1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.05.00.00 Shaxs xavfsizligi / 16.05.02.00 Jamoat tartibi muhofazasi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi);
2.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida samarali tizimni yaratish hamda sud-huquq sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat protsessida ishlarni soddalashtirilgan tartibda koʻrish amaliyoti, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda murojaat etish hamda sud ishlarini elektron shakllantirish mexanizmlari muvaffaqiyatli joriy etildi.
Shu bilan birga, qonunchilikda maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni tezkor hal etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkonini beradigan huquqiy mexanizm mavjud emas.
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy izchilligini taʼminlash, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar yurituvini raqamlashtirish, jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali mazkur ishlarni koʻrib chiqishda ortiqcha sansalorlikka yoʻl qoʻyilishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasini (keyingi oʻrinlarda ― loyiha) bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni qoʻzgʻatish, koʻrib chiqish va bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning elektron axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiyalashtirish;
maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritishda foydalaniladigan protsessual hujjatlarning yagona elektron bazasini shakllantirish;
maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishda ortiqcha bosqichlarni bekor qilish va muddatlarni qisqartirish orqali ish yuritish tartibini soddalashtirish;
avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi, shaxsni identifikatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda Biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish.
2. “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasini amaliyotga joriy qilish boʻyicha idoralararo komissiyaning (keyingi oʻrinlarda ― Idoralararo komissiya) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Idoralararo komissiyaning ishchi organi hamda loyihani amalga oshirish va yuritish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Idoralararo komissiya (P. Bobojonov) bir oy muddatda “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasini 2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahri hududida amalga oshirish boʻyicha ish rejasini hamda Idoralararo komissiya aʼzolari oʻrtasida ish taqsimotini tasdiqlasin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq loyihani Toshkent shahri hududida amalga oshirish doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllaniladi:
vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlikni aniqlashi bilan birgalikda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish uchun maxsus dasturiy taʼminot oʻrnatilgan mobil qurilma (keyingi oʻrinlarda — planshet) orqali maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzadi va huquqbuzarga axborot-telekommunikatsiya tarmogʻi orqali ushbu bayonnomaning elektron yoki qogʻoz shaklini taqdim etadi;
bayonnomani tuzuvchi mansabdor shaxs huquqbuzarning biometrik hujjatlarini planshet yordamida yoki yuz tuzilishini rasmga olib yoxud barmoq izlarini tushirish orqali real vaqt rejimida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bazasidan uning shaxsini aniqlaydi;
huquqbuzar bayonnomada koʻrsatilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni oʻzi sodir etganligiga eʼtiroz bildirmagan taqdirda, u bayonnomani planshetdagi maxsus skanerlovchi uskuna orqali barmoq izlarini tushirish yoʻli yoki elektron grafik imzosi bilan tasdiqlaydi. Huquqbuzar oʻzining jismoniy nuqsoni tufayli bayonnomani oʻqish yoki imzolash imkoniyatiga ega boʻlmasa, bayonnoma unga oʻqib eshittiriladi va vakolatli mansabdor shaxs tomonidan bu haqda bayonnomaga belgi qoʻyiladi;
huquqbuzarning tayinlangan jarima summasini ixtiyoriy tarzda toʻlaganligi haqidagi maʼlumot loyihani Toshkent shahri hududida amalga oshirish doirasida yaratiladigan elektron bazaga bayonnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelib tushmagan taqdirda, bayonnoma avtomatik tarzda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni umumiy asoslarda koʻrib chiqish uchun tegishli vakolatli organga yoki sudga joʻnatiladi;
huquqbuzarga tayinlangan jarimani “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali masofaviy toʻlash imkoniyati yaratiladi.
5. Belgilansinki, quyidagi holatlarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda yuritilmaydi:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishning soddalashtirilgan tartibda yuritilishiga huquqbuzar yoki jabrlanuvchining eʼtirozi boʻlganda;
sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun belgilangan sanksiyada jarima jazosidan boshqa turdagi maʼmuriy jazo qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish bilan bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda;
ish boʻyicha moddiy va maʼnaviy zarar koʻrgan taraf yoki uning vakili zararni undirishni talab qilgan hollarda;
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan bir necha shaxslardan loaqal bittasi huquqbuzarlik sodir etganligini rad etganda.
Bir yil davomida takroran sodir etilishi oqibatida jinoiy javobgarlik kelib chiqishi nazarda tutilgan huquqbuzarliklar boʻyicha soddalashtirilgan tartibda yuritilayotgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishda shaxsning muqaddam maʼmuriy huquqbuzarlikka oid javobgarlikka tortilganligi haqidagi maʼlumotni darhol olishning imkoni boʻlmasa, ish yuritish tegishli maʼlumotlar olingunga qadar umumiy tartibda davom ettiriladi.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
planshet yordamida bayonnomalarni rasmiylashtirish ushbu qurilmalar bilan taʼminlangan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan;
soddalashtirilgan tartibda ishni hal qilish esa barcha vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar avtomatlashtirilgan multibiometrik identifikatsiya qilish tizimi uchun 40 million nafar shaxsning anketa maʼlumotlari, tashqi yuz qiyofasi va qoʻl izlari maʼlumotlarini qayta ishlashga moʻljallangan dasturiy taʼminot va server qurilmalarini hamda “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasi uchun server qurilmalarini xarid qilish uchun zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan texnik uskunalar, server, planshet, boshqa moddiy-texnika ashyolari va dasturlarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
8. Idoralararo komissiya loyihani Toshkent shahrida amalga oshirish natijalarini inobatga olgan holda, 2021-yil 1-noyabrga qadar:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini respublikaning boshqa hududlarida qoʻllash;
loyiha doirasida ishtirok etuvchi boshqa vazirlik va idoralarni planshet hamda boshqa moddiy-texnika ashyolari bilan taʼminlashning moliyaviy manbalarini aniqlash;
qonun hujjatlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqidigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi ushbu qaror qoidalarini aholi orasida keng yoritish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida materiallar eʼlon qilinishi hamda mavzuga oid koʻrsatuvlar va eshittirishlar berilishini taʼminlasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi ― IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-iyun,
407-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-iyundagi 407-son qaroriga ILOVA
“Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasini amaliyotga joriy qilish boʻyicha idoralararo komissiyaning
TARKIBI
1.
Bobojonov P.R.
―
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Komissiya raisi
2.
Yodgorov X.B. (kelishuv asosida)
―
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari
3.
Artikova S.B. (kelishuv asosida)
―
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari
4.
lavozimi boʻyicha
(kelishuv asosida)
―
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari
5.
Turobov B.T. (kelishuv asosida)
―
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining oʻrinbosari
6.
Xusanov N.B.
―
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri
7.
Sadikov Sh.M.
―
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri
8.
Qoʻldoshev A.H.
―
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari
9.
Ergashev P.I.
―
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari
10.
Ganiyev M.J.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining oʻrinbosari
11.
Mirzayev M.M.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
12.
Meliyev X.X.
―
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari
13.
Dexkanov D.T.
―
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari
14.
Azimov M.B.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi
15.
Islamov B.F.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi
16.
Norqobilov B.T.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi
17.
Gulyamov B.V.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi
18.
Abdullayev A.X.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi
19.
Begalov B.A.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi
20.
Abdurazakov Sh.Sh.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi
21.
Sattarov D.N.
―
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi direktori
22.
Bekenov S.X.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori
23.
Xoljigitov Gʻ.A.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori
24.
Vaxabov A.D.
―
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga tayinlangan yoxud tegishli vazifalar bajarilishi yuklatilgan shaxslar kiritiladi.