Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Davlat tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish uchun tender hujjatlarini va texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va aholini sifatli, arzon dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlarni yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish uchun tender hujjatlarini va texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning
31-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan va uning hududida tibbiy maqsadlarda qoʻllashga ruxsat etilgan, strategik xaridor yoki ustav kapitalida (fondida) strategik xaridorning ulushi boʻlgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish sharti bilan sotib olinadigan dori vositalari, dori substansiyalari, immunobiologik (vaksinalar, zardoblar, anatoksinlar, allergenlar) va radiofarmatsevtik preparatlar, gomeopatik, diagnostik va sterilizatsiya vositalari, shuningdek, tibbiyot buyumlari”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan qarorlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.