Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, oʻquv muassasalari tinglovchilari hamda kursantlariga tibbiy xizmat koʻrsatishni tartibga solish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, oʻquv muassasalari tinglovchilari hamda kursantlariga tibbiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-davolash muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilarini, katta ofitserlarining oila aʼzolarini (eri, xotini, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasidan oldin nogiron boʻlib qolgan oʻn sakkiz yoshdan oshgan farzandlari, taʼlim muassasalarida taʼlimning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan yigirma uch yoshgacha boʻlgan farzandlarini), oʻquv muassasalari tinglovchilari hamda kursantlarini belgilangan tartibda tuziladigan shartnomalarga asosan statsionar davolash vazifasi yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-davolash muassasalari tomonidan tibbiy xizmatlar koʻrsatishda Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya ovqatlanish, kommunal xizmatlar, hammom-kirxona xizmati, dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun qilingan harajatlarni Mudofaa vazirligiga qoplab beradi, ushbu mablagʻlar keyinchalik Mudofaa vazirligining moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga yoʻnaltiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 1996-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra shtatdagi 127 nafar xodimlari bilan ichki qoʻshinlarning garnizon gospitalini (Navoiy sh.) belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga bersin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatini 1996-yilda mablagʻ bilan taʼminlash rejalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati smetasida harbiy xizmatchilarini davolash uchun mablagʻlarni har yili nazarda tutsin.