1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.10.00 Injenerlik xizmati. Uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish va saqlash. Uy-joy fondini saqlab turish va taʼmirlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2021 — 2027-yillarda respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aholining koʻp kvartirali uylarda yashashi uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, liftlarning texnik holatini tubdan yaxshilash, avariya holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
1. 2021 — 2027-yillarda koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini taʼmirlash va yangilash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Dasturning oʻz muddatida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Dastur doirasida quyidagilarning amalga oshirilishini taʼminlasin:
Dasturning maqsadli parametrlari oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha olib borilayotgan ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirib borish;
koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalariga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirishning zamonaviy uslublarini joriy qilish;
koʻp kvartirali uylarda joy mulkdorlarining qulay va xavfsiz yashashini, favqulodda vaziyatlarning oldi olinishini va sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
lift uskunalarining texnik va avariya holatlarini real vaqt rejimida qayd etuvchi zamonaviy raqamli elektron dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslantirilgan takliflariga muvofiq Dastur parametrlariga, zaruratga koʻra, oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Dasturni amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi “Koʻp xonadonli uylar, issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasini buyurtmachi etib belgilash;
koʻp kvartirali uy-joy fondidagi lift uskunalarini monitoring qilish, zamonaviy dispetcherlik xizmatini koʻrsatish vazifasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi huzuridagi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalariga yuklash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Moliya vazirligi bilan birgalikda:
koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan holda 2020-yil 1-noyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari parametrlarini shakllantirishda 2021-yildan boshlab, tasdiqlangan Dastur asosida koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilash tadbirlari uchun talab qilinadigan mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar lift uskunalarining texnik holatini monitoring qilish, avariya holatlarini real vaqt rejimida qayd etuvchi zamonaviy raqamli elektron dasturning ishlab chiqilishini va joriy etilishini taʼminlasin.
7. Koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalaridan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga:
koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalariga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan lift uskunalarining Liftlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Umumiy texnik reglament) talablariga hamda boshqa texnik va loyiha hujjatlariga muvofiq saqlanishini, shuningdek, lift pasportiga asosan ularning belgilangan muddatlarda texnik tekshiruvdan oʻtkazilganligini nazorat qilish;
Umumiy texnik reglament va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, lift uskunalariga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan yozma koʻrsatmalar kiritilishini taʼminlash;
koʻp kvartirali uylarga oʻrnatilayotgan lift uskunalarining xalqaro standartlar talablariga javob beradigan va davlat ekspertizasidan oʻtkazilgan holda oʻrnatilishini nazorat qilish va yangi liftlarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
lift uskunalaridan foydalanishda yuzaga kelgan inson hayoti uchun xavf soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar lift uskunalaridan foydalanishni taqiqlash choralarini koʻrish va ularning ijrosi boʻyicha bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berish vazifalari yuklansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ikki oy muddatda:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab, respublikadagi sohaga oid mavjud oʻrta-maxsus taʼlim boʻgʻinida faoliyat yurituvchi kollejlarda lift uskunalariga xizmat koʻrsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlash yuzasidan tegishli taʼlim yoʻnalishlarining tashkil etilishini;
“Taʼmirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalarining lift uskunalariga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash choralari koʻrilishini, shuningdek, ularni tegishli mutaxassislikka ega malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, oʻqitish va qayta tayyorlashni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi:
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, mahalliy lift uskunalari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda lift qurilmalariga qoʻyilgan xavfsizlik talablarining xalqaro talablarga muvofiqlashtirilishini;
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda lift qurilmalarining xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha sinovlarni oʻtkazishni taʼminlaydigan maxsus idoraviy laboratoriyani tashkil etish yuzasidan tegishli takliflarning bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 12-iyun,
376-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-iyundagi 376-son qaroriga 1-ILOVA
2021 — 2027-yillarda koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini taʼmirlash va yangilash
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-iyundagi 376-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika uy-joy fondining koʻp kvartirali uylarida lift asbob-uskunalarini yangilash va taʼmirlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 29-avgustdagi 191-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika uy-joy fondining koʻp kvartirali uylarida lift asbob-uskunalarini yangilash va taʼmirlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 29-avgustdagi 191-son qaroriga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2013-yil 16-dekabrdagi 330-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-martdagi PF-5690-son Farmoni)” 2019-yil 21-oktabrdagi 886-son qaroriga ilovaning 4-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 24-yanvardagi PQ-4126-son qarori)” 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-son qarorining 27-bandi.