toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 02.07.2026
Hujjat 01.05.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-sonli “Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 6-martdagi PF-5684-son Farmoni hamda “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-maydagi PQ-3693-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qaror 2019-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M.Ganiyev va “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi v.b. F.A. Boboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-aprel,
303-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 303-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomning amal qilishi Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) hamda charm va moʻyna xom ashyosini eksport qiluvchi tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda eksportchi tashkilotlar deb ataladi) charm-poyabzal va moʻynachilik sohalaridagi faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“vet blyu” — oshlangan yarim tayyor charm;
charm va moʻyna xom ashyosi — TIF TN boʻyicha 4101 — 4107, 4112 00 000 0 — 4114, 4301 — 4302 kodlari bilan tasniflanuvchi mahsulotlar.
2-bob. Monitoringni amalga oshirish tartibi
5. Charm va moʻyna xom ashyosining eksport hajmi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiqligi yuzasidan Uyushma tomonidan eksportchi tashkilotlarning eksport kontraktlari monitoringdan oʻtkaziladi.
6. Eksportchi tashkilotlar eksport kontraktlari monitoringini amalga oshirish uchun Uyushmaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
eksport kontraktining asli;
eksport kontraktiga narx kalkulyatsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali “vet blyu” (TIF TN boʻyicha 4104, 4105, 4106 21 000 0 kodlari) xom ashyosini olib chiqish uchun eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida Uyushmaning Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga toʻlangan yigʻim boʻyicha toʻlov hujjati nusxasi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Eksportchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari Uyushma tomonidan ikki ish kuni muddatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiqligi boʻyicha monitoringdan oʻtkaziladi.
8. Eksport kontraktlari monitoringini amalga oshirishda bozor konyunkturasini va ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qilish jarayonida kontraktda koʻrsatilgan narxlarning nisbatan pastligi yuzasidan asosli shubha paydo boʻlganida Uyushma charm va moʻyna xom ashyosining oʻrtacha narxlari toʻgʻrisida eksportchi tashkilotga tavsiyaviy xulosa beradi.
9. Eksportchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiq boʻlgan hollarda Uyushma ushbu eksportchi tashkilotlar va kontraktlar boʻyicha uch ish kuni muddatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda maʼlumotnoma beradi.
10. Eksportchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiq boʻlmagan hollarda barcha hujjatlar kamchiliklari koʻrsatilgan holda ikki ish kuni muddatida Uyushma tomonidan eksportchi tashkilotga qaytariladi.
11. Eksportchi tashkilot tomonidan Uyushmaga monitoring uchun taqdim qilingan hujjatlarning asl nusxalari eksportchi tashkilotga qaytariladi, hujjatlar nusxalari Uyushmada saqlash uchun qoldiriladi.
3-bob. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni nazorat qilish tartibi
12. Charm va moʻyna xom ashyosi eksportining bojxona nazorati Uyushma tomonidan eksportchi tashkilot toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim qilingan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
13. Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim qilingan maʼlumotnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqish (eksport) monitoringi va hisobini yuritadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi har oy yakuni bilan, keyingi oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilgan charm va moʻyna xom ashyosi toʻgʻrisidagi eksportchi tashkilotlar kesimidagi maʼlumotlarni Uyushmaga taqdim etib boradi.
15. Eksportchi tashkilotlar eksport kontraktlarini qonun hujjatlariga muvofiq toʻgʻri tuzilishi, Uyushmaga monitoring uchun mazkur Nizomga muvofiq taqdim qilingan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi, charm va moʻyna xom ashyosi eksport narxlarining toʻgʻri shakllantirilishi, bojxona chegarasi orqali olib chiqilayotgan charm va moʻyna xom ashyosining mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan TIF TN kodlariga toʻgʻri kelishi boʻyicha javobgardirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
‎‎_______-son

‎‎20 ___ yil “___” ________________

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi
‎Davlat bojxona qoʻmitasi*

‎‎_____________________________________________________________________________________________ning
‎(tashkilot nomi)
‎___________________________________________________________________________________ kodlari boʻyicha
‎(TIF TN kodlari)
‎_______________________________________________________________________________________ miqdorida
‎(hajmi va summasi) (har bir TIF TN kodi boʻyicha alohida koʻrsatiladi)

‎‎charm va moʻyna xom ashyosini eksport qilish boʻyicha 20___ yil “___” __________ dagi _____-sonli kontrakti “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq monitoringdan oʻtkazildi.

‎‎“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi

___________________________________
‎‎‎(F.I.O.)


‎M.Oʻ‎

‎‎_______________________
‎‎‎(imzo)

_______________________
‎‎‎(lavozimi)

* “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining rasmiy blankasida rasmiylashtiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2019-y., 09/19/303/2930-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 08.10.2024-y., 09/24/642/0786-son)