1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.09.00 Yoshlar, bolalar, ayollar tashkilotlari, faxriylar va nogironlar uyushmalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Yoshlarga doir siyosat toʻgʻrisida qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda oʻqiyotgan va mehnat qilayotgan Oʻzbekistonlik yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda Assotsiatsiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Assotsiatsiyaga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmaklashish, uning tizimli faoliyatini yoʻlga qoʻyish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashi tashkil etilsin.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari Assotsiatsiyaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari va filiallari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishini tashkil etsin;
Assotsiatsiyaning murojaatiga asosan uning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari va filiallarini ochish, xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlaridan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va faoliyatini tashkil etish, bino va boshqa zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan masalalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Assotsiatsiyaning mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Assotsiatsiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan amaliy, konsultativ va metodik yordam koʻrsatish uchun kunu tun xizmat koʻrsatuvchi ishonch telefoni ishlashini va maxsus veb-portalning ishga tushirilishini taʼminlasin.
6. Assotsiatsiya Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 1-uy manzilidagi binoda bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-avgust,
649-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 649-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashining (keyingi oʻrinlarda Maslahat kengashi deb ataladi) asosiy maqsadi va vazifalarini, huquq va majburiyatlarini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Maslahat kengashi Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga (keyingi oʻrinlarda Assotsiatsiya deb ataladi) yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmaklashuvchi, uning tizimli faoliyatini yoʻlga qoʻyishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlovchi kollegial organ hisoblanadi.
3. Maslahat kengashi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
2-bob. Maslahat kengashining asosiy maqsadi va vazifalari
4. Maslahat kengashining asosiy maqsadi — Assotsiatsiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmaklashish, faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va zarur maslahatlar berishdan iborat.
5. Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Assotsiatsiyani xorijiy mamlakatlarga taʼlim olish va mehnat qilish uchun chiqib ketgan hamda chiqishni rejalashtirgan oʻzbekistonlik yoshlarning koʻmakchisi va tayanchiga aylantirish;
Assotsiatsiyaga oʻz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir metodik tavsiyalar berish, uning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda koʻmaklashish;
Assotsiatsiyaga davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish rejalarini belgilashda, tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatish;
Assotsiatsiyaning faoliyati borasida keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, tahlil qilish, ushbu sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
Assotsiatsiyaning xorijiy mamlakatlarga taʼlim olish va mehnat qilish uchun chiqib ketgan hamda chiqishni rejalashtirgan oʻzbekistonlik yoshlar bilan ishlashga oid dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, ijrosi yuzasidan axborotlarini eshitish;
sohaga oid qonun hujjatlarining masʼul idora va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi holatini tahlil qilish;
sohaga oid chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish uchun oʻzbekistonlik yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini tashkil etish.
Maslahat kengashi oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga har olti oyda axborot kiritadi.
3-bob. Maslahat kengashining huquq va majburiyatlari
6. Maslahat kengashi quyidagi huquqlarga ega:
Assotsiatsiyaning faoliyati samaradorligini oshirishga doir qarorlar qabul qilish;
sohadagi ishlarning holatini oʻrganish uchun ishchi (ekspert) guruhlar tashkil etish, shuningdek, ushbu guruhlar faoliyatiga tegishli mutaxassislarni Assotsiatsiyaning moliyaviy manbalari hisobiga shartnoma asosida jalb qilish;
xorijiy mamlakatlarga taʼlim olish va mehnat qilish uchun chiqib ketgan hamda chiqishni rejalashtirgan oʻzbekistonlik yoshlar bilan ishlashda faollik koʻrsatayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish tashabbusi bilan chiqish;
sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish.
Maslahat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Maslahat kengashi oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Maslahat kengashi faoliyatini tashkil etish
8. Maslahat kengashi raisi va aʼzolaridan iborat Maslahat kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Maslahat kengashi oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi.
Maslahat kengashining majlislari har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi va ularda aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
10. Maslahat kengashi raisi:
Maslahat kengashi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Maslahat kengashi aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Maslahat kengashi yigʻilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Maslahat kengashi yigʻilishlari kun tartibini tasdiqlaydi.
Maslahat kengashining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
11. Maslahat kengashi aʼzolari koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha muhokamada qatnashish va qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega.
12. Maslahat kengashi masʼul kotibi funksiyasini lavozimiga koʻra Assotsiatsiya raisi bajaradi.
13. Masʼul kotib:
Maslahat kengashi joriy faoliyatini tashkil etadi;
Maslahat kengashi yigʻilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar boʻyicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Maslahat kengashi oʻz vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlashni amalga oshiradi.
14. Maslahat kengashi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari Maslahat kengashi yigʻilishlarida belgilangan vazifalar yuzasidan masʼul kotib soʻroviga muvofiq amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradi.
15. Maslahat kengashi majlislarida zaruratga qarab boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etishi mumkin.
16. Maslahat kengashi qarorlari kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Maslahat kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
17. Maslahat kengashi qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan aʼzolar tomonidan imzolanadigan va Maslahat kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Maslahat kengashi aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
5-bob. Yakunlovchi qoida
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 649-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Maslahat kengashining
TARKIBI
1.
Kuranbayev Kaxramon Kuchkarovich
—
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi, Maslahat kengashi raisi
2.
Uzakov Jamoliddin Erkinovich
—
Vazirlar Mahkamasi kotibiyati bosh mutaxassisi
3.
Neʼmatov Ilhomjon Toʻychiyevich
—
tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari
4.
Tashpoʻlatov Aziz Anvarovich
—
ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari
5.
Xolmuxamedov Murodullo Maxmudovich
—
oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari — Kasb-hunar taʼlimi markazi direktori
6.
Muxitdinov Erkin Madorbekovich
—
bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari
7.
Nazarbekov Ozodbek Axmadovich
—
madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari
8.
Umarov Olimjon Muxammadjanovich
—
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari
9.
Mansurov Yulbarsxon Nabiyevich
—
innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari
10.
Rahimov Baxtiyor Abdugʻani oʻgʻli
—
Davlat bojxona qoʻmitasi raisining oʻrinbosari
11.
Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovich
—
Davlat statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosari
12.
Akbarov Saidakbarxon Toxir oʻgʻli
—
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari v. b.
13.
Tashkenbayev Ulugʻbek Negmatovich
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi
14.
Kurbanov Rustam Djavdatovich
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi
15.
Abulhasan Nuriymon Abdurahim
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining oʻrinbosari
16.
Tursunqulov Oʻtkir Nazirovich
—
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari
17.
Bekmurodov Adxam Sharipovich
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori
18.
Javlonov Shavkat Sardorovich
—
Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari
19.
Jalilov Aktam Tashnazarovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori
20.
Nuritdinov Xayrulla Bokidjonovich
—
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi oʻrinbosari
21.
Melikulov Jumanazar Xaitovich
—
Milliy axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari
22.
Ilhomjonov Bahrom Mahkamjonovich
—
“Yosh huquqshunoslar kengashi” NNT raisi
23.
Lavozimga koʻra
—
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi, Maslahat kengashi kotibi
Izoh: Maslahat kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan (saylangan) yoki tegishli funksiyalar zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 649-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar
DASTURI
T\r
Tadbirlar nomi
Amalga oshirish shakli
Ijro muddati
Moliyalashtirish manbalari
Masʼul ijrochilar
I. Xorijiy mamlakatlarda oʻqiyotgan, mehnat qilayotgan yoshlar bilan ishlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish
1.
Xorijiy mamlakatlardagi oʻzbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish, ularning muammolarini oʻrganish va hal etish choralarini koʻrish maqsadida ishchi guruh tarkibini shakllantirish, AQSH, Yevropa mamlakatlari, Kanada, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Turkiya, Avstraliya, Rossiya, Qozogʻiston vaTojikistonga xizmat safarlarini tashkil etish.
tashkiliy tadbirlar
2019-2020 yy.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari
2.
Oʻzbekiston respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan har chorakda bir marotaba “Yoshlar bilan ochiq muloqot kunlari” ni tashkil etish va ular bilan dolzarb mavzularda suhbatlar oʻtkazilishi.
tashkiliy tadbirlar
har chorakda
—
Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi,
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
3.
Xorijda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik yoshlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida turkum qoʻllanmalar, videoroliklar tayyorlash va tarqatish.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil davomida
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
4.
Xorijda hibsga olingan yoki ozodlikdan mahrum qilingan oʻzbekistonlik yoshlarga huquqiy yordam koʻrsatish va advokat yollash boʻyicha amaliy koʻmak berish.
tashkiliy tadbirlar
doimo
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi,
Tashqi ishlar vazirligi,
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
5.
Chet elda vafot etgan oʻzbekistonlik yoshlarning jasadlarini yurtimizga qaytarish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha taklif tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
tahliliy maʼlumot
2019-yil avgust
—
Maslahat kengashi,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Tashqi ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
II. Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish
6.
Assotsiatsiyani ichki lokal tarmoq, Internet tarmogʻiga ulanish tezligi kamida 100mb/s boʻlgan Internet xizmati, sifatli aloqa, zamonaviy kompyuter vositalari, xalqaro videoaloqa va himoya tizimi bilan belgilangan tartibda taʼminlash.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil avgust
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
7.
Assotsiatsiyaning murojaatiga asosan uning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari va filiallarini ochish, xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlaridan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va faoliyatini tashkil etish, bino va boshqa zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrish.
tashkiliy tadbirlar
doimo
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi mablagʻlari
Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
8.
Assotsiatsiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan amaliy, konsultativ va metodik yordam koʻrsatish uchun kunu tun xizmat koʻrsatuvchi ishonch telefoni va maxsus veb-portalning ishga tushirilishini taʼminlash hamda ularning tahlilini yoʻlga qoʻyish.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil sentabr
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar
9.
Xorijdagi oʻzbekistonlik yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida belgilangan tartibda maxsus veb-portal orqali interaktiv xizmatlar koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasining mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlari, xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari veb-sahifalarini veb-portalga bogʻlash, tezkor savol-javoblar sahifasini joriy etish hamda yoshlarning xorijdagi faoliyatiga doir qonunchilik bazasini joylashtirish.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil avgust
—
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar
III. Xorijiy mamlakatlarda oʻqiyotgan, mehnat qilayotgan yoshlar bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish
10.
Xorijda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan, maʼlum natijalarni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik yoshlar ishtirokida “Yosh vatandoshlar” xalqaro festivalini tashkil etish.
tashkiliy tadbirlar
2020-yil fevral
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari
Maslahat kengashi,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi
11.
Xorijda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan Oʻzbekistonlik yoshlar orasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar (konsertlar, filmlar namoyishi, taniqli shaxslar va olimlar bilan uchrashuvlar), shuningdek, ularni Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilishga chorlovchi tadbirlar tashkil etish.
tashkiliy tadbirlar
doimo
Ijrochilar mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Madaniyat vazirligi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Tashqi ishlar vazirligi
12.
Xorijda taʼlim olgan va olayotgan oʻzbekistonlik yosh mutaxassislarni tanlov asosida vazirlik va idoralarga hamda oliy taʼlim muassasalariga jalb etish va ularga munosib ish oʻrinlarini izlab topish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Career bridge” ish oʻrinlari yarmarkasini tashkil qilish.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil sentabr
Ijrochilar mablagʻlari
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Tashqi ishlar vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
13.
Xorijiy mamlakatlarga taʼlim olish va mehnat qilish uchun joʻnab ketayotgan yoshlar ishtirokida Andijon, Qarshi, Termiz, Samarqand, Urganch shaharlarida “Life abroad” forumini tashkil etish va oʻtkazish.
tashkiliy tadbirlar
2019-yil sentabr-oktabr
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
14.
Xorijda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan, yuqori natijalarga erishayotgan chet el fuqarosi boʻlgan etnik oʻzbeklar hamda Oʻzbekiston fuqarolariga bagʻishlangan kitob tayyorlash va chop etish
tashkiliy tadbirlar
2020-yil fevral
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi mablagʻlari
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2019-y., 09/19/649/3628-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)