1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.05.00 Ilmiy va loyiha muassasalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyatida innovatsion texnologiyalar transferini faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Andijon viloyatida innovatsion infratuzilmani yanada rivojlantirish, tadbirkorlikni faollashtirish va investitsion salohiyatni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Andijon viloyati hokimligining Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar trasferi milliy ofisi muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida “Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni”ni (keyingi oʻrinlarda — Koʻrgazma maydoni) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
2. Quyidagilar Koʻrgazma maydonining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mahalliy va xorijiy ilmiy va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
innovatsion texnologiyalarni yaratish, joriy etish va foydalanish;
innovatsion faoliyatni tashkil etish va boshqarish, texnologiyalarning transferi va intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish;
ilmiy konferensiyalar, seminarlar, treninglar va mahorat darslarini tashkillashtirish;
oliy taʼlim va ilmiy muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
innovatsion gʻoyalar va loyihalar, mahsulotlar va texnologiyalarning istiqbolli turlarini ishlab chiqishda oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish;
koʻrgazma maydoni oliy taʼlim va ilmiy muassasalar oʻrtasida innovatsion gʻoyalar va loyihalar, oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlari rivojlanishi, ilmiy va laboratoriya tadqiqotlari olib borish, innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish, yoshlar, olimlar va oʻqituvchilarni iqtisodiyot sohalarida ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;
ilmiy va laboratoriya tadqiqotlarini olib borish, tajriba namunalarini, sanoat mahsulotlarining prototiplarini ishlab chiqish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish;
muntazam ravishda yangi texnologiyalar koʻrgazmasini tashkil etish asosida texnologiyalar transferini amalga oshirish.
3. Koʻrgazma maydoniga uni joylashtirish va faoliyat yuritishi uchun Andijon viloyati Marhamat tumanining Z.M. Bobur nomli massividan 9 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Koʻrgazma maydonining bino va inshootlarini qurish va loyiha ishlarini amalga oshirishda:
Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi;
“Kommunal taʼmirlash” MChJ — bosh loyihachi va bosh pudratchi etib belgilansin.
5. Belgilansinki, Koʻrgazma maydonining:
a) yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qilish faoliyatidan olingan daromadlari boʻyicha belgilangan transfer sharti ustamalari 5 foizdan oshmagan miqdorda oʻrnatiladi;
b) binosini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda laboratoriya uskunalarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro moliya va boshqa institutlar kreditlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;
v) faoliyati va saqlash xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
Koʻrgazma maydonining xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlarini hisobga olgan holda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisining budjetdan tashqari mablagʻlari;
xalqaro moliya va boshqa institutlar kreditlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
6. Andijon viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Andijon shahar hokimligi huzuridagi Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazini Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi huzurida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:
Koʻrgazma maydonini malakali kadrlar bilan toʻldirishni taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov va Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abdurahmonov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-oktabr,
884-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/884/3962-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)