1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.04.00 Ommaviy mulk / 03.08.04.02 Respublika mulki]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining:
vazirliklar va idoralarning rasmiy veb-saytlarida mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalari amalga oshirilayotgan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarining (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) ustav fondi (ustav kapitali), davlat ulushi, har chorak va yil yakunlari boʻyicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, ish oʻrinlari soni, korxonalar boshqaruv va nazorat organlari tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (cheklangan holda tarqatiladigan va tijorat siri mavjud boʻlgan maʼlumotlar bundan mustasno) (keyingi oʻrinlarda — asosiy maʼlumotlar) joylashtirish;
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti boʻlishi, unda iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik maʼlumotlarning, shu jumladan, har chorakda yillik biznes-rejaning (loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari bajarilishi va maqsadlarga erishish inobatga olingan holda) bajarilishi va rivojlanish strategiyalarida nazarda tutilgan dasturlarning natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni joylashtirish takliflari maʼqullansin.
2. Agentlik:
bir oy muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga davlat ishtirokidagi korxonalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash orqali taqdim etish imkoniyatini joriy etsin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro moliya institutlari va chet el ekspertlarini jalb qilgan holda davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi yigʻma hisobot shaklini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilansinki:
davlat ishtirokidagi korxonalar biznes-reja koʻrsatkichlari bajarilishi, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, soliq va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar, tashqi qarzdorlik, mahalliylashtirish va investitsiya loyihalari bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi davomida, yil yakunlari boʻyicha keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda Agentlikning maxsus axborot tizimida joylashtirib boradi;
davlat nomidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbarlari tegishli rasmiy veb-saytlarda joylashtirilishi belgilangan maʼlumotlarning toʻliq va toʻgʻri joylashtirilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi;
davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ular faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumot va tegishli hujjatlar “Davlat mulki” axborot tizimiga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash orqali taqdim etilishi mumkin.
4. Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish ushbu qarorning ilovasida koʻrsatilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2021-y., 09/21/373/0559-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-oktabr,
674-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 674-son qaroriga ILOVA
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish
Rasmiy veb-saytlarda biznes-reja koʻrsatkichlari bajarilishi, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, soliq va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar, tashqi qarzdorlik, mahalliylashtirish va investitsiya loyihalari bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish.
Har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi davomida, yil yakunlari boʻyicha keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar
2-bosqich
Mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar
Davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitali, davlat ulushi, har chorak va yil yakunlari boʻyicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, ish oʻrinlari soni, boshqaruv va nazorat organlari tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarida hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maxsus axborot tizimida joylashtirish.
Har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi davomida, yil yakunlari boʻyicha keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar
3-bosqich
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Davlat nomidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni “Davlat mulki” axborot tizimida joylashtirish.
Har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi davomida, yil yakunlari boʻyicha keyingi moliya yilining 25-fevraliga qadar