toggle_night_mode
Hujjat 10.10.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi konsepsiyasi va Inson huquqlari boʻyicha Samarkand forumini oʻtkazish reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 22-iyundagi PF-6012-son Farmoniga muvofiq Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini oʻtkazish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini oʻtkazishning maqsadi va vazifalarini, forumning tashkilotchilari va ishtirokchilarini, Samarqand forumini tashkil etish va oʻtkazish, uning dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash, forumni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tartibini nazarda tutuvchi Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi, bu borada tayyorgarlik va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish, Samarqand forumining Tashkiliy qoʻmitasining hamda davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifalari, forumning ishtirokchilari va unda ishtirok etish shakllarini nazarda tutuvchi Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini oʻtkazish reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.X. Saidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-oktabr,
641-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 641-son qaroriga
1-ILOVA
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur konsepsiya Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini (keyingi oʻrinlarda — Samarqand forumi) oʻtkazishning maqsadlari, vazifalari va tartibini belgilaydi hamda ularni amalga oshirishga qaratilgan dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos boʻladi.
2. Samarqand forumining asosiy maqsadi inson huquqlari sohasida xalqaro tajriba almashish orqali mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish choralarini koʻrish bilan inson huquqlarini taʼminlanishiga erishish, inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadigan yangi usul va vositalarni qoʻllash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi Oʻzbekistonning ijobiy xalqaro imidjini yanada yaxshilashdan iborat.
3. Samarqand forumining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlari va tashabbuslarini dunyo hamjamiyati oʻrtasida targʻib etish va shu orqali mamlakatning xalqaro obroʻ-eʼtiborini mustahkamlash;
inson huquqlarini dolzarb masalalari boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy muhokamalar tashkil qilish hamda bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish;
jamiyatning turli toifalar vakillarini (kam taʼminlanganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, mehnat migrantlari, bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, qariyalar va boshqalar) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohalarida halqaro standartlar va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish;
inson huquqlari sohasidagi masalalarni xorijiy olimlar, ekspert va mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilish hamda bu borada nazariy va amaliy tajriba almashish.
2-bob. Samarqand forumi tashkilotchilari va ishtirokchilari
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchilari hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BMT) Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili, EXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalar koordinatori, xalqaro va xorijiy tashkilotlar Samarqand forumining xalqaro hamkorlari hisoblanadi.
5. Samarqand forumida BMTning tarkibiy tuzilmalari (organlari va qoʻmitalari), inson huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, parlamentlar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, olimlar, soha mutaxassislari, jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etish uchun taklif qilinadi.
Ishtirokchilar tarkibini shakllantirish uchun tashkilotchilar tomonidan manfaatdor xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, parlamentlar, sud va huquqni muxofaza qiluvchi organlari, fuqarolik jamiyati institutlariga Samarqand forumi haqida maʼlumot xati yuboriladi.
6. Samarqand forumining kun tartibi, yalpi va shuʼba majlislari mavzusi va maʼruzachilar roʻyxatini shakllantirish maqsadida Ilmiy jamoatchilik kengashi tuziladi. Kengash tarkibiga inson huquqlari va xalqaro huquq sohasidagi yetakchi olimlar va mutaxassislar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari kiritiladi.
7. Samarqand forumini yuksak darajada oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik va kompleks tashkiliy tadbirlar rejasini taʼminlovchi chora-tadbirlarni tayyorlash hamda oʻz vaqtida amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Samarqand forumini amalga oshirishdan kutiladigan natijalar
8. Samarqand forumini amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutiladi:
inson huquqlari sohasidagi masalalarni xorijiy olimlar, ekspert va mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilinadi hamda bu borada nazariy va amaliy tajriba almashiladi;
mamlakatimizning inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlari va tashabbuslari dunyo hamjamiyati bilan muhokama qilinadi, targʻib etiladi va shu orqali Oʻzbekistonning xalqaro reytingi va obroʻ-eʼtibori yaxshilanadi;
inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarish yuzasidan xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarini bajarish boʻyicha ijobiy tajriba toʻplanadi;
inson huquqlarining dolzarb masalalari boʻyicha tashkil qilingan xalqaro, mintaqaviy va milliy muhokamalar orqali bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlar birlashtiriladi;
jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (kam taʼminlanganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, mehnat migrantlari, bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, qariyalar va boshqalar) huquqlari himoya qilish sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 641-son qaroriga
2-ILOVA
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini oʻtkazish
REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumiga (keyingi oʻrinlarda — Samarqand forumi) tayyorgarlik koʻrish va uni tashkiliy jihatdan yuqori saviyada oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Samarqand forumi har ikki yilda yilning oktyabr-noyabr oylarida yoki Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) taklifiga asosan boshqa vaqtlarda ham oʻtkazilishi mumkin.
3. Samarqand forumi, qoida tariqasida, Samarqand shahrida yoki Tashkiliy qoʻmita taklifiga asosan boshqa shaharda oʻtkaziladi.
4. Samarqand forumining ishchi organi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hisoblanadi.
2-bob. Tashkiliy qoʻmita
5. Samarqand forumini yuksak darajada oʻtkazishga qaratilgan barcha tayyorgarlik va tashkiliy tadbirlar kompleksini taʼminlovchi chora-tadbirlarni tayyorlash va oʻz vaqtida amalga oshirish Tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Samarqand forumini yuqori saviyada oʻtkazishga qaratilgan barcha tayyorgarlik va tashkiliy tadbirlar kompleksini taʼminlovchi chora-tadbirlar rejasini (“yoʻl xaritasi”) tayyorlash va oʻz vaqtida amalga oshirish;
Samarqand forumi ishtirokchilarining kelib-ketishi, vizalarining rasmiylashtirilishi, transport bilan taʼminlanishi va ularga tibbiy xizmatlar koʻrsatish masalalarini muvofiqlashtirish;
axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarni oʻz vaqtida va sifatli tayyorlashni taʼminlash, tadbirning axborot hamkorligini tashkillashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni qabul qilish;
tadbirlar oʻtkaziladigan joylarning texnik va telekommunikatsiyalar bilan taʼminlanishini, obodonlashtirish va yoʻl-taʼmirlash ishlarini olib borishni tashkillashtirish, shuningdek, Toshkent va Samarqand (yoki boshqa) shaharlarida zarur mehmonxonalarning tayyor boʻlishi va band (bron) qilinishini taʼminlash;
Samarqand forumi oʻtkaziladigan joylarda qatʼiy sanitariya-epidemiologik nazorat oʻrnatish choralarini koʻrish;
chora-tadbirlar rejasini (“yoʻl xaritasi”) oʻz vaqtida va sifatli ijro etish boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, Samarqand forumiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish.
7. Tashkiliy qoʻmita taklifiga asosan Samarqand forumini oʻtkazish bilan tashkiliy ishlarga xalqaro tashkilotlar, xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlar jalb qilinishi mumkin.
3-bob. Samarqand forumini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
8. Samarqand forumi oʻtkaziladigan yilning iyul oyida Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand (yoki boshqa) viloyati hokimligining takliflari asosida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlarni va Samarqand forumining xarajatlar smetasini nazarda tutadigan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi tayyorlanadi.
9. Tashkiliy qoʻmita Samarqand forumini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarga munosib tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar rejasini (“yoʻl xaritasi”) tegishli yil fevral oyida ishlab chiqib, amalga oshirish tizimini joriy etadi.
10. Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — Markazning viza talabnomalariga binoan kelishilgan roʻyxatlarga muvofiq Samarqand forumida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar uchun belgilangan tartibda kirish vizalarini konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillarining onlayn formatdagi ishtirokini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi — Samarqand forumida ishtirok etishi uchun Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi delegatsiya va delegatlarning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻz vaqtida oʻtishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya — Oʻzbekiston Respublikasida delegatsiya va delegatlarning xavfsizligi hamda Toshkent va Samarqand (yoki boshqa) shaharlarida tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda xavfsizlikni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi — Samarqand forumini oʻtkazish davrida tadbirlar oʻtkazilishi va mehmonlar yashashi kerak boʻlgan joylarda samarali sanitariya-epidemiologik nazorat oʻrnatish va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillari instituti — Samarqand forumi tashkillashtirish va oʻtkazish jarayoniga yuqori kurs talabalari, magistrant va doktorantlarni volontyorlar sifatida jalb qilinishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi “Oʻzbekkino” milliy agentligi bilan birgalikda — Samarqand forumining ochilish tadbirida, tanaffus va tushlik vaqtida milliy fon (jonli), tadbir ishtirokchilari uchun Hukumat nomidan tashkil etiladigan rasmiy qabulda konsert dasturi va multimedia taqdimotini tashkil etishda yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan yosh sanʼatkorlarni oʻrnatilgan tartibda shartnoma asosida keng jalb etishni taʼminlash;
Markaz — Samarqand forumiga bagʻishlangan www.asianforum.uz saytining doimiy faoliyatini taʼminlash;
Toshkent shahar va Samarqand (yoki boshqa) viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi — Samarqand forumi qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi — Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti, Samarqand xalqaro aeroporti, Toshkent va Samarqand temir yoʻl vokzallarini va ulardagi VIP-zallarni delegatsiyalarni kutib olish, kuzatish va ularga xizmat koʻrsatish uchun tayyorlash;
Samarqand (yoki boshqa) viloyati hokimligi — Samarqand (yoki boshqa) shahrida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, Samarqand forumi oʻtkaziladigan bino va hududlarni talab darajasida tayyorlashni taʼminlash;
“Oʻzbekkino” milliy agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi — Samarqand forumini targʻib qiladigan qisqa metrajli hujjatli filmlarni ishlab chiqish va ularning namoyish etilishini tashkil qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Badiiy akademiya va “Hunarmand” uyushmasiga Samarqand forumini xorijiy ishtirokchilari uchun esdalik sovgʻalari boʻyicha takliflar ishlab chiqish va Tashkiliy qoʻmitaga kiritish tavsiya etiladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Samarqand forumi oʻtkaziladigan yilning iyul oyida ushbu tadbirlarning maqsad va vazifalarini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish media-rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilish tavsiya etiladi.
Tasdiqlangan media-reja asosida Samarqand forumini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish taʼminlanadi.
12. Samarqand forumi formati yalpi, shuʼba majlislar, turli tadbirlar (seminar, “davra suhbati”, mahorat darslari, taqdimotlar va boshqa) shaklida oʻtkaziladi. Samarqand forumi, qoida tariqasida, ikki kun davomida tashkillashtiriladi.
Samarqand forumi videokonferensaloqa shaklida ham oʻtkazilishi mumkin. Samarqand forumi ishtirokchilari uchun madaniy dasturlar ham tashkillashtirilishi mumkin.
13. Samarqand forumi oʻzbek, ingliz va rus tillarida ish olib boradi. Tashkiliy qoʻmita taklifiga asosan tadbir boshqa tillarda ham olib borilishi mumkin.
14. Samarqand forumi dasturi Ilmiy jamoatchilik kengashi aʼzolari va Tashkiliy qoʻmita takliflari asosida shakllantiriladi va tadbir boshlanishidan kamida bir oy oldin tasdiqlanadi.
Yalpi yigʻilishlar reglamenti:
Maʼruzalar — 20 daqiqa. Chiqishlar — 10 daqiqa.
Shuʼba yigʻilishlar reglamenti:
Maʼruzalar — 15 daqiqa. Chiqishlar — 7 daqiqa.
15. Samarqand forumini axborot bilan taʼminlash quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi:
axborotni ommaviy axborot vositalarida joylashtirish, jonli efirga uzatish;
maʼlumotlarni www.asianforum.uz veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish;
matbuot anjumanlari oʻtkazish.
Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha Matbuot markazi tuziladi, uning faoliyatida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari ishtirok etadi.
16. Samarqand forumi yakunlari boʻyicha ishtirokchilar tomonidan inson huquqlarini taʼminlash va roʻyobga chiqarish boʻyicha tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan deklaratsiya, rezolyutsiya yoki boshqa hujjat qabul qilinadi.
Samarqand forumining yakuniy hujjatlari BMT, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, parlamentlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuboriladi, shuningdek, tashkilotchilarning veb-saytlarida va ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
4-bob. Samarqand forumi ishtirokchilari va unda ishtirok etish shakllari
17. Samarqand forumida Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarkibiy tuzilmalari (organlari va qoʻmitalari), inson huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, parlamentlar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, olimlar, soha mutaxassislari, jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etish uchun taklif qilinadi.
18. Ishtirokchilar Samarqand forumining yalpi va shuʼba majlislari, tadbirlari (seminar, davra suhbati, “mahorat darslari”, taqdimotlar va boshqa) va madaniy dasturlarida qatnashishi mumkin.
19. Samarqand forumida ishtirok etish, maʼruza bilan chiqish qilish, “mahorat darslari” oʻtish, munozaralarda qatnashish yoki tinglovchi sifatida qatnashish va boshqa shakllarda boʻlishi mumkin.
20. Samarqand forumida ishtirok etish shartlari quyidagilardan iborat:
ishtirokchilarning oldindan elektron roʻyxatdan oʻtishi yoki ishtirokini boshqacha tarzda tasdiqlash;
dastlabki ekspertizadan oʻtkazish uchun maʼruzalar matnlari yoki boshqa materiallarni taqdim etish;
Samarqand forumiga shaxsan tashrif buyurish (agarda videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilmayotgan boʻlsa).
21. Tashkiliy qoʻmita taklifiga asosan Samarqand forumida ishtirok etganligini tasdiqlovchi sertifikat berilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Samarqand forumining dasturi u boshlanishidan kamida bir oy oldin Tashkiliy qoʻmita tomonidan berilgan takliflarga asosan shakllantiriladi va ishtirokchilarga yuboriladi.
23. Samarqand forumini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar mablagʻlari yoki homiylik hayriyalari, tashkilotchilarning mablagʻlari yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda ishtirokchilarga Forum doirasida mamlakat ichidagi ichki transport va ovqatlanish, ayrim xorijiy ishtirokchilar uchun transport va mehmonxona bilan bogʻliq xarajatlarni qoplaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 641-son qaroriga
3-ILOVA
Samarqand forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita
TARKIBI

A.X. Saidov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi direktori, Tashqiliy koʻmita raisi

kelishuv asosida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati masʼul xodimi

F.N. Arziyev

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari“”

Sh.U. Sobirov

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

O.Z. Nasritdinxodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

A.M. Xadjibayev

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari

O.A. Pekos

Oʻzbekiston Respublikasi axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari

I.R. Mahkamov

Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi oʻrinbosari v.b.

A.X. Qoʻldoshev

Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari

A.Oʻ. Aqqulov

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

A.J. Toshqulov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirioʻrinbosari

U.Sh. Begimqulov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari

J.Sh. Nosirov

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari

A.Z. Saʼdullayev

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori

J.O. Ortiqxoʻjayev

Toshkent shahar hokimi

E.O. Turdimov

Samarqand viloyati hokimi

A.A. Xodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori

A.J. Xodjayev

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi

A.K. Koʻchimov

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori

Sh.T. Kudrathoʻjayev

Xalqaro press-klub rahbari

F.F. Abduxalikov

“Oʻzbekkino” milliy agentligi direktori, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi

S.L. Suyarov

“Dunyo” Axborot agentligi direktori

A.I. Ikramov

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi

A.V. Nuridinov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi

E.S. Tulyakov

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

B.M. Bekmurodov

“Yuksalish” umummilliy harakat raisi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2020-y., 09/20/641/1367-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)