toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.10.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI MAʼMURIY-HUDUDIY BIRLIKLAR, AHOLI PUNKTLARI, TAShKILOTLAR VA BOShQA TOPONIMIK OBYEKTLARNING NOMLARINI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli ““Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimiz mustaqilligiga besh yil toʻlayotganligiga qaramay hamon joylarda toponimik obyektlarning eski tuzum va kommunistik mafkuraga xizmat qiladigan, xalqimiz tarixi va milliy anʼanalariga bogʻliq boʻlmagan nomlari saqlanib qolmoqda. Bular istiqlol mazmun-mohiyatini tushunmaslikdan, milliy mafkura va milliy gʻurur sustligidan, baʼzan esa masʼuliyatsizlik va loqaydlikdan kelib chiqmoqda. Natijada bu yangicha fikrlash va yashashni oʻrganish sharoitlarida xalqimizni mustaqillik gʻoyalaridan chalgʻitmoqda. Hokimliklar, ular huzuridagi toponimik komissiyalarning yetarli darajada faoliyat koʻrsatmayotganligini hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining toponimik obyektlar nomlarini tartibga solish borasidagi ishlari talab darajasida emas deb hisoblansin. Bu boradagi kamchiliklar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga koʻrsatib oʻtilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi 383-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlar, korxonalar, koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar va boshqa obyektlarga nom berish, ularning nomlarini oʻzgartirish va tartibga solish masʼuliyati shaxsan yuklatilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga:
10 kun muddat ichida hokimliklar huzurida tashkil etilgan toponimik komissiyalar faoliyati va tarkibini koʻrib chiqish, ular olib borayotgan ishlarni faollashtirish maqsadida komissiyalar tarkibiga tarixchilar, tilshunoslar, huquqshunoslarni, jamoatchilik va mahalliy boshqaruv idoralari vakillarini jalb etish;
1996-yil 1-sentabrgacha oʻzgartiriladigan toponimik obyektlar nomlarini qayta koʻrib chiqish, obyektlarning eski tuzum davridan saqlanib qolgan, xalqimiz tarixi va anʼanalari bilan bogʻliq boʻlmagan nomlarini oʻzgartirish va ularga nom berishda tarixiy, milliy, tabiiy va boshqa mahalliy sharoitlarni hisobga olish, kishilar sharafiga qoʻyilgan barcha nomlarning belgilangan qoidalar va maqsadga muvofiqligini qayta koʻrib chiqish topshirilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi 383-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida shaxslarning nomini hayot chogʻida biror joyga qoʻyishga hamda abadiylashtirishga ruxsat berilmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-martdagi 123-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qarori tahririda)
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 31-may,
203-son
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)