toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.01.2023
Hujjat 28.05.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mehmonxona xoʻjaligi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 5-yanvardagi PQ-4095-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.U. Aqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-may,
433-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 433-son qaroriga
ILOVA
Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi
Nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yangi mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini (keyingi oʻrinlarda mehmonxonalar deb ataladi) qurib, 2019-yil 5-yanvardan boshlab 2022-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga topshirgan tadbirkorlik subyektiga (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) ushbu mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb ataladi) mablagʻ ajratish, shuningdek, 2019-yil 5-yanvardan boshlab taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha franchayzing toʻgʻrisida shartnoma tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi) qisman moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma — tashkilotlar uchun dunyoning taniqli va nufuzli top-50 mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
subsidiya — investorlarga mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Investorlarga yangi qurilgan mehmonxonasi 3 yulduzli toifaga va 50 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega yoki 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega boʻlganda subsidiya ajratiladi.
Bunda yangi qurilgan mehmonxona 2022-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga topshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Investorlarga subsidiya ajratish 2019-yil 5-yanvardan boshlab, qoʻshimcha ravishda yangi tashkil etilayotgan mehmonxonalarning xonalari fondi 50 mingtaga yetguniga qadar amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) har chorak yakuni bilan qoʻshimcha ravishda yangi tashkil etilayotgan mehmonxonaning xonalari hisobini yuritadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlar dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab, uch yil mobaynida har yili bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qisman moliyalashtiriladi (keyingi oʻrinlarda qisman moliyalashtirish deb ataladi).
Bunda franchayzing toʻgʻrisidagi shartnomalar 2019-yil 5-yanvardan soʻng kuchga kirgan boʻlishi lozim.
Tashkilotlarni qisman moliyalashtirishning umumiy hajmi koʻpi bilan 10 million AQSh dollari ekvivalentiga teng boʻladi.
5. Investorlar subsidiya olishi va tashkilotlar qisman moliyalashtirilishi uchun hujjatlarni topshirish sanasiga quyidagi talablarga javob berishi zarur:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi boʻlmagan;
Keyingi tahrirga qarang.
bankrotlik va tugatish jarayonida boʻlmagan.
Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosida moliyaviy taʼminot va xarajatlarni qoplash (mazkur Nizom asosida ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobga olinmaydi) maqsadlariga mablagʻ jalb qilmagan.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Investorlarni subsidiyalash va tashkilotlarni qisman moliyalashtirish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Investorlarga subsidiya ajratish tartibi
7. Investorlarga subsidiya 1 marotaba ajratilib, uning miqdori kelgusi yil uchun Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida ushbu miqdorni har yili indeksatsiya qilgan holda:
3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million soʻmni;
4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million soʻmni tashkil etadi.
8. Investorlar subsidiya ajratilishi uchun Qoʻmitaga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda subsidiya olish toʻgʻrisida ariza (keyingi oʻrinlarda ariza deb ataladi) bilan murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ariza beruvchining — yuridik shaxs boʻlgan investorning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), STIR va tijorat bankidagi hisobraqami rekvizitlari;
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan koʻchirma;
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻmita huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan taqdim etilgan 3 yoki 4 yulduzli mehmonxona toifasi koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikatining nusxasi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq taqdim etilishi belgilangan muvofiqlik sertifikatini investor tomonidan olinishida ushbu jarayonga xizmatlar sohasidagi xorijiy “Katta toʻrtlik” kompaniyalarini jalb etish (keyingi oʻrinlarda xorijiy kompaniya deb ataladi) sertifikatlashtirishning majburiy sharti hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xorijiy kompaniya yoki uning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasini jalb etish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlar sertifikatlashtirish shartnomasiga kiritiladi.
Xorijiy kompaniya yoki uning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi tashkilotning tanloviga asosan Qoʻmita tomonidan jalb etiladi.
11. Qoʻmita ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kunida uning mazkur Nizomda belgilangan talablarga mosligini oʻrganib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Arizani oʻrganib chiqishda qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazish talab etilsa, Qoʻmita ariza beruvchini yozma shaklda yoki elektron axborot tizimi orqali xabardor qiladi hamda arizani oʻrganib chiqishni qoʻshimcha 10 ish kuniga uzaytirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Qoʻmita arizani oʻrganib chiqib, bir ish kunida subsidiya berish yoki subsidiya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va ushbu qaror nusxasini ariza beruvchiga qaror qabul qilingan kuni yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ariza beruvchiga subsidiya berish toʻgʻrisidagi qarorda subsidiya miqdori, davri, mehmonxona nomi, yulduz toifasi va xonalar fondi, joylashgan joyi (pochta manzili) va uning kadastr raqami, subsidiya olayotgan investor -yuridik shaxs nomi va STIR raqami, tijorat bankidagi hisobraqami koʻrsatiladi.
Mazkur qaror nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab, bir ish kunida Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga (keyingi oʻrinlarda Moliya vazirligi deb ataladi) yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ariza beruvchiga subsidiya berish rad etilgan taqdirda, subsidiya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar aniq koʻrsatib oʻtilgan subsidiya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror arizachiga ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunida yuboriladi.
Ariza beruvchi qarorni olgan kundan boshlab, koʻpi bilan ikki oy davomida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etishi va ularning bartaraf etilganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, Qoʻmitaga takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Subsidiya berish quyidagi asoslarga koʻra rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 9-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar va maʼlumotlar toʻliq hajmda taqdim qilinmaganligi;
ariza beruvchi ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan talablarga javob bermasligi.
Subsidiya berishni ushbu bandda koʻrsatib oʻtilmagan asoslar boʻyicha rad etish mumkin emas.
16. Ariza takroran taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Qoʻmita tomonidan qayta koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda yangi asoslar boʻyicha subsidiya berishni rad etish mumkin emas.
17. Ushbu Nizomning 14-bandi 2-xatboshisida koʻrsatilgan muddat tugagandan keyin taqdim qilingan ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
3-bob. Tashkilotlarni qisman moliyalashtirish tartibi
18. Tashkilotlarni qisman moliyalashtirish quyidagi hajmda amalga oshiriladi:
3 yulduzli toifaga ega boʻlgan dastlabki 50 ta mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;
4 yulduzli toifaga ega boʻlgan dastlabki 30 ta mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida.
19. Tashkilotlarni qisman moliyalashtirish franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma “Brand Finance” kompaniyasining (ushbu kompaniya oʻz faoliyatini yakunlagan taqdirda Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tomonidan boshqa reyting agentligi tanlanadi) top-50 reytingiga kiruvchi (hujjatlarni topshirishdan avval uch yil davomida kamida bir marotaba kirgan boʻlishi lozim) hamda Kengash tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida mehmonxonalar bilan tuzilganda amalga oshiriladi.
“Brand Finance” kompaniyasining top-50 reytingiga kiruvchi mehmonxona bilan franchayzing toʻgʻrisida shartnoma tuzilgandan soʻng ushbu mehmonxona top-50 reyting roʻyxatidan chiqarilgan taqdirda, franchayzing shartnoma oʻz kuchini yoʻqotmagan boʻlsa ham, top-50 reyting roʻyxatidan chiqarilgani eʼlon qilingan yildan keyingi yil uchun qisman moliyalashtirish davom ettirilishi toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Tashkilotlar qisman moliyalashtirilishi uchun Qoʻmitaga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirish uchun ariza (keyingi oʻrinlarda franchayzing boʻyicha ariza deb ataladi) bilan murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Franchayzing boʻyicha arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchining — yuridik shaxs boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va STIR raqami va tijorat bankidagi hisobraqami rekvizitlari;
franchayzing toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma nusxasi;
Qoʻmita huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan taqdim etilgan 3 yoki 4 yulduzli mehmonxona toifasi koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikatining nusxasi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Qoʻmita franchayzing boʻyicha ariza kelib tushgan kundan boshlab, oʻn ish kuni ichida uning mazkur Nizomda belgilangan talablarga mosligini oʻrganib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Arizani oʻrganib chiqishda qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazish talab etilsa, Qoʻmita ariza beruvchini yozma shaklda yoki elektron axborot tizimi orqali xabardor qiladi hamda arizani oʻrganib chiqishni qoʻshimcha 10 ish kuniga uzaytirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Qoʻmita franchayzing boʻyicha arizani oʻrganib chiqib, bir ish kunida qisman moliyalashtirish yoki qisman moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va ushbu qaror nusxasini franchayzing boʻyicha ariza beruvchiga qaror qabul qilingan kuni yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qisman moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarorda moliyalashtirish miqdori, davri, mehmonxona nomi, franchayzing toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq xorijiy mehmonxona brendi nomi, yulduz toifasi va xonalar fondi, joylashgan joyi (pochta manzili) va moliyalashtirilayotgan tashkilot — yuridik shaxs nomi va STIR raqami, tijorat bankdagi hisobraqami koʻrsatiladi.
Mazkur qaror nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab, bir ish kunida Moliya vazirligiga yuboriladi.
25. Qisman moliyalashtirish rad etilgan taqdirda, qisman moliyalashtirishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar aniq koʻrsatib oʻtilgan qisman moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror franchayzing boʻyicha ariza beruvchiga ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunida yuboriladi.
Franchayzing boʻyicha ariza beruvchi qarorni olgan kundan boshlab, koʻpi bilan ikki oy davomida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etishi va ularning bartaraf etilganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, Qoʻmitaga takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Qisman moliyalashtirish quyidagi asoslarga koʻra rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar va maʼlumotlar toʻliq hajmda taqdim qilinmaganligi;
franchayzing boʻyicha arizachi ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan talablarga javob bermasligi.
Qisman moliyalashtirishni ushbu bandda koʻrsatib oʻtilmagan asoslar boʻyicha rad etish mumkin emas.
27. Franchayzing boʻyicha ariza takroran taqdim etilgan kundan boshlab, besh ish kuni mobaynida Qoʻmita tomonidan qayta koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda yangi asoslar boʻyicha qisman moliyalashtirishni rad etish mumkin emas.
28. Ushbu Nizomning 25-bandi 2-xatboshisida koʻrsatilgan muddat tugagandan keyin taqdim qilingan franchayzing boʻyicha ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
4-bob. Davlat budjetidan subsidiya ajratish va qisman moliyalashtirish tartibi
29. Investorlarga foydalanishga topshirilgan mehmonxonalar uchun qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash hamda taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha franchayzing shartnomasini qisman toʻlash uchun mablagʻlar 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari va 2020-2021-yillarda esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
30. Investorlarga subsidiya ajratish yoki tashkilotlarga franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirish uchun Qoʻmita Moliya vazirligiga investor va tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ajratilayotgan mablagʻlar hisob-kitobi aks ettirilgan buyurtmanomani taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Moliya vazirligi Qoʻmita tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomani uch ish kunida koʻrib chiqadi va tegishli mablagʻlarni Qoʻmitaning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazadi.
Bunda investorlarga subsidiya ajratish yoki tashkilotlarga franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi tomonidan Qoʻmitaga belgilangan tartibda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Mablagʻlar kelib tushganidan soʻng ularni Qoʻmita besh ish kunida investor va tashkilotlarning ularga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklardagi hisobraqamlariga mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Moliyaviy yil yakuni bilan mazkur shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Respublika budjetiga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Subsidiya berish yoki qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratilgan tashkilotlar roʻyxati (reyestri) Qoʻmitaning veb-saytiga joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar va qoʻshimcha ravishda tashkil etilayotgan xonalar soni toʻgʻrisidagi maʼlumot har oy yakuni boʻyicha yangilanib boriladi hamda yillar va tashkilotlar kesimida aks ettiriladi.
35. Subsidiya olish yoki franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirilishi maqsadida taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻgʻriligiga tegishli investorlar va tashkilotlar masʼul hisoblanadi.
36. Qoʻmita subsidiya berish hamda qisman moliyalashtirish ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning investorlar va tashkilotlarga yetkazilishi yuzasidan masʼul hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlarning ajratilishi va investorlarga yetkazilishini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti nazorat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
38. 3 yoki 4 yulduzli toifaga ega boʻlgan mehmonxona uchun subsidiya ajratilgan davrdan boshlab 5 yildan kam boʻlmagan muddatda mehmonxonaning kamida ushbu toifaga egaligi taʼminlanishi lozim, aks holda ajratilgan subsidiya Davlat budjetiga qaytariladi.
Mazkur bandning 1-xatboshisida keltirilgan talabga investor tomonidan rioya etilish ustidan monitoring Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va Qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu talab taʼminlanmagan holatda Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamentiga taqdimnoma kiritiladi va mazkur departamenti tomonidan esa ajratilgan subsidiya belgilangan tartibda investordan Davlat budjetiga qaytariladi.
Bunda mehmonxona 4 yulduzli toifadan 3 yulduzli toifaga oʻtganda, investor ajratilgan subsidiyani toʻliq emas, balki ikki toifa uchun belgilangan mablagʻlar oʻrtasidagi farqni Davlat budjetiga qaytaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnomalarining amal qilinishi ustidan monitoring Qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilingan vaqtdan boshlab Davlat budjetidan qisman moliyalashtirish toʻxtatiladi.
40. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi Nizomga
1-ILOVA
Investorlarga Davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratish va tashkilotlarni qisman moliyalashtirish
SXEMASI

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddati

Investor/tashkilot

Ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni tayyorlash va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga subsidiya olish toʻgʻrisida yoki/va franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirish uchun ariza bilan murojaat etish.

Arizachining xohishiga koʻra

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Arizani oʻrganib chiqish.

10 ish kunida, qoʻshimcha oʻrganishni talab etgan holatlarda — 20 ish kunida

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Subsidiya berish yoki rad etish/Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qisman moliyalashtirish yoki moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va arizachiga yuborish.

1 ish kunida

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Subsidiya berish yoki rad etish/Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qisman moliyalashtirish yoki moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini Moliya vazirligiga taqdim etish.

1 ish kunida

Investor/tashkilot

Subsidiya berishni rad etish/Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qisman moliyalashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni olganda, qarorda koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning bartaraf etilganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga takroran ariza bilan murojaat qilish.

2 oydan koʻp emas

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Ariza takroran taqdim etilganda, uni qayta koʻrib chiqish.

5 ish kunida

Moliya vazirligi

Buyurtmanomani koʻrib chiqish va tegishli mablagʻlarni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining shaxsiy gʻazna hisobvaraqalariga oʻtkazish.

3 ish kunida

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Investor/tashkilotning tijorat banklaridagi hisobraqamlariga mablagʻlarni oʻtkazib berish.

5 ish kunida

Keyingi tahrirga qarang.
Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi Nizomga
2-ILOVA

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga

‎‎Subsidiya olish toʻgʻrisida
‎ARIZA

‎‎_______________________________________________________________________________,

‎‎(yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomaga binoan soʻrovchining toʻliq nomi)

‎‎‎‎________________________________________________________________________________

‎(manzil, telefon, faks, elektron pochta)

‎‎manzil boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan,

‎‎‎‎_______________________________________________________________________________,
‎‎‎‎‎_______________________________________________________________________________,‎‎

‎‎(roʻyxatdan oʻtish raqami, sanasi, guvohnoma bergan organ nomi)

direktori:‎‎______________________________________________________________________shaxs nomidan,

‎‎(soʻrovchi rahbarining lavozimi, F.I.O.)

‎__________________________________________________________________________manzilda joylashgan

‎‎(viloyat, tuman, shahar, koʻcha, bino nomeri)

‎‎mehmonxonani qurish va jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiya ajratishingizni soʻrayman.

‎‎Mehmonxona xonalarining soni: ________________________________________________________________
‎‎Sertifikat olingan sana va raqami: ______________________________________________________________
‎‎Korxonaning joylashgan joyi (pochta manzili):_____________________________________________________
‎‎STIR raqami:________________________________________________________________________________
‎‎Elektron pochta manzili: _______________________________________________________________________
‎‎Hisobraqami: _______________________________________________________________________________

Ilova: ______ varaqda‎

‎‎_________________________________________

‎‎_____________

‎‎(arizachi rahbarining lavozimi, F.I.O.)

‎‎(shaxsiy imzo)

‎‎20___ yil _______________
Keyingi tahrirga qarang.
Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi Nizomga
3-ILOVA

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga

Franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirish uchun
‎ARIZA

‎‎_______________________________________________________________________________,

‎‎(yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomaga binoan soʻrovchining toʻliq nomi)

‎‎‎‎________________________________________________________________________________

‎(manzil, telefon, faks, elektron pochta)

‎‎manzil boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan,

‎‎‎‎_______________________________________________________________________________,
‎‎‎‎‎_______________________________________________________________________________,‎‎

‎‎(roʻyxatdan oʻtish raqami, sanasi, guvohnoma bergan organ nomi)

direktori:‎‎______________________________________________________________________shaxs nomidan,

‎‎(soʻrovchi rahbarining lavozimi, F.I.O.)

‎__________________________________________________________________________manzilda joylashgan

‎‎(viloyat, tuman, shahar, koʻcha, bino nomeri)

mehmonxona Oʻzbekiston Respu�likasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qisman moliyalashtirilishini soʻrayman.
Franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha jalb etilgan mehmonxona brendi nomi va shartnoma raqami, sanasi: ___________________________________________________________________________________________
Mehmonxona xonalarning soni: _________________________________________________________________
Sertifikat olingan sana va raqami: ______________________________________________________________
Korxonaning joylashgan joyi (pochta manzili): ____________________________________________________
STIR raqami: _______________________________________________________________________________
Elektron pochta manzili: _______________________________________________________________________
‎‎Hisob raqami: _______________________________________________________________________________

Ilova: ______ varaqda‎

‎‎_________________________________________

‎‎_____________

‎‎(arizachi rahbarining lavozimi, F.I.O.)

‎‎(shaxsiy imzo)

‎‎20___ yil _______________
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2019-y., 09/19/433/3223-son; 10.07.2020-y., 09/20/433/1140-son, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son; 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son; 27.07.2022-y., 09/22/407/0679-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)