1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.07.00 Kapital qurilish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.10.00 Uy-joy qurilishi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IPAK IShLAB ChIQARISh MAJMUIDA INTEGRATSIYALASh JARAYoNLARINI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 3-apreldagi 144-sonli “Respublika pillachilik sohasini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ipak ishlab chiqarish majmuida korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish va integratsiyalash jarayonlarini kuchaytirish asosida mahsulot sifatini oshirish va ularning raqobatga bardoshliligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Margʻilon “Ipakchi” aksionerlik jamiyati, Namangan “Atlas” aksionerlik jamiyatining hamda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarining pilla yetishtirish, tayyorlash va sotishni amalga oshiruvchi korxona va tashkilotlari mehnat jamoalarining ular tomonidan “Kumush tola” va “Xonatlas” aksionerlik kompaniyalarini 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, koʻrsatib oʻtilgan aksionerlik kompaniyalari:
ipak qurti urugʻini yetishtirish, tut daraxtlarini parvarish qilish, xom pilla tayyorlash, ularga dastlabki ishlov berish, ipak xomashyosidan va yigiruv chiqitlaridan kalava iplari va shoyi gazlamalar ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlarning ixtiyoriy birlashmalari hisoblanadi;
ochiq turdagi aksionerlik birlashmalari shaklida tashkil etiladi;
“Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan qatnashchilari hisoblanadilar, oʻz faoliyatini kompaniya ustaviga muvofiq amalga oshiradilar;
belgilangan tartibda davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladilar.
“Kumush tola” va “Xonatlas” kompaniyalari tarkibiga kirgan pillani dastlabki qayta ishlovchi korxonalar qishloq xoʻjaligi korxonasi maqomini saqlab qoladilar.
3. Aksionerlik kompaniyalarini boshqarish tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq maʼqullansin. Aksionerlik kompaniyalari boshqaruvlarining ijro etuvchi apparati funksiyasi “Ipakchi” va “Atlas” aksionerlik jamiyatlarining shoyi ishlab chiqaruvchi bosh korxonalariga yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tumanlardagi pilla quritish korxonalarini shirkatlarga aylantirish hamda ularning mulkdagi ulushlarini belgilangan tartibda pillakorlar (oilaviy zvenolar), pilla quritish va qishloq xoʻjaligi korxonalari oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Pillakorlar shirkatlari:
yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisoblanadilar;
pillani tayyorlash, quritish, quruq pillalarni pillakorlar nomidan isteʼmolchilarga joʻnatish funksiyalarini amalga oshiradilar;
pillakorlarga sifatli tut bargi yetkazib berish boʻyicha qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan shartnomalar tuzadilar.
5. Joylarda pillakorlarning mustaqil shirkatlari tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Ipak” Respublika ishlab chiqarish birlashmasining Qoraqalpogʻiston Respublika va viloyatlar birlashmalari belgilangan tartibda tugatilsin, viloyatlarda tumanlar shirkatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashlari tuzilsin.
6. “Ipak” Respublika ishlab chiqarish birlashmasi korxonalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida “Pilla” uyushmasi 4-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Pilla” uyushmasi oʻziga berilgan vakolatlar va funksiyalar doirasida quyidagi vazifalarni hal qiladi:
bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, ipak qurti urugʻi yetishtirishdagi, ipak qurtini boqishdagi, pillani quritishdagi zamonaviy texnologiyalarni yoyish va marketingni tashkil etish;
agrotexnika va ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishda respublika pillakorlar shirkatlariga metodik yordam berish;
shirkatlarga tashqi bozorni oʻrganishda va ularning eksport imkoniyatlarini kengaytirishda koʻmaklashish.
7. “Kumush tola” va “Xonatlas” aksionerlik kompaniyalari hamda “Pilla” uyushmasi tashkil etilishi munosabati bilan “Ipak” Respublika ishlab chiqarish birlashmasi belgilangan tartibda tugatilsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, “Pilla” uyushmasi:
yuridik shaxs hisoblanadi va pillakorlarning tuman shirkatlari hamda mulkchilikning barcha shakllaridagi boshqa ipakchilik korxonalari va tashkilotlari tomonidan tuziladi;
oʻz faoliyatini taʼsischilarning pay va boshqa badallari hamda ular tomonidan berilgan vakolat va funksiyalar asosida tashkil qiladi;
shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha “Ipak” Respublika ishlab chiqarish birlashmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
9. “Pilla” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 5 va 5a-ilovalarga muvofiq va xodimlarining soni 22 nafar miqdorida maʼqullansin.
“Pilla” uyushmasiga raisning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻlish tavsiya etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda, bir oy muddatda “Pilla” uyushmasi faoliyati Ustavini ishlab chiqsin va qabul qilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, “Pilla” uyushmasi tuman pillakorlar shirkatlari, “Kumush tola”, “Xonatlas” aksionerlik kompaniyalari va tut bargi yetishtiruvchi xoʻjaliklar oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy munosabatlar maxsus shartnomalar bilan tartibga solinadi.
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, bir oy muddatda xom pilla yetishtirish va xarid qilish, pillakorlarni tut bargi bilan taʼminlash boʻyicha namunaviy shartnoma loyihasini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Oʻzbeklegkombank”ning viloyat filiallarini ochishga amaliy yordam bersin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
“Kumush tola” va “Xonatlas” aksionerlik kompaniyalari tarkibiga kiruvchi korxonalar aksiyalarining 20 foizgachasini tegishli yuridik va jismoniy shaxslarga — xom pilla yetishtiruvchilarga sotishni nazarda tutsin;
aksionerlik kompaniyalaridagi aksiyalarning davlat ulishini boshqarish huquqini shartnoma asosida “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasiga bersin;
davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha dividendlarni ikki yil mobaynida shartnoma asosida “Kumush tola” va “Xonatlas” kompaniyalarida ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasiga bersin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ijara shartnomalari asosida tut daraxtlari va tutzorlarni oilaviy zvenolarga va dehqon (fermer) xoʻjaliklariga biriktirib qoʻyishni taʼminlasinlar, tut daraxtlarini ularning roziligisiz kesib tashlashni taqiqlasinlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
ipak qurtining elita va superelita urugʻi, tut koʻchatlari yetishtirishni rivojlantirish, ipak qurtini boqish agrotexnikasini takomillashtirish yuzasidan yagona siyosat yuritilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ozuqa bazasini rivojlantirishda, yangi tutzorlar barpo etishda “Kumush tola”, “Xonatlas” kompaniyalari xoʻjaliklari va korxonalariga hamda pillakorlar shirkatlariga yordam koʻrsatsin, tutzorlarning saqlanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
16. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 15-sentabrdagi 327-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I. H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 3-fevral,
28-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-fevraldagi 28-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi aksionerlik kompaniyalari roʻyxati va tarkibi
“Kumush tola” aksionerlik kompaniyasi
1. “Ipakchi” Margʻilon aksionerlik jamiyati
2. “Margʻilon xonatlasi” Margʻilon aksionerlik jamiyati
3. “Ipak yoʻli”Fargʻona aksionerlik jamiyati
4. Ipak qurti urugʻi zavodlari:
Qoʻqon ipak qurti zavodi
Fargʻona ipak qurti zavodi
Margʻilon ipak qurti zavodi
5. Pillaga dastlabki ishlov beruvchi tuman bazalari:
Fargʻona viloyati boʻyicha:
Oltiariq bazasi
Bogʻdod bazasi
Buvayda bazasi
Quva bazasi
Rishton bazasi
Toshloq bazasi
Oxunboboyev bazasi
Beshariq bazasi
Uchkoʻprik bazasi
Fargʻona bazasi
Yozyovon bazasi
Furqat bazasi
Oʻzbekiston bazasi
6. Fargʻona avtokorxonasi
7. Fargʻona xoʻjalik hisobidagi qurilish-taʼminlash boshqarmasi