgʻrisida, agar qarorda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, uzogʻi bilan bir oydan kechiktirmay xabar qilinishi kerak.
22-modda. Senat komissiyalari
Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiyalar Senat majlisida senatorlar orasidan tuziladi. Ayni paytda komissiyani tuzishdan koʻzlangan maqsad va uning vakolatlari belgilanadi.
Komissiyalar oʻz faoliyatini zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan keyin yoki Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatadi.
Komissiyalarni tashkil etish va ularning faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
IV. QONUNNI KOʻRIB ChIQISh. KELIShUV TARTIB-QOIDALARI
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Qonunning Senat qoʻmitasi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi
Qonun Senatga kelib tushganidan keyin Senat Raisi uni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni amalga oshiradigan masʼul qoʻmitani belgilaydi.
Qonunni dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari asosida masʼul qoʻmita qonun yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Qonunning Senat majlisida koʻrib chiqilishi
Senat masʼul qoʻmitaning xulosasini olganidan keyin qonunni muhokama qiladi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan maʼqullanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda ularga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni maʼqullash uchun senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Ovoz berish ochiq yoki yashirin boʻlishi mumkin.
Ovoz berishning shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Senat tomonidan Senat majlisida hozir boʻlgan senatorlarning koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Kelishuv komissiyasi
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan koʻrsatilgan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiyaning hamraisini saylaydi.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Kelishuv komissiyasi qonunning Senat eʼtiroz bildirmagan ayrim moddalari tahririni oʻzgartirish toʻgʻrisida, agar bunday oʻzgartirishni Senatning takliflari asosida ishlab chiqilgan qonun moddalarining tahriri taqozo etadigan boʻlsa, qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasi ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasini tuzish tartibi, komissiyaning tarkibi va ishi Reglamentda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 8-noyabrdagi 152-I-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 3-dekabrdagi 112-I-sonli tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining kelishuv komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish Tartibi.
26-modda. Qonunchilik palatasida qayta koʻrib chiqilgan qonunning Senat tomonidan maʼqullanishi
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda, qonun Qonunchilik palatasida odatdagi tartibda qayta koʻrib chiqilishi lozim va u maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Senat ilgari rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda uni kelishuv komissiyasining tahririda maʼqullamasa, qonun rad etilgan hisoblanadi va u Qonunchilik palatasiga qaytarilishi kerak.
27-modda. Qonunni imzolash va uni eʼlon qilish
Senat maʼqullagan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻn kun ichida yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun oʻttiz kun ichida imzolanadi va eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʻz eʼtirozlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunning Senatda qayta koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash uchun Senatga qaytadan kiritilgan qonunni Senat koʻrib chiqib, uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan maʼqullansa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻn toʻrt kun ichida imzolanishi va eʼlon qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
V. YAKUNLOVChI QOIDALAR
29-modda. Senatni tarqatib yuborish
Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida quyidagi hollarda tarqatib yuborilishi mumkin:
Senat tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoki u bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;
Senat bilan Qonunchilik palatasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda.
Senat tarqatib yuborilgan taqdirda uch oy mobaynida uning yangi tarkibi shakllantiriladi.
Senat favqulodda holat joriy etilgan davrda tarqatilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
30-modda. Senat Reglamenti
Senat, uning organlari va mansabdor shaxslari faoliyatining tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
31-modda. Senat devoni
Senat, uning organlari va senatorlar faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika taʼminotini Senat devoni amalga oshiradi.
Senat devoni tuzilmasi, shtatlari, xodimlarining mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar Senat Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Senat devoni xodimlarining mehnatga oid munosabatlari Senatning vakolati muddatiga bogʻliq boʻlmaydi.
Senat devoni yuridik shaxs hisoblanadi.
Senat devonining tashkil etilishi va faoliyati tartibi Senat Raisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
32-modda. Senat faoliyatini moliyalashtirish
Senat faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33-modda. Senatning matbuot organlari
Senat oʻz matbuot organlariga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
432–II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 12-son, 213-modda, 2003-y., 5-son, 67-modda; 2011-y., 16-son, 160-modda; 2014-y., 16-son, 177-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda, 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son, 28.08.2019-y., 03/19/557/3657-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; 10.08.2020-y., 03/20/631/1153-son; 15.01.2021-y., 03/21/666/0032-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)