1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sugʻurta / 03.11.22.01 Umumiy qoidalar;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.04.00 Eksport va import / 10.01.04.01 Eksport]
[TSZ:
1.Moliya / Sugʻurta]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalangan eksport qiluvchilarga mazkur qaror bilan joriy qilinayotgan tartibga muvofiq sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilib beriladi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-avgust,
512-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-avgustdagi 512-son qaroriga ILOVA
Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, ularga sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
garov sifatida sugʻurta xizmati — eksport va eksportoldi moliyalashtirish shartnomalari boʻyicha majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida sugʻurta himoyasi taqdim etilishi;
moliyalovchi shaxs — eksport qiluvchi tomonidan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarilishi va xorijiy davlatga joʻnatilishi bilan bogʻliq faoliyatni kredit, kafolat, kafillik, lizing yoki boshqa shaklda moddiy va (yoki) moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchi mahalliy yoki xorijiy investor, bank, lizing kompaniyasi, mikrokredit tashkiloti yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs;
sugʻurtalovchi — tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) toʻlovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs;
sugʻurta qildiruvchi — sugʻurtalovchi bilan sugʻurta shartnomasini tuzuvchi, sugʻurta shartnomasi boʻyicha hisoblangan sugʻurta mukofotini toʻlovchi hamda sugʻurtalovchilar bilan muayyan sugʻurta munosabatlariga kiruvchi har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi yuridik shaxs yoki toʻliq fuqarolik layoqatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
sugʻurta puli — sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi majburiyatlarining chegarasini anglatuvchi pul mablagʻlari miqdori;
sugʻurta mukofotlari (sugʻurta brutto-mukofotlar) — hisoblash tartibi va miqdori sugʻurta shartnomasi bilan belgilanadigan, sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlanadigan pul mablagʻi.
Mazkur nizom doirasidagi munosabatlar uchun sugʻurta qildiruvchi — eksport qiluvchi yoki moliyalovchi shaxs hisoblanadi;
eksport qiluvchi — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan, mahsulotlarni xorijiy davlatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalarigi (invoysga) asosan sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga asosan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan uning vakolatli vakili;
eksport shartnomasi — tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportiga eksport qiluvchi bilan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti oʻrtasida tuzilgan xoʻjalik shartnomasi;
eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi — eksport qiluvchining tovarlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va xorijiy davlatlarga eksport qilish faoliyatini kredit, kafolat, kafillik yoki boshqa shaklda moliyalashtirish yoki moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xoʻjalik shartnomalari;
3. Eksport va eksportoldi moliyalashtirish shartnomalariga asosan garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, sugʻurtalovchilarga toʻlab berilgan yoki toʻlab beriladigan sugʻurta mukofotlari 100 foiz kompensatsiya qilib beriladi.
Bunda ushbu sugʻurta shartnomalari boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta mukofoti miqdorining sugʻurta pulining 1 foizidan ortiq boʻlmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi. Kompensatsiya qilinadigan sugʻurta mukofoti miqdori sugʻurta pulining 1 foizidan oshgan taqdirda, oshgan qismi sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlanadi.
2-bob. Sugʻurta mukofotini qoplab berishning asosiy shartlari
4. Agentlik tomonidan garov sifatida sugʻurta xizmatlari boʻyicha sugʻurta mukofotini qoplab berish uchun:
sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlangan boʻlishi, sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga toʻgʻridan-toʻgʻri qoplab beriladigan holatlar bundan mustasno;
eksport shartnomalari (invoyslar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi (bitta invoys boʻyicha 5 ming AQSH dollarigacha tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilish holatlaridan tashqari), eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi boʻyicha sugʻurta amalga oshirilishi holatlari bundan mustasno;
avval olingan kompensatsiya boʻyicha sugʻurta shartnomasi muddatidan avval bekor qilingan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi tomonidan kompensatsiyaning ushbu Nizom shartlariga muvofiq tegishli qismi qaytarilgan boʻlishi;
tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻz tadbirkorlik xavfi va moliyalovchi shaxs foydasiga sugʻurtalanishi;
sugʻurta shartnomasining turi ushbu Nizomda keltirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan shartlarga mos kelishi shart.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Sugʻurta mukofotini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
5. Garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, Agentlik tomonidan sugʻurta mukofotini kompensatsiya qilish boʻyicha sugʻurtalovchilar va sugʻurta qildiruvchilarning arizalarini koʻrib chiqish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Kompensatsiya olish uchun sugʻuratlovchi yoki sugʻurta qildiruvchi tomonidan Agentlikka ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza quyidagi hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi:
eksport shartnomasi (invoys) yoki eksportoldi shartnomasi va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
sugʻurta mukofoti xarajatini tasdiqlovchi hujjatlar — sugʻurta polisining nusxasi, toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida bank maʼlumotnomasi (sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga toʻgʻridan-toʻgʻri qoplab beriladigan hollar bundan mustasno).
7. Sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchilardan ushbu Nizomning 6 va 15-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
8. Kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etilishi mumkin.
Arizada elektron manzil koʻrsatilganligi arizachining ariza boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga boʻlgan roziligi hisoblanadi.
9. Kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka bevosita taqdim etilganda, ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan holatlarda ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etilganda, ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa, Agentlik 3 ish kuni mobaynida murojaat etgan shaxsga yozma yoki elektron shaklda tegishli xat bilan javob qaytaradi.
11. Ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilgan arizalar Agentlik tomonidan 7 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
12. Agentlik taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 4-bandidagi shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganib chiqadi.
13. Agentlik taqdim etilgan hujjatlarni axborot tizimlari, shu jumladan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimi orqali va sugʻurtalovchilarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi maʼlumotlar bazalari yordamida hamda soʻrovnomalar yuborib, javoblar olish orqali oʻrganib chiqishi mumkin.
14. Ariza boʻyicha kompensatsiya berish yuzasidan xulosa Agentlik direktori tomonidan qabul qilinadi. Arizalarni koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
15. Agentlik har chorak yakuni bilan sugʻurta shartnomasi tugaganligi yoki muddatidan avval bekor qilinganligini monitoring qilib borish maqsadida sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchidan shartnomaga oid hujjatlarni va maʼlumotlarni, shuningdek eksportga oid hujjatlar nusxasi va maʼlumotlarni talab qilishga haqli.
16. Agentlik tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra sugʻurta shartnomasi muddatidan avval bekor qilinganligi aniqlangan taqdirda, agar sugʻurta hodisasi sodir boʻlmagan va (yoki) sugʻurta tovoni toʻlanmagan boʻlsa, sugʻurta shartnomasi boʻyicha qoplab berilgan sugʻurta mukofotining foydalanilmagan davr uchun mutanosib qismi, shuningdek, eksport qiluvchi tomonidan bir yil mobaynida eksport amalga oshirilmasa (fors-major holatlari bundan mustasno), sugʻurta shartnomasi boʻyicha qoplab berilgan sugʻurta mukofoti Agentlik tomonidan yuborilgan yozma bildirishnoma qabul qilingan sanadan boshlab yigirma ish kuni davomida sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchi tomonidan toʻliq qaytarilishi kerak.
Agentlik, sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchi oʻrtasidagi kompensatsiya shartlarining buzilishi bilan bogʻliq nizolar sud tartibida hal etiladi.
4-bob. Sugʻurta mukofotini qoplab berishni rad etish
17. Agentlikka kompensatsiya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Nizom 4-bandida belgilangan shartlarga yoki ularning biriga nomuvofiqligi, taqdim etilgan hujjatlarda ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda oʻrganishlar natijasida ishonchsiz va notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlangan taqdirda, sugʻurta mukofoti xarajatlarini qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilish uchun asos boʻladi.
18. Ushbu Nizom talablaridan boshqa asoslarga koʻra, kompensatsiya berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Rad etish toʻgʻrisida xulosa olinganda, koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda oʻn kun muddatda Agentlikka ariza bilan qayta murojaat qilish mumkin.
Arizani qayta koʻrib chiqishda Agentlik tomonidan rad etishning avval yozma ravishda taqdim etilmagan sabablarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qayta taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan rad etilgan sabablarni bartaraf etish uchun ariza olingan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
Sugʻurta qildiruvchi sugʻurta mukofotini qoplab berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosadan norozi boʻlgan taqdirda, shuningdek, Agentlikning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
5-bob. Sugʻurta mukofotini qoplash uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi
20. Garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, sugʻurta mukofoti xarajatlari Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
21. Har bir moliya yili boshida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qaroriga muvofiq Agentlikning tasdiqlangan smeta boʻyicha buyurtmanomasi olingan kundan boshlab uch bank ish kuni mobaynida Agentlikni moliyalashtiradi.
Moliya yili davomida garov sifatida sugʻurta xizmatlari boʻyicha Agentlikka taqdim etgan arizalarga muvofiq moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan smetaga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
22. Moliya yili yakuni boʻyicha Agentlik shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
23. Agentlik sugʻurta mukofotini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilingandan keyin har hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida subsidiya mablagʻlarini ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq uch ish kuni davomida kompensatsiya mablagʻlarini Agentlikning hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Agentlik hisobvaragʻiga subsidiya mablagʻlari kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida sugʻurta mukofot puli uchun kompensatsiya mablagʻlarini sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchining tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Xorijiy valyutada tuzilgan eksport va eksportoldi moliyalashtirish shartnomalariga asosan garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, sugʻurta qildiruvchilar tomonidan sugʻurtalovchilarga toʻlab berilgan sugʻurta mukofoti xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlab beriladi.
Xorijiy valyutada toʻlov amalga oshirilgan sugʻurta mukofoti xarajatlari uchun kompensatsiya milliy valyutada amalga oshiriladi. Xorijiy valyutada toʻlov amalga oshirilgan sugʻurta mukofoti xarajatining milliy valyutadagi qiymati sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurta mukofoti xarajatlari uchun toʻlov amalga oshirilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tegishli valyuta kursiga asosan hisoblanadi.
24. Agentlik tomonidan sugʻurta mukofoti pulini kompensatsiya qilish uchun subsidiya mablagʻlari ajratilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, Agentlik tomonidan sugʻurta mukofotini kompensatsiya qilish boʻyicha sugʻurtalovchilar va sugʻurta qildiruvchilarning arizalarni koʻrib chiqish
eksport shartnomasi (invoys) yoki eksportoldi shartnomasi va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda, sugʻurta mukofoti xarajatini tasdiqlovchi hujjatlar — sugʻurta polisining nusxasi, toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida bank maʼlumotnomasi (sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga toʻgʻridan-toʻgʻri qoplab beriladigan hollar bundan mustasno).
Sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchining ixtiyoriga koʻra
Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi direktori __________________ ga
___________________________ dan
Ariza
__________________________________ (sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchi nomi) garov sifatida foydalanilgan sugʻurta xizmatlari uchun toʻlangan sugʻurta mukofotini kompensatsiya qilib berish masalasini koʻrib chiqishingizni va tegishli kompensatsiya toʻlovini ______________________bankidagi ______________________ hisobvaragʻiga oʻtkazib berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinmoqda:
1. Eksport shartnomasi (invoys) yoki eksportoldi shartnomasi va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
2. Sugʻurta mukofoti amalga oshirilganligi toʻgʻrisida bank maʼlumotnomasi va sugʻurta polisining nusxasi.