Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Xalq xoʻjaligida hisob-kitoblarni tezlashtirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomi uchun masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shu yilning 1-fevralidan boshlab mulkchilikning barcha shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar qatʼiyan hisob-kitob, joriy, budjet va boshqa schyotlarda mavjud boʻlgan mablagʻlar doirasida, faqat toʻlov topshiriqlari, cheklar, akkreditivlar bilan amalga oshirilsin.
Davlat budjeti, budjetdan tashqari fondlar bilan, gaz, issiqliq va elektr energiyasi, neft mahsulotlari, aloqa va avtotransport xizmatlari uchun hisob-kitoblar doimiy toʻlovlar tarzidagi toʻlov topshiriqlari vositasida amalga oshirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqi sifatida toʻlovchilardan avans toʻlovlari tarzida pul mablagʻlari olgan korxonalar va tashkilotlar mablagʻlar oʻtkazilgan kundan boshlab bir oy mobaynida oʻz majburiyatlarini bajarishga yoki qonunchilikda va shartnomalarda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, olingan summani toʻlov topshiriqlari bilan qaytarishga majburdirlar.
4. Davlat va davlat-aksionerlik korxonalari hamda tashkilotlari rahbarlarining mehnatiga haq toʻlashni yetkazib berilgan mahsulot hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitoblar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarz miqdoriga bogʻliq qilib qoʻyish zarur deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi Markaziy bank va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda mazkur masala yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar ishtirokida joriy yilning birinchi yarim yilligida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi va toʻlov intizomi buzilganligi uchun qatʼiy jarima sanksiyalarini nazarda tutuvchi “Mahsulot va tovarlarni yetkazib berish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqsin va keyinchalik Oliy Majlisga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.