toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudning hal qiluv qarori haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 6-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq hal qiluv qarori birinchi instansiya sudi tomonidan ishni daʼvo va alohida ish yuritish tartibida mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha qabul qilinadigan sud hujjatining shakllaridan biri hisoblanadi.
Hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qilinadi va barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida soʻzsiz ijro etilishi lozim (FPK 16-moddasi).
2. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, FPK 14-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qarori qonunga asoslangan boʻlishi lozim. Boshqa qonun hujjatlarining qoʻllanilishiga, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga zid boʻlmasagina, yoʻl qoʻyiladi.
Qonunda yoki boshqa qonun hujjatida nizoli munosabatni tartibga soladigan huquq normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, sud shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soladigan qonun yoxud boshqa qonun hujjati normalariga asoslangan holda qaror qabul qiladi (qonun oʻxshashligi), bunday normalar mavjud boʻlmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmunidan kelib chiqqan holda hal etadi (huquq oʻxshashligi).
3. Hal qiluv qarori, u protsessual huquq normalariga qatʼiy rioya qilingan holda va ushbu huquqiy munosabatga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan moddiy huquq normalariga mos ravishda qabul qilingan, zarur hollarda qonun oʻxshashligi yoki huquq oʻxshashligini qoʻllashga asoslangan boʻlsagina, qonuniy hisoblanadi.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, hal qiluv qarori, unda ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlar, sud tomonidan tekshirilgan dalillar bilan tasdiqlangan, ularning aloqadorligi va maqbulligi qonun talablariga javob beradigan yoki sud hammaga maʼlum deb topgan, isbotlashga muhtoj boʻlmagan holatlar, shuningdek, aniqlangan faktlardan kelib chiqadigan yakuniy xulosalar aks ettirilganda, asoslantirilgan hisoblanadi (FPK 73 — 75-moddalari).
Sud topshirigʻini yuborish orqali dalillar toʻplanganda, sud hal qiluv qarorini ushbu dalillarni hisobga olgan holda, agar ular FPK 104-moddasi talablariga rioya qilingan holda olingan, sud majlisida eʼlon qilingan, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan va boshqa dalillar majmui bilan birga baholangan taqdirdagina, asoslashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. FPK 249-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, sudya hal qiluv qarorini alohida xonada (maslahatxonada) ishning muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilishi shart.
(5-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlashni kechiktirilishi istisno hollarda, oʻta murakkab ishlar boʻyicha besh kundan ortiq boʻlmagan muddatga yoʻl qoʻyilishiga qaratilsin. Bunday hollarda hal qiluv qarorining faqatgina kirish va xulosa qismlari tayyorlanadi. Hal qiluv qarorining xulosa qismi ish muhokamasi tamomlangan sud majlisining oʻzida sudya tomonidan imzolanadi, oʻqib eshittiriladi va ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismi eʼlon qilinganda, raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Asoslantirilgan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismlari ish muhokamasi tugallangan kuni eʼlon qilingan, matni toʻliq boʻlmagan, hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismiga soʻzma-soʻz mos kelishi lozim. Ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorining sanasi, u eʼlon qilingan kun hisoblanadi.
6. Sudlarning eʼtibori FPK 253-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlardan iborat boʻlishligiga qaratilsin.
7. Hal qiluv qarorining kirish qismini tuzishda FPK 253-moddasining ikkinchi qismiga amal qilish lozim.
Xususan, hal qiluv qarorining kirish qismida ish raqami, hal qiluv qarorining qabul qilingan vaqti va joyi, hal qiluv qarori qabul qilgan sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, sud majlisining kotibi, taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ularning vakillari, shuningdek, nizo predmeti yoki arz qilingan talab koʻrsatiladi.
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi (pasport, harbiy bilet, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma, yashash uchun guvohnoma) yozuvlarga muvofiq koʻrsatilishi lozim.
Agar taraf yuridik shaxs boʻlsa, uning nomi davlat roʻyxatiga olish haqidagi hujjatlarga muvofiq koʻrsatilishi kerak.
8. Hal qiluv qarorining bayon qismida, FPK 253-moddasining uchinchi qismidagi talablardan tashqari, arz qilingan talablarning qisqa shakldagi mazmuni bayon etiladi. Bunda, hal qiluv qarorining matnini huquqiy ahamiyatga ega boʻlmagan holatlar bilan toʻldirishni oldini olish uchun, daʼvo va daʼvoga eʼtirozni soʻzma-soʻz bayon etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Daʼvogar tomonidan daʼvoning asosi yoki predmeti oʻzgartirilgan yoxud uning miqdori kamaytirilgan, javobgar tomonidan qarshi daʼvo taqdim etilgan taqdirda, bu ham hal qiluv qarorining bayon qismida aks ettirilishi lozim.
Bundan tashqari, hal qiluv qarorining bayon qismida javobgarning daʼvoni toʻliq yoki qisman tan olganligi, uning daʼvoga nisbatan eʼtirozlari haqida koʻrsatilishi, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlari bayon etilishi lozim.
Hal qiluv qarorining bayon qismida maslahatxonasida hal qiluv qarori qabul qilish paytida sud tomonidan hal qilinishi lozim boʻlgan arz qilingan iltimosnomalar (daʼvo muddatini qoʻllash, neustoykani kamaytirish, hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish haqidagi va boshqalar) ham bayon etiladi.
9. FPK 253-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida sud tomonidan aniqlangan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar koʻrsatilishi lozim. Hal qiluv qarorida sud foydasiga hal qiluv qarori qabul qilgan tarafning vajlari va dalillarini bir tomonlama bayon etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sud qaysi asoslarga koʻra boshqa tarafning vajlari sud tomonidan qabul qilinmaganligini koʻrsatishi shart.
Sud sud majlisida tekshirilgan dalillarni FPK 80-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda baholaydi.
10. FPK 80-moddasining toʻrtinchi qismiga binoan hech bir dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emasligi sababli, ekspertning xulosasi boshqa dalillar oldida ustunlikka ega boʻlmaydi va sud uchun majburiy hisoblanmaydi. U boshqa dalillar majmui bilan birga baholanishi lozim.
Ekspertning xulosasiga hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida baho berilishi lozim. Bunda sud ekspertning xulosasi nimaga asoslanganligini, ekspertizaga taqdim etilgan hujjatlar toʻliq tekshirilgan yoki tekshirilmaganligini va u tomonidan tegishincha tahlil qilingan yoki qilinmaganligini koʻrsatishi lozim. Sud ekspert xulosasiga qoʻshilmasligini hal qiluv qarorida asoslantirishi kerak.
Taraf ekspertizada ishtirok etishdan bosh tortganda va mazkur tarafning ishtirokisiz ekspertiza oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, aniqlanishi uchun ekspertiza tayinlangan faktni aniqlash masalasi sud tomonidan FPK 95-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hal etiladi.
FPK 98-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, ekspertning sud majlisida bergan ogʻzaki tushuntirishlari, faqatgina u tomonidan dastlab berilgan yozma xulosani tushuntirishga oid qismi boʻyicha dalil boʻlishi mumkin.
11. FPK 75-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, bir fuqarolik ishi boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan faktlar xuddi shu shaxslar oʻrtasidagi boshqa fuqarolik ishini koʻrayotgan sud uchun majburiy hisoblanadi. Koʻrsatilgan holatlar nizolashilmaydi va yangidan isbot qilinmaydi.
Iqtisodiy yoki maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar xuddi shu shaxslar ishtirokidagi boshqa fuqarolik ishini koʻrayotgan sud uchun ham shunday ahamiyatga ega. (FPK 75-moddasining uchinchi qismi).
FPK 75-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilgan yoki etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilgan yoki etilmaganligi masalalari yuzasidangina majburiydir.
Bunday jinoyat ishidan kelib chiquvchi daʼvoni koʻrayotgan sud javobgarning aybliligi masalasini muhokama qilishga haqli boʻlmasdan, balki fuqarolik ishi muhokamasida tekshirilgan, zararning miqdorini (xususan, javobgarning mulkiy ahvoli yoki jabrlanuvchining aybini hisobga olish) belgilashga taʼsir qiladigan dalillarga oʻzgacha baho berishga haqli.
12. Sud hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatga ega u yoki bu holatlar tasdiqlanadigan dalillarni koʻrsatib oʻtilishi bilan chegaralanmasdan, balki bu dalillarning mazmunini bayon etishi shart.
Agar sud dalillarga baho berib, taraflar oʻzlarining talab va eʼtirozlariga asos qilib koʻrsatgan holatlar u yoki bu faktik maʼlumotlar bilan tasdiqlanmaganligini aniqlasa, hal qiluv qarorida bu haqdagi xulosasini asoslantirishi lozim.
Sud majlisida tarafning nizoni toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan dalilni saqlayotganligi va sudning soʻrovi boʻyicha taqdim etmayotganligi fakti aniqlanganda, sud FPK 72-moddasining birinchi qismi talablarini hisobga olib, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu dalilda mavjud boʻlgan maʼlumotlarni dalillar majmuidan kelib chiqib baholaydi.
13. FPK 44-moddasining ikkinchi qismi va 254-moddasiga muvofiq sud ishni daʼvogar tomonidan arz qilingan talablar doirasida hal qiladi va oʻzining tashabbusiga koʻra daʼvo predmeti yoki asosini oʻzgartirishga haqli emas. Sud faqatgina daʼvogarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb topsa, shuningdek, qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda, daʼvogarning arz qilgan talablari doirasidan chetga chiqishga haqli.
Daʼvo predmeti moddiy-huquqiy mazmunga ega boʻlgan, daʼvogar (arizachi) tomonidan taqdim etilayotgan, uning huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlarini buzish yoki buzilish tahdidining mohiyatini koʻrsatadigan talablarda ifodalanadi.
Daʼvoning asosi sifatida manfaatdor shaxs tomonidan koʻrsatilayotgan, daʼvo predmeti hisoblangan, moddiy-huquqiy munosabatni vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilishga olib keluvchi faktlarni tushunish lozim.
Talabning hajmiga aniqlik kiritish haqida soʻz yuritilayotganligi bois, daʼvo talablari miqdorining oshirilishi yoki kamaytirilishi daʼvo predmetini oʻzgartirish sifatida koʻrilishi mumkin emas.
14. FPK 44-moddasiga muvofiq daʼvoni tan olish javobgarning huquqi hisoblanadi. Agar javobgarning daʼvoni tan olishi qonunga zid boʻlsa, biror-bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzsa, sud daʼvoni tan olishni qabul qilishni rad qilishi mumkin (FPK 169-moddasining birinchi qismi, 226-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlari).
15. Sud hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida nizoli huquqiy munosabatni hal qilishda sud tomonidan qoʻllanilgan moddiy qonun normasini va ishni koʻrishda sud qoʻllagan protsessual qonun normalarini koʻrsatishi shart. Zarur hollarda sud u yoki bu huquq normalarini qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havola qilishi mumkin.
Daʼvo muddati oʻtkazilganligi munosabati bilan daʼvo rad qilinganda, shu jumladan, ularni oʻtkazish sabablari uzrsiz deb topilganda, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu holatni koʻrsatilishi yetarli boʻladi.
16. Hal qiluv qarorining xulosa qismi asoslantiruvchi qismda aniqlangan faktik holatlardan kelib chiquvchi, bunda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquqlari va majburiyatlariga doir masalaga daxl qilmagan holda, daʼvoni qanoatlantirish yoki daʼvoni qisman yoki toʻliq rad qilish haqidagi sudning yakuniy xulosalarini oʻz ichiga olishi lozim.
Ushbu qismda sud dastlabki daʼvo boʻyicha ham, qarshi daʼvo boʻyicha ham qanday qaror qabul qilganligini aniq va tushunarli bayon etishi lozim.
Hal qiluv qarorini ijro qilishda qiyinchiliklar tugʻdirmasligi uchun, sud tomonidan FPK 251-moddasida koʻrsatilgan boshqa masalalar ham hal qilinishi lozim.
Ijrosi maʼlum shartning kelib chiqishiga bogʻliq boʻladigan hal qiluv qarorlari qabul qilinishiga hamda hal qiluv qarorining xulosa qismiga talablarning mazmunan koʻrilmagan qismi boʻyicha xulosalarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sudning bunday talablar boʻyicha xulosalari hal qiluv qaroridan alohida, ajrim shaklidagi sud hujjatida (koʻrmasdan qoldirish, ish boʻyicha ish yuritishni tugatish) bayon etiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini taqsimlash masalasi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi ham koʻrsatilishi lozim.
Sudlarning eʼtibori qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni, u eʼlon qilingandan soʻng raislik qiluvchi tomonidan tushuntirilishi lozimligiga qaratilsin.
17. U yoki bu huquqni tan olish haqidagi ishlar boʻyicha daʼvo qanoatlantirilganda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida nafaqat huquqning mavjudligi toʻgʻrisida, balki bunday tan olishning oʻzidan keyin olib keladigan huquqiy oqibatlarini koʻrsatishi shart (masalan, nikoh haqiqiy emas deb topilganda nikoh qayd qilinganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi bekor qilinadi).
18. Mol-mulk natura tarzida undirib berilganda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida mulkning oʻziga xos maʼlum belgilari va qiymatini koʻrsatadi.
Umumiy mulkni boʻlish yoki bunday mulkdan foydalanish tartibini belgilash haqidagi nizolarni koʻrishda (yer uchastkalari, uy-joy va boshqalar), sud hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir tarafga beriladigan mulkning chegarasi va oʻlchamini, chiqish joylarini jihozlashni, toʻsiqlarni oʻrnatishni, binolarni qayta planlashtirish tartibini, oʻtish joylarining chegarasi va oʻlchamini, taraflarning umumiy foydalanishida qolgan mulkning chegarasi va oʻlchamini hamda eʼtiborga molik boshqa holatlarni aniq va tushunarli koʻrsatishi shart.
19. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni FPK 253-moddasining qoidalari bilan belgilanadi (FPK 283-moddasi). Qonunda koʻrsatilgan, hal qiluv qarorining mazmuniga mos keladigan umumiy talablardan tashqari, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida ushbu hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish muddati va tartibi koʻrsatilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Sudlarning eʼtibori, qonun mazmuniga koʻra hal qiluv qarori oʻqib eshittirilganidan keyin shu qarorni qabul qilgan sud tomonidan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin emasligiga qaratilsin.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Shu bilan birga, sud quyidagi hollarda oʻzi qabul qilgan hal qiluv qarorini bekor qilishga haqli:
ish sirtdan ish yuritish tartibida koʻrilganda (FPK 286-moddasi);
qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda (FPK 443-moddasi);
fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi ariza koʻrilganda (FPK 309-moddasi).
21. FPK 261-moddasiga koʻra, hal qiluv qarori qabul qilgan sud hal qiluv qarori yozuvida yoʻl qoʻyilgan xatolarni yoki ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni oʻz tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga koʻra tuzatishi mumkin va bu haqda ajrim chiqaradi.
Qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish, boʻlish yoki boshqa matematik hisoblashlarda yoʻl qoʻyilgan xatolar ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolar hisoblanadi.
Hal qiluv qarorida, shu jumladan, qonunni notoʻgʻri qoʻllash yoki tushunish natijasida yoʻl qoʻyilgan boshqa barcha xatolar, faqatgina yuqori instansiya sudi tomonidan qonunda belgilangan tartibda tuzatilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qaroriga tuzatish kiritish masalasi sud tomonidan ijro bosqichida ham, lekin qonunda belgilangan, majburiy ijroga taqdim etish mumkin boʻlgan muddat doirasida hal qilinishi mumkin.
22. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qoʻshimcha hal qiluv qarori faqatgina qonunda toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda chiqarilishi mumkin (FPK 262-moddasi). Sud qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarish koʻrinishida hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirishga yoxud sud majlisida oʻrganilmagan yangi masalalarni hal qilishga haqli emas.
Qoʻshimcha hal qiluv qarori ishni koʻrgan sud tomonidan, faqatgina hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar chiqarilishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi sudyalarning boshqa tarkibida ham koʻrilishi mumkin.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarish toʻgʻrisidagi masala hal qiluv qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay qoʻyilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazilgan holda, u FPK 155-moddasi qoidalariga muvofiq tiklanishi mumkin.
Agar sudning hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya shikoyati berilgan yoki protest keltirilgan boʻlsa va bir vaqtning oʻzida qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi qoʻyilgan boʻlsa, sud dastlab qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasini hal etadi, shundan soʻng ishni apellyatsiya instansiyasi sudiga yuboradi.
23. Hal qiluv qarori tushunarsiz boʻlgan taqdirda, ishni hal qilgan sud oʻz tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasi boʻyicha hal qiluv qarorini FPK 263-moddasida nazarda tutilgan tartibda, ajrim chiqarish yoʻli bilan tushuntirishi mumkin.
Hal qiluv qarorini tushuntirishda sud uning mazmunini oʻzgartirishga va hal qiluv qarorida hal qilinmagan masalalarga toʻxtab oʻtishga haqli emas.
Hal qiluv qarorini, u ijroga qaratilgunga qadar, lekin qonunda belgilangan muddat doirasida va u majburiy ijro qilinishi mumkin boʻlgan muddat davomida tushuntirishga yoʻl qoʻyiladi.
24. Yozuvdagi va ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish, qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarish, hal qiluv qarorini tushuntirish haqidagi arizalarni koʻrishda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qiladi. Biroq, ularning kelmaganligi ushbu masalalarni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Hal qiluv qarori, darhol ijro etish holatlaridan tashqari, u qonuniy kuchga kirganidan soʻng ijroga qaratiladi (FPK 265-moddasi).
(25-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Hal qiluv qarori qonun boʻyicha (FPK 266-moddasi) darhol ijro etilishi lozim boʻlgan hollarda yoki hal qiluv qarorining darhol ijroga qaratilishi sud tomonidan yoʻl qoʻyilgan boʻlsa (FPK 267-moddasi), bu haqda hal qiluv qarorining asoslantiruvchi va xulosa qismida koʻrsatiladi. Sudning havolasi boʻyicha hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish zaruriyati, hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish undiruvchi uchun koʻp zarar keltirishi mumkin boʻladigan yoki ijro etish mumkin boʻlmay qoladigan holatlar keltirilgan holda asoslantirilishi lozim (masalan, daʼvogarga undirilgan mulkning yoʻqotilishi yoxud begonalashtirilishi).
Oldingi tahrirga qarang.
Zarur hollarda sud, daʼvogarning roziligi bilan sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda, uning qaytarma ijrosini taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin (FPK 267-moddasining uchinchi qismi).
(25-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Sud hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish masalasini u qabul qilinganidan soʻng ham, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda sud majlisida koʻrib chiqishi mumkin. Biroq, ularning kelmaganligi ushbu masalani hal qilish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish haqidagi ajrim maslahatxonada chiqariladi va ishga qoʻshib qoʻyiladi.
26. Shuni nazarda tutish kerakki, hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga imzo qoʻydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Sud majlisiga kelmagan taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, yopiq sud majlisida qabul qilinganlardan tashqari, sudning rasmiy veb-saytida faqatgina taraflarning roziligi asosida yoki shaxssizlantirilgan holda eʼlon qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari doimiy ravishda sudlar tomonidan qabul qilinayotgan hal qiluv qarorlarining protsessual qonun talablariga muvofiqligini oʻrganishi, qonun talablari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrishi lozim.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
28. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 13-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-may,
12-son