1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.02.00.00 Moliya va iqtisod sohasidagi boshqaruv;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.04.00 (Кучини йукотган) Aksiz soligʻi / 07.10.04.03 (Кучини йукотган) Aksiz soligʻini toʻlash tartibi, muddatlari va imtiyozlari / 07.90.00.00 (Кучини йукотган)Umumdavlat soliqlari]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yigʻimlar, bojlar)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING BUDJETGA AKSIZ SOLIGʻI TUShIShINI NAZORAT QILUVChI MOLIYA INSPEKTORLARI LAVOZIMLARINI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika Davlat budjetiga aksiz soligʻining toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1997-yil 1-yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha aksiz soligʻi solinadigan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari lavozimi joriy etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetga aksiz soligʻi toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan nazoratni oʻrnatuvchi moliya inspektorlari toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Moliya inspektorlari lavozimlari joriy etilishi munosabati bilan 1997-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining shtatdagi xodimlari soni 47 kishiga, shu jumladan moliya inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boʻlim tashkil etish uchun Markaziy apparat xodimlari soni 3 kishiga koʻpaytirilsin.
4. 1-ilovada koʻrsatib oʻtilgan korxonalarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari ishini tashkil etish uchun ish joylari bilan taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlariga hozirgi vaqtda Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparati davlat bosh soliq inspektorlari uchun amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash shartlari joriy etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
1997-yilgi respublika budjetida qoʻshimcha ravishda ajratilgan xodimlarga sarflanadigan xarajatlarga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;
moliya inspektorlari lavozimlarini boʻlim boshliqlari va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish boshqarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha bosh nazoratchi-taftishchilari orasidan yuqori malakali xodimlar bilan butlansin.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 26-noyabrdagi 418-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetga aksiz soligʻi toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan nazorat oʻrnatuvchi moliya inspektorlari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 9-avgustdagi PF-1504-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan va soliqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aksiz soligʻining toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida tushishi uchun moliya inspektorlarining huquqlari, vazifalari va javobgarliklarini belgilab beradi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari lavozimi aksiz soligʻi toʻlovchi korxonalarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq joriy etiladi.
2. Moliya inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimiga tayinlanadilar va lavozimidan ozod etiladilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari joriy etiladigan korxonalar ularning ishini tashkil etish uchun ish joylari bilan taʼminlaydilar. Korxonalarning soliqlarini hisoblab chiqish funksiyasi yuklangan xizmatlari oʻz ishlarini moliya inspektorlari bilan bahamjihat amalga oshiradilar.
II. MOLIYA INSPEKTORLARINING ASOSIY FUNKSIYALARI
Moliya inspektorlari korxonaning ish kuni davomida ishlaydilar va quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradilar:
aksiz soligʻi solinadigan mahsulotlarning amalda ishlab chiqarilishi, foydalanilishi va sotilishi hajmlarining buxgalterlik hisobi va hisoboti maʼlumotlariga mosligi, aksiz soligʻi toʻgʻri hisoblab chiqilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar. har oʻn kunda, buxgalteriya hisoboti maʼlumotlari asosida haqiqatda yuklab joʻnatilgan mahsulotlarni ularning sotilgan hajmlari bilan solishtiradilar;
Davlat soliq qoʻmitasining “Davlat soliq organlarida soliqlarning operativ-buxgalteriya hisobini va budjetga boshqa majburiy toʻlovlar hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 24-martdagi 9-son Yoʻriqnomasiga muvofiq aksiz soligʻi solinadigan mahsulotlarning har bir turi boʻyicha aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash boʻyicha shaxsiy schyotlar kartochkasini yuritadilar;
har kuni aksiz soligʻi solinadigan mahsulot yuklab joʻnatilganligi va haqi toʻlanganligi, aksiz soligʻi toʻlanganligi toʻgʻrisida jamlama vedomostlar tuzadilar, ular asosida budjetga toʻlanishi kerak boʻlgan aksiz soligʻi summasi hisob-kitobini tuzadilar;
har oyda korxonalarning ombor binolarida tayyor mahsulot qoldiqlarini tahlil qiladilar hamda ularning buxgalterlik hisobi maʼlumotlariga mosligini tekshiradilar;
aksiz soligʻi solinadigan mahsulotga aksiz markalari toʻliq markirovka qilinishi hamda sotib olingan aksiz markalarining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini, korxona joylashgan joy boʻyicha soliq, moliya va huquqni muhofaza qilish organlarini tegishli chora-tadbirlar koʻrish va qarshi tekshirishlarni tashkil etish qonun hujjatlari va spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovka qilish tartibi buzilishi hollari toʻgʻrisida operativ xabardor qiladilar;
debitorlik qarzlari mavjud boʻlgan taqdirda debitorlar bilan solishtirish dalolatnomalari oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar va qarzdor korxonaga muddatida toʻlanmagan aksiz soligʻi toʻlash hisobiga inkaso topshirigʻi berish maqsadida ularning natijalarini tegishli soliq organlariga maʼlum qiladilar;
korxonaning tegishli xizmati bilan birgalikda toʻlash muddatlari boʻyicha avans toʻlovlari hisob-kitoblarini tuzadilar;
oʻz shaxsiy schyotlarining aksiz toʻlash muddatlari boʻyicha avans toʻlovlari maʼlumotlarini soliq organlari maʼlumotlari bilan solishtiradilar va ularda tafovutlar aniqlangan taqdirda tegishli oʻzgartirishlar kiritadilar;
ishlab chiqarish koʻrsatkichlari asosida aksiz soligʻi tushumlari prognozlarini tuzadilar va ularni yil choragi boshlanishidan bir oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va tegishli moliya organlariga taqdim etadilar.
Moliya inspektorlarining oʻz zimmalariga yuklangan fuksiyalarini bajarishlarini taʼminlash maqsadida ularga quyidagi huquqlar beriladi:
aksiz soliqlarini hisoblab chiqish bilan bogʻliq boʻlgan pul va buxgalteriya hujjatlarini tekshirish;
oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish, ombor binolarini tekshirib chiqish;
oʻz vazifalarini va oʻzlariga berilgan huquqlarni amalga oshirish chogʻida zarur hollarda amaliy yordam koʻrsatish uchun soliq, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, auditorlik xizmatlarini jalb etish;
banklarda aksiz soligʻi hisoblab chiqarilishini nazorat qilish uchun oʻz mijozlari hisoblangan korxonalarning operatsiyalari toʻgʻrisida zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, boshqa normativ hujjatlarga qatʼiy rioya qilish:
Oʻzbekiston Respublikasining soliqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, aksiz soliqlari toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
soliq solish obyektlarining toʻliq va oʻz vaqtida hisobga olinishini taʼminlash;
amaldagi qonun hujjatlari buzilishiga oid hollarga doir materiallarni soliq organlariga oʻz vaqtida berish;
aksiz soligʻi belgilangan muddatlarda toʻlanishi, aksiz soligʻi tushumi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va tegishli moliya organlariga taqdim etish.