1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonini tashkil etish va oʻtkazishning shaffof va ochiq tartibi;
davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonini oʻtkazish boʻyicha imtihon komissiyasi tarkibini shakllantirish va tasdiqlash;
davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihoni natijalarini eʼlon qilish hamda davlat tilini bilish boʻyicha malaka sertifikatini berish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlarini samarali tashkil qilish va oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda chet davlat fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash maqsadida masofadan turib elektron tarzda murojaat qilish hamda davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikatini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlagan holda elektron tarzda olish tizimini joriy etsin;
ikki hafta muddatda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarni oʻtkazish uchun hududiy imtihon komissiyalari tarkibi tasdiqlanishini hamda zaruratga qarab yangilab borilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 3-martdagi 117-son qarorining 3-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Majidov va ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-sentabr,
592-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 592-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning davlat tilini bilish darajasini aniqlash (keyingi oʻrinlarda — davlat tilini bilish darajasini aniqlash) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talabgor — Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish masalalari boʻyicha vakolatli davlat organiga murojaat qilgan chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
fuqaroligi boʻlmagan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan va oʻzining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlmagan shaxs;
chet davlat fuqarosi — Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxs.
3. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — Markaz va uning hududiy boʻlinmalari) tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Davlat tili boʻyicha sinov imtihonini tashkil etish hamda davlat tilini bilish boʻyicha malaka sertifikatini berish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat tili boʻyicha sinov imtihonini tashkil etish tartibi
4. Davlat tili boʻyicha imtihon talabgorning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalarida oʻtkaziladi.
5. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq keltirilgan davlat tilini bilishga qoʻyiladigan minimal talablar asosida sinov imtihoni topshiriladi.
6. Davlat tilini bilish darajasini aniqlashga tayyorgarlik koʻrish, sinov imtihoni materiallarini tayyorlash maqsadida Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ishchi guruh shakllantiriladi.
7. Talabgor davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonida qatnashish uchun ariza bilan Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalariga shaxsan oʻzi (uzrli sabablar mavjud boʻlganda, yaʼni kasallik va konsullik muassasasi mavjud boʻlmaganda notarial tartibda tasdiqlangan iltimosnoma ishonchli shaxslar orqali) yoxud elektron tarzda murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning tugʻilganlik haqida guvohnomasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-kartasi) (hujjatlardan nusxa olinib, asli egasiga qaytarib beriladi);
3,5 x 4,5 sm oʻlchamli rangli, orqa foni oq rangdagi 2 dona fotosurat;
8. Mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Hujjatlar qabul qilib olinganidan soʻng, talabgorga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sinov imtihonini oʻtkazish vaqti koʻrsatilgan maʼlumotnoma (elektron qilingan murojaatga maʼlumotnoma elektron tarzda) taqdim etiladi.
10. Sinov imtihoni topshirish ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilganidan soʻng bir oy muddatda oʻtkaziladi.
11. Sinov imtihonlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan tasdiqlangan tarkibdagi davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarni oʻtkazish uchun hududiy imtihon komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
Sinov imtihonlarida ishtirok etish uchun ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif etilishi mumkin.
12. Sinov imtihoni test, yozma va ogʻzaki shakllarda oʻtkaziladi.
Test talabgorning kundalik turmushida foydalanuvchi sodda xabarlar, til egasi bilan tanish va maxsus mavzuda muloqotga kirishganda foydalaniladigan maʼlumotlar asosida tuzilgan 10 ta mantiqiy savollardan iborat.
Test savollariga toʻgʻri javoblar uchun beriladigan eng koʻp ball 30 ballni tashkil etadi. Test savollarini yechish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi.
Yozma sinov shakli diktant shaklida yoki talabgorning sodda anketalarni shaxsiy maʼlumot bilan toʻldira olish, rasmiy xat, ish yuritish qogʻozlarini (ariza, rozilik xatlari, rezyume) yoza olish darajasini aniqlash maqsadida maʼlum bir topshiriqni (anketa toʻldirish, ariza yozish kabi) yozish tarzida oʻtkaziladi.
Yozma sinov uchun beriladigan eng koʻp ball 30 ballni tashkil etadi. Yozma sinovni bajarish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi.
Ogʻzaki sinov shakli talabgorning oʻzi haqida ogʻzaki maʼlumot bera olish, ijtimoiy-maishiy mavzuda taklif etilgan suhbatga kirisha olish, fikrini sodda tarzda tushuntirib bera olish, tanish mavzularda oʻz fikrini bildira olish (kitoblar, filmlar, musiqa xususida), hikoya yoki muhokama mazmunini sodda iboralar bilan qisqacha gapirib bera olish darajasini bilish maqsadida tuzilgan savollar asosida tashkil qilinadi.
Ogʻzaki sinov uchun beriladigan eng koʻp ball 40 ballni tashkil etadi. Ogʻzaki sinovni bajarish uchun 10 daqiqa vaqt beriladi.
13. Sinov imtihoni yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 50 foizidan (50 balldan) kam ball olgan talabgor sinov imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun sinov imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin ariza (qayta toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya ilova qilingan holda) bilan murojaat qiladi.
Sinov imtihoni natijalari uch kun muddatda eʼlon qilinadi.
3-bob. Sinov imtihoni topshirish uchun toʻlov toʻlash shartlari
14. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash maqsadida sinov imtihonini topshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida toʻlov toʻlanadi.
15. Talabgor mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni Markaz va uning hududiy boʻlinmalariga topshirganidan soʻng Markaz va uning hududiy boʻlinmalari bilan talabgor oʻrtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
4-bob. Davlat tilini bilish boʻyicha malaka sertifikatini berish tartibi
16. Mazkur Nizomning 2-ilovasida belgilangan davlat tilini bilishga qoʻyilgan minimal talablar asosida sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikati (keyingi oʻrinlarda — malaka sertifikati) beriladi. Malaka sertifikati muddatsiz amal qiladi.
17. Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan malaka sertifikatlari reyestri yuritiladi.
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (seriyasi va tartib raqami, kim tomonidan va qachon berilganligi);
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining malaka sertifikati berish toʻgʻrisidagi tegishli buyrugʻi sanasi va tartib raqami;
malaka sertifikatining seriyasi, tartib raqami va berilgan sana.
18. Malaka sertifikati shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatilgan taqdirda talabgorga yoki uning qonuniy vakiliga beriladi.
Malaka sertifikati QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlagan holda elektron tarzda taqdim etilishi ham mumkin.
19. Yoʻqolgan, talabgorning aybi bilan maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilgan yoki yaroqsiz holga keltirilgan malaka sertifikati oʻrniga talabgorning arizasiga koʻra Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan uning dublikati beriladi.
Bunda malaka sertifikati dublikati tayyorlanganligi uchun yigʻim undirilmaydi hamda avval berilgan (yoʻqotilgan malaka sertifikatlaridan tashqari) malaka sertifikati markaz yoki uning hududiy boʻlinmalariga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish masalalari boʻyicha vakolatli davlat organiga murojaat qilgan chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻl�agan shaxs (talabgor)
Davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonida qatnashish uchun ariza bilan A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalariga (keyingi oʻrinlarda — Markaz va uning hududiy boʻlinmalari) murojaat qilib, tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Zaruratga qarab
2-bosqich
Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalari
Talabgorga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sinov imtihonini oʻtkazish vaqti koʻrsatilgan maʼlumotnoma (elektron qilingan murojaatga maʼlumotnoma elektron tarzda) taqdim etadi.
Hujjatlar qabul qilib olinganidan soʻng darhol
3-bosqich
Davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha hududiy imtihon komissiyalari
Davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazadi.
Hujjatlar taqdim etilganidan soʻng bir oy muddatda
4-bosqich
Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalari
1. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihoni natijalarini eʼlon qiladi.
2. Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga belgilangan shakldagi davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikati beriladi.
Uch kun muddatda
Imtihon natijalari eʼlon qilingandan soʻng uch kun muddatda
5-bosqich
Talabgor
Sinov imtihoni yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 50 foizidan (50 balldan) kam ball olgan (sinov imtihonidan oʻtmagan) taqdirda qayta qatnashish uchun ariza (qayta toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya ilova qilingan holda) bilan murojaat qiladi.
Sinov imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Davlat tilini bilishga qoʻyiladigan minimal
TALABLAR
I. Tinglab tushunish
1. Tanish mavzularda maʼlumot beruvchi matnlarning asosiy mazmunini oʻqib tushuna oladi.
2. Sodda xabarlar, sodda yozma yoʻriqnoma yoki koʻrsatmalarni tushuna oladi.
3. Oʻz qiziqishlari doirasidagi tele yoki radio dasturlar va boshqa manbalarni tinglab, asosiy maʼlumotlarni tushuna oladi.
4. Shaxsiy qiziqish, oʻqish yoki kasbga oid sohadagi ogʻzaki manbalarni tinglab, asosiy mazmuni hamda maxsus maʼlumotlarni anglay oladi.
5. Til egasi bilan tanish va maxsus mavzuda muloqotga kirishganda uning aksariyat jihatlarini tushuna oladi.
II. Gapirish
1. Oʻzi haqida ogʻzaki maʼlumot bera oladi.
2. Ijtimoiy-maishiy mavzuda taklif etilgan suhbatga kirisha oladi.
3. Fikrini sodda tarzda izchillik asosida mantiqli tushuntirib bera oladi.
4. Tanish mavzularda oʻz fikrini bildira oladi (kitoblar, filmlar, musiqa xususida).
5. Hikoya yoki muhokama mazmunini sodda iboralar bilan qisqacha gapirib bera oladi.
III. Oʻqish
1. Tanish mavzularda maʼlumot beruvchi matnlarning asosiy mazmunini tushuna oladi.
2. Joy yoki insonlar tasvirlangan qisqacha matnni tushuna oladi.
3. Sodda xabarlarni, masalan oddiy xatlar, elektron xatlarni tushuna oladi.
4. Sodda yozma yoʻriqnoma yoki koʻrsatmalarni tushuna oladi va ularga amal qila oladi.
5. Munozarali matnning xulosasini aniqlay oladi.
6. Matn mazmunining asosiy gʻoyasini ajrata oladi.
IV. Yozish
1. Shaxsiy xatlar (qisqa xabarlar, tabriklar, eslatmalar va hokazolar)ni yoza oladi.
2. Sodda anketalarni shaxsiy maʼlumot bilan toʻldira oladi.
3. Rasmiy hujjatlar qoliplari asosida sodda shakldagi hujjatlarni yoza oladi.
4. Oʻz qiziqishlariga taalluqli mavzuda qisqa, sodda esse yoza oladi.
5. Rasmiy xat, ish yuritish qogʻozlarini (ariza, rozilik xatlari, rezyume) yoza oladi.
6. Oʻz fikrini imlo qoidalariga rioya qilgan holda yozma shaklda bayon qila oladi.
7. Imlo qoidalariga rioya qilgan holda diktant yoza oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikati namunasi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT OʻZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI HUZURIDAGI DAVLAT TILIDA ISH YURITISH ASOSLARINI OʻQITISH VA MALAKA OSHIRISH MARKAZI THE CENTER FOR TEACHING THE BASICS OF OFFICE MANAGEMENT IN THE STATE LANGUAGE AND FURTHER TRAINING AT TASHKENT STATE UNIVERSITY OF THE UZBEK LANGUAGE AND LITERATURE NAMED AFTER ALISHER NAVOIY _________________________________________________________________________________________ DAVLAT TILINI BILISH TOʻGʻRISIDA SERTIFIKAT
CERTIFICATE OF KNOWLEDGE OF THE STATE LANGUAGE
Talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar / Candidate Details Talabgorning shaxsiy kodi / Candidate ID Familiyasi / Family Name Ismi / First Name Otasining ismi / Middle Name