toggle_night_mode
Hujjat 05.06.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurishda tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-iyuldan boshlab:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan yer uchastkalari qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar boʻyicha qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlar va oʻrmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan hamda aholini majburiy koʻchirish xavfi boʻlmagan taqdirda ajratiladi;
tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning tarkibiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzgidromet” markazining hududiy boʻlinmalari vakillari kiritiladi hamda ularning xulosasi olinadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha tanlov savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bilan investitsiya shartnomalari tuziladi;
koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha ajratilgan yer massivlari (uchastkalari) va lokal oqava suv tozalash inshootlarining atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish xulosasi xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib tayyorlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan har bir massiv va tozalash inshootlari boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosalari beriladi;
koʻp kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi.
3. Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazlariga yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uy-joy qurish jarayonida atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimini tatbiq etish boʻyicha xalqaro moliya institutlari talablari asosida bir oy muddatda tartib ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
tasdiqlangan tartib asosida atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi boʻyicha hisobotlarni tayyorlab, belgilangan muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha tanlangan tadbirkorlik subyektlari bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari oʻrtasida tuziladigan koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga tayyor holda qurishga doir namunaviy investitsiya majburiyatlari shartnomasining loyihasini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi koʻp kvartirali uy-joylar va muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish boʻyicha loyiha yechimlarining va bajarilayotgan ishlarning sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat qurilish nazoratini oʻrnatsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 4-iyun,
355-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyundagi 355-son qaroriga
ILOVA
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlari uchun tanlovlar oʻtkazish mexanizmini, mezonlarini (jumladan “qiymat-miqdor” mezonlarini) hamda qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini tanlab olish boʻyicha tanlovlarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan yangi tartib asosida qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish uchun quyidagilar talab etiladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tuman maʼmuriy markazlariga tutash hududlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886-son Farmoni (keyingi oʻrinlarda — Farmon) talablari asosida yer uchastkalarini ajratish va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzgidromet” markazining hududiy boʻlinmalari bilan kelishish;
Keyingi tahrirga qarang.
arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini (keyingi oʻrinlarda — ART) ishlab chiqish xarajatlarini tuman (shahar) hokimligi tomonidan mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ART ishlab chiqilgan kunda toʻliq toʻlab berish;
tortib kelinadigan va maydon ichki suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllarini qurish obyektlarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan tortib kelinadigan va maydon ichki elektr va gaz taʼminoti tarmoqlarini qurish obyektlarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash.
3. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
makromassiv — viloyatlar shaharlariga va tuman maʼmuriy markazlariga tutash hududlarda kamida 200 ta kvartirani oʻz ichiga olgan koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan yer uchastkasi;
tanlov tashkilotchisi — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazlari;
tanlov predmeti — qishloq joylarda oʻz mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlari uchun hududiy hokimliklar tomonidan belgilanadigan talablar (xizmatlar) roʻyxati;
Keyingi tahrirga qarang.
lot — tanlovning boʻlinmaydigan predmeti;
namunaviy tanlov hujjatlari — belgilangan tartibda tasdiqlanadigan talablar va hujjatlar (tanlovga taklifnoma, uning qatnashchilariga qoʻyiladigan malaka talablari, tanlov takliflarini baholash mezonlari va ularni baholash shakllari, investitsiya majburiyatlarining shartnoma shakllari);
tanlov hujjatlari — namunaviy tanlov hujjatlari asosida ishlab chiqilgan, tanlov predmetining texnik, moliyaviy, tijorat, tashkiliy va boshqa tavsiflari, tanlovni tashkil etish shartlari va oʻtkazish tartib-qoidasi haqidagi boshlangʻich maʼlumotlardan iborat boʻlgan hujjatlar turkumi;
tanlov komissiyasi — tanlov hujjatlari talablariga muvofiq tadbirkorlik subyektini aniqlash uchun mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladigan kollegial organ;
talabgor — taklif etilgan shartlar asosida tanlovda qatnashish toʻgʻrisida oʻz istagini bildirgan hamda uning ofertasi tanlov tashkilotchisi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgunicha tanlov hujjatlarini olgan yuridik shaxs;
pudrat tashkiloti — talabgor tomonidan tanlanadigan qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki talabgorning oʻzi;
oferent — tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq tayyorlangan va tanlov tashkilotchisi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz ofertasini taqdim etgan talabgor;
oferta — talabgorning tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq taqdim etilgan tanlov predmetiga nisbatan taklifi;
baholash mezonlari — ofertalarni baholash, talabgorlarni tanlab olish va tanlov gʻolibini tanlab olish uchun foydalaniladigan koʻrsatkichlar;
ofertaning taʼminlanishi toʻgʻrisidagi deklaratsiya — oferentning ofertadagi barcha talablar va shartlarga rioya etish yuzasidan soʻzsiz va moddiy majburiyati;
kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymati — Farmonga asosan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kabagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda tasdiqlanadigan kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymati;
investitsiya majburiyatlari shartnomasi — yer uchastkasini koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun uy-joylar qurish muddati, kvartira bir kvadrat metrini tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymatidan oshmagan holda sotish, texnik nazoratni amalga oshirish uchun mutaxassis jalb qilish va boshqa investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma.
2-bob. Tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlov
1-§. Tanlov qatnashchilari
4. Hududiy tanlov komissiyasi, tanlov tashkilotchisi va oferentlar — tanlov qatnashchilari hisoblanadi.
5. Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlov komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Tanlov komissiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari va viloyatlar hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari (keyingi oʻrinlarda — viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari) rahbarlik qiladi.
6. Tanlov oʻtkazish uchun mazkur Nizomga 1-ilovadagi tarkibda komissiya tuziladi.
7. Tanlov komissiya aʼzosi malakali, tanlov sohasida amaliyot va koʻnikmaga ega boʻlishi lozim.
8. Tanlov komissiyasi aʼzolari 9 kishidan iborat boʻlishi va agar, komissiya aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi majlisda qatnashsa, oʻz funksiyalarini amalga oshirish uchun huquqiy vakolatli hisoblanadi.
2-§. Tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari
9. Quyidagilar tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyihalarning tanlangan yerning bosh rejasiga mosligini inobatga olishi;
qishloq joylarda “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi boʻyicha tadbirkorlik subyektlarini aniqlash yuzasidan oʻtkaziladigan tanlovni oʻz vaqtida sifatli oʻtkazish ishlarini tizimli tashkil etish;
tanlov komissiyasining reglamenti, tanlov hujjatlarini va talabgorlarga qoʻyiladigan tanlov takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida qayd etilgan tanlovda qatnashishga buyurtmanomani taʼminlash shaklini tasdiqlash;
ofertani qabul qilishning oxirgi kuni va vaqtini, konvertlarni ochish vaqtini va joyini belgilash;
oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish;
oferta solingan konvertlarni ochish, konvertlarni ochish toʻgʻrisidagi bayonni tasdiqlash;
tanlov takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddatlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq ofertani oʻrganish, tahlil qilish va koʻrib chiqish;
tanlov natijasi boʻyicha qaror qabul qilish;
tanlovni oʻtkazish davomida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish, tartibga solish;
loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan tanlov boʻyicha masalalarni koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish.
3-§. Oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish
10. Tanlov komissiyasi oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganadi.
11. Oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlarining tarkibi komissiya aʼzolaridan shakllantiriladi.
12. Zarurat boʻlganda, tanlov komissiyalari oferentlarning tanlov takliflarini baholash uchun ekspert va maslahat tashkilotlarining vakillarini jalb etishi mumkin.
4-§. Tanlovni oʻtkazishga tayyorgarlik ishlari
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan aniq makromassiv (lot, qurilish uchastkasi) boʻyicha tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon joylashtirilgunga qadar rejalashtirilgan makromassivlarni tayyor holga keltirish boʻyicha quyidagilar amalga oshirilgan boʻlishi shart:
makromassiv koʻrinishida koʻp kvartirali uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalarining tanlanishi;
birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarni (tanlangan yer maydonining topografik surati va geologiya xulosasi, ART hujjatlari) tayyorlanishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda tortib kelinadigan va maydon ichki suv taʼminoti, kanalizatsiya (lokal oqava suv tozalash inshootlari), elektr va gaz tarmoqlarini hamda avtomobil yoʻllarini qurish ishlarini moliyalashtirish manbasi, texnik topshiriqlar va bajaruvchi tegishli tashkilotlar aniqlanishi.
14. Tanlovni oʻtkazishga tayyorgarlik davomida tanlov komissiyasining murojaatnomasiga binoan tanlov tashkilotchisi tanlov oʻtkazilishidan 30 kun oldin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon beradi.
15. Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda Qurilish vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazlarining nomi, joylashgan joyi hamda elektron manzili;
tanlov predmetining tavsifi va u amalga oshiriladigan joy;
tanlov predmetining oʻz mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
tanlov predmetini amalga oshirish muddati;
talabgorlarga qoʻyiladigan asosiy shartlar (namunaviy tanlov hujjatlarida koʻrsatib oʻtiladi);
talabgorlar tomonidan tanlov hujjatlarining elektron nusxasini olish uchun murojaat etiladigan manzil;
oferta taqdim etiladigan joy, taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti;
ofertani ochish joyi, kuni, vaqti.
5-§. Tanlov hujjatlarining tarkibi, tuzilishi, ularni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
16. Tanlov hujjatlari uchta asosiy qismdan: ruxsat beruvchi (malaka), texnik va tijorat qismlaridan iborat boʻladi.
17. Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi (malaka) qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
tanlov komissiyasi tarkibini tasdiqlovchi hujjat;
tanlov komissiyasining ish nizomini tasdiqlash boʻyicha majlis bayoni;
birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar tayyorligi boʻyicha komissiya qarori;
komissiyaning tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonning matni.
18. Tanlov hujjatlarining texnik qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
talabgorlarning tanlovda qatnashish uchun buyurtmanomasi shakli;
talabgorning malakasi hamda texnik va moliyaviy holatiga baho berishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar, takliflarni moliyaviy baholash va tanlov gʻolibini aniqlash mezonlari, tanlov tartib-qoidasiga tegishli boʻlgan boshqa hujjatlardan iborat yoʻriqnoma;
birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar toʻplami;
ofertani tayyorlash uchun talab etiladigan hujjatlar va shakllar roʻyxati.
19. Tanlov hujjatlarining tijorat qismi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ilova qilinadigan narx taklifi boʻyicha xatning shakli;
tanlov taklifini taʼminlash toʻgʻrisida kafolat shakli (deklaratsiyalar, bank kafolatlari, boʻnaklar tarzida yoki qonunchilikda belgilangan boshqa shaklda);
oferent tanlovning gʻolibi deb eʼtirof etilgan taqdirda, investitsiya majburiyatlari shartnomasini bajarish kafolati;
koʻp kvartirali uy-joylarni joylashtirishning bosh rejasi, texnik tavsifi, loyiha eskizi;
tijorat taklifi (kvartiraning bir kvadrat metrining realizatsiya narxi);
investitsiya majburiyatlari shartnomasining loyihasi.
20. Ofertani taqdim etish tartibi tanlov hujjatlarida belgilanadi. Taqdim etiladigan oferta tanlov hujjatlari va shartlari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
21. Tanlov hujjatlariga, ofertani oʻrab-joylashga va markirovka qilishga, takliflarni texnik va moliyaviy baholash mezonlariga qoʻyiladigan shartlar va talablar hududiy tanlov komissiyalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgunga qadar tanlov tashkilotchisi hududiy tanlov komissiyasining talabiga koʻra, tanlov hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, bu toʻgʻrisida tanlov hujjatlari eʼlon qilingan elektron manzilda darhol xabar yetkazish, ofertaga tuzatish kiritish uchun yetarli boʻlgan vaqtda ofertaning taqdim etish muddatini uzaytirish huquqiga ega.
22. Talabgorlardan takliflar tanlov tashkilotchilari tomonidan qabul qilib olinadi va tanlov oʻtkaziladigan kunga qadar xavfsiz va toʻliq saqlanishiga masʼul boʻladi.
Quyidagilar tanlov tashkilotchisining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tanlov oʻtkazish tartib-qoidalarini belgilash;
tanlov predmetiga qoʻyiladigan maxsus, texnik va tijorat talablarini hisobga olgan holda tanlov oʻtkazish uchun tanlov hujjatlarini ishlab chiqish;
belgilangan shakl boʻyicha tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida eʼlon berish;
agar tanlov hujjatlarida oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, arizalar va ofertalarni qabul qilish, ularning hisobga olinishi va maxfiyligini taʼminlash;
shartnoma asosida mustaqil ekspertlar yoki maslahatchilarning ishlarini tashkil etish;
talabgorlarga tanlov hujjatlarini taqdim etish;
6-§. Talabgorga qoʻyiladigan talablar
23. Talabgorga quyidagi talablar qoʻyiladi:
koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun talab etilayotgan mablagʻlarning (oʻz mablagʻlari, tijorat banklaridan olingan kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar) mavjudligi;
Keyingi tahrirga qarang.
tanlov savdolariga qoʻyilgan obyektlarga oʻxshash obyektlarda ish tajribasining mavjudligi;
oldin oʻz kuchi bilan bajarilgan ishlar hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qurilishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik baza va mehnat resurslarining mavjudligi.
Yuqorida keltirib oʻtilgan talablar talabgorga yoki talabgor tomonidan jalb etiladigan pudrat tashkilotiga tatbiq etiladi.
Texnik takliflarning barcha talablari “muvofiq/muvofiq emas” tamoyiliga asosan baholanadi.
24. Tanlovda qatnashish uchun talabgorlarga qoʻyiladigan talablar boʻyicha mezonlar hududiy tanlov komissiyasining reglamentida va namunaviy tanlov hujjatlarida keltiriladi.
25. Qayta tashkil etish (ajratib chiqarish, boʻlib yuborish), tugatish bosqichidagi yoki mol-mulki xatlangan bankrotlik bosqichidagi talabgorlar tanlovda ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Ofertani taqdim etish
26. Talabgorning imzosi bilan tasdiqlangan oferta tanlov tashkilotchisiga yelimlangan va muhrlangan konvertda yuboriladi.
27. Ofertalarni taqdim etish muddati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab 30 kunni tashkil etadi.
28. Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgandan keyin taqdim etilgan talabgorlarning ofertalari qabul qilinmaydi.
Ofertani taqdim etish sanasi tanlov tashkilotchisining, oferta pochta bildirishnomasi olinganligi toʻgʻrisidagi qaydi boʻyicha yoki tanlov tashkilotchisining oferentga berilgan oferta olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomasi sanasi boʻyicha (oferta chopar orqali yetkazilgan taqdirda) aniqlanadi.
8-§. Takliflarni baholash va tanlov yakunlari boʻyicha gʻolibni eʼlon qilish
29. Ofertalarni berish muddati tamom boʻlgandan keyin hududiy tanlov komissiyasi tushgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan ofertalarni oferentlarning vakillari ishtirokida ochadi, butligini tekshiradi, oferentlarning nomlarini eʼlon qiladi, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq hujjatlarning taqdim etilgan turkumlari mazmunini tekshiradi.
Hududiy tanlov komissiyasi majlisining natijalari toʻgʻrisidagi axborot qatnashmagan oferentga yozma shaklda yetkaziladi.
Tanlov tashkilotchisi hududiy tanlov komissiyasining talabiga koʻra, hududiy tanlov komissiyasining majlisi boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda, ofertani taqdim etish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida maʼlum qiladi.
30. Ofertaning mazmunini hududiy tanlov komissiyasi majlisida koʻrib chiqish davomida oferentlarga tushuntirish berishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda ofertaning mazmunini oʻzgartiradigan, shu jumladan narxini yoki ijro etish muddatini oʻzgartiradigan tushuntirish berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Tanlov gʻolibi hududiy tanlov komissiyasining yopiq majlisida aniqlanadi.
Hududiy tanlov komissiyasi gʻoliblarni “qiymat-miqdor” (eng raqobatli narx) mezonlari, ishlarni (xizmatlarni) bajarish shartlari va tanlov hujjatlarida belgilangan boshqa mezonlar boʻyicha aniqlaydi.
32. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida hududiy tanlov komissiyasi tomonidan tanlov gʻolibi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi axborotlar tanlov tashkilotchisi tomonidan 3 ish kuni ichida eʼlon qilinadi.
33. Hududiy tanlov komissiyasining har bir majlisida bayonnoma yuritiladi.
Qoidaga koʻra, bular tanlov oʻtkazish tartib-qoidasi bilan bogʻliq konvertlarni ochish, tanlov gʻolibini aniqlash bayonlari va boshqa bayonlar.
34. Tanlov tashkilotchisi tanlov gʻolibiga investitsiya majburiyatlari shartnomasini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin besh kundan kech boʻlmagan muddatda yozma bildirishnoma yuboradi.
Tanlov tashkil etish va oʻtkazish sxemasi ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan.
35. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va gʻolib oʻrtasida investitsiya majburiyatlari toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida tanlov natijalari (predmet, gʻolib, shartnomaviy narx va loyihani amalga oshirish muddati) toʻgʻrisida eʼlon berilgandan keyin tanlov tugagan deb hisoblanadi.
36. Tanlov gʻolibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda obyekt qurilishi sugʻurta qilinishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Quyidagi hollarda, agar:
tanlovga qatnashish uchun ikkitadan kam oferta tushsa;
taqdim etilgan ofertalar tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmasa;
oferentlar tomonidan taklif etilgan narxlar tanlov predmetining “qiymat-miqdor” mezonlaridan ortiq boʻlsa, tanlov oʻtkazilmagan deb hisoblanadi.
38. Tanlov gʻolibi shartnoma tuzishni rad etgan yoki shartnoma belgilangan muddatda uning bajarilish kafolati taqdim etilmagan taqdirda, hududiy tanlov komissiyasi ikkinchi oʻrinni olgan oferentni eʼtirof etishi yoxud takroriy tanlov oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.
39. Agar tanlov paytida ovozlar soni teng boʻlsa (yani qarshi, rozi, betaraf), hal qiluvchi ovoz tanlov komissiyasi raisida qoladi.
9-§. Qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha tanlovlar
40. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tanlov shartlariga rioya etilmaganligi tufayli loyihalar muddatidan oldin bekor qilingan hollarda, qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha takroriy tanlovlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda hududiy tanlov komissiya qaroriga koʻra bekor qilingan investitsiya majburiyatlari shartnomasi boʻyicha tugallanmagan ishlar hajmini aniqlash maqsadida nazorat oʻlchovi oʻtkazadi.
41. Qurilishi tugallanmagan obyekt boʻyicha oʻtkazilgan tanlov yakunlari boʻyicha gʻolib bilan ishlarning tugallanmagan qismini bajarish yuzasidan kelishuv tuziladi.
42. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tanlov shartlariga rioya etilmaganligi tufayli loyihalar muddatidan oldin bekor qilingan hollarda, hosil boʻlgan qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha talablar investitsiya majburiyatlari shartnomasida keltiriladi.
3-bob. Shartnoma majburiyatlari bajarilishining monitoringi va tanlovda gʻolib tadbirkorlik subyektiga qoʻyiladigan talablar
43. Tadbirkorlik subyekti texnik-nazoratchisi tomonidan taqdim etiladigan har oylik axborotni tahlil qilish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan monitoring amalga oshiriladi.
44. Investitsiya majburiyatlari shartnomasi majburiyatlarining bajarilishi boʻyicha nazorat viloyatlar va tumanlar hokimliklariga yuklanadi.
45. Tanlovda gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyekti quyidagilarni amalga oshirishni oʻz vaqtida taʼminlaydi:
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli tashkilotlarda ekspertizadan oʻtkazish;
kundalik texnik nazoratni amalga oshirish uchun mustaqil mutaxassis yoki tashkilot bilan shartnoma imzolash;
ajratilgan yer uchastkasi boʻyicha atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish arizalarini tayyorlash;
uy-joylar qurilishi uchun tanlangan har bir yer uchastkasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalarining davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini olish;
qurilish materiallarini xarid qilish;
uy-joylarni kanalizatsiya tarmoqlariga yoki lokal oqava suv tozalash inshootlariga va tashqi ichimlik suv tarmoqlariga ulash;
uy-joylarni tashqi gaz va elektr tarmoqlariga ulash.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Tanlov tartib-qoidasidan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar va nizolar, tanlov tashkilotchisi yoki tanlovning boshqa qatnashchilarining xatti-harakati (harakatsizligi) va qarorlari yuzasidan shikoyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Arizalar, murojaatlar va shikoyatlarni koʻrib chiqishning batafsil mexanizmi Tanlov komissiyalari ishi nizomlarida va namunaviy tanlov hujjatlarida keltirilgan boʻlishi kerak.
48. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
49. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari koʻp kvartirali uy-joy qurilishi rejalashtirilgan makromassivlarni tayyor holga keltirish boʻyicha quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:
makromassiv koʻrinishida koʻp kvartirali uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalarining tanlanishi;
birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarning oʻz vaqtida berilishi;
tortib kelinadigan maydon va ichki suv, kanalizatsiya, muxandislik — kommunikatsiya tarmoqlarini va avtomobil yoʻllarini qurish;
tanlov oʻtkazilishi uchun barcha sharoitlarning oʻz vaqtida yaratilishi, tanlov komissiyasi ishlarining toʻgʻri tashkil etilishi, tanlov oʻtkazilishi va natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻliq oshkor etilishi.
50. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tortib kelinadigan va maydon ichki elektr taʼminoti va gaz taʼminoti tarmoqlarining oʻz vaqtida qurilishi uchun javobgar hisoblanadi.
51. Tanlov tashkilotchisi tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun javobgar hisoblanadi.
Tanlov tashkilotchisi tanlovga tegishli barcha hujjatlar, jumladan, talabgorlarning tanlov takliflari ichki tartib hujjatlari talablariga muvofiq tanlov tugagandan keyin kamida uch yil mobaynida saqlanishini taʼminlashi shart.
52. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ushbu qarorga muvofiq oʻtkaziladigan tanlov ishtirokchilarining raqobatga qarshi xatti-harakatlarining oldini olish, shuningdek, koʻp kvartirali uylarni qurish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlarda uy-joy sotib oluvchilarning huquqlarini himoya qilish choralarini koʻradi.
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlari uchun tanlov oʻtkazish komissiyasining
TARKIBI

1. Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi yoki viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari, komissiyasi raisi;

2. Lavozimiga koʻra

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hududiy bosh boshqarmasiboshligʻi, komissiya raisining oʻrinbosari;

3. Lavozimiga koʻra

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmasi boshligʻi;

4. Lavozimiga koʻra

Qurilish vazirligining hududiy bosh boshqarmasi boshligʻi;

5. Lavozimiga koʻra

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmasi boshligʻi;

6.Lavozimiga koʻra

Markaziy bank hududiy boshqarmasi boshligʻi;

7. Lavozimiga koʻra

Davlat soliq qoʻmitasining hududiy boshqarmasi boshligʻi;

8. Lavozimiga koʻra

Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshligʻi;

9. Lavozimiga koʻra

Hududiy soha vakili (tegishli shahar (tuman) hokimining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari);

10. Lavozimiga koʻra

Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting markazi rahbari, komissiya kotibi (ovoz berish huquqisiz)

Izoh. Tanlov komissiyasi raisi yigʻilishlarda uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmaganida, uning vazifalarini tender komissiyasi raisining oʻrinbosari bajaradi.
Tanlov komissiyalari aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, tanlov komissiyasi tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxs yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxs kiritiladi.
Zarurat tugʻilganda, tanlov komissiyalari boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalaridan mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega.
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik subyektlari uchun tanlov oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Amalga oshirish mexanizmi

Muddat

1-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari.

Tanlov komissiyalari tarkibi va ularning ish reglamentini tasdiqlash.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan makromassivlar uchun yer maydonlari ajratilgandan soʻng

2-bosqich

Tanlov komissiyasi va tanlov tashkilotchisi.

Tanlov hujjatlarini (jumladan, talabgorga boʻlgan talablarni) ishlab chiqish.

3 kun

3-bosqich

Tanlov komissiyasi va tanlov tashkilotchisi.

Har bir massiv kesimida quriladigan koʻp qavatli uy-joylar toʻgʻrisidagi eʼlonni tasdiqlash va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklarining rasmiy veb-sayti hamda ommaviy-axborot vositalarida joylashtirish.

3 kun

4-bosqich

Tanlov tashkilotchisi.

Eʼlon va tanlov hujjatlarini talabgorga tarqatish va ofertalarni qabul qilish.

30 kun

5-bosqich

Tanlov komissiyasi va tanlov tashkilotchisi.

Oferent (ishtirokchilar) tomonidan taqdim qilingan tanlov ofertalarini tanlov komissiyasida koʻrib chiqish.

5 kun

6-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, tanlov gʻolibi boʻlgan oferent (ishtirokchi).

Tanlov gʻolibi boʻlgan oferent (ishtirokchi) bilan investitsiya shartnomasini tuzish.

3 kun

7-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining rasmiy veb-saytida va ommaviy-axborot vositalarida tanlov natijalarini eʼlon qilish.

2 kun

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2020-y., 09/20/355/0723-son; 12.04.2021-y., 09/21/200/0318-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)