Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Oʻzbekiston Respublikasining sugʻoriladigan yerlarini suv bilan taʼminlash uchun Amu-Buxoro mashina va Qarshi magistral kanallariga Amudaryodan kafolatli suv olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasining Doʻstlik qurilish boshqarmasi va Forob ixtisoslashtirilgan mexanizatsiyalashtirilgan koʻchma kolonnasi “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etilsin, qayta tashkil etilgan korxonalar negizida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlmagan taʼmirlash-ishlab chiqarish uchastkalari tashkil etilsin.
2. “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasining Turkmaniston fuqarolari hisoblangan, Turkmaniston hududida doimiy yashovchi va ishlovchi jalb etilgan xodimlariga mehnatga haq toʻlash miqdori, shu jumladan ijtimoiy toʻlovlar taʼsis etgan mamlakatning qonun hujjatlariga yoki davlatlararo ikki tomonlama bitimlarga muvofiq belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasining Turkmanistondagi obyektlari uchun olib oʻtiladigan mashinalar, mexanizmlar va avtotransport vositalarini “vaqtinchalik olib chiqish” bojxona rejimida oʻz vaqtida bojxonada rasmiylashtirsin;
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatlarga muvofiq “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasi obyektlarida ishlarni amalga oshirish uchun olib oʻtiladigan materiallar, avtotransport vositalari va mexanizmlarga ehtiyot qismlarni bojxona toʻlovlari undirmasdan bojxonada rasmiylashtirsin, bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Gidromexanizatsiya” davlat ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boʻlinmalari tomonidan ishlarni amalga oshirish uchun mashina va mexanizmlarning joʻnatish vaqti, markasi va davlat raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda oldindan berilgan rasmiy buyurtmanomalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan oʻtkazish punktlari orqali Turkmaniston hududiga toʻsiqsiz oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining xodimlari va xizmat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb etiladigan boshqa shaxslarning, xizmat safariga yuboriladigan xodimlarning chegara zonasida boʻlish va Davlat chegarasidan oʻtish vaqti, pasportiga doir maʼlumotlar koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oldindan berilgan rasmiy buyurtmanomalariga muvofiq chegara postlaridan toʻsiqsiz oʻtishlarida yordam koʻrsatsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari T. Xoltoyev va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.