toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-son Farmoniga muvofiq:
1. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning (keyingi o‘rinlarda — Tartib) amal qilish davrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xom ashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazishni ta’minlasin hamda ularning narxlarini sun’iy oshirish, sun’iy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
3. Tartib amal qilish davrida, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F-5537-son farmoyishiga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi):
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-fevraldagi “Tayyor dori vositalarining importini tartibga solish to‘g‘risida”gi 49-son qarori bilan tasdiqlangan import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz tatbiq etilmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiradigan ayrim tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlarga uch oygacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz amal qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish;
ayrim turdagi eng zarur tovarlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni import qilishda uch oygacha bo‘lgan muddatga bojxona boji va aksiz solig‘i stavkalarini 0 foizgacha kamaytirish huquqlari berilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-mart,
PQ-4662-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 07/20/4662/0365-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)