toggle_night_mode
Hujjat 17.10.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Metsenatlik toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 14-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi metsenatlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonun madaniyat va sanʼatni rivojlantirish maqsadida homiylik faoliyatini amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
metsenatlik (metsenatlik faoliyati) — madaniyat va sanʼat, shuningdek ilm-fan, taʼlim, maʼrifat hamda madaniyat va sanʼatni rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa faoliyat sohasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan homiylik faoliyati;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi.
metsenat — metsenatlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
metsenatlik koʻmagini oluvchi — metsenatlik koʻmagi hisobiga madaniyat va sanʼatni saqlash hamda rivojlantirish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.
metsenatlik koʻmagi — metsenatlik faoliyati doirasida metsenatlar tomonidan begʻaraz yoki imtiyozli shartlar asosida metsenatlik koʻmagini oluvchilarga beriladigan mol-mulk, shuningdek ular uchun bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlar va qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlari.
2-bob. Metsenatlik faoliyatining maqsadlari, prinsiplari va kafolatlari
5-modda. Metsenatlik faoliyatini amalga oshirish maqsadlari
Metsenatlik faoliyati quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
madaniyat va sanʼat sohasidagi kasbiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni, loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
madaniyat va sanʼat sohasidagi yosh isteʼdodlarni va arboblarni qoʻllab-quvvatlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning madaniyat va sanʼatni rivojlantirishda ishtirok etishi uchun maʼnaviy ragʻbatlantirish omillarini hamda boshqa omillarni kengaytirish.
Metsenatlik faoliyati madaniyat va sanʼatni rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
6-modda. Metsenatlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Metsenatlik faoliyati qonuniylik, ixtiyoriylik, insonparvarlik va hisobotlarning ishonchliligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Metsenatlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Ixtiyoriylik prinsipi metsenatlarga metsenatlik koʻmagini koʻrsatish huquqini va metsenatlik koʻmagini oluvchilarga uchinchi shaxslar tomonidan majburiy taʼsir koʻrsatmasdan bunday koʻmakni olish yoki olmaslik huquqini berishdan iboratdir.
Metsenatlik faoliyati jamiyatda insonning insonparvarlashtirilgan yashash muhitini shakllantirishga, uning ijodiy faoliyati erkinligini taʼminlashga doir intilishga asoslanadi.
Metsenatlar va metsenatlik koʻmagini oluvchilar metsenatlik koʻmagini berish hamda undan foydalanish jarayonlarida ishonchli hisobni yuritishi shart.
7-modda. Metsenatlik faoliyatining kafolatlari
Jismoniy va yuridik shaxslar metsenatlik faoliyatini ixtiyoriylik hamda bu faoliyatning maqsadlarini erkin tanlash asosida moneliksiz amalga oshirishga haqlidir.
Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki birlashgan holda homiylik tashkilotlarini tashkil etib yoxud tashkil etmasdan metsenatlik faoliyatida erkin ishtirok etishga haqli.
Hech kim ushbu Qonunda nazarda tutilgan metsenatlik faoliyatining maqsadlarini va uni amalga oshirish shakllarini tanlash erkinligini cheklashga haqli emas.
3-bob. Metsenatlik faoliyati
8-modda. Metsenatlik faoliyatining subyektlari
Metsenatlar va metsenatlik koʻmagini oluvchilar metsenatlik faoliyatining subyektlaridir.
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari metsenatlar boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari metsenatlik koʻmagini oluvchilar boʻlishi mumkin.
9-modda. Metsenatlik faoliyatida ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
metsenatlik faoliyatini rivojlantirishga, shu jumladan madaniyat va sanʼat sohasida aholining axborotga oid va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni yoritishi;
metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
Keyingi tahrirga qarang.
madaniyat va sanʼat sohasi organlari hamda tashkilotlari, shuningdek metsenatlik faoliyati subyektlari bilan madaniyat va sanʼatni rivojlantirish masalalari yuzasidan hamkorlik qilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Metsenatlik faoliyatining oshkoraligi
Metsenatlik faoliyatining subyektlari metsenatlik koʻmagini koʻrsatish fakti va uning maqsadlari toʻgʻrisidagi axborotni jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot resurslari orqali yetkazish huquqiga ega. Bunday axborot faqat metsenatning roziligi bilan tarqatilishi mumkin.
11-modda. Metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnoma
Metsenatlik faoliyati metsenat va metsenatlik koʻmagini oluvchi oʻrtasida tuziladigan metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnoma metsenatlik koʻmagini berishning maqsadlari, shakli, shartlari, muddatlari hamda hajmini, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligini, nizolarni hal etish tartibini, taraflarning rekvizitlarini, shartnoma tuzilgan sana va joyni, shuningdek bunday turdagi shartnomalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan yoki taraflardan birining arizasiga koʻra kelishuvga erishish lozim boʻlgan boshqa muhim shartlarni nazarda tutishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Metsenatning nomini, personallashtirish vositalarini majburan eslatib oʻtish talabi va bunday eslatish shaklining belgilanishi metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnomaning sharti boʻlishi mumkin.
Metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnomada metsenatlik koʻmagidan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish mexanizmlari belgilanishi mumkin.
4-bob. Metsenatlik faoliyatini amalga oshirishga davlatning koʻmaklashishi
12-modda. Metsenatlik faoliyati subyektlari huquqlarining davlat kafolatlari va metsenatlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Metsenatlik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Metsenatning metsenatlik faoliyatini amalga oshirish shakllarini tanlash huquqi cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat metsenatlik faoliyatini quyidagilar orqali qoʻllab-quvvatlaydi:
metsenatlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hamda tariflar boʻyicha imtiyozlar va preferensiyalar berish;
metsenatlarni davlat mukofotlari yoki boshqa mukofotlar bilan taqdirlash;
metsenatlarning nomlarini abadiylashtirish.
Davlat metsenatlik faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻllar bilan ham qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining metsenatlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi metsenatlik faoliyatini axborot va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, metsenatlik faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikning ijobiy fikrini shakllantirish maqsadida:
metsenatlik faoliyati subyektlariga uslubiy va maslahat yordami koʻrsatilishini;
metsenatlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarning tashkil etilishi hamda oʻtkazilishini;
Internet jahon axborot tarmogʻida metsenatlik faoliyati sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek metsenatlik koʻmagini potensial oluvchilarning uni olishdan manfaatdorligi toʻgʻrisida axborot beruvchi ixtisoslashtirilgan veb-sayt yaratilishini hamda faoliyat yuritishini;
metsenatlik faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni toʻplashni, tahlil qilishni, uning tarqatilishini;
metsenatlik faoliyatining ilgʻor tajribasi umumlashtirilishini va uning tarqatilishiga koʻmaklashishni;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan metsenatlarni mukofotlash hamda ularning nomini abadiylashtirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Metsenatlik koʻmagi
14-modda. Metsenatlik koʻmagini koʻrsatish
Metsenat metsenatlik koʻmagini oluvchilar sifatida shaxslarni, shuningdek metsenatlik koʻmagini koʻrsatish shakllarini ushbu Qonun talablariga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
15-modda. Metsenatlik koʻmagini koʻrsatishning oʻziga xos xususiyatlari
Metsenatlik koʻmagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin emas.
Metsenatlik koʻmagini olish metsenatlik koʻmagini oluvchining davlat tomonidan moliyalashtirilishini qisqartirish uchun asos boʻlmaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
16-modda. Nizolarni hal etish
Metsenatlik faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
19-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
20-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-oktabr,
OʻRQ-571-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2019-y., 03/19/571/3920-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)