toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibini soddalashtirish va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash va elektr hisoblagichlarii qiyoslashdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, muddatlarini qisqartirish va sarf-xarajatlarni optimallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2020-yil 1-martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
elektr energiyasining barcha iste’molchilariga o‘rnatilgan elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi tashkilotlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish huquqi beriladi;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi tashkilotlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilinganda, qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha barcha xarajatlar mazkur tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida nazarda tutilgan iste’molchilarning mazkur tizimga mos kelmaydigan elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslov muddati kelganda, ushbu priborlarni qiyoslovdan o‘tkazmasdan o‘rniga avtomatlashtirilgan tizimga mos keluvchi priborlar o‘rnatiladi;
elektr energiyasini hisobga olish priborlarini iste’molchilarni murojaatiga ko‘ra Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektr energiyasini hisobga olish uskunasining sozligi yoki qo‘llashga yaroqliligi, metrologik tavsiflari bo‘yicha munozarali savollar tug‘ilganda qiyoslashdan o‘tkaziladi.
3. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatini “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining filialiga aylantirish, shtat jadvalini ko‘paytirish yo‘li bilan qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qaroriga muvofiq elektr ta’minoti tizimiga ulanish tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Energetika vazirligi Adliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilar nazarda tutilgan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishni tezlashtirsin:
ulash bosqichlarini optimallashtirish va qurilish muddatlarini kamida yigirma besh kunga qisqartirish;
tadbirkorlik subyektlarining quvvati 140kV (160kVA)gacha bo‘lgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tabaqalangan muddatlarni belgilash;
qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilgandan so‘ng elektr qurilmalarini “tayyor holda” ulash bo‘yicha shartnomalarning namunaviy shakllarini tasdiqlash;
o‘z vaqtida qurilish-montaj ishlarini bajarmagan tashkilotlarning majburiyat va javobgarligini belgilash.
5. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrga kadar elektr ta’minoti tashkilotlarida yangi billing tizimini hamda resurslarni boshqarish, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi (ERP)ni joriy etish bo‘yicha tanlovni belgilangan tartibda o‘tkazishga doir choralarni ko‘rsin va yakunlanishini ta’minlasin;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Adliya vazirligi bilan birgalikda loyihalash, qurilish-montaj va elektrotexnika mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni iste’molchilar tomonidan tanlash imkoniyatini beradigan hamda narxlarni raqobat asosida shakllantiradigan onlayn platforma 2020-yil 1-oktabrga kadar ishga tushirilishini ta’minlasin.
6. Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda qurilish-montaj ishlarini tannarxini pasaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash Dasturi to‘g‘risida” 2016-yil 23-noyabrdagi PQ-2661-son qarori doirasida Obod qishloq, Obod mahalla, qishloq joylarda arzon uy joylar, shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlari, Hukumat topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga amalga oshirilgan tashriflari doirasidagi topshiriqlar, fuqarolar murojaatlari asosida past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish ishlari bajarilishini nazarda tutgan manzilli dastur shakllantirilib, amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi 340-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2022-y., 09/22/340/0544-son)
iqtisodiy samaradorlikni baholagan holda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining hududiy elektr tarmoqlari tashkilotlari tarkibida 2020-yilda temir-beton tayanchlari, metall va beton mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va qurilish bo‘linmalarini tashkil etish;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlarga 0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini loyihalash va qurish ishlarini amalga oshirish huquqini berish bo‘yicha takliflari ma’kullansin.
Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda past kuchlanishli tarmoqlarni yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni qabul qilish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga kadar:
35 — 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarini 2025-yillarda yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini;
0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini 2021 — 2025-yillarda yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining “Qo‘shko‘pir elektrotexnika zavodi” MChJ ustav kapitalidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga tegishli 20,937 foiz hamda “Xorazm HETK” AJga tegishli 79,063 foiz ulushlarni “Energo-RES” MChJga balans (qoldiq) qiymatida sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-fevral,
111-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.02.2020-y., 09/20/111/0241-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2022-y., 09/22/340/0544-son)