toggle_night_mode
Hujjat 25.08.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Ilhom” mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oliy taʼlim muassasalarida shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini chuqur oʻrganishni samarali tashkil etish, yoshlarning adabiyotga qiziqishini yanada oshirish, ularni kitob oʻqishga daʼvat etish va shu asosda ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yanada yuksaltirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ilhom” mukofotini (keyingi oʻrinlarda — mukofot) taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. “Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
3. “Ilhom” mukofoti uchun tanlov oʻtkazish qoidalari va shartlari, tashkil etish hamda oʻtkazish, mukofotni topshirish va moliyalashtirish tartibini nazarda tutuvchi “Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) mukofot shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini oʻrganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar oʻtkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlarga beriladi;
b) mukofot uchun tanlovni yuqori saviyada oʻtkazishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼul, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamkor vazirlik va idoralar etib belgilanadi;
v) mukofot bilan taqdirlash har yili Adiblar xiyoboni ochilgan kun — 20-mayda “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida amalga oshiriladi;
g) tanlov gʻoliblari quyidagicha taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan “Spark” yengil avtotransport vositasi, maxsus diplom va statuetka;
2-oʻrin uchun — 30 mln. soʻm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka;
3-oʻrin uchun — 15 mln. soʻm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Oʻzbekkino” milliy agentligi bilan birgalikda “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida “Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash boʻyicha dasturni ikki oy muddatda ishlab chiqib tasdiqlasin hamda tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi buyurtmasiga binoan shartnoma asosida mukofot statuetkasi eskizi loyihasini uch oy muddatda ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun “Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaga kiritsin.
7. Mukofotlarni tayyorlash hamda gʻoliblarni taqdirlash marosimini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur tanlovlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-avgust,
503-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 503-son qaroriga
1-ILOVA
“Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI

Y. Absoatov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi

O. Bazarov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari

M. Rustambayev

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti boshligʻi

B. Matlyubov

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi

M. Quronov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining oʻrinbosari

Sh. Rizayev

Oʻzbekkino Milliy agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari

M. Abdusamatov

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul kotibi

J. Niyazbekov

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Ijodkor yoshlar bilan ishlash va ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi

M. Masharipov

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Beshta tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi

F. Abidjanova

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi masʼul kotibi

O. Xudoynazarov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh: tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 503-son qaroriga
2-ILOVA
“Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Ilhom” mukofoti (keyingi oʻrinlarda — mukofot) shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini oʻrganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar oʻtkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga beriladi.
2. Tanlov quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
oliy taʼlim muassasalarida shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini chuqur oʻrganishni samarali tashkil etish;
yoshlarning adabiyotga qiziqishini oshirish, kitob oʻqishga daʼvat etish va shu asosda ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yanada yuksaltirish;
maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarning isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini ragʻbatlantirish;
shoir va yozuvchilar asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar oʻtkazish, kino va sahna asarlari yaratish hamda ularni yoshlar orasida ommalashtirish.
3. Mukofot oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan uch nafar gʻolibga (yoki ijodiy jamoaga) 1, 2 va 3-oʻrin ketma-ketligida beriladi.
4. Gʻoliblar mukofot bilan ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida taqdirlanadi.
2-bob. Tanlovning dastlabki saralash bosqichini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
5. Tanlovda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari ishtirok etishi mumkin.
Tanlov ikki — dastlabki saralash va asosiy tanlov bosqichlarida oʻtkaziladi.
Dastlabki saralash bosqichi nomzodlar tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalarida tashkil etiladigan ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
6. Dastlabki saralash bosqichida nomzodlar oliy taʼlim muassasasi miqyosida test savollari orqali saralanadi.
Test savollari “Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy qoʻmita) tomonidan har yili 10-martga qadar shakllantiriladi.
Test savollari milliy adabiyotimizning durdona asarlari, adib va mutafakkirlarning boy maʼnaviy merosi, shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini qamrab oluvchi 50 ta savoldan iborat boʻladi.
7. Test savollari oliy taʼlim muassasalariga har yili 15-martga qadar taqdim etiladi. Savollarning oshkor etilmasligi, sinovlarning ochiq va haqqoniy oʻtishi uchun masʼuliyat oliy taʼlim muassasasi rektori zimmasiga yuklanadi.
Dastlabki saralash bosqichi test savollari olingandan soʻng bir kun ichida oʻtkazilishi lozim.
8. Test natijalariga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan uch nafar nomzod oliy taʼlim muassasasi rektorining taqdimnomasi asosida keyingi bosqichda ishtirok etishi mumkin.
Shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodi asosida kino va sahna asarlari yaratgan, adiblar hayoti va ijodi haqida ilmiy-ommabop tadqiqotlar oʻtkazgan, ularning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilgan yoshlarga oliy taʼlim muassasasi rektorining taqdimnomasi, istisno tariqasida, test sinovlarisiz berilishi mumkin.
9. Dastlabki saralash bosqichi natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchi qabul qilingan qarorga nisbatan gʻoliblar eʼlon qilingan sanadan boshlab oʻn kun muddat ichida tashkiliy qoʻmitaga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritish huquqiga ega.
Tashkiliy qoʻmita shikoyatni apellyatsiya tartibida koʻrib chiqishda, uning aʼzolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etganda haqiqiy hisoblanadi.
Tashkiliy qoʻmita oʻn kun muddat ichida shikoyatni koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi va qaror nusxasini murojaat qilgan shaxsga yuboradi:
shikoyatni qanoatlantirishni rad etib, saralash bosqichi boʻyicha oliy taʼlim muassasasi qarorini oʻzgarishsiz qoldirish;
shikoyatni qanoatlantirib, saralash bosqichi boʻyicha oliy taʼlim muassasasi qarorini qisman yoki butunlay bekor qilib, yangi qaror qabul qilish.
Tashkiliy qoʻmitaning shikoyatni apellyatsiya tartibida koʻrib chiqishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Tashkiliy qoʻmitaning apellyatsiya majlisiga murojaat etgan shaxs taklif etiladi. Uning ishtirok etmasligi majlisning oʻtkazilmasligiga yoki boshqa kunga qoldirilishiga asos boʻlmaydi.
10. Oliy taʼlim muassasalarida saralangan nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilib, tashkiliy qoʻmitaga taqdim etiladi.
11. Har yili 15-aprelga qadar oliy taʼlim muassasasi tomonidan “Ilhom” mukofoti tanlovining asosiy bosqichida ishtirok etish uchun nomzodning quyidagi hujjatlari taqdim etiladi:
oliy taʼlim muassasasining taqdimnomasi;
pasporti (ID-kartasi) nusxasi;
maʼlumotnoma-obyektivka;
tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etadigan ishlari (foto-video lavhalar, tadqiqotlar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar).
12. Nomzodning hujjatlari yuqorida koʻrsatilgan tartibda qabul qilinadi.
3-bob. Tanlovning asosiy bosqichi gʻoliblarini aniqlash va baholash tartibi
13. “Ilhom” mukofoti tanloviga tayyorgarlik koʻrish, nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish, rasmiylashtirish, ularni koʻrib chiqish, saralash va baholash tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
14. Mukofot uchun tanlov gʻoliblarini aniqlashda, quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratiladi:
Adiblar xiyobonida oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻyicha maʼlumotnoma (foto va video lavhalar);
adiblar hayoti va ijodi haqidagi tadqiqotlar;
adiblar ijodini ommalashtirish, shu jumladan ularning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar;
adiblar hayoti haqida hikoya qiluvchi yoki ularning asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar, suratga olingan badiiy va hujjatli filmlar, badiiy asarlar, fotokoʻrgazmalar, ekspozitsiyalar;
adiblar hayoti va ijodini oʻrganishga oid ekspeditsiyalar va ularning natijalari;
adiblar hayoti va ijodini targʻib qilish boʻyicha ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar.
15. Tashkiliy qoʻmita tomonidan bir oy davomida taqdim etilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning oʻziga xosligi, asarning badiiyligi mezonlari boʻyicha har bir talab 5 ballik tizimga binoan xolislik va shaffoflik asosida baholanadi.
16. Yozuvchi va shoirlar asarlarining xorijiy tillarga tarjimasi taqdim etilgan taqdirda, tarjimaning badiiy sifatini aniqlash boʻyicha mutaxassislardan xulosalar olinadi.
17. Tashkiliy qoʻmitaning har bir aʼzosi tomonidan qoʻyilgan baholar yigʻindisi umumlashtiriladi va oʻrtacha ball aniqlanadi.
Eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar darajasi boʻyicha gʻolib deb topiladi.
Tashkiliy qoʻmitaning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda uning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
18. Tavsiya etilayotgan ishlarni koʻrishda nomzodning isteʼdodi, ijtimoiy faolligi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi inobatga olinadi.
19. Tashkiliy qoʻmitaning bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etiladi.
20. Tanlov gʻoliblarini “Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash tashkiliy qoʻmitaning bayonnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Mukofotni topshirish, tanlovni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish tartibi
21. Gʻoliblar mukofot bilan har yili Adiblar xiyoboni ochilgan kun — 20-mayda “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida taqdirlanadi.
22. Mukofot bilan taqdirlanganlar keyingi yillarda oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etmaydi.
23. Tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda tanlovlar sovrindorlariga toʻlanadigan pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Tanlovni oʻtkazish jarayonlari boʻyicha kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Mukofot gʻoliblari rasman eʼlon qilingandan soʻng boshqa nomzodlarning ariza va shikoyatlari koʻrib chiqilmaydi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/503/1207-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 09/21/500/0767-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 12.07.2024-y., 09/24/415/0501-son)