toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TOShKENT” AEROPORTINI KOʻChIRISh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida qulay ekologik vaziyat yaratish, respublika tashqi iqtisodiy faoliyati kengayayotgan sharoitda aviatsiyada tashishning oʻsib borayotgan hajmini toʻlaroq qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 2-martdagi 68-f farmoyishi bilan tashkil etilgan respublika komissiyasining “Toshkent” aeroporti kompleksini shahar tashqarisiga koʻchirish zarurligi toʻgʻrisidagi qaroriga rozilik bildirilsin.
2. Komissiyaning 3-variant boʻyicha Toshkent shahridan 45 kilometr janubi-gʻarbda va Chinoz shahridan 12 kilometr shimolda joylashgan yer uchastkasini tanlash toʻgʻrisidagi qarori tasdiqlansin.
3. Toshkent viloyat hokimligi uch oy muddat ichida Qozogʻiston Respublikasining Chimkent viloyati rahbariyati bilan aeroport kompleksining bir qismini Qozogʻiston Respublikasi hududida joylashtirish masalasini ishlab chiqsin, muzokaralar natijasi boʻyicha “Yangi” aeroporti qurilishi uchun yer uchastkasi ajratsin va aniqlangan yer uchastkasi va unga tutash hudud chegarasida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bilan kelishmasdan har qanday qurilish ishlari olib borishni taqiqlasin.
4. “Yangi” aeroportini loyihalashtirish va qurish boʻyicha bosh buyurtmachi qilib “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi belgilansin.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi:
1993-yil 1-oktabrgacha “Toshkent” aeroportini shahar tashqarisiga koʻchirishning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish taʼminlasin;
“Yangi” aeroportini qurishda va mablagʻ bilan taʼminlashda ishtirok etuvchi chet el firmalarini tanlash ishlari davom ettirilsin va 1992-yil 15-dekabrgacha taklif kiritsin.
6. Oʻzbekistonning Taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi 1992-yil 25-dekabrgacha “Yangi” aeroportini loyihalashtirish va qurishni mablagʻlar bilan taʼminlash, shuningdek, qurilishning aniq pudratchilari boʻyicha taklif kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining ixtiyori boʻyicha loyihalash tashkilotlariga, shu jumladan, boshqa davlatlarning loyihalash tashkilotlariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida-topogeodezik qidiruv ishlarini olib borishga ruxsat etilsin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 24-iyul,
345-son