1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.79.00 (Кучини йукотган) Nodavlat taʼlim muassasalari (xususiy, jamoat birlashmalari, diniy va boshqa tashkilotlarining taʼlim muassasalari). Nodavlat va diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-sonli “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy maʼrifiy sohani tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan oʻtish tartibi joriy etiladi. Bunda, dastlabki imtihon natijalariga koʻra abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) oʻtkazish yoki oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilinadi.
2. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-iyundagi 466-son qaroriga2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 5-iyun,
358-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi 358-son qaroriga 1-ILOVA
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Akademiyaning bakalavriatiga qabul (keyingi oʻrinlarda — Akademiyaga qabul) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari mutaxassisliklari kesimida qonun hujjatlariga muvofiq davlat grantlari hamda toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi.
Akademiyaning umumiy belgilangan qabul parametrlari kvotasidan tashqari qoʻshimcha kvotalar hamda Akademiyaga oʻqishga kirishda imtiyozlar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
3. Akademiyaga talabalikka qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Akademiyaga qabul qilishni tashkil etish tegishli oʻquv yili uchun tashkil etiladigan Akademiya qabul komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi) yuklanadi. Qabul komissiyasining tarkibi Akademiya rektorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
5. Akademiya rektori qabul komissiyasining raisi hisoblanadi. Qabul komissiyasining joriy ishlarini masʼul kotib tashkil qiladi.
6. Qabul komissiyasi hujjatlarni qabul qilish tartibi va muddatlari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari mutaxassisliklarining nomlari hamda Akademiyaga qabul parametrlari haqidagi maʼlumotlarni abituriyentlar hamda jamoatchilikka oldindan yetkazadi.
7. Akademiyaga qabul qilish tartibi, hujjatlarni qabul qilish muddatlari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari mutaxassisliklarining nomlari, Akademiyaga qabul parametrlari toʻgʻrisidagi maʼlumot Akademiyaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti, shuningdek, axborot stendlarida joylashtiriladi.
2-bob. Akademiya bakalavriatiga qabul qilish tartibi
8. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Abituriyentlar quyidagi hujjatlarni qabul komissiyasiga taqdim etadilar:
rektor nomiga bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili va shakli koʻrsatilgan ariza;
umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
pasport nusxasi (16 yoshga toʻlmagan shaxslar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasini taqdim etadi);
3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma (mavjud boʻlsa).
10. Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda oʻqishga kirish huquqiga ega shaxslar ushbu huquqni tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini ham taqdim etadilar.
11. Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini taqdim etadilar.
12. TOEFL IBT, IELTS, CEFR, Test DaF xalqaro imtihon tizimlarining amaldagi sertifikatlari, GOETNE sertifikati, DELF sertifikati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 13-maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega boʻlgan fuqarolar qabul komissiyasiga ushbu sertifikatlarning asl nusxalarini taqdim etadilar.
13. Hujjatlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kiradigan abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish boshlangan kundan 20 kun davomida qabul qilinadi. Oxirgi oʻn kun davomida dastlabki imtihonni oʻtkazish va undan muvaffaqiyatli oʻtmagan abituriyentlarga boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjatlar topshirish imkoniyati yaratiladi.
14. Hujjatlarni taqdim etishda abituriyent tomonidan pasport (16 yoshga toʻlmagan shaxslar — tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani) shaxsan koʻrsatiladi.
15. Ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan talablarga mos hujjatlar taqdim etilganda, qabul komissiyasi abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni rad etishga haqli emas.
16. Abituriyent taqdim etilgan hujjatlarni shaxsan yoki ishonchli vakili orqali (abituriyent tomonidan berilgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma taqdim etilganda va unda ishonchli vakiliga berilgan vakolatlar koʻrsatilganda) qaytarib olish toʻgʻrisida qabul komissiyasiga ariza berish, shuningdek, abituriyentga dastlabki imtihon natijalariga koʻra kirish test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat rad etilgan hollarda, taqdim etilgan hujjatlarni qaytarib olish huquqiga ega.
17. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish barcha abituriyentlar uchun teng huquqlilik, oshkoralik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshiriladi.
18. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
kasbiy (ijodiy) imtihon va kirish test sinovlari (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi) tomonidan oʻtkaziladi).
Dastlabki imtihon natijalariga koʻra abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) oʻtkazish yoki oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilinadi.
Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarga Davlat test markazining maxsus dasturi orqali Akademiyani tanlashga va test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.
19. Dastlabki imtihon Akademiya rektorining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — maxsus komissiya) tomonidan oʻtkaziladi.
Maxsus komissiya tarkibiga Akademiya xodimlari bilan birga boshqa davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kiritiladi. Maxsus komissiya oʻz faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, xolislik va begʻarazlik tamoyillari asosida amalga oshiradi.
20. Maxsus komissiyaga komissiya aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtiradigan rais rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi raisi oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida maxsus komissiya raisi hisoblanadi.
21. Dastlabki imtihon har yili Akademiya qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda oʻtkaziladi.
22. Dastlabki imtihonni oʻtkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va dastlabki imtihonni oʻtkazish boshlanishidan kamida 10 kun avval Akademiyaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
23. Dastlabki imtihon Akademiya negizida zarur texnik, tibbiy va boshqa sharoitlarni yaratgan holda oʻtkaziladi. Bino va auditoriyalar xavfsizlik talablariga, shu jumladan yongʻin xavfsizligi, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga toʻliq javob berishi shart.
Hujjatlarni qabul qilish, abituriyentlar bilan suhbatlashish, dastlabki imtihonni topshirish jarayoni video va audio vositalar yordamida yozib olinadi.
24. Dastlabki imtihon yozma shaklda oʻtkaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat boʻladi:
intellektual daraja (40 ball), mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni topish;
maʼnaviyat va maʼrifat asoslari boʻyicha bilim darajasi (30 ball), maʼnaviyat asoslari, milliy gʻoya va mafkura, huquq va siyosat, adabiyot, tarix, islomshunoslik va dinshunoslikka taalluqli hamda boshqa masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati;
xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi (30 ball), Oʻzbekiston madaniyati, sanʼati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati. Bunda, xorijiy tillar boʻyicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS boʻyicha kamida 5,5 ball, TOEFL IBT boʻyicha kamida 72 ball bilim darajasi koʻrsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, GOETNE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan CEFR uslubi boʻyicha V2 minimal darajasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 13-maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki boʻyicha maksimal ball beriladi.
25. Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi. Abituriyent kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun biletdagi barcha savollar boʻyicha umumiy ballar miqdorining kamida 50 foizini toʻplashi zarur.
26. Abituriyentlarning tayyorgarligini baholash mezonlari, dastlabki imtihonni oʻtkazish tartibi maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqiladi, Akademiyaning muassislari bilan kelishilgan holda Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi va Akademiyaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida, shuningdek, axborot stendlarida dastlabki imtihonni oʻtkazish muddatidan kamida oʻn kun avval joylashtiriladi.
Dastlabki imtihon savollarini ishlab chiqish uchun tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malakali mutaxassislar jalb etiladi.
27. Dastlabki imtihon ushbu Nizomning 25-bandida belgilangan savollarning uch blokidan iborat topshiriqlar asosida oʻtkaziladi.
28. Barcha topshiriqlar odatda, yagona imtihon talablarini (imtihon materialining mos hajmi, savollar, misollar va topshiriqlarning murakkablik va mehnat talab qilish darajasi) oʻz ichiga olishi zarur.
29. Topshiriqlar roʻyxati qabul komissiyasi tomonidan dastlabki imtihon oʻtkazilishidan bir kun avval tasdiqlanadi.
30. Dastlabki imtihon uchun ajratilgan vaqt, shu jumladan tashkiliy qism va ishlarni topshirish vaqti 3 soatni tashkil qiladi.
31. Dastlabki imtihonni tashkil etish uchun abituriyentlar guruhlarga boʻlinadi. Bunda, har bir guruhda dastlabki imtihonni tashkil etish va uning oʻtkazilishini nazorat qilish maxsus komissiyaning uch nafar vakili tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning bayon shaklida tasdiqlanadigan qarori asosida maxsus komissiya aʼzolari guruhlarga ajratiladi. Auditoriyada boshqa shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Abituriyent auditoriyaga qabul komissiyasining masʼul shaxsi tomonidan taklif etiladi. Bunda abituriyent oʻz pasportini (16 yoshga toʻlmagan shaxslar — tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani) taqdim etishi shart.
33. Abituriyentlarning yozma imtihon oʻtkaziladigan auditoriyaga qogʻoz yoki elektron manbadagi oʻquv adabiyoti, lugʻatlar, maʼlumotnomalar, jadvallar va boshqa adabiyotni, normativ-huquqiy hujjatlar, konspektlar, yozuv daftarlari, qogʻoz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, aloqa vositalari (jumladan, mobil aloqa vositasi), audio, foto va video yozish qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
Ushbu holatlar imtihonga kirishda, imtihon davomida yoki videokuzatuvlar orqali aniqlangan taqdirda, dalolatnoma tuziladi va abituriyent dastlabki imtihondan chetlashtiriladi hamda unga ushbu imtihon boʻyicha ball berilmaydi.
Abituriyentlarning yozma imtihon oʻtkazilayotgan vaqtda auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, salomatligi yomonlashganda qabul komissiyasining masʼul shaxsi hamrohligida chiqishi bundan mustasno. Bunda yozma imtihon materiallari qabul komissiyasiga topshirilishi shart.
34. Dastlabki imtihon boshlanishidan avval maxsus komissiya vakillari abituriyentlarning imtihonga kelish davomatini tekshiradi va shundan soʻng yozma imtihon toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etish varagʻiga tegishli yozuvlar qayd etiladi.
35. Dastlabki imtihonga jadval boʻyicha kelmagan abituriyentlarga bir nechta oliy taʼlim muassasasini tanlash jarayonida Akademiyani tanlashga ruxsat berilmaydi.
36. Imkoniyati cheklangan abituriyentlarga dastlabki imtihon umumiy tartibda, ularga auditoriyaga toʻsiqsiz kirishi uchun tegishli texnik sharoitlar yaratilgan holda oʻtkaziladi.
37. Dastlabki imtihon natijalari maxsus komissiya tomonidan tuziladigan, ushbu komissiyaning raisi va tegishli guruhlarda imtihon oʻtkazgan aʼzolari imzolaydigan bayon bilan rasmiylashtiriladi. Qabul komissiyasi dastlabki imtihon natijalari boʻyicha abituriyentga qabul jarayonining keyingi bosqichlarida ishtirok etishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
38. Dastlabki imtihon natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot Akademiyaning axborot stendlarida va Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida imtihon oʻtkazilgandan keyingi ikki kun ichida joylashtiriladi.
39. Dastlabki imtihon natijalari eʼlon qilinganidan soʻng bir kundan kechikmagan holda ularni qayta koʻrib chiqish uchun murojaat qilinishi mumkin.
Fuqarolarning ushbu masala boʻyicha murojaatlari qabul komissiyasi tomonidan abituriyent dastlabki imtihon natijalarini qayta koʻrib chiqish uchun murojaat qilgan kunidan keyingi ikki kun ichida koʻrib chiqiladi.
40. Dastlabki imtihonni qayta oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarga kirish test sinovlarini (kasbiy (ijodiy) imtihonlarni) Akademiyaga oʻqishga kirish uchun belgilangan tartibda topshirishga ruxsat etiladi.
Akademiyaning tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.
42. Abituriyentlarni Akademiyaga qabul qilish toʻgʻrisidagi qaror Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Davlat komissiyasining abituriyentlar Akademiyaga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi qarori ularning dastlabki imtihonlarda toʻplagan ballari hisobga olinmagan holda qabul qilinadi.
43. Davlat komissiyasining qarori Akademiya rektori tomonidan abituriyentning Akademiyaga qabul qilinishi toʻgʻrisidagi buyruqni qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
44. Akademiyaga xorijiy fuqarolarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
45. Akademiyaga oʻqishga kirish uchun dastlabki imtihonni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Akademiyaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
46. Karantinga oid choralar amal qilishi davrida Akademiyaning bakalavriatiga qabul qilish vakolatli organlarning karantinga oid hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda (masofaviy, elektron, onlayn va boshqa usullar orqali) amalga oshiriladi.
47. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi 358-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-iyundagi 466-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
“Akademiyaning bakalavriat va magistraturasiga qabul qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida qabul kvotalari asosida amalga oshiriladi”.
“2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Akademiyaga talabalar kunduzgi taʼlim shakliga dastlabki imtihon, kasbiy (ijodiy) imtihon hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilinadi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihon Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha oʻtkaziladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.06.2020-y., 09/20/358/0725-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 15.07.2022-y., 09/22/386/0637-son)