1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.06.00.00 Oʻrmonlar va oʻrmon fondiga kirmaydigan oʻsimlik dunyosidan foydalanish va muhofaza qilish / 11.06.03.00 Oʻrmon fondiga kirmaydigan oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi / 11.06.03.02 Oʻsimlik dunyosidan foydalanish huquqini berish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
1. “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirishga, olib kirishga (olib chiqishga), qayta ishlashga, saqlashga, realizatsiya qilishga (berishga), olishga va tashishga yuridik shaxslarga mazkur faoliyat turi uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan litsenziyaga asosan ruxsat etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
litsenziya talablari va shartlarini, litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxatini, shuningdek, arizani koʻrib chiqish hamda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish va dublikatini berish, litsenziya amal qilishini toʻxtatish, tugatish va bekor qilish, davlat bojini toʻlash tartibini hamda litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat mexanizmlarini nazarda tutuvchi Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
kannabis oʻsimligini yetishtirishda, ushbu oʻsimlikni va uni qayta ishlash mahsulotlarini saqlash va realizatsiya qilish (berish) hamda tashishda, shuningdek, kannabis oʻsimligini va uni qayta ishlash mahsulotlarini yoʻq qilish, hisobga olish va tarkibidagi tetragidrokannabinol miqdorini aniqlash uchun testdan oʻtkazishda litsenziatga qoʻyiladigan talablarni nazarda tutuvchi Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish, tashish, yoʻq qilish va hisobga olish boʻyicha talablar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini (Cannabis Sativa L.) (keyingi oʻrinlarda — kannabis oʻsimligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi;
kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish uchun qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlar ajratib beriladi;
kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish uchun ekin navining uchinchi va undan keyingi reproduksiyadagi urugʻliklarini ekishga yoʻl qoʻyilmaydi;
kannabis oʻsimligi va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizdan oshgan hollarda, ushbu oʻsimlik, shuningdek, uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar belgilangan tartibda olib qoʻyiladi va yoʻq qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish uchun ushbu oʻsimlik tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdorini (0,2 foizdan kam boʻlgan) minimallashtirish boʻyicha seleksiya va urugʻchilik ishlarini tashkil etsin;
Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanoat maqsadlari uchun foydalaniladigan kannabis oʻsimligidan giyohvand vositalar va psixotrop moddalar tayyorlanishining oldini olish hamda davlat ekspert tashkilotlari mintaqaviy kimyo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zarur zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash hamda akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish va tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish boʻyicha qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
770-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-son qaroriga 1-ILOVA
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini (keyingi oʻrinlarda — kannabis oʻsimligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish (keyingi oʻrinlarda — kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish) faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — litsenziyalovchi organ) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Litsenziyalarni berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va xulosalar tayyorlash litsenziyalovchi organ huzuridagi ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Ekspert komissiyasi) tomonidan amalga oshiriladi.
Ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom hamda uning tarkibi Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi vakili majburiy ravishda kiritiladi.
Ekspert komissiyasining yigʻilishlari litsenziya daʼvogarining murojaati kelib tushgan hollarda oʻtkaziladi.
4. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi hamda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni yetishtirish;
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni olib kirish (olib chiqish);
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni qayta ishlash;
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni saqlash;
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni realizatsiya qilish (berish);
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni olish;
kannabis oʻsimligi (tola va urugʻ)ni tashish.
5. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatning bir nechta turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berishda faoliyatning har bir turi litsenziyada koʻrsatiladi.
6. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
7. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Litsenziya va u boʻyicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
8. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatni amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya qilish;
yuridik shaxsning shtatida tegishli malakaga ega boʻlgan kamida uch nafar mutaxassis mavjud boʻlishi;
moddiy-texnik baza, uskunalar, boshqa texnik vositalardan foydalanishni qamrab olgan holda litsenziyalashtirilgan aniq faoliyat turini boʻyicha belgilangan talablarga rioya etish;
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun litsenziya daʼvogarida foydalaniladigan yer uchastkasi, binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarga egalik yoki boshqa ashyoviy huquqlarning boʻlishi;
ishlab chiqarish xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha talablar va normalarga rioya qilinishini taʼminlash;
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirishda foydalaniladigan yer maydonlari, binolar va inshootlar atrofida kamida toʻqson kunlik video-yozuvini saqlash imkoniyatini beradigan tungi kuzatuv imkoniyatiga ega boʻlgan uzluksiz ishlovchi videokuzatuv tizimining mavjudligi;
kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanishni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilgan xalqaro majburiyatlarni hisobga olgan holda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirish;
laboratoriyada qiyosiy tahlillarni amalga uchun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlish;
irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiyalash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
kannabis oʻsimligi tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdorini (0,2 foizdan kam boʻlgan) minimallashtirish choralarini koʻrish;
kannabis oʻsimligining xavfsizligi va saqlanishini taʼminlash;
ishlab chiqarilgan mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻliq qayta ishlash va qayta ishlangan mahsulotning kamida 50 foizini eksportga yoʻnaltirish;
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 85-son qarori bilan tasdiqlangan obyektlar (xonalar)ning giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash boʻyicha texnik talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi haqida nizom talablariga muvofiq, kannabis oʻsimligini yetishtirish yoki saqlash joylarining texnik jihatdan mustahkamlangan boʻlishi, jismonan qoʻriqlanishi hamda qoʻriqlash va yongʻin signalizatsiyasi vositalari bilan butlangan boʻlishini taʼminlash;
kannabis oʻsimligini yetishtirish yoki saqlash obyektlari (joylari) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalari tomonidan qurolli qoʻriqlanishini tashkil etish (kannabis oʻsimligini yetishtirish yoki saqlash bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda);
kannabis oʻsimligini tashishda avtotransport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati patrul avtomobillari kuzatuvini taʼminlash (kannabis oʻsimligini tashish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda);
kannabis oʻsimligida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining mavjudligini tarkibiy miqdori jihatdan toʻliq tahlil qilish imkoniga ega boʻlgan zamonaviy laboratoriyaning mavjudligi;
litsenziat tomonidan kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni “Blokcheyn” zamonaviy nazorat texnologiyasidan foydalanish.
9. Yuridik shaxsning shtatida oʻzlarining xizmat majburiyatlari talablariga muvofiq giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarga yaqinlashish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin boʻlgan surunkali ruhiy kasalliklar, narkomaniya, taksikoimaniya, alkogolizm sababli dispanserlik hisobida roʻyxatda turuvchi ishchilar, tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi mavjud boʻlgan, shuningdek, yigirma bir yoshga toʻlmagan xodimlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
10. Litsenziya olish uchun yuridik shaxs — litsenziya olishga daʼvogar (keyingi oʻrinlarda — litsenziya daʼvogari) litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza;
litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqish uchun yigʻimning litsenziya daʼvogari tomonidan toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
binolar (inshootlar)ning giyohvand vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash boʻyicha texnik talablarga mosligi toʻgʻrisidagi ichki ishlar organlarining xulosasi (kannabis oʻsimligini yetishtirish yoki saqlash bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda);
sanitariya-epidemiologik nazorat xizmatlari hududiy organlarining ishlab chiqarish inshootlari va omborxonalar, shuningdek, texnologik uskunalarning qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy organlarining ishlab chiqarishning qonun hujjatlarida belgilangan mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
hududiy yongʻin xavfsizligi organining ishlab chiqarish inshootlari va omborxonalarning qonun hujjatlarida belgilangan yongʻin xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy organlarining ishlab chiqarish sharoitlarini ekologik talablarga mosligi haqidagi xulosasi;
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan yer uchastkasi, binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarga egalik yoki boshqa ashyoviy huquqlarini tasdiqlovchi hujjat;
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan mulk va binolarni qoʻriqlash xizmatini koʻrsatish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qoʻriqlash boʻlinmalari bilan tuzilgan shartnoma (kannabis oʻsimligini yetishtirish yoki saqlash bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda);
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan kannabis oʻsimligini tashishda foydalaniladigan patrul avtomobillari kuzatuvini taʼminlash boʻyicha shartnoma (kannabis oʻsimligini tashish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda);
yuridik shaxsning shtatida oʻzlarining xizmat majburiyatlari talablariga muvofiq giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarga yaqinlashish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin boʻlgan surunkali ruhiy kasalliklar, narkomaniya, taksikoimaniya, alkogolizm sababli dispanserlik hisobida roʻyxatda turuvchi ishchilar, tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi mavjud boʻlgan, shuningdek, yigirma bir yoshga toʻlmagan xodimlar yoʻqligi toʻgʻrisida tegishli ravishda tibbiyot tashkilotlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan maʼlumotnomalar ilova qilingan maʼlumot.
Litsenziyalovchi organ, zaruratga koʻra, litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan axborotlarni belgilangan tartibda axborot almashish vositalari orqali, shu jumladan, elektron shaklda olish huquqiga ega, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlar bundan mustasno.
Litsenziya daʼvogaridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita litsenziya daʼvogari tomonidan yoki pochta aloqasi yoxud elektron shaklda taqdim etiladi hamda hujjatlar qabul qilinganligi haqida litsenziya daʼvogariga maʼlum qilinadi.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar, litsenziya daʼvogarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada litsenziya daʼvogarining elektron manzili koʻrsatiladi va uning arizasiga muvofiq qabul qilingan qarorni elektron shaklda axborot tizimi orqali olishiga rozi ekanligini bildiradi.
Hujjatlar ekspert komissiyasining masʼul kotibi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi hamda uning nusxasi hujjatlarni qabul qilingan kun haqidagi qaydi bilan litsenziya daʼvogariga yuboriladi (topshiriladi).
Ekspert komissiyasining masʼul kotibi yoʻqligi sababli hujjatlarni qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert komissiyasi masʼul kotibi vaqtinchalik boʻlmagan holatda, uning vazifalarini litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan tartibda tayinlangan shaxs amalga oshiradi.
12. Ishonchli boʻlmagan, soxta, notoʻgʻri va buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziya daʼvogari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish hamda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Litsenziya daʼvogarining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlov kunida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organning bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Litsenziya daʼvogarining arizadan voz kechishi yoki uning talablarga mos kelmasligi holatlarida toʻlangan yigʻim miqdori qaytarilmaydi.
14. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemada amalga oshiriladi.
15. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlari bilan toʻliq qabul qilib olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmagan muddatda qabul qilinadi.
Bunda litsenziyalovchi organ zarur hollarda, joyiga chiqib tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda kannabis oʻsimligini yetishtirish, saqlash, ishlab chiqarish va laboratoriyalarning taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq kelishini tekshirish huquqiga ega.
Agarda litsenziyalovchi organ litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddatida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qarorni qabul qilmasa, unda koʻrsatilgan muddat oʻtishi bilan litsenziya daʼvogari litsenziyalovchi organga yozma tarzda xabardor qilgan holda arizada koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega. Bunda litsenziyalovchi organ daʼvogarning yozma xabarnomasini olgan kundan besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shart.
16. Litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlari bilan ularni qabul qilgan kuni koʻrib chiqish uchun ekspert komissiyasiga taqdim etiladi.
Ekspert komissiyasi oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va u boʻyicha litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida ekspert xulosasini tayyorlaydi.
17. Litsenziyalovchi organ besh ish kuni ichida ekspert komissiyasining xulosasiga asosan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan soʻng uch kun ichida litsenziya daʼvogarini qabul qilingan qaror haqida xabardor qiladi.
18. Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma tarzda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi) va bir vaqtning oʻzida litsenziya shartnomasi imzolash uchun yuboriladi (topshiriladi).
19. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har yillik davlat boji undiriladi.
Bunda jami bojlarning 60 foizi Oʻzbekiston Respublikasi budjetiga, 40 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
20. Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya shartnomasi litsenziyalovchi organ hamda litsenziat oʻrtasida tuziladi. Litsenziya shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak:
shartnomani imzolovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tomonlarning rekvizitlari;
faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berilgan faoliyat turi nomi;
litsenziatga quyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziyaning amal qilish muddati;
kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq faoliyatning koʻrsatilgan turi amalga oshiriladigan manzil (shu jumladan, tuzilmaviy boʻlinmalarning manzillari);
litsenziya shartnomasi talablarini buzganlik uchun tomonlarning oʻzaro javobgarligi;
litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatning litsenziya shartnomasi talablari va shartlarini bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
Litsenziya shartnomasi litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun ikki nusxada tuziladi.
21. Litsenziya ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi blankda rasmiylashtiriladi.
Litsenziya blankalari qatʼiy hisobda turuvchi hujjat boʻlib, roʻyxat seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega.
Litsenziya blankalari litsenziyalovchi organ tomonidan berilgan buyurtmaga muvofiq davlat belgilarini chop etish huquqiga ega boʻlgan vakolatli organ tomonidan nashr etiladi.
Litsenziya blankalarining hisobi, ularni saqlash va maqsadli ishlatishi uchun litsenziyalovchi organ rahbari javobgar boʻladi.
22. Litsenziya daʼvogari tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat hamda u tomonidan imzolangan litsenziya shartnomasi taqdim etilganidan soʻng uch kun muddatda rasmiylashtiriladi.
23. Litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) kundan uch oy muddatda litsenziyalovchi organga davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.
24. “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida belgilangan asoslarga koʻra litsenziya berilishi rad etilishi mumkin.
Litsenziya daʼvogari litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan, shuningdek, litsenziyalovchi organning mansabdor shaxsi harakati (harakatsizligi)dan norozi boʻlganda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
25. Ekspert komissiyasining litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qarori qabul qilingan hollarda, rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma tarzda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron shaklda, rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda hamda litsenziya daʼvogari koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishga yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga yetarli boʻlishi va besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
26. Litsenziya berishni rad etishga asos boʻlgan kamchiliklar litsenziya daʼvogari tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ tomonidan hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya daʼvogarining barcha zarur hujjatlar bilan arizasini olgan kundan oʻn ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Bunda takroran taqdim etilgan hujjatlar qabul qilingan kunda ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Ekspert komissiyasi yetti ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarni takroran koʻrib chiqadi va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish boʻyicha ekspert xulosasini tayyorlaydi.
Litsenziyalovchi organ ekspert komissiyasi xulosasi taqdim etilgandan soʻng uch ish kun ichida ekspert komissiyasi xulosasiga asosan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
27. Litsenziya daʼvogarining arizasini takroran koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya daʼvogarining arizasini takroran koʻrib chiqishda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilmagan asoslar bilan litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan soʻng berilgan ariza, yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish va dublikatini berish
28. Litsenziat qayta tashkil etilganda yoki nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), faoliyatini amalga oshirish joyi oʻzgargan hollarda, litsenziat yoki uning vorisi qayta tashkil etilgandan soʻng bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berishi shart.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan subyektlar oʻzaro qoʻshilib ketgan hollarda litsenziya ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan tartibda qayta rasmiylashtiriladi.
Faoliyatning litsenziyalangan qismiga (qismlariga) litsenziyaning amal qilishi toʻxtatilganda litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.
29. Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyatni oldin berilgan litsenziyaga muvofiq amalga oshiradi.
30. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartishlar kiritadi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan ariza olingandan soʻng yoki faoliyatning litsenziyalashtirilgan qismi (qismlari)ga berilgan litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya daʼvogarining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organ bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
31. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish, litsenziatning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziya muddatining tugashiga qadar ikki oydan kechiktirmay beriladi. Litsenziya muddatini uzaytirish litsenziya berish uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
32. Litsenziatning arizasiga muvofiq, yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan va amal qilish muddati oʻtmagan litsenziya oʻrniga dublikat berilishi mumkin.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya daʼvogarining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
6-bob. Litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat
33. Litsenziatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishda tegishli davlat organlari vakillarini jalb etgan holda oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini uning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda rejali oʻrganish;
litsenziatni oldindan xabardor qilmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilini xabardor qilish tartibida tekshirishlarni elektron roʻyxatga olishning yagona tizimida roʻyxatdan oʻtish orqali barcha maʼmuriy, ishlab chiqarish, laboratoriya inshootlari va omborxonalar, ekinlar va maydonlar, ishlab chiqarish liniyalari, uskuna, transport vositalari va boshqa texnikalarni borib koʻrish;
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini oʻrganish jarayonida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha zarur axborotlarni litsenziatdan soʻrash va olish;
oʻrganish natijalari boʻyicha litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etmaganligi aniq koʻrsatilgan dalolatnoma (maʼlumotnoma) tuzish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etmaslik holatlari boʻyicha mansabdor shaxslardan yozma ravishda tushuntirish xatini olish;
aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha litsenziatga bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish muddatlarini belgilash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish, tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror chiqarish yoki sudga murojaat qilish.
35. Litsenziatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini oʻrganish natijalariga asosan litsenziyalovchi organ hamda tekshiruvga jalb etilgan tegishli davlat organi xodimlari tomonidan uch nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga taqdim etiladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organ xodimida, uchinchi nusxasi tekshiruvga jalb etilgan tegishli davlat organi xodimida qoladi.
Oʻrganishlar natijalari boʻyicha qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruv oʻtkaziladi hamda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasi koʻrib chiqiladi.
7-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish, tugatish va bekor qilish
36. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish, shuningdek, litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22, 23 va 24-moddalarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
37. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
8-bob. Litsenziyalar reyestri
38. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning nomlanishi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, faoliyati amalga oshiriladigan joyning manzili, telefon raqamlari;
bank hisobvaragʻi va soliq toʻlovchining identifikatsion raqami;
litsenziya berilgan sana va uning raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyalangan faoliyat turini amalga oshirish joyi (manzili) (kannabis oʻsimligini olib kirish (olib chiqish) faoliyati bundan mustasno);
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilishini toʻxtatib turish hamda tiklashning asoslari va sanalari;
litsenziyaning amal qilishini tugatish asoslari va sanalari;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanalari;
litsenziyaning dublikatini berish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish asoslari va sanalari.
39. Litsenziyalar reyestridagi maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Litsenziat litsenziyalovchi organ tomonidan oʻrganishga jalb qilingan xodimlarga maʼmuriy, ishlab chiqarish, laboratoriya inshootlari, omborxonalar, ekin maydonlari, ishlab chiqarish liniyalari, uskunalar, transport vositalari va boshqa texnikalarga kirish hamda ushbu Nizom va litsenziya shartnomasi talablari bajarilishini oʻrganish uchun zarur sharoit yaratadi.
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlaridan belgilangan tartibda javob beradi.
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Litsenziya daʼvogari
(yuridik shaxs)
Arizani koʻrib chiqish uchun yigʻimni toʻlaydi va litsenziyalovchi organga bevosita yoxud pochta aloqasi vositalari yoki ariza qabul qilinganligi haqida maʼlumotnomani olish orqali elektron shaklda ariza beradi.
Daʼvogarning xohishiga koʻra
2-bosqich
Litsenziyalovchi organ
(Qishloq xoʻjaligi vazirligi)
1. Litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlar masʼul shaxs tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, hujjatlar nusxasining qabul qilish sanasini koʻrsatgan holda arizachiga yuboradi (topshiradi).
2. Hujjatlarni ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
3. Takroran taqdim etilgan hujjatlarni ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Hujjatlar qabul qilingan kunda
3-bosqich
Ekspert komissiyasi
(Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi)
1. Kelib tushgan arizalar va hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha litsenziya daʼvogariga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish boʻyicha ekspert komissiyasi xulosasini tayyorlaydi.
Oʻn besh kun ichida
2. Litsenziya daʼvogari tomonidan litsenziya berishni rad etishga asos boʻlgan sabablarni bartaraf etilganidan keyin, takroran taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ular boʻyicha ekspert komissiyasi xulosasini tayyorlaydi.
Yetti ish kuni ichida
4-bosqich
Litsenziyalovchi organ (Qishloq xoʻjaligi vazirligi)
1. Ekspert komissiyasi xulosasiga asosan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Besh ish kuni ichida
2. Litsenziya berish yuzasidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida litsenziyalovchi organ bank hisobvaragʻi maʼlumotlari va davlat bojini toʻlash muddatini koʻrsatgan litsenziya daʼvogarini xabardor qiladi hamda litsenziya shartnomasini imzolash uchun yuboradi.
Qaror qabul qilingandan soʻng uch kun ichida
3. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bu haqda rad etish sabablari, koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni yuborish muddatlarini koʻrsatgan holda litsenziya daʼvogariga xabarnoma yuboradi (topshiradi).
Qaror qabul qilingandan soʻng uch kun ichida
4. Litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartishlar kiritadi.
Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kunda
5-bosqich
Litsenziya daʼvogari
(yuridik shaxs)
Litsenziyalovchi organga litsenziyani berish boʻyicha davlat boji toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi va litsenziya shartnomasini imzolaydi.
Xabarnoma yuborilgan kundan uch oy muddatda
6-bosqich
Litsenziyalovchi organ
(Qishloq xoʻjaligi vazirligi)
Litsenziya daʼvogari tomonidan davlat boji toʻlanganligi haqidagi hujjat taqdim etilib, u tomonidan litsenziya shartnomasi imzolangach litsenziyani rasmiylashtiradi va topshiradi.
Uch ish kuni ichida
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-son qaroriga 2-ILOVA
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish va tashish hisobga olish boʻyicha
1. Ushbu Talablar tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini (Cannabis Sativa L.) (keyingi oʻrinlarda — kannabis oʻsimligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, saqlash, berish va tashish (keyingi oʻrinlarda — kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish) va uning qayta ishlangan mahsulotlari boʻyicha talablar, shuningdek kannabis oʻsimligi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulot tarkibida tetragidrokannabinol (keyingi oʻrinlarda — TGK) miqdorini aniqlash boʻyicha testdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu talablar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan berilgan litsenziya asosida kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — litsenziat) taalluqli va ular uchun majburiy hisoblanadi.
3. Kannabis oʻsimligini yetishtirish va foydalanish faoliyati tegishli litsenziya mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
4. Litsenziyalangan faoliyatni amalga oshirish uchun foydalaniladigan mulk va obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlash xizmatini koʻrsatish boʻyicha shartnomaning mavjudligi litsenziatga qoʻyiladigan umumiy talab hisoblanadi.
5. Kannabis oʻsimligining urugʻlik materialini import qilishda, import qilinadigan namunalar tarkibidagi TGK miqdori va karantin obyektlari mavjudligi boʻyicha tekshiruvdan oʻtishi shart.
Kannabis oʻsimligi namunalari tarkibida TGK miqdori 0,2 foizdan oshmagan taqdirda hamda taqiqlangan karantin obyektlari mavjud boʻlmaganda tegishli tashkilot va idoralarning xulosasiga asosan importga ruxsat beriladi.
6. Kannabis oʻsimligining tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan navlarini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish yoki tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirishga ruxsat etiladi (ilova).
7. Kannabis oʻsimligini yetishtirish uchun litsenziat:
irrigatsiya infratuzilmasini yangilashi va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etishi;
litsenziyalovchi organ vakiliga yoki jalb etilgan ekspertlarga, bayon etilgan kannabis oʻsimligi navining belgilangan meʼyorlarga muvofiqligini va vegetatsiya davrining turli bosqichlarida tarkibidagi TGK miqdorini aniqlash maqsadida namunalar olishi uchun kannabis oʻsimligi yetishtirilayotgan ekin maydoniga kirib borishiga imkoniyat yaratishi;
ekin maydonlari atrofida, kamida toʻqson kunlik video-yozuvni saqlash imkoniyatini beradigan tunu-kun uzluksiz videokuzatuv oʻrnatilishini taʼminlashi;
tungi paytda ekin maydonlari konturlari toʻliq koʻrinib turishi uchun yoritish moslamalari bilan jihozlashi;
litsenziyalovchi organ tomonidan namunalar olinishi hamda tarkibidagi TGK miqdori tekshiruvi oʻtkazilgunga qadar kannabis oʻsimligi hosilini yigʻib olishga yoʻl qoʻymasligi;
kannabis oʻsimligining yangi sanoat navlarini sinash tajribasini faqat yopiq inshootlarda oʻtkazishi;
kannabis oʻsimligi yetishtirishni boshlagunga qadar ishlab chiqarishning texnologik reglamentini tasdiqlashi shart.
8. Kannabis oʻsimligi hosilining bitta partiyasidan olingan namunalar ushbu oʻsimlik hosilining boshqa partiyasidan olingan namunalar bilan aralashtirilmasligi zarur.
3-bob. Kannabis oʻsimligini va uni qayta ishlash mahsulotlarini saqlash va realizatsiya qilish (berish)da litsenziatga qoʻyiladigan talablar
9. Kannabis oʻsimligi yetishtiriladigan maydonlar va undan olinadigan hosilni qayta ishlash va saqlash obyektlari atroflari uzluksiz tunu-kun olinadigan videokuzatuv yozuvlarini kamida toʻqson kun saqlash imkoniyatini beradigan integratsiyalashgan tizim bilan jihozlangan boʻlishi shart.
10. Ishlab chiqarish korxonalarida kannabis oʻsimligi hosilini saqlash alohida jihozlangan omborxonalarda (keyingi oʻrinlarda — omborxonalar) amalga oshiriladi.
Ish vaqtidan tashqari paytlarda binolar qulflangan, muhrlangan hamda qoʻriqlash uchun topshirilgan boʻlishi va unga olib boruvchi yoʻllar kechki paytda yoritilgan boʻlishi kerak.
11. Omborxonani jihozlash boʻyicha eng kam talablar quyidagilardan iborat:
omborxona atrofi boʻylab kamida 3 metr balandlikda 2 “yegoza” turidagi tikonli sim bilan oʻralgan boʻlishi hamda qulflanadigan darvozaga ega boʻlishi;
omborxona darvozasi qulflangan va muhrlangan holatda, kaliti va muhri esa moddiy javobgar shaxsda boʻlishi;
qoʻriqlash va yongʻin signalizatsiyasiga, shuningdek, videokuzatuv tizimiga ega boʻlishi;
umumiy aylanmali shamollatish tizimiga ega boʻlishi lozim.
12. Kannabis oʻsimligi hosili omborxonalarga olib kelinganda korxona rahbari yoki vakolatli shaxs uning miqdori kuzatuv hujjatlariga mosligini tekshirishi shart.
13. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini saqlash uchun korxona rahbari yoki korxona rahbarining buyrugʻi bilan javobgar shaxs tayinlanadi.
14. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini saqlash yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda ekologik, qurilish, sanitariya-gigiyena va fitosanitar talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Ishlab chiqarish inshootlari devorlari, yuk koʻtaruvchi qurilmalarning tashqi tarafini tozalash va zararsizlantirish uchun ochiq holda boʻlishi kerak.
Omborxonalarning tomi va devorlari, shamollatish tizimlari teshiklari himoyalangan hamda ularga yomgʻir va begona predmetlarning tushishini oldi olingan boʻlishi lozim.
16. Omborxonalarda saqlanayotgan kannabis oʻsimligi hosili qayta ishlangunga qadar xavfsiz va barqaror saqlanishi uchun quritish va zararlantirishning texnologik jarayoni bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
17. Omborxonalarda quyidagilar taqiqlanadi:
kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlari bilan birga zaharli va yonuvchi kimyoviy vositalar, neft mahsulotlari, shuningdek, kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlarining ifloslanishiga olib keluvchi boshqa turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol tovarlarini saqlash;
ichki yonuvchi dvigatellarga ega boʻlgan mashinalarni ishlatish.
18. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻlimiga (sexiga) oʻtkazish ishlab chiqarishning kunlik ehtiyojiga muvofiq korxona rahbari yoki uning oʻrinbosarining imzosi va muhr bilan tasdiqlangan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashishda litsenziatga qoʻyiladigan talablar
19. Kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularni tashish ishlari “furgon” yoki “konteyner” turidagi yopiq kuzovga ega boʻlgan va qulf bilan berkitiladigan hamda muhrlanadigan maxsus transport vositalarida amalga oshiriladi.
Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini temir yoʻl transportlarida tashish uchun sanitariya-epidemiologiya talablariga javob beradigan yopiq vagonlar yoki konteynerlar talab etiladi.
20. Maxsus transport vositalarining texnik holati transport vositasini ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasi talablariga, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga hamda ushbu Talablarga javob berishi shart.
21. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini maxsus yoki maxsuslashtirilgan konteynerlar, belgilangan talablarga muvofiq jihozlangan umumiy maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallangan konteynerlar, avtomobillar va tirkamalarda tashish mumkin.
22. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashuvchi “furgon” turidagi kuzovli transport vositalari, shu jumladan avtotirkamalar kuzovi toʻliq yopilgan va mustahkam boʻlishi, yoriqlar, ichki elektr uzatgichi boʻlmasligi va haydovchi kabinasi bilan kamida 150 mm oraliq masofada boʻlingan boʻlishi kerak.
Kuzovni tayyorlash uchun ishlatilgan yogʻoch yongʻindan himoyalovchi tarkib bilan toʻydirilgan boʻlishi lozim. Kuzovni ichki qismini yopish uchun chaqmoq chiqarmaydigan materiallar ishlatilgan boʻlishi zarur. Tashilayotgan yuk bilan xavfli birikmani hosil qiladigan materiallarni ishlatilishi qatʼiyan man etiladi. Furgon tashqaridan metalli tunika yoki temir listlari bilan qoplangan boʻlishi zarur.
23. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashishda foydalaniladigan transport vositalarining yuk tashish qismlari konstruksiyalari yuvilgan, dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya qilingan, himoyalangan, shuningdek, tashish jarayonida toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik, hashoratlar va hayvonlarni kirib qolishini oldini olish choralari koʻrilgan boʻlishi kerak.
24. Kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini kuchli hidlanuvchi zararli moddalar tashilgan transport vositalarida tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlari tarasiz usulda qoplarda tashiladi. Qoplar tikiladi va markirovka qilinadi.
Markirovka kannabis oʻsimligining navi, yetishtirish yili, qoʻllanilishi, ishlab chiqaruvchi va yuboruvchining nomi, qadoqlash vazni, yaroqlilik muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi kerak.
Markirovkada koʻrsatilgan maʼlumotlar isteʼmolchi uchun aniq va oson oʻqiladigan hamda yuvilmaydigan harflarda, davlat tilida yozilgan boʻlishi lozim.
26. Litsenziat kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashish davriga qadar davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining tegishli boʻlinmalari bilan kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashish uchun foydalaniladigan viloyatlararo, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda harakatlanuvchi transport vositalariga kuzatuv xizmatini koʻrsatish boʻyicha shartnomani imzolashi shart.
27. Litsenziat kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini tashish yoʻnalishlari toʻgʻrisida davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining tegishli boʻlinmalarini transport vositalari yoʻlga chiqishidan kamida qirq sakkiz soat oldin xabardor qilishi lozim.
5-bob. Kannabis oʻsimligini va uni qayta ishlash mahsulotlarini hisobga olish va tarkibidagi TGKni aniqlash uchun testdan oʻtkazishda litsenziatga qoʻyiladigan talablar
28. Kannabis oʻsimligi va uni qayta ishlash mahsulotlari tarkibidagi TGKni aniqlash boʻyicha laboratoriya sinovlari akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda hamda litsenziat laboratoriyalarida (mustaqil ekspertiza) amalga oshiriladi.
Laboratoriya sinovlari oʻtkazishdan maqsad kannabis oʻsimligi namunalarining quruq vazni tarkibidagi TGK miqdorini aniqlashdan iborat.
Bunda laboratoriya sinovlari uchun toʻlovlar litsenziat hisobidan amalga oshiriladi.
29. TGKni testdan oʻtkazish amaldagi metodikaga muvofiq gazli yoki suyuqlik xromotografida amalga oshiriladi.
30. Ekin maydonining bitta konturida yoki omborxonada tarkibida TGK meʼyordan ortiq boʻlgan kannabis oʻsimligi namunalari aniqlanganda, ekin maydonining barcha konturlaridan yoki omborxonalardan olingan kannabis oʻsimligi namunalari majburiy tartibda laboratoriya sinovidan oʻtkaziladi.
31. Kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlari tarkibida TGK meʼyordan (0,2 foizdan) yuqori boʻlgan namunalar aniqlanganda, uni yoʻq qilish giyohvand vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni yoʻq qilish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
32. Namunalar tarkibida TGK meʼyordan ortiq ekanligi aniqlangan ekin maydoni konturida yetishtirilgan yoki omborxonalarda saqlanayotgan barcha kannabis oʻsimligi va uning qayta ishlash mahsulotlari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq olib qoʻyiladi va yoʻq qilinadi.
33. Namunalar tarkibida TGK meʼyordan ortiq ekanligi aniqlangan kannabis oʻsimligini va uning qayta ishlash mahsulotlarini yoʻq qilish litsenziatning kuchi va vositalari bilan komission tartibda litsenziat, litsenziyalovchi organ va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
34. Kannabis oʻsimligi hosilini yigʻish va mahsulot harakatining barcha jarayonlari omborxona boʻlimi (sex)dagi qayd etish kitobida yozib boriladi.
35. Litsenziat majburiy tartibda quyidagilarning hisobini yuritadi:
kannabis oʻsimligi urugʻini yoki koʻchatini xarid qilish hujjatlarining asli;
kannabis oʻsimligi urugʻini ishlatish va (yoki) koʻchatlar sonining vazni;
ishlab chiqarilgan tayyor koʻchatlar soni;
yoʻq qilingan kannabis oʻsimligining namlik xususiyatlarini inobatga olgan holdagi vazni;
oʻsimlik qoldiqlari va buzilgan oʻsimlik toʻqimaning vazni.
36. Qayd etish kitobidagi har bir qayd oʻrganish uchun jalb etilgan litsenziyalovchi organ va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan tasdiqlanishi shart.
Litsenziat litsenziyalovchi organ va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillariga qayd etish kitobini koʻrish imkoniyatini yaratib berishga majburdir.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Ushbu Talablarga rioya etish uchun litsenziat rahbariyati buyruqlari yoki boshqa hujjatlari bilan kannabis oʻsimligini saqlash boʻyicha javobgarlik yuklatilgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanadi.
38. Ushbu Talablarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish va tashish hisobga olish boʻyicha talablarga ILOVA
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish uchun ruxsat etilgan kannabis oʻsimligining (Cannabis Sativa L.) navlari
T/r
Kannabis oʻsimligining (Cannabis Sativa L.) navlari
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-iyuldagi 315-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 7-son, 63-modda) bilan tasdiqlangan Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida nizomning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizom giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi, tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash bundan mustasno”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining roʻyxati (I roʻyxat)ning rus tilidagi matnida 53-pozitsiyaning “Naimenovaniye narkoticheskogo sredstva” ustuniga” (za isklyucheniyem rasteniya kannabis, s soderjaniyem narkoticheskogo sredstva tetragidrokannabinola do 0,2 protsentov, ispolzuyemogo v promishlennix selyax, ne svyazannogo s proizvodstvom ili izgotovleniyem narkoticheskix sredstv i psixotropnix veshestv)” soʻzlari qoʻshilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-iyundagi 511-son qarorida: