Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga muvofiq va notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berish tartibotini tartibga solish va ularni berganlik uchun davlat boji undirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar birinchi marta notariat faoliyati bilan shugʻullanish xohishini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalari tomonidan, ushbu organlar huzurida tuzilgan malaka komissiyasining qarori asosiga koʻra malaka imtihoni topshirilgan kundan boshlab bir oy mobaynida beriladi.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuni qabul qilingan kunda notarius deb hisoblangan shaxslarga notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya malaka imtihoni topshirmasdan beriladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berganlik uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji toʻlanadi.
Malaka komissiyasi ishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida notariat faoliyati bilan shugʻullanish xohishini bildirgan fuqarolar malaka imtihoni topshirishdan oldin eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yigʻim toʻlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda notariat faoliyatini tartibga soluvchi normativ materiallarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri S. Mirsafoyev zimmasiga yuklansin.