Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining
14 va
16-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi nizom
1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari
2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 19-sentabrdagi 938-son
qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisida
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining
8-moddasi, shuningdek saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasidagi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar faoliyati tartibini belgilaydi.
1. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning (bundan buyon matnda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar deb yuritiladi) faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Saylov
kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda MSK deb yuritiladi) qarorlari hamda ushbu Nizom bilan, shuningdek umum eʼtirof etilgan xalqaro standartlar va xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
3. Saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinganidan soʻng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi.
Tashqi ishlar vazirligi oʻz tashabbusiga koʻra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga koʻra saylovlarga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etadi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin.
4. Saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif etilgan, shuningdek bunday istakni izhor etgan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar oʻz kuzatuvchilarining roʻyxati, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari, elektron foto suratlari (jpeg formatda, kamida 100 KV, 600x600rx) hamda ushbu Nizomning
1-ilovasiga muvofiq anketalarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim qiladi.
5. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida oʻn besh kun oldin taqdim etishi lozim.
6. Tashqi ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilgan holda MSKga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kunlik muddatda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning roʻyxati MSK ning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
7. Quyidagi hollarda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish rad etilishi mumkin:
akkreditatsiya uchun taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizom talablariga javob bermasa;
hujjatlar ushbu Nizomda belgilangan muddatdan kech taqdim qilinsa;
xorijiy (xalqaro) kuzatuvchining yoki uning nomzodini koʻrsatgan tashkilotning faoliyati milliy qonunchilikka zid boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlariga xavf solsa.
8. MSK akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchiga ushbu Nizomning
2-ilovasidagi namunaga muvofiq mandat beradi.
Mandat xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun asos hisoblanadi.
9. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;
nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
saylov uchastkasida hozir boʻlish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berishi jarayonini kuzatish;
ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlish;
saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish;
kuzatuv olib borish davomida oʻzi yollagan tarjimon hamrohligida boʻlish;
saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
kuzatuv natijalari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;
saylovoldi tashviqoti belgilari boʻlmagan, familiyasi, ismi va otasining ismi, oʻzi vakillik qilayotgan tashkilotning nomi koʻrsatilgan koʻkrak nishonlari taqish;
okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir boʻlish;
qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylov jarayonini kuzatish xohishi toʻgʻrisida okrug saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolganda xabar berish;
agar saylov uchastkasida saylovga oid qonunchilik va xalqaro normalar talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida ushbu uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga ularning ishiga aralashmagan holda maʼlum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari haqida hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazilishi boʻyicha oʻz fikrini bayon qilish.
Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
10. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning majburiyatlari:
oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan Oʻzbekistonda boʻlish qoidalariga, saylovni tashkil etish va oʻtkazish borasidagi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga amal qilish;
saylov ustidan xalqaro kuzatuvni amalga oshirish borasidagi oʻz vazifalarini xolislik, siyosiy betaraflik prinsiplariga amal qilgan holda bajarish, saylov komissiyalari, davlat organlari, mansabdor shaxslar, saylov jarayoni ishtirokchilariga nisbatan qanday boʻlmasin biron-bir tarzda afzallik bildirishdan voz kechish;
barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida MSK tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda koʻrsatish;
oʻz xulosalarini oʻtkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslantirish.
11. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:
saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish;
fuqarolarga taʼsir oʻtkazish, biron bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;
saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron bir tarzda yordam koʻrsatish;
saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish jarayoniga aralashish;
biron bir partiya yoki nomzodga tegishli ramziy tusdagi belgilarni taqib yoki olib yurish;
saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.
Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarda ishtirok etishi MSK tomonidan oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
12. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning vakolat muddati ularga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi.
MSK tomonidan takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar mandati tegishli muddatga uzaytiriladi.
13. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishi vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi himoyasi ostida boʻladilar va ularning qonun hujjatlarida belgilangan huquq va erkinliklari taʼminlanadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, MSK, okrug saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari oʻz vakolatlari doirasida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar faoliyatiga koʻmaklashadi.
15. Saylov komissiyalari xorijiy (xalqaro) kuzatuvchini mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan roʻyxatga olgandan keyin unga oʻz vakolatlarini toʻlaqonli hamda toʻsqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.
16. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar oʻz faoliyatlarini mustaqil ravishda amalga oshiradilar.
17. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar mazkur Nizomda belgilangan oʻz vakolatlari doirasidan chetga chiquvchi faoliyatni amalga oshirishga, shuningdek saylovga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish va saylov kampaniyasining borishini kuzatish bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullanishda oʻz maqomidan foydalanishga haqli emas.
18. Agar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining talablarini, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari va normalarini buzsa, MSK xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.
19. Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning huquqlarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
20. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi
Nizomga1-ILOVA
Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida akkreditatsiya qilish uchun
ANKETA
APPLICATION FORM
for registration as a foreign (international) observer
|
1. |
Familiyasi
Family name
Ismi
First name
Otasining ismi
Patronymic |
|
|
2. |
Tugʻilgan sanasi (kun, oy, yil)
Date of birth (day, month, year)
Tugʻilgan joyi
Place of birth |
|
|
3. |
Fuqaroligi
Present nationality |
|
|
4. |
Shaxsini tasdiqlovchi hujjat
Identification document
Raqami
Number
Berilgan vakti
Date of issue
Qachongacha haqiqiy (kun, oy, yil)
Date of expiry (day, month, year) |
|
|
5. |
Siz qaysi tillarda soʻzlashadi
Knowledge of languages |
|
|
6. |
Ish joyi (toʻliq nomlanishi, manzili, telefon, faks)
Place of work (full name, address, phone, fax of the organization) |
|
|
7. |
Lavozimi
Position/Designation |
|
|
8. |
Siz xalkaro (xorijiy) kuzatuvchi sifatida vakili boʻlgan tashkilot nomi
Name of organization/state You represent as foreign (international) observer
Telefon (faks)
Phone (fax) |
|
|
9. |
Uy manzili
Present home address
Telefon
Phone
Faks
Fax
E-mail |
|
|
10. |
Xorijiy xalqaro kuzatish tajribasi, shu jumladan Oʻzbekistonda (mamlakat, yil, qaysi missiya tarkibida)
Experience from election observation, including in Uzbekistan (country, year, mission) |
|
|
11. |
Oʻzbekiston Respublikasiga kelish sanasi
Date of arrival to the Republic of Uzbekistan |
|
|
12. |
Oʻzbekiston Respublikasidan ketish sanasi
Date of departure from the Republic of Uzbekistan |
|
|
13. |
Sana
Date |
Imzo
Signature |
Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi
Nizomga 2-ILOVA
Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi mandatining
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 19-sentabrdagi 938-son
qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan qarorlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari haqida Nizom” toʻgʻrisida” 1999-yil 9-oktabrdagi 35-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida xorijiy kuzatuvchilarning guvohnomasi toʻgʻrisida” 1999-yil 9-noyabrdagi 57/1-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq Markaziy saylov komissiyasining nizom va yoʻriqnomalari toʻgʻrisida” 2004-yil 18-sentabrdagi 198-son qarori 1-bandi va 1-ilovasi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlari toʻgʻrisida” 2009-yil 17-sentabrdagi 417-son qarori 1-bandi va 1-ilovasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov oʻtkazish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2014-yil 11-sentabrdagi 618-son qarori 1-bandining oltinchi xatboshisi va 5-ilovasi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashadigan xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 15-sentabrdagi 734-son qarori.